Quyosh bilan ham kurashaman

Quyosh bilan ham kurashaman (1932)
by Abdulla Qodiriy
334100Quyosh bilan ham kurashaman1932Abdulla Qodiriy

13 iyulning tong salqini bu kungi quyoshning tug‘ushi oldida uzoqqa chidab bora olmadi. Yoqimli salqin va ingichka esaturg‘on tong yeli oq tutun ichida barq urub chiqqon quyosh harorati bilan nafas olish uchun yoqimsiz ilig‘ bug‘g‘a aylandi. Erta bilan biror soat ting‘on suv kabi shaffof holda turadurg‘on havo ham bug‘g‘a tutulg‘on oynadek xira tuska kirdi. Suvi ko‘llash orqasida sizot-izza holig‘a kelgan, tevaragini bardi, salomatlik o‘tlari bosqon va poyonsiz g‘o‘zapoyalar orasidan aylanib oqqon ariq ustlaridagi chibinlar toqatsizlang‘ondek g‘ivirlasha boshladilar. Yong‘oq ostig‘a o‘choq qazib o‘n ketmon tuproq tortish bilan manglayi terchigan Yunus ota ketmoniga suyanib nos otar ekan, o‘z-o‘ziga:
– Bu kun kabob pishirsak ham bo‘ladir, – deb qo‘ydi.
Aravadan chiqarilg‘on burul ayg‘ir g‘o‘za uvatig‘a ekilgan ekin barglarini iskab qaramoqda edi. Avaz bug‘chamalang‘on ko‘rpa, yostiq va oziq-ovqatlarni arava oldidan tushurib, yong‘oq qatoridag‘i o‘ruk ostig‘a taxlamoqda edi.
– Odamdanmi, – dedi bir bug‘chamani aravadan ko‘tarib ola-ola, – chopiqchilar bu kun enasini ko‘radi desangiz-chi.
Yunus ota javob bermadi, yarim ochilg‘on o‘choqqa tushub, o‘choq tevaragini tesha bilan chopa berdi.
Avaz aravadan tushurilgan so‘kni ko‘tarib o‘choq yaqinig‘a keltirib qo‘ydi. Arava ustidagi yuk tugalib olding‘i tomonda bir xurjun non va orqada xashakka o‘rab tang‘ilg‘on qozondan boshqa narsa qolmadi. Oldindag‘i xurjunni ko‘tarmakchi bo‘lg‘on edi, qozon og‘irliq qilib arava “laylak” bo‘layozdi. Avaz xurjunini qaytarib qo‘yishg‘a majbur bo‘ldi.
– Ota, qozonni tushuraylik-chi.
Yunus ota o‘choqdan tuproq chiqarmoqda edi. Ishdan to‘xtab biroz aravaga qarab turdi-da, og‘zidag‘i nosni tuflab tashladi.
– Xurjunni ol!
– Xurjunni olsam, qozon ag‘naydir.
– Ko‘tarmadagi go‘shtli chelakni oldingmi?
Ko‘tarmadagi chelak Avazning yodidan ko‘tarilgan edi: aravaning ostig‘a kirib chelakni yeshib ola boshladi. Yunus ota labidagi nos ushoqlarini yaxtagining yengiga arta-arta arava yonig‘a kelib yalang oyog‘i bilan shotini bosdi.
– Nonni ol!
Avaz xurjundagi nonni olib qo‘ydi. Yunus ota asta-sekin shotini ling holg‘a kelguncha qoring‘a bostirdi. Avaz arava orqasidan chiqib o‘ralg‘on xashaklarni oldi.
– Tag‘in ozroq jo‘nating!
Yunus ota shotini biroz o‘z holig‘a qo‘ydi. Qozon Avazning oldig‘a siljidi.
– Hozir bo‘lib ko‘tar, yerga qo‘yma, o‘choqning yonig‘a olib bor!
Avaz ihrab-sihrab qozonni boshig‘a kiygansumon o‘choq yonig‘a keltirib qo‘ymoqchi bo‘lg‘on edi, qo‘li toliqib qozonning bir qulog‘i Avazning burnig‘a tegib ketdi.
– Burni(ng) qora bo‘ldi, huvari! – deb ota iljaygan edi, og‘zidag‘i onda-sonda qolg‘on nosvoy bilan ko‘kargan chugur tishlar ko‘rinib ketdi. – Bir put qozonni eplolmaysanmi, bolasi tushkur.
Avaz burnini qo‘li bilan ishqab tozaladi:
– Bir put? Bu qozon bahazur bir put o‘ttiz qadoq keladir.
Yunus ota ketmonini qo‘lig‘a olib o‘choqdag‘i tuproqlarni chiqarishg‘a tutundi.
– Mayli, ikki put desang ham haqing ketmaydir. Otingni olib bog‘la, g‘o‘zani novit qiladir; chelaklarni olib suvg‘a bor, qaytishingda ariqdan suv ochib kel!
Avaz otini chetroqdag‘i tutka bog‘lab, qo‘lig‘a chelaklarni olg‘on paytda yerning etagidan yelkasiga ketmon qo‘yg‘on bir to‘da yigitlar ko‘rindilar, yigitlarning orqasida ot oldig‘a kattakon bir samovarni o‘ngargan yana bir otliq ham ko‘rinar edi.
