Bizda teatru ishining borishi
TEATRU VA MUZIQA
Ma’lumdirki, bizim Turkistonda drama ham teatrniig tarixlari 1912 yildan boshlanib, bularni qabul etkanimizga yetti yillar bo‘ladi.
1912 yildan ilgari Turkistonda tatar qarindoshlar tarafidan teatr o‘yunlari bo‘lub tursa ham tabiiy bizim turmushimizdan chetdaroq bir ruhdagi asarlar o‘ldiqdan yerli yoshlarni u darajada o‘ziga jalb eta olmag‘an, to‘g‘risi ul vaqtda Turkiston yoshlari juda oz va shu nisbatda she’riy asarlardan yiroq masofada turarlar edi.
1912 yildan boshlab «Padarkush» isminda o‘z turmushimizdan oling‘an teatr risolasi Mahmudxo‘ja Behbudiy tarafidan maydonga qo‘yilur. «Padarkush» risolasi Turkistonning umuman deyarli har bir katga kichik shaharlarinda mavqi’ tomoshaga qo‘yilub, yoshlarimiz uchun bir daraja teatru maqsadi onglashilur. Mana shundan so‘ng bizda teatr masalasi bosh ko‘tarub, yarim-yorti teatr risolalari yoza boshlaymiz. Bunday she’riy asarlarni taqlid so‘nginda qabul etmak madaniy millatlarning bir qonuni esa-da, bizda birinchidan, bu ishga yangiliq va matbuotsizliqqa, alalxusus bunday nimarsalarni tanqid qilurg‘a iqtidorlik munaqqidlarimiz yo‘qlig‘indan shu ko‘yincha qabul etilib, matbuot elagindan o‘tquzilmas.
Bu hol 1912-1917 yilgacha davom etib, 1918-yildan e’tiboran, ma’lum har bir ish uchun keng yo‘l ochildig‘i kabi maorif ishlari uchunda o‘rtadagi to‘sqinlar oling‘ach, teatrlar yozmoq ishi ham har bir qo‘lidan yozuv keladirg‘an yoshlar va o‘quvchi shogirdlar uchun bir ermak yoki havas shaklig‘a kirdi.
Bu hol Turkistonning boshqa go‘shalarindan ko‘ra bizim Toshkand yoshlari orasinda ko‘brak ko‘rildi. Bir nechalarini istisno ila, o‘z imlosin to‘g‘rilab yoza olmag‘anlar, «dramaturg», «komik» hatto «operato‘r» ham bo‘lib maydonga chiqdilar-da («tragediya»ni yozmag‘anlariga shukr qilasan endi!) Toshkandni ola-chipor drama, komediya va operalar ila to‘ldirdilar. Bularni o‘ynalg‘ali turli formadagi artistlar ham topilib, haftada bir necha martabalab teatr kechalari bo‘lib, Toshkand tom bir madaniy xalq turmushini onglataturg‘an bo‘ldi.
Bu teatrular xalqimizga tabiiy ta’sirlarin beralarmi, masalasiga kelganda ma’attaassuf biz ikkinchi turli ta’sir sezamiz: tomoshachilar teatrni bekorchilikka ermak va o‘zlarining eskidan qolma masxarabozliqlari, deya qariy boshlag‘anlar. Haqiqatan ham, o‘ylab ko‘rganda, bizda teatr ishining bu ravishda borishi yarim madaniy xalqimizg‘a shunday ta’sir qoldirmay mumkin emasdir. Bir necha asrlardan beri safsata va sihrbozliqlar ila zaharlanib kelmakda bo‘lg‘an xalqimizg‘a adabiy maktab bo‘lur umidinda bo‘ldig‘imiz teatrning bu holi g‘oyatda ayanchlidir.
Teatrlarga xalqimizning bu nazarda qaray boshlovi shubhasiz teatr asarlarimiz ahlsizlar tarafidan bajariluvidandir. Teatr, turmushdagi yetishmagan va ortiqcha yerlarni ko‘z oldimizg‘a mujassam etib ko‘rsatuvchi bir oynadir. Ish shundog‘ ekan, biz ham o‘z teatruvimizni ko‘rganda turmushimizning aksini ko‘rmagimiz kerakdir.
Lekin biz o‘z sahnamizda shu choqqacha o‘zining san’atkoronalig‘ ila ichiga kiritib yuborib asarlantiraturg‘an na bir drama va na bir komediya ko‘ramiz. Ammo ko‘rdik, ma’attaassuf, na dramalik nomig‘a, na komediyalig‘ otig‘a muvofiq bir asar uchrata olmadik. Qaysi bir yangi yozilg‘an dramasiga qarama, buzuqliq, sahna uchun xiyonat!..
Komediya, degach nima to‘g‘ri kelsa shundan kula bermak emas, balki o‘zining tub shartiga muvofiq etib kulmak, drama yozg‘anda mavzuni turmushimizning naq bir chirik joyidan olmoq va shuning ila barobar adabiyot torozusiga solib yozmoq kerakdir.
