«Hind ixtilolchilari»

«Hind ixtilolchilari» (1923)
by Vadud Mahmud
334532«Hind ixtilolchilari»1923Vadud Mahmud

Bizda ham muharrirlik bir san’at holig‘a kira boshladi. Hozir ko‘zga ko‘rinarlik asarlar maydonga keldi. Turli jurnallar, adabiy parchalar, she’r majmualari, teatr kitoblari shu qatoridadir. Bularni sekin-sekin ko‘rub chiqmoq, ilmiy asarlarni ilmiy jihatdan, fanniy asarlarni fan nazaridan, ta’lim-tarbiyaga oidlarini o‘z to‘g‘risidan, adabiylarini ham san’at o‘lchagi bilan o‘lchab, tekshirish vaqti, qisqasi, «intiqod-taqriz» zamoni keldi. Intiqod-taqriz kamchiliklarni to‘ldirmoq, tuzuklarini bilmak, tanimoq uchun birinchi quroldir.
Mana bu yo‘lda ozg‘ina xizmat bo‘larmi ekan deb biz qo‘limizdag‘i «Hind ixtilolchilari»ni, yaqindag‘ina Berlinda bosilg‘on shu besh pardalik teatr kitobchasini, kuchimiz yetganicha, ko‘rub chiqmoqchi bo‘ldiq.
Shu yo‘lda birinchi qadam bo‘lg‘oni uchun kamchiliklari ko‘b bo‘lur. Orqadoshlarning himmati bo‘lib ko‘rsatilsa, sekin-sekin haqiqatga erishmak mumkin bo‘lur.
Boshlab asarning mundarijasini ko‘rsataylik.
Voqea — otidan ham ma’lum bo‘lg‘oni kabi — Hindiston ixtilolchilari turmushidan oling‘ondir. Voqeaning qahramoni Rahimbaxsh otliq bir yigit bilan Dilnavoz degan bir qizdir. Bularning muoshaqasi, Hindiston to‘g‘risida mubohasalari, angliz yuzboshisining hirsi orqasida bularning qamoqqa olinishlari, qutilishlari, yashirin qo‘mitada birga ishlashlari, qo‘lga tushishlari, oqibatda angliz yuzboshisini o‘ldirib, butkul qutilishlari va boshqa orqadoshlari bilan birga hind qutilishi uchun ahd-paymonlaridir.
Asarda tasvirlar, hayajonlar ancha tuzuk va mukammal. Ayniqsa, Rahimbaxsh va Dilnavozning so‘zlari juda ta’sirlidir. Ba’zi joylardag‘ina ahamiyatsiz musobahalar istisno qilinsa, bu ikki qahramon ro‘li yaxshi deyarlikdir. Ularning birinchi pardadagi oshiqona musobahalarida uchraydigan tubandagi jumlalar chin va yangi so‘zlardir.
«Yurak — yurak ekan, sevmak-sevilmak istar», «Sevgisiz qolg‘on yurak — suvsiz qolg‘on baliq kabidir, uning har tebranishi bir jon chekishidir». Shu pardada Rahimbaxshning Dilnavozga so‘zlagan «yurtni sevganlar uning tosh, tuproqlarini emas, go‘zallik, yaxshiliklarini sevarlar» va «qulay ishdan buyuk unum chiqmas, buyuk unumli ishlar qulay bo‘lmas» kabi zarbmasal o‘rnig‘a ishlatmak juda muvofiq bo‘lg‘on ma’noli so‘zlar bordir. Ayniqsa, «bir yovni yurtdan haydamoq bir yurtni yov qo‘lida ko‘rmakdan qiyin emasdir» kabi vatanparvarlikning samimiy va eng hayajonli ta’birlari ko‘bdir. «Shu Qur’on betiga hayvon oyog‘i tegmagi na esa, hind qizining yuziga angliz ko‘zi tushmak ham shudir» tashbehi har qancha qo‘pol bo‘lsa ham yaxshidir. «Ishong‘onlar ishonmag‘onlarni yenga olmaslar» kabi eng chuqur ma’noli nasihatlar, haqiqatan, anglayturg‘on kishilarga katta bir dars, ibrat bo‘larlikdir. «Tirik ekansiz — tebranursiz, tebranmas ekansiz — o‘liksiz» kabi bizning hozirg‘i turmushimiz va tirikchiligimizga muvofiq kaltaklar asarning eng foydaliq jumlalaridandir.