Yunus ota o‘choqni tozalab, qozonni o‘choqqa qo‘ndirg‘on paytda yigitlar yong‘oq tagiga yetib keldilar, tars-turs qildirib yelkalaridagi ketmonlarini yerga tashladilar. Ularning uch-to‘rtlarini istisno qilg‘onda, ko‘plari deyarlik oldi ochiq qalami yaxtak, qalami ishton, oyoqlarida ko‘n etik, boshlarig‘a har turli do‘ppi kiyib, bellarini bir metr chamasi qilib kesilgan, yaxshig‘ina kirlab sarg‘ayg‘on xom surf bilan bog‘lag‘on edilar. Ko‘bchilik yigirma bilan qirq orasidag‘i yigitlar bo‘lib, orada uch-to‘rt nafar qirq besh-ellik yoshliqlari ham yo‘q emas edi. Ular ketmonni yerga qo‘yg‘och, so‘z qo‘yishg‘ondek belbog‘larini yeshib manglaylarini tangg‘a boshladilar.
Oradag‘i ikki-uchta yalang oyoq yoshlarning birisi bo‘lg‘on yigirma ikki-yigirma uch yoshlar chamaliq, suyagi yo‘g‘on qaddi qisqa – ya’ni bo‘ydan olib eniga urulg‘on beo‘xshoq katta boshliq, kishiga qarag‘on paytda, ayniqsa, yosh bolalarni qo‘rqutarliq darajada g‘ilay ko‘zlik, filniki kabi yo‘g‘on va to‘mtoq oyoqliq, qizilmag‘izdan kelgan bir yigit ko‘bchilik ichidan chiqib keldi-da, yangi qazilib qozonni o‘rnashtirilg‘on o‘choqqa engashib mo‘raladi:
– O‘choqni qotiribsiz, ota, chopiqni bitirgan kunimiz o‘xshatib bir norin qilib ikkita “mo‘ysafid”dan ham chaqira turg‘on bo‘libmiz-a, – dedi.
Qozon tevaragini tuproq bilan ko‘mayotqon Yunus ota uning so‘ziga iljaydi.
– Agar bu kun qizil sallani olsang, albatta…
Yigit o‘choq yonidan qo‘zg‘alib, g‘ilay ko‘zini “dahshatli” tuska kirgizdi.
– Olaman, albatta, olaman, – dedi va tevaragiga alang‘lab, o‘zidan olti qadam narida ikki metr chamasi qizil satinni boshig‘a chulg‘ab yotqon, chuvakkina va aftidan ulug‘simonlig‘i ko‘rinib turg‘on bir yigitga qaradi, – qizil sallani berasan, olaman!
Boshig‘a qizil chulg‘ovchi yigit iljayib qo‘ydi.
– Olasan, – deb piching otdi Yunus ota, – qizil sallani deb yetti yigit yiqildi, sen sakkizinchi qurbon bo‘lmasang yaxshi edi…
– Samovarni ol, kallaxom, – dedi otda kelib to‘xtag‘on brigadir Islom novcha.
G‘ilay yigit nima ham demakchi edi, so‘zi brigadir tomonidan bo‘lindi, samovarni olib chetka eltib qo‘ydi.
G‘ilay yigit, ya’ni brigadirning ta’biricha, “kallaxom”ning asli ismi Roziq bo‘lib, favqulodda yaratilg‘onlig‘idan bo‘lsa kerak, uning shaxsig‘a anchagina laqab to‘qug‘on edilar. Siylag‘on kishi uni o‘z ismi bo‘lg‘on “Roziq” bilan atab chaqirar edi, birovlar “kallaxom” deb undar edi. Uchunchilar “po‘log‘o‘r” va to‘rtinchilar, hazilmandlar esa, to‘g‘rudan-to‘g‘ru “ko‘r” deb qo‘yaqolar edilar. Lekin “g‘ilay” deb hech kim atamas, ehtimolki, Roziqqa nisbatan “g‘ilay” so‘zini “hayf” yoki “essiz” hisoblar edilar. Bu laqablarni Roziqning o‘z tomonidan qarshilanish masalasiga kelganda, u bunday laqablardan chumoli chaqqancha ham ranjimas, bil’aks, tabiatiga “qo‘shimcha” tariqasida bag‘ishlang‘on “qiziqliq”laridan ozg‘ina ishlatib qo‘yishg‘a ruxsat berilganligini sezar, Roziqqa taqilg‘on laqablardan “Po‘lag‘ur” so‘zi, uning yaratilish sifatini yaxshi gavdalantirganlikdan biz ham bundan so‘ng Roziqning asil ismini atamay “Po‘lag‘ur” deb yurutamiz.
Po‘lag‘ur samovarni olib qo‘yg‘ondan so‘ng belidagi ro‘molini silliq taxlab manglayini bog‘ladi. Oldi ochiq yaxtagining ko‘krak to‘g‘rusig‘a taqilg‘on bog‘ichlarini bir-biriga keltirib tugdi, so‘ngra qisqa semiz bilagini ochib, yaxtak yengini tirsagigacha chiqarib shimardi-da, ketmonini ikki qo‘llab ushlagancha qizil sallali yigitning oldig‘a keldi.
– Imoningni o‘guravur, Badal, – dedi Po‘lag‘ur ketmonini yerga qo‘yib va sopining ustiga yum-yumaloq mushti bilan gurs etib urub qo‘ydi, – yo bo‘lmasa oyog‘imni o‘p, sallani ber!
Po‘lag‘urning bu so‘zidan yosh-yalanglar xo-xolashib kulib, keksalar iljayishdilar.
Brigadir Islom novcha ketmonini qo‘lig‘a olib hammadan yarim gaz yuqori turg‘on qaddi bilan g‘o‘zaning ustiga yurib keldi, uning orqasidan boshqalar ham ergashdilar. Keyingi sug‘orish bilan anchagina ko‘tarilib qolg‘on g‘o‘zaning hozirg‘i ko‘laga joylari bir qadar loy, besh-olti odimgacha serxato va qisqa bo‘yli edilar. Qolmish g‘o‘zalar esa, ko‘z ilg‘amay soyg‘a tushib ketkancha elli santimetr chamasi durkun o‘skan va aksar tuplarining quyi bo‘g‘umlarida sarg‘ish-pushti kapalak qo‘ng‘on kabi gullar ko‘rinar edi.
