«Chin sevish» (Vadud Mahmud)
O‘zbek sahnalarida shu kungacha o‘ynalib kelgan pesalarning eng kuchlisi, eng buyugi o‘tkur yozuvchimiz Fitratning hind turmushidan olib yozg‘on «Chin sevish» pesasi ekanligini hamma iqror etsa kerak. Sahnamizda bir necha martaba borliq ko‘rsatgan bu besh pardali pesa 17 sentyabrda yozliq «Turon» sahnasida o‘zbek davlat truppasi tomonidan yana o‘ynaldi. Hammaga belgili o‘zgarishdan so‘ng har ishimizda bo‘lg‘oni kabi, teatru ishida ham to‘lqunlanishlar bo‘lub o‘tdi. Bir necha truppalar tuzildi. Kunda bu yangi pesa sahnalarimizni ziyorat qilib ham turdi. Bir o‘quv-yozuv bilgan kishimiz pesa yozishga tutundi, desak ham bo‘ladi. Truppalar pesaning qanday ekanligini tekshirmay, o‘ynashdan usanmag‘onlari kabi, el ham tomoshag‘a kelishdan usanmadi. Chunki yangi edi; o‘ynag‘uvchi ham tomoshachida ruh bor edi. Bunda bo‘laturg‘on kamchiliklarning kelgusida tuzalishiga ishonchlari kuchli edi.
Shu davrda pesa atashqa arziydurg‘on asarlar ham ora-sira sahnamizda ko‘runib turdi.
Boshlang‘on ishning kundan-kun tuzalib, yaxshilanib borishi qonun kabi bo‘lsa-da, bizning hamma ishlarimiz kundan-kun buzulib, yomon yo‘lg‘a kirib boradir. Shu kabi teatru ishlarimizning ham ancha ortg‘a chekilganligini bu kun o‘ynalg‘on «Chin sevish»dagi hollar ochiq ko‘rsatadir. O‘ynag‘uvchida ham, tomoshachida kam dard so‘na boshlag‘onligi ko‘runub turadir.
Burun soat 7 da ochiladir, deyilgan parda 8 da ochilsa, hozir soat 8-10 bo‘lmasdan ochilmayturg‘on bo‘lg‘on; parda oralari esa, yana uzayg‘on. Demak, bunda ham keyinga qarab taraqqiy etgan. Hozirg‘i teatrularg‘a bormoqchi bo‘lg‘onlarg‘a ko‘rpa-yostiqlarinida ko‘tarib borish kerak bo‘lib qolgan. Chunki tongg‘a yaqin chirog‘lar o‘chib qolg‘onda, bitaturg‘on o‘yunning parda oralarida uxlab olinsa bo‘ladir; quruq o‘runduqlarda parda ochilishini kutub, uxlovchilarning tanlari qiynalmaydir.
Bu kabi hollar shu kunlarda o‘ynalib turg‘on teatrularimizning har birida bo‘lib turadir. Pesalarning so‘ng pardalari, tangri yorlaqab, o‘ynalib qolsa, yuzga yetar-etmas kishi qoladir.
Hollar bunday yomon bo‘lg‘ach, «Qilay desa ishi yo‘q, yotay desa kasali yo‘q» kishilardan boshqa kim teatrug‘a kelsun?
Endi 17 sentyabrda o‘ynalg‘on «Chin sevish» pesasiga kelaylik.
Tomoshachi o‘rtacha edi. Ovrupoliklarning teatrusi o‘ynalib bitaturg‘on choqda, parda ochildi. Kutishdan usang‘on xalq tinchlandi.
Bukun mas’uliyatli ro‘llarni ado ztuvchilarning ko‘pi ilgari ham shu ro‘llarda o‘ynag‘on artistlar bo‘lsa-da, ilgarigi o‘ynashlaridan yaxshi o‘ynay olmadilar.
Rahmatullaxon ro‘lida chiqg‘on M.Qori o‘rtoq o‘z ro‘lini juda yomon o‘ynadi. Ro‘liga ahamiyatsiz qarab yodlamag‘onlig‘i ochiq bilinib turdi. Bunday mas’uliyatli ro‘llarni bu kabi ahamiyatsiz qarag‘uvchi kishilarga bermaslik kerak. Man o‘ynovchilarni tanqid etmak istamaganim uchun o‘ynag‘uvchilar to‘g‘risida shundan boshqa so‘z aytmayman. Xalq har pardada kamaya boshlab, so‘ng pardada juda oz kishi qolg‘onlig‘i o‘ynag‘uvchilarning va boshqa hollarni ochiq ko‘rsatadilar. Ilgari shu asar o‘ynolg‘onda diqqat bilan ko‘rgan xalq bugun asardan nafrat etgan kabi bo‘lib, chiqib keta boshladi. Bunga asar ayblimi? Yo‘q.
So‘ngg‘i parda o‘ynalib turg‘onda, chirog‘ o‘chib qoldi. Chunki vaqt kech bo‘lub qolg‘on edi. Suflyor chaqmoq (zajigalka) tutib so‘z bera boshlab davom etmakchi bo‘ldilar. Sahnadan zal yorug‘ bo‘ldi. Artistlarning aftlari, harakatlari sira ko‘runmas edi. «Chirog‘ topib o‘ynalsun» degan tovush xalq orasida ko‘tarilgandan keyin pardani tushurdilar. Shu vaqtda chirog‘ topuv mumkin emasligi belgili edi. Ilg‘ari chirog‘ tayyorlab qo‘yilmag‘onlig‘ini ham chirog‘ topa olmag‘onliqlarini bildirib afv so‘radilar. Bunday quruq afvdan nima foyda?
«Teatru o‘ynamoqchi bo‘lgonlar hamma narsani tayyor qilg‘ondan so‘ng o‘ynasunlar, xalq bilan o‘ynashmasunlar» degan tovushlar yuksalib, xalq so‘ka-so‘ka tarqalishdilar.
Mana sizga o‘zbek teatrusi.
Shu yil shu sahnada shu truppa tomonidan «Hind ixtilolchilari» otli pesa o‘inalg‘on edi. Bu ham Fitratning hind ixtilolchilari turmushidan olib yozg‘on asaridir. Bu asar ham «Chin sevish» kabi buyukdir.
Bu pesaning so‘ng pardasi ochilg‘onda chirog‘ o‘chib o‘ynalmay qolg‘on edi. Undagi mas’uliyatli ro‘llarni ado etuvchilarning ovozlarini birinchi qatorda o‘turg‘on kishilarda eshita olmag‘on edilar. Xalq bir narsa anglay olmay so‘kib ketgan edi.
Mana bu kabi hollar asarning qiymatini tushuviga sabab bo‘ladi. Shuning uchun bunday oliy pesalarni buzib o‘ynashdan saqlanuv kerak.
Bu asarlar to‘g‘risida kelgusida ko‘b narsalar yozilib yuqori o‘run beriluviga ishonaman.
This work is in the public domain in the United States because it was first published outside the United States prior to January 1, 1929. Other jurisdictions have other rules. Also note that this work may not be in the public domain in the 9th Circuit if it was published after July 1, 1909, unless the author is known to have died in 1953 or earlier (more than 70 years ago).[1]
This work might not be in the public domain outside the United States and should not be transferred to a Wikisource language subdomain (or as a file it should not be migrated to the Wikimedia Commons) that excludes pre-1929 works copyrighted at home. | |