Yuqoridag‘i vatanparvarona va teran ma’noli so‘zlardan Rahimbaxshning to‘la ma’lumotli bir kishi bo‘lg‘oni va asarda uning mahbubasi Dilnavozning so‘zlari, uning-da, anchagina o‘qug‘on bir qiz ekanin anglatadir. Faqat asarda bu ikkovining uzoq suhbatlari ustiga Lolahardayol degan bir hindi olim kishining uzundan-uzoq nutqi orasida birdan-bir «yurtimiz yonib turadur, ulusimiz ezilib bitdi, eshitasizmi» kabi munosabatsiz bir murojaat sovuq chiqqan. So‘ngra bunday bir xitobning kimga aytganini yozuvchi o‘ylamog‘on kabidir. Chunki asarda ko‘rilgan kabi, Rahimbaxshning so‘zlari Lolahfdayol so‘zlaridan, muhokamalaridan yuksakdir. Saviyasi tuban bir kishiga Rahimbaxshning buncha muhabbat va hurmat kursatishi juda tabiiy ko‘rilmasa ham uchramog‘i mumkin hollardandir. Bu savolni qo‘yishdan balki muharrir ta’sirning yuqoriroq darajasini ko‘rsatmoqchi bo‘lg‘ondir. Lekin, esizki, bunga muvaffaq bo‘la olmag‘on. Shuning uchun uncha chiroyliq chiqmag‘on.
«Er bilan xotunning ko‘brak gapirgani, machitda yig‘ilish, bir-ikki kishining birga suhbat qilishi» kabi turli iboratlar bilan keltirilgan bir mazmun, ya’ni anglizning yig‘inni man qilg‘oni asarning 4-5 joyida zikr etilgan. Bu esa buyuk kamchilikdir. Chunki ba’zi bir joylarda ma’lum bo‘ladirki, yozg‘uvchi kishilarga so‘z, mavzu topa olmaydir. Shuning uchun bu ortiqcha nuqson lozim ko‘rilgandir. Bu esa asarga jiddiyroq ahamiyat berilmaganliqni, bir oz charchaganliqni ko‘rsatadir. Bo‘lmasa, albatta boshqa mavzular topish mumkin bo‘lsa kerak.
Lohurning tevaragidagi qishloqlardan birisida yashag‘uvchi Rahimbaxsh bilan Dilnavozning suhbatlari ustiga Lolahardayolning qayerdan va qanday bo‘lib kelishi uncha tasodif ko‘rilmasa ham, hindning kambag‘al, qishloqi bir dehqoni og‘zidan «shu ketmon bilan anglizning boshini ezmasak, hech kim tashqaridan kelib bizni qutqarmas» kabi buyuk tushunchali so‘zlarni chiqishi haqiqatan g‘ayritabiiydir. Mana shu hol asarning eng katta nuqsonlaridan biridir. Chunki bunda tirikchilik boricha tasvir etilmagan, hech bir vaqt bir hindi qishloqi dehqoni shuncha tushunchaga molik emasdir. Buni bizning eng buyuk (?) mutafakkirlarimiz anglamag‘on ekan. Bir hind qishloqisi albatta tushunmas, yo shu e’tirozni qabul qilish yoki bir hind dehqoni bizning buyuklarimizdan ortiq deb sanash kerak, bunga esa muharrir ixtiyorlikdir.
Fitratning asarlarining bir ortikdig‘i uning yuksak va eng mukammal tashbeh, mubolag‘a va istioralarga ega bo‘lishidir. Haqiqatan, Rahimbaxshning Dilnavozga undagan so‘z «yangigina ochilg‘on qayg‘i chechagi» istiorasi va «ularga (anglizlarga) qarshi tirnog‘imizda yaroqdir» kabi mazlumlarning haqsizligi yaxshi tasvir etilgan mubolag‘alari ko‘rilmagan va eshitilmagan darajada chiroyliq va tutaldir.
Endi ikkinchi pardaga o‘taylik. Ikkinchi pardada Mulla tipi yaxshigina tasvir etilgan. Bu asarda eng mukammal chiqqan tip shudir. So‘zlari chindanda o‘ziga munosibdir. Yozuvchi haqiqatan shu Mulla tipiga jon bera olg‘on, zotan Fitratning istar fors-cha, istar turkcha asarlarida turmushg‘a va haqiqatka muvofiq tasvir etilgan bir tip doimo Mulla, Mudarris tipidir.
Shu pardada ko‘rsatilganicha, ma’lum bo‘ladirki, ixtilolchilar bilan Mulla bir maslakdadir. Ixtilolchilarning har sirlariga Mulla voqif, chunki Mulla ixtilolchilarning eng yaqin orqadoshlaridandir. Shu hollardan bilinadirki, Mulla yashirin qo‘mitaning faol; a’zolaridandir. Shu bilan birga ishlab yurgan Mullani anglizlarning biri kelib, bir Qur’on va bir oz pul va’dasi bilan o‘z fikridan qaytaradir. Mulla shu ondan boshlab ixtilolchilarning fikriga qarshi tura boshlaydi. Va oqibat ish shundaygacha keladiki, Mulla ixtilolchilarni o‘z uyidan quvadi. Hatto o‘zi shu qal’aning kattasi bo‘lg‘oni uchun ixtilolchilarni qo‘rg‘ondan chiqishga taklif qiladi.