Islom brigadir egatdan birini chopib sinab ko‘rdi.
– Bu yerlar loyroq, ketmonga yopishadir! – dedi va besh-olti qadam g‘o‘zadan tashlab ichkariladi va yana chopib ko‘rdi. – Shundan boshlayiq, bu yoqni kechki payt boplaymiz.
Brigadir uvat yonidag‘i chet qatorg‘a o‘tib, yon qatorig‘a Po‘lag‘urni chaqirdi:
– Qani, kallakdor polvon, menim yonimdag‘i egatka, siz, Badal qahramon, kallakdorning yonidag‘i qatorg‘a, siz, o‘rtoqlar, o‘z qatorlaringizg‘a joylasha beringizlar.
Po‘lag‘ur brigadirning yonig‘a kelib, uning qatorig‘a Badal kelib tushdi. Boshqa qatorlar ham kolxozchilar bilan to‘lib, yigirma besh metr qadar joyg‘a yerlashdilar.
Brigadir ularni sanab chiqdi:
– Bir, ikki… yigirma uch, men bilan yigirma to‘rt, to‘g‘ru, qani, og‘alar, boshladiq! Kallaxom, seplamaga yo‘l yo‘q, Badalboy, sizga ham! Kesaklar ushalsin, o‘tlar o‘lsun, bo‘g‘uzlar to‘lsun! Ketmonni ildizdan qochirib yuritasiz; basharti bir qatordan zararlangan g‘o‘za uch tupg‘a yetsa, osh bir kosa, non yarimta!
Po‘lag‘ur qo‘lig‘a tuplar ekan, ko‘zini ola-kula ochib, qatorning boshig‘a qarab oldi va “sharmanda qilma”, dedi-da ketmon tashladi, boshqalar ham chopiqqa kirdilar.
Ketmonlar oldin-ketin ko‘tarilib tusha boshladilar. “Tirs-turs”, “chaq-chuq” etkan tovushlar chiqib, yuqori ko‘tarilgan ketmonlarning yaltiroq sirtig‘a tutulg‘on quyosh nuri yalt-yult chaqnab turdi. Pushtadagi quruq tuproqlardan ozroq chang ko‘tarilib ketmonlar bilan o‘ynasha va atrofg‘a tarqala boshladilar. Chopiqdan chiqqon joylar silliq manzara ola bordilar.
Po‘lag‘ur biroz shoshinqirag‘on holda tars-turs ketmon solmoqda edi. Badalning ketmoni u qadar shoshib tushmasa ham, lekin har bir ketmoni kerakli joyg‘a tushib, bir tupni ikki ketmon bilan sarishtalab bormoqda edi. Har ikkisining chopig‘ig‘a ko‘z qirini tashlab borg‘on brigadir bir vaqt ketmoniga suyanib to‘xtadi.
– Sen, kallaxom, chopiqda biroz chala ekansan, kuching bekorga sarf bo‘lmoqda! – dedi. – Ketmonni mo‘ljallab tashla, birinchi ketmonda o‘t o‘lsin, kesak ushalsin, ildiz bo‘shalsin va shu tuproq bilan narigi g‘o‘zaning bir yoq bo‘g‘ozi ham to‘lsun, ikkinchi ketmonda berigi bo‘g‘ozi to‘lib, uchinchidan chala qolg‘on o‘runlar qumlansin; onda-sonda uchragan katta kesaklarni ketmonning muhrasi bilan bir ur-da, keta ber. Hozir Badal bilan baravar borayotg‘on bo‘lsang ham, biroq uzoqqa chidamaysan, negaki birining o‘rnig‘a ikki kuch sarf qilmoqdasan.
Po‘lag‘ur so‘z tinglash uchun ishdan to‘xtamadi, chunki “dushman” hazil emas edi. Ishlar ekan brigadirning so‘zini tingladi.
– To‘g‘ri, – dedi Po‘lag‘ur, – ishimning po‘lqilig‘ini o‘zim ham payqab qoldim.
Chopiqchilar kulib yuboradirlar.
– Bali, – dedi brigadir, – senda Badalning ikki kuchi bor, biroq hadis yo‘q. Ketmonni hamma vaqt baland ko‘tarib bir xil qo‘nuqda tushurma; kesak ko‘chiraturg‘on bo‘lsang baland ko‘tar-da, o‘rta damini ishlat, qumlashda miyona ko‘tarib o‘ng daminigina ishlat, kerak bo‘l(ma)g‘onda so‘l damini ishlata ko‘rma! Ana, ana, tamom!
– Obbov, – dedi ishdan to‘xtab Badal, – ta’limingizning hammasi bu kunga yig‘ilib qolg‘on ekan-da.
Brigadir iljayib oldi:
– Maqsad si(z)larning musobaqalaring ustuda emas, – dedi, – kolxoz uchun usta chopiqchilar kerak, men buni hamma vaqt aytib kelaman, to‘g‘rusini aytg‘anda, Roziq bu turg‘onlarimizning hammasidan ham zo‘r, biroq chopiqqa kelganda malakasi oz. Agar shu kallaxom chopiqqa rosa usta bo‘lsa, bir kunda ikki odamning ishini qilaberadir. Bu nima degan so‘z? Agar chopiqqa omilkor bo‘lg‘on Roziq biz bilan yigirma kun ish qilsa, o‘zi to‘rt gektar yerni ortiq ishlab, mana shu turg‘onlarni bir kun ishdan qutqorg‘on bo‘lishi ustuga, chopiqni ham o‘z vaqtida bajarishka imkoniyat bergan bo‘ladi.
