Po‘skallasi
— Hay aka! Vaqting bo‘lsa gapimga bir oz quloq ber! Qalay, o‘zing tantimisan? Agar tanti bo‘lsang, sanga bir gapim bor. Po‘skallasini aytsam, san o‘zing, yo‘q san emas, saning xalqing bila turib suvga… shunaqa qiladilar-da…
—Yo‘q-yo‘q, hovliqma, berdisini aytkuncha kishini belashi qilib qo‘yma, tag‘in! Gap bor, jinni, gap:
Firdavsiy aytadiki: «Taraqqo-turuqqu amudi garon, Jahon shud chu bozori ohangaron!» Mana shu ta’birga o‘xshash o‘zog‘i, burnog‘i yillar, bahosi surishtirilmasdan huv hisobda ham yo‘q, kitobda ham yo‘q talay yangi maktablar ochilg‘an edilar. Shu vaqtlarda o‘zimizning ota-bobodan qolg‘an panjshanba non maktablari oyoqdan qolib domlalarning uylariga o‘t tushkan edi.
— Ey, gaping qursun…
— Shoshma-shoshma, tentak, palovning moyi tegida! Xayr, shu bilan muboraza’i hayot, tanozi’i baqo gaplariga tushungan o‘zimizning o‘shanaqangi domlalar bo‘lsa o‘g‘ullarini, bo‘lmasa o‘zlarini olti oyliq qurslarg‘a urub, bot fursatda yangi maktablarning sarkardaligiga ham yetishkan edilar.
O‘zingning xabaring borki, yangi maktablarning ham tegiga suv kelib, yana «O‘zimiz xon—ko‘lankamiz maydon» bo‘lg‘an edi va bo‘lmoqda.
Agar mandan gap so‘rasang, o‘shal eski maktabdan chiqib, kursda o‘qub, so‘ngra yangi maktabga sarkarda bo‘lg‘anlardan bittasi kecha mahalla masjidida maktab ochibdur. Sekin borib dovol orqasidan quloq solsam: «Alif lomga aza-al, heni mimga heza-xam…» «Abjad, nonish bo‘lsa jeb jot; Kalaman, chirmandashni chalaman…» Sharqiysi ham qiziq:
«Ey onalar, yog‘ solib yupqa qiling,
O‘qlog‘ig‘a tob bering supta qiling!»
Mana tentak, bu domlag‘a qarab po‘skallasini aytkanda «Bila turub suvga…»
— O‘bba badbaxt, jadid ekansan, jadid! Hay so‘zing qursun, qarab turib gunohkor qildinga!
— Hay tentak, to‘xtasang-chi, qizig‘i bor — qizig‘i:
«Abjad, nonish bo‘lsa jeb jot; Kalaman, chirmandashni chalaman».
«Ey onalar, yog‘ solib yupqa qiling…»
«Alif, be, te, se…»
Dumbul
«Mushtum» — 1923 yil, 3-son, 8-bet
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|