«Yana uylanaman» (Toshmat)

«Yana uylanaman» (1928)
Toshmat
334786«Yana uylanaman»1928Toshmat

Farg‘onali mashhur Yusuf qiziqning qiziqchiliq hunarlari ichidan olinib, Cho‘lpon tomonidan sahnaga bob qilinishi bilan “Yana uylanaman” nomi berilgan 5 pardalik kulkili pyesani Qo‘qon xalqining ham ko‘rib qolishig‘a Farg‘ona o‘krug davlat teatr truppasi sabab bo‘ldi.

O‘krug truppasi tomonidan Qo‘qonning eski shahar teatrida ushbu 25 nchi martda birinchi daf’a o‘ynalg‘an bu pyessa, o‘zining tub ma’nosi bilan mahalla baloxo‘rlarini va ruhoniylarning yosh bo‘g‘im tomonidan masxara qilinishlarini, xotin ustiga xotin olish orqasidag‘i sharmandaliklarini ko‘rsatib turar edi.

Bu pyessa o‘zining tuzilishi bilan komediya emas, balki vodivil tarzida qo‘yilsa tag‘in to‘g‘riroq bo‘lur edi, degan fikr o‘yunning borishini ta’qib etib, sahnaga tikilib turg‘an chog‘da tomoshachining miyasiga mahkam o‘rnashib oladi.

Endi o‘ynovchilarning harakatlarini tekshirgan vaqtimizda shuni ko‘ramiz:

Imomning xotini ro‘lini o‘ynag‘an Marusaning harakatlari, non yasashdag‘i ba’zi bir kamchiliklarini va ko‘chadan o‘tkan qurchoqbozning surnayiga keragidan ortiq o‘yunga tushavurg‘anini nazarga olmag‘animizda, umuman kamchiliksiz va u o‘z ro‘lini muvaffaqiyat bilan ado etdi, deyilsa mumkin. Lekin zuvalani juda kichik olishi kelishmaydi.

Imomning qiyofasi esa imomdan ko‘ra Chust yoki Namangon tomondan kelgan bir savdogarga o‘xshar edi. Lekin mahalla mo‘ysafidining qiyofasini imomga berilganda bu kamchilik bo‘lmas edi.

Shuning bilan barobar imom sarbast o‘ynash o‘rnig‘a ko‘pincha suflyordan qulog‘ini uza olmag‘anlig‘i gapidan va harakatlaridan bilinib turdi.

Imomlarning belbog‘lari hech vaqti shohi qiyiq bo‘lmaydi, kashta tikkan bo‘z yoki surup ro‘mol bo‘ladi va to‘nlarini ham ular qoziqqa ilmasdan, taklab ko‘rpa yoki toqchaning ustiga qo‘yadirlar. Keyin ko‘pincha imomlarning ovozlari Ermat bolasining ovozig‘a o‘xshash guldirab chiqmasdan miyon-miyon bo‘ladi.

Mana shu kamchiliklar keyingi safarlarda ham bo‘lavursa, atoqli bir truppa uchun unchalik husn tushmaydi.

Boy ham o‘z ro‘lini yomon o‘ynamadi-yu biroq, kalning harakatiga qarab bo‘lsa kerak zarda bilan turish kerak bo‘lg‘an chog‘larda ham chidayalmasdan miyig‘ida kulib turishi yaqqol bilinib turdi. Keyin, qo‘lini orqag‘a qilib turishda ham o‘ruschani taqlid qilmasa yaxshi bo‘lar edi. Xotini ko‘blar: birinchi xotinim, ikkinchi, yoki katta, o‘rtanchi xotinim, deyishmaydi. Katta, o‘rtanchi, kichik, keyingi xotinim deyishadi. Boy ko‘chaga chiqib ketayotqan vaqtda kalga qarab: ikkinchi xotinimg‘a borib aytgin, demasdan, kichik xotinim, deyish kerak edi vaholanki boyning xotini ham ikkita edi.

Kal boyning kichik xotini bilan uchrashadurg‘an paytda o‘zining yolg‘on “Kal” ekanini gapirib turib qiyofatini o‘zgartirib olsa, sahnada qiyofat o‘zgartkanligining qub’i bilinmas edi.

Sahnadagi ba’zi oshiqona bir harakatning ma’zur ekanligiga teatr olamidan xabarsiz xalqimiz hali tushunmaydi. Ayniqsa, shu kuni teatrda yangi o‘yg‘anib kelayotqan o‘spirin bolalar ham juda ko‘p edi. Shuning uchun bundan shu asar o‘ynalg‘anda bolalarning kirgizilmasligi, yo bo‘lmasa kal bilan boyning kichik xotini quchoqlashishda ifrotqa ketmasliklari lozim.

Imomga Sottixonning xabarini olib kelgan bola tuppa-tuzuk o‘ynag‘ani holda boyning oldig‘a tag‘in shu xilda xabarni olib kelib, yordam so‘rag‘an bola unchalik jiddiyat ko‘rsata olmadi. Bunga sabab balki uning truppa artistlaridan emasligi bo‘lsa kerak.

Boyning kichik xotini o‘zining harakatiga ozroq jiddiyat qo‘shqanda edi uni ham o‘z ro‘lini bajarishda sovuqqonliq bilan harakat etkanligini ko‘rsatishga majbur bo‘lmas edik. Lekin kalni yaxshi o‘ynadi deya olamiz.

Truppa artistlaridan tashqari yordamga ham anchagina kishilar chaqirilg‘an ekan. Shu yordamchilarning yangiliklarimi, yoki tomoshachilar o‘rtasida payvast bo‘lib turg‘an g‘ovur-shovur, yosh bolalarning yig‘isi sahnaga ham ta’sir qilg‘andanmi har holda suflyor ovozini bir oz yuqorilatishqa majbur bo‘ldi shekillik. Shuning ovozi zolning o‘rtasidag‘ilarg‘a ham uncha-muncha eshitilib turdi. Bu esa teatrning husnini buzmaydi, deb hech kim ayta olmaydi.

“Yana uylanaman” pyessasining ko‘b joyi, uni muzikalniy kulgiga aylantirishni ham talab qilmaydi emas, shuning uchun o‘krug teatr truppasi bir mulohaza qilib ko‘rib, ilojini topsa tashabbusni markaziy istudiyadan kutib o‘turmasdan o‘ziyoq vujudga chiqarib qo‘yaqolsa yaxshi ish qilg‘an va asarning takomullanishiga zo‘r xizmat ko‘rsatkan bo‘lur edi.

O‘sha kuni yog‘ib turg‘an qor aralash yomg‘ur g‘ov va achitib turg‘an sovuq shamolg‘a qaramasdan hayitchilik bo‘lg‘ani uchunmi harqalay o‘yunda tomoshachilar ko‘b bo‘lib, 5-6 ta kantramarkalik o‘rtoqlarimizdan tashqari ham olding‘i qatorlarda pulga belat olib kirganlar anchagina bor edi…

Toshmat

“Yangi Farg‘ona” gazetasi 1928-yil 1-aprel 35-son.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"