Yigitlardan “to‘g‘ri-to‘g‘ri” degan tasdiqlar eshitildi.
– O‘zaro musobaqa kerak, – dedi davom etib brigadir. – Shu bilan birga bilgan hunarlarimizni bir-birlarimizdan yashirishimiz yaxshi emas, to‘g‘ri kelgan sayin bir-birimizga tajribalarimizni o‘rgatishimiz zarur.
– Qoyil(cha)man, ulug‘im! – dedi Po‘lag‘ur ketmon(n)i tarsillatib. – G‘alamisqa adab bering, g‘alamisqa.
Chopiq davom qilar edi. Musobaqachilar ko‘bchilikni besh-olti odim orqada qoldirib ilgariladilar. Quyosh betini yangicha oq bulut qoplag‘andek bo‘lib yorug‘liq loyqadi va tiq etkan shamol yurmay nafas olish ancha qiyinlashdi, chopiqchilarning manglaylaridag‘i ro‘mollari ter bilan ho‘llansa ham, hali siqib tashlayturg‘on darajaga yetmagan edi. Sergo‘sht yigitlarning yaxtak yelkalarida birmuncha ter nishonlari ko‘rindi.
Islom brigadir manglayig‘a terilib qolg‘on terni barmog‘i bilan sidirib tashlag‘ach, oldi ochiq yaxtagining bir bari bilan o‘zini yelpidi, ikkinchi qo‘li bilan ketmonga suyanib orqasig‘a – yong‘oq tomong‘a qaradi:
– Avaz, ha-ay!!
– Hovv!
– Otlarni pastka tushurib, o‘t bosqon bedaga bog‘la, qaytishingda o‘sha joydag‘i qo‘rg‘onlardan kosa yig‘ib kel. Hozir samovaring qaynag‘on bo‘lsa, bir qumg‘on choy damlab keltir!
– Xo‘b.
– Bormisiz, ulug‘! – dedi Po‘lag‘ur harakatdan to‘xtamag‘on holatda. – Halqumlar quridi-ku.
Musobaqachilar boshqalarni o‘nlab odim orqada qoldirdilar. Har ikkisi ham baravar bormoqda, ora-sira Po‘lag‘ur bir-ikki odim oldinlasa ham, Badal buni sezdi deguncha bir chiranib yetishmakda edi.
Po‘lag‘ur kutmaganda Badal ishdan to‘xtab, manglayidag‘i ro‘molini yeshib bet va gardan terlarini artib yelpindi va lippasidan nosqovog‘ini chiqarar ekan:
– To‘xta, kallaxom, nos otib olamiz! – dedi.
Vaqtni g‘animat bilgan Po‘lag‘ur to‘xtamadi.
– Nosing nimasi, men nosni tashladim… ko‘zing tindimi! – dedi.
– Qo‘yma, ko‘r! – dedi orqadan allakim.
– Qo‘ymayman, bu kun Badalingni(ng) iyig‘ini chiqaraman!
Vaziyatning yomong‘a aylanishini bilgan Badal qo‘lig‘a olg‘on nosqovoqdan nari-beri og‘zig‘a to‘kdi-da, ketmoniga yopishdi. Badalning shoshib qolg‘onlig‘ini orqadan ko‘rib turg‘on yigitlar qiyqiriq urdilar.
– Badalni shoshtirdi! Badalni esankiratdi!
– Bo‘sh kelma, Badal! Savalay ber, Roziq.
– Qiynab o‘ldiraman, qiynab! – dedi Po‘lag‘ur.
Nima bo‘lsa ham haligi to‘xtalishda Po‘lag‘ur to‘rt odim oldinlab qoldi, Badal esa yetib olish uchun hamma hunarini sarf qila boshladi. Hozir har ikkisi ham buhronli minutlarni kechirar edilar. Bularning jon achchig‘ida qilayotg‘on harakatlarini va chopiq sifatlarini ko‘zdan kechirib turg‘on Islom brigadir orqadan qichqirdi.
– Seplama(ga) aylanmangiz, yigitlar! Sen, kallaxom, boyag‘i ta’limni esingdan chiqarma!
Po‘lag‘ur orqasig‘a qaramay javob berdi:
– Ta’limingiz toshqa bitilgan.
Qumg‘onda choy kelishi bilan og‘zidag‘i tupugi qurig‘on chopiqchilar chug‘urchuqdek qumg‘ong‘a yopishdilar. Har kim piyolani ilgari to‘ldirishg‘a shoshildi, biroq musobaqachilar joylaridan qo‘zg‘olmadilar.
– Sizlar ham choy ichib oling, yigitlar, – dedi Islom brigadir.
Ulardan javob bo‘lmadi.
– Ular hali yosh, – dedi keksa bir kolxozchi, – ularg‘a choydan ham yuz suvi kerak.
– Bu kun Badal qizil salladan ajraladi-yov.
– Ajralmaydi, – dedi kechagi kun Badaldan yengilgan Sohibtoy, – Badal chapdast.
– Qancha chapdast bo‘lsa ham, bir haftadan beri kurashib charchag‘on, – dedi keksa kolxozchi, – besh qadam o‘zidan o‘tqazdimi, bu endi bo‘lmaydi, degan gap bo‘ladir.
– Badal cho‘zilib qopti, kechagi dabdabasi yo‘q.
– Ko‘ring, bizlardan xili quvroq ekan, Jalil, – dedi o‘tkan kun Badaldan yengilgan Rahimberdi, – bu itdan tuqqon ko‘r Badalning mazasi ketkan kunni chog‘lab bellashdi-da!
– Men so‘zlaringga qo‘shilolmayman, – dedi orqaroqda choy ichib o‘ltirg‘on xondiq yigit, – humsongning iligi to‘la.