Boqingiz, muharrirlik g‘ururi ila yozilg‘an dramalargakim, bunda birisining oldig‘i mavzu g‘oyat ahamiyatsiz, turmushimizda yo‘q, ya’ni fantaziya shaklli bir narsa, ikkinchisining olg‘an mavzui ahamiyatli, lekin voqi’ali tasvir yo‘li so‘ng daraja buzuq, asardagi qahramonning so‘z va ishi xarakteriga nomuvofiq, dialog o‘rniga monolog ishlatilgan, monologni talab etgan bir o‘rin butun ko‘rsatilmagan. asar qahramonining ichki siri ochilmay tomoshachilarni qabziyatga yetkurgan va aktlar to‘la ko‘rsatilmagan uchun ko‘b yerlar majhul va hokazo…
Shu yaqin orada «Temir to‘dasi» tarafidan «Jadid-qadim» ismli bir drama qo‘yilub o‘tdi. Taassufki, ba’zi mone’lar sababli bu dramani ko‘ra olmadim. Eshituvimg‘a qarag‘anda, bu dramaning mavzui ismindan ham ma’lum bo‘luvig‘a ko‘ra, jadid va qadim orasindagi maslak kurashi ila boshlanur ekan-da, natija qadim jadidni o‘ldiruvi ila tamomlanur ekan. Bu esa turmushimizda yo‘q bir voqi’a. Durust, jadid-qadim orasinda maslak kurashi bor, bu ma’lum. Ammo jadid qadimning bir-birini o‘ldirishmak darajasiga yetuvi shu asarda birinchi martaba ko‘rilur. Bu turmushimizda birinchi ixtiro!.. Durust, Buxoroda qadimlar tarafidan (ulamo fatvosi ila) ko‘b yoshlar qurbon etildi. Buning omillari qora xalq va hukumat edi. Ammo bizning bu yerlarda bunday voqi’alarni yuz ko‘rsatishi hech eshitilmagan ishdir. Agarda bizda ham shundoq yashirin sirlar bo‘lsa, oshkor etdigi uchun bu asar muharririga tashakkur etamiz.
Xulosa, mundoq kelishsiz ishlar teatr olaminda shu daraja ko‘bdirki, bularni yozib ko‘rsatuv uchun butun vaqtni faqat shunga bog‘lamoq kerak bo‘lur. Bu holning davomi yosh sahnamiz uchun jinoyat, suiste’moldir. Buning kabi e’tiborsizliklarni oradan ko‘taruv uchun birdan-bir chora bo‘lsa, u ham tanqid yo‘lidir. Lekin bundoq havasaki, mayda-chuydalarni ochib ko‘rsatib, ahli tarafidan yozilg‘an she’riyatli teatr majmu’alarnigina javohiran ochib beraturgan bir munaqqidimiz yo‘qdir. Balki bordir, lekin maydonga chiqmilar.
Bundan bir necha kunlar muqaddam «To‘kma» teatrining buzuqlig‘ina qarshi chiqg‘an «Ishchi» o‘ziga bir daraja ko‘ngil bog‘latg‘an edi. Lekin aning ham aytmakda bo‘ldig‘i tanqidlar yolg‘uz sahna kamchiliklari, artistlarning o‘yunni buzuq o‘ynovlari va shunga o‘xshash ikkinchi darajadagi o‘rinlarni tanqididan narig‘a o‘tolmadi. Menim bu dedigimdan «Sahna va artistlarni tanqid etuv noo‘rin emish», degan maqsad onglashilmasun. Albatta, bular ham o‘z mavqe’inda teyishli ishlar, lekin demoq istaymanki, keng ma’naviy jihatdan o‘ldiqdan ilgari teatr asarlarining asl o‘zini umumiy adabiyot o‘lchovina solib operasiya qilib chiqish birinchi martaba lozimdir. Bilsunki, asar sahnaga qo‘yilaturg‘an bir narsami yo yo‘q.
«Ishchi»ning etdigi tanqidlaridan har bir cho‘pchak ham bir haqiqiy asar bo‘lib tanilub, haligi dedigimiz ikkinchi darajadagi taraf, tuzuk bo‘lsa bas, degan maqsad onglashiladir. Bu kamchilik esa «Ishchi»ning oz tajribalilig‘indan bo‘lsa kerak. Men o‘z tirikligimizdan ko‘piya bo‘lg‘an she’riy asarlarni ko‘payuvin tilayman. Tilaymangina emas, hamon harorat ila kutaman. Buni esa qo‘lidan yozuv keladurgan har bir kishidan emas, o‘zining ahlidan kutaman.
Yoshlarimizning tarbiya yeri maktab bo‘lsa, kattalarimizniki teatrulardir.
Kattalarimizning maktabi yozuvchiliq, pedago‘glarning yozdiqlari darslar. Fantaziya, uydirmalar bo‘lmasin.
Turmushimizning aksi — usta rassom tomonidan oling‘an aks bo‘lsin, — deyman.
Ju-boy
«Ishtirokiyun» 1919 yil, 11 dekabr, 239-son, 2-bet
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|