Istatistikaning ko‘rsatishicha
Yubileyimiz munosabati bilan
Istatistikasi bor bir millat oynasi bor bir qavm demakdir. Oynangiz qo‘lingizda bo‘lsa, shubha yo‘qki, diydori sharifingiz sayxonidagi barcha qing‘ir-qiyshuqliklarni ko‘rarsiz.
Istatistika degan narsa xalqimizning tushiga ham kirmagan, ya’ni millati najibamiz bunday ne’mati ajibadan mahrum bo‘lsa-da, ammo bu o‘runda holi hoziramizning istatistikasidan ba’zi bir nimarsalarni «yumaloq-yassi» qilmoqchidirmiz-da! Ko‘b yaxshi gap.
Mamlakatimizda nima bor, hayvonlar ijtimo’idan ham foydalik bir hisob tuzub bo‘lurmi? deguchi sassiq takalar balki bor chiqar. Bu gap bir tomondan nechog‘liq to‘g‘ri bo‘lsa, ikkinchi tomondan shunchalik egridir. Negaki, hayvonlar ijtimo’i degan jumlaning ifodasi omdir. Basharti umuman Turkiston hayvonlari ko‘bchiligini «ho‘kuz» deb aqida qilinsa-da, ular haqidag‘i hisobu kitoblarni foydasizga chiqarilsa; ikkinchi tomondag‘i shu ho‘kuzlar yetakchisi bo‘lib ko‘ringan va o‘zlarini dono va donishmand olg‘an devsiyrat, to‘ng‘uznamo, maymun qiliq, quyonsifat, bo‘ri kelish, tulki misol, ilon shuvish, baqa mijoz… afandilarning haqlariga xiyonat qilg‘an bo‘lurmiz.
Demak, biz shu keyingi tasqaralar to‘g‘risida ijmolan bo‘lsa-da, bir istatistika jadvali tuzmakchidirmiz. Ma’lumki, bizning jamoat xodimi bo‘lib tanilg‘an kishilarimiz bir necha qismg‘a bo‘linadirlar:
1. Siyosiyunlar.
2. Muallimlar.
3. Muharrirlar.
4. Ziyoli yoshlar.
Basharti bizda ham istatistika degan jonvor bor deb, ko‘z yumib, istatistika idorasiga kirgan bo‘lsaq, go‘yoki, shu idoradan o‘zimizning qiziqsing‘an ma’lumotimizni olub chiqqan ham bo‘lsaq, mana biz o‘zimizning o‘glon ko‘zlarimiz bilan nimalarni ko‘rgan bo‘lur edik:
3789 bosh siyosiyun; bulardan to‘qson foizining bor-yo‘qlig‘i hech kimning ham ko‘ngliga kelmaydir, besh foizi tullakdan chiqmag‘an makiyon, uch foizi mushkiliki ularga qanday hukm berishdan «Muxtasarul-viqoya» ham ojizdir, bir foizi haybarakalla, bir foizi xom chuchvara.
Mana bu hisobdan shu ehtiyoj his qilinardirki, to‘qsonni yo‘qsong‘a chiqarib qo‘yish, makiyonlarni uyurga qo‘shish, mushkillarni omolojeniye usuli bilan bir yog‘liq qilish, haybarakallachilarga hubbulmulk berish, xom chuchvaralarni qaynag‘an suvga solub olish kerakdir. Zeroki, tajribalarni ko‘rsatishicha, bizdagi yurak og‘rig‘i kasali shu xom chuchvaralardandir.
Butun o‘lkadag‘i muallimlar soni 17 855 dir. Bulardan 57 foizi eski go‘ng (bularni yerga solinsa-da, tappi qilinsa-da, musta’iddirlar), 17 foizi yangi axlat, o‘n foizi palag‘da, sakkizi poynak, oltisi moyak, uchi puchak, birining o‘ndan birisi sarak, qolg‘ani ko‘rakda turmayturg‘an pachoqdir. Shuning uchun «Bo‘lmag‘anga bo‘lishma» qabilida ochilg‘an o‘rta maktablar «Dorul-egov»lardan chiqub kelgan mullabachchalarni odam aftiga olishqa, buning uchun qirq sakkiz sinflik tahririyalar ochishqa va shundan so‘ng asosini boshlashqa mukallafdirlar.
Matbuotimizning qon tomiri bo‘lg‘an muharrir va shoirlar soni… (bay-bay-bay; pishti kabob, pishti!..) Oqmirzakarim aytar erdiki: «San xoro-o-o ban xoro». Shunga o‘xshash man ham aytamanki, «Biz xoro-o-o, muharrir va shoir xoro!» To‘g‘risi jim-jimu tuya ko‘rdingmi, yo‘q; yopig‘liq qozon yopig‘liq!
Munavvar ziyolilarimizning soni agarda istiloh topub o‘qushni eblasangiz 1900, 7000, 8000, 500 000 dir. Ochiqroq ta’bir qilg‘anda, «Hisobda ham yo‘q, kitobda ham yo‘q!» deb shunday sonlik hisobqa aytadirlar. Bu o‘rtoq madrasada sig‘ayi mubolag‘ani ko‘prak iste’mol qilg‘an ekan, deb balki mandan kularsiz. Lekin bu hisob mubolag‘a emasdir. Chunki bizning munavvarlarimizning har birisida ming emas o‘n ming hayvoni notiqning aqli, fikri, sezgusi, da’vosi va boshqa lash-lushi bordir. Mana shundan onglang‘an bo‘lsa kerakki, bizning so‘zimiz puch emas, kuchdir.
Bu munavvarlarimizning asosiy mashg‘uliyatlari quyidag‘i rejada ko‘rsatiladir:
1. O‘n besh foiz yoshlarning asosiy g‘oyalari ichkulukka;
2. Yigirma besh foizning yaratilish sabablari o‘rus va boshqalarning fohishalariga;
3. Yigirma besh foizning tug‘ilishi soch o‘sdirib, xina qo‘yub, yangi mo‘da kiyim bilan birga oqishqa;
4. O‘n foizi quruq mahmadanagarchilikka;
5. Qolg‘an yigirma besh foizning g‘oyalari NEPga chin o‘g‘ul bo‘lmoqqadir.
Bu o‘rungacha hisoblari ko‘rsatilgan xalq yetakchilaridan boshqa yana bir durkum oq salla, qora ko‘ngil munavvarlar bordirki, inqilobdan so‘ng e’loni iflos qilg‘anliqlaridan ularni hisobga olish va olmasliq «adamu vujud» bizningcha barobardir.
Julqunboy.
«Mushtum», 1924 yil, 8 aprel, 25-son, 2 3-betlar.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|