Bir piyoladan choy ichib surnayni ho‘llagach, ular chopiqqa tushdilar.
Badal Po‘lag‘urni quvlab ketmakda, Po‘lag‘ur o‘ziga yetkazish o‘rnig‘a, bil’aks, undan asta-sekin uzoqlashib bormoqda edi. Bu kichkina muvaffaqiyat Po‘lag‘urg‘a qanchaliq ruh va kuch bag‘ishlasa, Badalni o‘shanchaliq bo‘shashtirib, ruhsizlantirmoqda edi. Har ikkisi ham obdon terlab oldilar. Ayniqsa, Po‘lag‘urning yaxtagi suvg‘a solib olg‘ondek shalabbo bo‘ldi. Shalop-shulip qilib xalaqit bera boshladi.
– Yeshsam qutulamanmi! – deb hayqirdi bir vaqt Po‘lag‘ur va yaxtagini yeshib chopilg‘on pushtaga itqitdi. Ishtonini lippa urib yana ketmonga yopishdi. Orqadag‘ilar kulushdilar.
– Oftob uradi, kallaxom! – dedi orqadan brigadir.
– Ey, men bu kun oftob bilan ham gaplashaman.
– Birozdan keyin enangni ko‘rsatadir, – dedi allakim.
– Ikkoving kelib choy ich! – dedi brigadir.
Biroz javobsiz chopiqni davom etdirib bordilar. Po‘lag‘ur chopib borg‘on holda orqasidag‘idan so‘radi:
– Ichamizmi, sherik?
– Ichsang, ichamiz.
Ikkisi ketmonni baravar tashlab pushtadagi qumg‘on yonig‘a keldi. Po‘lag‘ur bir piyolani Badalga quyub, ikkinchisini o‘ziga solar ekan, “dushmang‘a” manglay ostidan mo‘raladi.
– Tobing qalay, sherik?
– Yaxshi.
– Sallani urintirmay topshirsang deyman!
– Hali topshirishimg‘a vaqt bor.
– Anovi ketmonlarning bir-biridan turush farqig‘a ham qarab qo‘y.
– Besh qadam nari-beri bilan bir yerga bora olmaysan.
– Xo‘b, nosingni ol bo‘lmasa.
Choyli piyolalarini g‘o‘za ko‘lagasiga qo‘yib nos chekishdilar. Po‘lag‘urning quyoshda kuyib qorayg‘on yelka va bo‘yinlaridan to‘xtovsiz ter quyub turar edi, bo‘yun tomiri tez-tez tashqarini turtib, burun kataklari nafas olib chiqorg‘onda siqilib, kerilar edi. Badalning chekka tomirlari o‘qlog‘idek tashqarini turtub, ko‘zi qon quyg‘on kabi qizarg‘on edi.
Po‘lag‘ur nosni tuflab, qo‘lig‘a choyni olib og‘zini chayqadi.
– Sen, Badal, inim, boya bir yanglishding.
– Nega yanglishdim?
– Ish paytida nos chakib yanglishding, zantaloq nosni chakkaningdan keyin cho‘llatadi, bir narsa ichmasang, kishini abgor qiladir. Sen nos chakib olg‘on keyin, men arvohingg‘a fotiha o‘qib qo‘ydim. Darhaqiqat, har qancha urunsang ham menga yetib kelmading, qaytag‘a borg‘on sayin sudralding… Agar men choy ichishka ko‘nmasam, pushtada o‘lib qolg‘on bo‘lar eding… So‘kma-so‘kma, da’yus, senga o‘xshag‘on odam tarashlari ko‘r Roziqni ahmoqqa hisoblasalar ham, lekin men senga o‘xshash xom da’yusg‘a qirq yil dars beraman.
Ikkovi ikki piyoladan choy ichib olg‘uncha ermak uchun “shirin-shirin” so‘kushib oldilar-da, yana ketmon bilan olishib ketdilar.
Paxtaning boshi bir yuz elli metr chamasi bo‘lib, yanoqqa kelib bitar va yanoqdan e’tiboran soyg‘a tushkuncha ko‘ndalang egatli alohida taxta boshlanar edi. Egatning boshi yaqinlashqon sayin Badalning ko‘zi Po‘lag‘urning qatorig‘a tusha boshladi. Chunki Po‘lag‘ur Badaldan to‘qquz odim chamasi ilgarilagan edi.
Oradan yana besh daqiqa chamasi fursat o‘tib, Po‘lag‘ur Badalni o‘n odim chamasi orqada qoldirib o‘z hissasini bitirdi va hech narsaga qaramay yalang‘och yelkasiga ketmonni qo‘yib, chopiqlarning eng chetdagi qatorig‘a yurdi. Yoqimsiz qilib: “Savlatingga – g‘ayratingga qoyilman”, degan yallani aytib qo‘ydi, go‘yo bu bilan o‘zining muvaffaqiyatig‘a jar solg‘on edi. Kolxozchilar iljayishib oldilar.
– Kallaxom bajo! – dedi keksa kolxozchi.
– Bajolig‘in aytishg‘a hali vaqt erta, – dedi brigadir.
Brigadirning bu so‘zi maxtov kutib turg‘on Po‘lag‘urg‘a uncha yoqmadi
– Yetti yarim gazlik soyangiz bu yoqqa oqqanda-a? – dedi-da yangi qatordan chopiqni boshlay berdi. Bu so‘z bilan birdan hamma xoxolab yubordi. Chunki Po‘lag‘ur “etti yarim gazlik soya” deb brigadirning uzun bo‘yidan kinoya qilg‘on edi.
– Obbo to‘ymag‘ur, ulug‘ni oldi!
– Aslo ham yomon tishladi!
Bir necha vaqt kulgu orqasi uzulmay turdi. Islom brigadir ham qotib kular edi.

  • * *


Po‘lag‘ur yangi qatorni Badaldan o‘ttuz odim ilgari bitirib, Yunus otaning oldig‘a keldi. Manglayini tangg‘ig‘on ro‘molini yeshib, ustudan chelakdagi suvdan quydi, siqib tashlag‘ach manglayini yangidan tang‘ib oldi. Qozonidag‘i asta-sekin qaynab turg‘on oshqa uzoqdan mo‘ralab, “menikini serqatiqroq qilasiz!” dedi va Badal kelayotqon qatorning yonig‘a, o‘zining bu kungi uchunchi qatorig‘a tushdi.
Negadir hozir chopiq(chi)lar orasidag‘i boya davom etib turg‘on choq-choq va bordi-keldi gaplar bitib, o‘rtani bir jimlik qoplab bormoqda edi. Musobaqachilardan boshqalarning ketmonlari ham suvi ozayg‘on objuvozning poyko‘pidek salang‘lab-salang‘lab yerga tusha boshladi. Ular ikkinchi qatorni bitirayozg‘on paytda bu salang‘lanish yana boshqacha tus olib, ba’zan yuqori ko‘tarilgan ketmonlar aljib bir-birlariga taraq-turuq to‘qunib ham ketdilar. Ketmonlar tuqushg‘ondan keyin o‘zaro ola-g‘ovurlar kulgu va gap boshlandi.
– Mastmisan? – dedi ketmoni to‘qunishqonning biri ikkinchisiga.
– Mast emasman, do‘lda hech gap qolmadi.
Brigadir bularning so‘zidan iljaydi va o‘z yaqinida yurgan Yunus otag‘a hayqirdi:
– Bularning janjalini eshitasizmi?!
– Eshitib turibman, – dedi ota tishsiz og‘zini iljaytirib. – Oshning o‘tini boya o‘churganman, biroz sovisa, qatiqlayman.
Islom brigadir chopiqchilarg‘a o‘zlarini ozg‘ina tetik tutushka tavsiya qilib, “suv bo‘yig‘acha” sal qolg‘onlig‘ini aytib o‘tdi.
O‘z qatorini bitirganlar birin-sirin ishdan chiqib, Yunus ota suv sepib kiyiz to‘shagan joyg‘a – o‘ruk tegiga kelib o‘ltira boshladilar. Avaz ularg‘a bir piyoladan ko‘k choy berib turdi.
Brigadir ham o‘z qatorini bitirib ketmonini pushtaga yumalatdi. Yelpina-elpina qozon ustuga keldi.
– Kechlik kulchatoyning go‘shtini ko‘tarib qo‘yg‘onmisiz? – deb so‘radi otadan.
– Ha, chelakka solib o‘rukka osib qo‘ydim.
– Ko‘pchilikka yetar?
– Bemalol yetadir, yigirma besh qadoq go‘sht yetmasinmi?
Brigadir qozon boshidan musobaqachilar qatorig‘a bordi. Po‘lag‘ur yangi qatorning yarmidan ham o‘tkan, Badal esa undan yigirma metr chamasi orqada borar edi.
– Bas endi, oshqa chiqinglar.
Brigadir chopiqchilar yonida qo‘lini yuvar ekan, Po‘lag‘urning boyag‘i payravi esiga tushib ketdi.
– Kallaxomning mendan achchig‘lang‘oni ham to‘g‘ri, bu kun Badalning mazasi yo‘q.
– Mazasi qochdi, deb aytdim- ku.
– Endi ham mazasi qochmasinmi, yetti kundan buyon jon otib keladir, – dedi yonboshlab yotg‘on keksa kolxozchi.
Musobaqachilar ham ishdan chiqdilar. Badal qizil sallani boshidan olib o‘zini yelpib kelar edi, orqada Po‘lag‘ur manglay ro‘moli bilan yalang‘och badanini artib terini qurg‘atar edi.
– Ha, Badal, maza jo‘qpa? – dedi Sohibtoy.
– Maza qochdi, – dedi Badal boshini chayqab.
“Dushman”ning o‘z og‘zidan chiqqan “maza qochdi” so‘zi bilan Po‘lag‘ur diringlab yuqori sakradi va ayg‘ircha kishnab yubordi. Kolxozchilar qiyqirib kuldilar.
– Obbo, harom qotqir-ay! – dedi Rahimberdi. – Badalni yengdingmi?
– Bu hali hisob emas, – dedi brigadir, – loaqal yuz odim oldinlamasa, men hisobg‘a olmayman.
– Xo‘b, xo‘jayin, xo‘b, – dedi Po‘lag‘ur, – kechki payt kolxozning novcha muftisi (kulgu) mendan ikki yuz odimni hisoblab olsin, faqat hozir menim nonimni ikkita, oshimni uch taboq qilishg‘a fatvo bersangiz, bas.
Avaz kolxozchilarg‘a bittadan non ulashib chiqib brigadirga ham bitta non berib o‘tdi. Navbat Po‘lag‘urg‘a yetkanda Avaz brigadirga qarab to‘xtadi.
– To‘ymag‘urg‘a ikkita non ber, Badalga ham ikkita, – dedi brigadir.
Chopiqchilarg‘a bir toboqdan osh berildi, to‘rt kishiga tovoq yetishmagan edi, ikki piyolasi bir tovoq hisobidan ular ham tinchitildilar. Birinchi navbat osh ichilib, ikkinchi qayta osh suzildi. Lekin bunisi birinchi tovoq kabi tez bo‘shamadi, chopiqchilar manglay va bo‘yinlaridag‘i terlarini artib turushg‘a ko‘brak ovora bo‘ldilar.
Po‘lag‘ur ikkinchi tovoqni bo‘shatib nonni ham yeb bitirgan edi.
– Faqirniki uch tovoqmi, ulug‘? – deb brigadirdan so‘radi.
Brigadirdan “ha” javobini olg‘ondan so‘ng tovog‘ini Avazga uzatdi:
– Juda ham to‘ldirma, bunisi o‘zi itlik!
Gurr etgan kulgu ko‘tarildi.
– Shoshma, Avaz o‘g‘lon, – dedi Po‘lag‘ur, – jazni sal ortig‘roq tashla, domla Roziq oxung‘a desang, o‘zi biladi.
Chopiqchilarg‘a yana yarim tovoqdan osh tegdi. Oshdan keyin bir piyoladan choy ichib, og‘izni tozaladilar, ariqcha ichida o‘ltirmay chopiqqa tushdilar. Chunki yana bir soat chamasi ishlangandan so‘ng quyosh tik ko‘tarilib kun obdon qizg‘onda hammalari ishdan chiqib, bir yarim-ikki soat chamasi uxlab olar edilar. Shunda ular tilagancha choy ichar edilar.
Kechki osh to‘g‘risida Yunus ota bilan Avazga ba’zi ta’limotlarni bergandan so‘ng brigadir ham chopiqqa keldi.
Quyosh qizig‘ondan qizib boradir, ko‘kdagi qushlar uchushdan to‘xtadilar, g‘o‘za ustuda uchub yurgan oq-sariq kapalaklar g‘o‘za bag‘rig‘a kirib yashirindilar, chumoli va chigirtkalar ham kesak va o‘t ostig‘a kirib yotadirlar. Atrof og‘ir bir sukutga ketadir, ammo bu jimlikni kolxozchilarning kesakka to‘qung‘on ketmon tovushlari buzib turdi. Quyosh tig‘i badanga yasmoq oynadan o‘tkan kabi jozillab to‘qunadir, shamol yo‘q, ketmonning ko‘tarilib-tushush sur’atidan hosil bo‘lg‘on shamol ham, issig‘ bo‘g‘ bo‘lib dimoqqa uradir. Ayniqsa, hozir ko‘brak burqiy boshlag‘on chang, tong‘loyni qaqratib, chopiqchilarni o‘qchitadir. Yigitlar dam-badam to‘xtalib yelpinadilar, manglaylaridan favqulodda quyib turg‘on terni artib ro‘mollarni siqib tashladilar. Etiklilariga unchalik sezilmasa ham, yalang oyoqlarig‘a qizg‘in kesakda uzoq bosib turush mumkin bo‘lmay qoladi: tez-tez bir o‘rundan ikkinchi o‘rung‘a sakray boshladilar.
Musobaqachilardan Po‘lag‘ur o‘zining uchinchi qatorini bitirib to‘rtinchini ham yarimlatadir. Ammo Badal uchinchi qatorni bitirish oldida turadir. Boshqalar uchun uchunchini bitirishga hali anchagina bor.
Hamma hozir mo‘ljalli chopiqni ham bitirib olishdan boshqani o‘ylamaydir. Gapirishga ham toqat yo‘q, chunki og‘iz yelimlanib tupuklar qurig‘on, to‘g‘risini aytkanda, gap eshitish ham ko‘ngilni behuzur qiladi. Mana shunday buhronli nozik bir vaqtda, hech kim kutmagan va o‘ylamag‘on bir paytda Po‘lag‘ur ashula qilib yubormasinmi?
Shunday hammani chor-nochor kuldirib “mattaso‘f” Po‘lag‘ur hamma tovshini qo‘yib og‘zig‘a to‘g‘ru kelgan “terma” baytlardan “o‘nlar” edi.
Qoplog‘oning somonmi, xonim,
Chopiqchilar omonmi, begim.
Uzoq qir ham Po‘lag‘urni javobsiz qoldirmaydi:
Chopiqchilar omonmi, begim…
Chopiqchilar Po‘lag‘urning namoyishkorona ashulalariga iljayib olsalar ham bu haqda yonlaridag‘i o‘rtoqlari bilan fikr olishib turmadilar. Chunki quyosh hozir zolimona to‘n kiyib kolxoz bolalarini majburiy sukutka yuborg‘on edi.
O‘z qatorlarini bitirgan chopiqchilar so‘zsizgina ketmonlarini yelkalariga qo‘yib shilqillag‘on holda yong‘oqning salqinig‘a jo‘nay boshladilar. Kelib ketmonlarini chetka tashlag‘oncha samovar tevaragidagi piyolalarga sovutilib qo‘yilg‘on ko‘k choyni ichib uzun nafas olg‘och, yangi piyolani to‘ldirib Yunus ota tomonidan yozilib qo‘yilg‘on bo‘z ko‘rpacha va yostiqlari ustiga yaslana berdilar.
Musobaqachilardan boshqalar ishdan chiqib bir-ikki piyoladan choy ichib olg‘onlaridan so‘ng nafaslar rostlanib, og‘izlar suvlandi. Badanga jon kirgandek bo‘ldi. Orada bir-yarim so‘z ham eshitilib qoldi.
– Senlar ham ishni to‘xtat! – deb baqirdi musobaqachilarga brigadir.
Shuni kutib turg‘ondek Badal ketmonni egatka yumalatib yong‘oq ostig‘a qarab yurdi. Ammo Po‘lag‘ur hanuz o‘zining “makki-chakki” ashulasini aytib, borib yetishka o‘n odimcha qolg‘on qatorni bitirish uchun intilmakda edi. Badal boshidag‘i qizil sallani olib Po‘lag‘urning yo‘li ustiga tashladi.
Islom brigadir yo‘l ustuda Badalni bir piyola yarim sovitilg‘on ko‘k choy bilan kutib turmakda edi. Ko‘k choyni Badalga uzatar ekan: “Balli, yigit, yetti kunga chidading-a, ich choyni”, deb qarshiladi. Yaslanib yotqon kolxozchilar ham Badalning yetti kun ichida ko‘rsatkan qahramonlig‘ini taqdir etdilar.
– Yana uch kun chidayman, degan edim, – dedi Badal terini qotirish uchun o‘zini yelpinar ekan.
– Odam fo‘lod emas, holbuki, fo‘lod ham yeyiladi, – dedi keksa kolxozchi.
Birozdan keyin qizil sallani boshig‘a o‘rab, yalang‘och Po‘lag‘ur ham chiqib keldi. Yalang‘och badani misdek kuyib, yomg‘ur kabi oqayotqon teri ishtonig‘a oqib tushmakda, ishton esa suvg‘a solg‘ondek terga bo‘kkan edi. Buning hozirg‘i ko‘rinishi hindilarning o‘luk yoqaturg‘on go‘rgovlari(ni) xotirlatmoqda edi.
Islom brigadir Po‘lag‘urni ham Badal kabi yo‘l ustida yarim sovuq ko‘k choy bilan qarshiladi. Ammo qo‘lidag‘i ko‘k choy bu gal ikki piyolada edi. Bulardan birini Po‘lag‘urg‘a tutdi.
– Bu kun Badalni yengdik, balli, yigit! – dedi. – Biroq u yetti kishini yenggandan so‘ng yengildi, chunki Badal charchag‘on, yengilishga majbur edi. Shuning uchun biz uni sendan yengildi deb aytolmaymiz. Basharti sen ham yetti kishini yengsang, Badal bilan tenglashkan bo‘lasan, sakkizini yengsang-chi, Badalni yenggan bo‘lasan… A, shunday emasmi, o‘rtoqlar?
Yaslanib yotqonlar bir og‘izdan:
– To‘g‘ri, shunday… – deb javob berdilar.
– Xo‘b, – dedi Islom brigadir va Po‘lag‘urni choyni ichishka buyurub, o‘zi qo‘lidag‘i bir piyola choy bilan bir-ikki qadam olding‘a yurdi. – Og‘aynilar! – dedi yaslang‘on kolxozchilarg‘a xitoban. – Biz hozirg‘i singari va boshqacha musobaqalar bilan kolxozimizning boshqa brigadalariga qarag‘onda ancha ilgarida boramiz; boshqalar ikkinchi chopiqni bajarib turg‘onda biz uchunchi chopiqni bitirish arafasida turamiz. Bu nimadan? Bu albatta shuning singari musobaqalarimizning hamisha davom etkanligidandir. Hozir bizning ko‘b bo‘lsa o‘n kunlik chopig‘imiz qoldi, shu chopiqni bir kun ilgarida bitirsak, avval bizning, so‘ngra mamlakatimizning foydasidir. Mana shu loaqal bir kun ilgarrak bitirishimizning birinchi shartlaridan bo‘lg‘on oramizdag‘i musobaqani davom ettirishni tilagan o‘rtoq o‘rnidan turib kelsin-da, menim qo‘limdag‘i ko‘kchoyni ichsin; bu kunmas erta uchun o‘rtoq “kallakdor ro‘yinatan” bilan (kulgu) qo‘l olishsin.
Brigadirning Firdavsiy ta’biricha ketkan “kallakdor ro‘yinatan”i boshida qizil sallasi, yalang‘och tani, ho‘l ishtoni bilan so‘l qo‘lini chap biqinig‘a tirab, o‘ng qo‘li bilan bo‘sh piyolani g‘oz ushlab, g‘ilay ko‘zini ko‘kka qaratg‘on holda olding‘a tomon besh-olti qadam bosdi, kolxozchilar o‘z rolini joyida ado qilg‘on Po‘lag‘urning bu harakatidan kulib qotdilar. Kulgu orasi anov kun Badaldan yengilgan Nosir o‘rnidan turib kelib brigadirning qo‘lidag‘i sovuq choyni sumurib ichdi va shu holda ustiga “kallakdor ro‘yinatan” yetib kelib, qaddini yuqori cho‘zib go‘yo sher kabi qurqirag‘on tovush chiqardi:
– Ertaga men bilan panjalashaturg‘on senmi?
Nosir ham qurqurab javob qaytardi:
– Men! Nomim Nosir sayyor Toshkentiy!
Yana kulgu ko‘tarilib, serkulgularning ko‘zlariga yoshlar chiqdi.
Ikki soatg‘ina vaqtg‘a kolxoz bolalarini ishdan qochirg‘on quyosh o‘t to‘nini kiyib yer yuziga olov pufladi. G‘o‘za ustlari oq tutunli ko‘rinishga kirib barglari ham tozi itning qulog‘idek shalpayadir. Uzoq-uzoqda boya ko‘karib ko‘ringan g‘o‘zalar, hozir oq tumanga burkanib ko‘z ilg‘amay turg‘on holg‘a keladirlar. Oq tumanning ustroqlari quyidan o‘t yoqqondek yallug‘ beradirlar. Negadir yong‘oq daraxtining tanasida, atroflab suv sizib tusha boshladi. Tartibsiz holda cho‘zilib uxlag‘on kolxozchilarning ham chakkalaridan suv sizadir… Atrof jimjit. O‘ttiz-qirq qadam naridagi kichkina chakalak ichida yigitlarning uyqusig‘a xalal bermaslikka tirishg‘on Yunus ota shitirlatmasdang‘ina cho‘pchak terib yuriydi.

Bitdi.
Abdulla Qodiriy.
Toshkent. 20 iyul 1932 y.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"