Ixtilolchilardan biri Mullag‘a qarshi juda qattig‘ iboratlar qulatadir. Masalan, aytadir: «Siz Mullalar tutash shunday qilasiz. Hindistonni yillarcha el-aymoq janjallari bilan to‘ldirdingiz, ulusni yetmish to‘rt bo‘lak qildingiz, bo‘lashmak istadingiz. Yana mazhab, din janjallari bilan yo‘limizni to‘smoqchi bo‘lasiz, ketingiz, yo‘qolingiz, bizdan uzoqlashingiz, bizni bu yo‘ldan siz-da, mazhab-da, din-da qaytarmas» kabi. Bu so‘zlar Mulla bir oddiy kishi bo‘lsun, bir qo‘rg‘onning boshlig‘i bo‘lsun, unga albatta ta’sirsiz qolmas. Holbuki, bular bir mo‘tabar, nufuzli bir Mullag‘a, hatto bir qo‘rg‘onni’t egasi bo‘lg‘on amru nahiy sohibi bir Mullag‘a aytilalir.
Bundan ko‘z yumib ko‘raylik: Mulla angliz aldovi bilan bular bilan yomonlashdi; Mullaning garazi oqcha: shu oqcha uchun nimalar qilmas va qilolmas! Buniig ustiga Mullag‘a yashirin qo‘mitaning sirdoshi sifati bilan boqayliq. Sirdosh bo‘lg‘ondan keyin u Mulla ixtilolchilarga qanday mudhish dushman va anglizlarga qancha buyuk yordamchi bo‘lishi bir oz o‘ylansa anglakur. Ish shu holda ekan, bizning boshimizga shu fikr kelur.
Mullaning shuncha oddiy pul, farosat va jon tolab bir kishi bo‘lg‘oni haligacha ixtilolchilarg‘a ma’lum bo‘lmasa, ya’ni uni tuzuk va yaxshi tanimay o‘z oralarig‘a olg‘oi bo‘lsalar, bu — ixtilolchilarning eng buyuk tadbirsizliklaridir. Yo‘q, bila turib uni oralarig‘a olib, qo‘mitaiing yashirin sirlarini uning oldida aytsalar — bu ham ixtilolchiliqni bilmaslik, ul ishlarini anglamasliqdir. Ixtilolchilarning bu qiliqlari o‘zlariga qarshi hech bir kuch va mone’ ko‘rmagan choklarida balki mumkin bo‘lar. Holbuki, asarda ko‘rsatilganidek, angliz hukumatining eng mudhish va qattig‘ ta’qibi ostida bu muvofiq emas.
Bu-da asarning kamchiliklaridan biri, hatto buzadurg‘on nuqsonlaridan. Muharrir shunda ham tabiiylikdan chiqqan.
So‘ngra biz ko‘ramizkim, u Mulla tirik qolg‘on. Bu hammasidan ajib: hech mumkin bo‘lurmikim, avvalda eng yaqin sirdoshlaridan bo‘lib, so‘ngra yovlashqon bir kishini bir yashirin qo‘mita tirik qoldirsun. Bu — bir jamiyat ham yashirin va o‘lum panjasida bo‘lg‘on bir jamiyatdan hech mumkin emasdir.
Buning ustiga Mullaning shu muomalasiga qarshi qo‘mitanint faol a’zolaridan biri bo‘lg‘on Abdusubbuhning yuqorida ko‘rsatgan qattig‘ so‘zlarini qo‘shsak, bu ixtilolchilarning kichik bolalar ekani anglashilur. Mustaqbal bir dushmanni o‘zini saqlay olmay butun yuragi bilan so‘ka boshlashi bolaliq bo‘lmasa, ahmoqlikdir.
Muharrirning maqsadi ixtilolchilarni tanqid bo‘lsa edi, bundan ko‘z yumib o‘tar edik. Holbuki, butun asarning ruhi ixtilolchilar tomonida ekani har qadamda qo‘riladir.
3-pardada uch angliz mingboshisining hind ixtiloli haqida musobahalari ko‘rsatiladir. Lekin bularning musobahalarida juda oddiylik ko‘runib turadir. Birisi hind ixtilolchilarining jiddiy ishga kirishganliklarini va bunga sabab bu kungi hol ekanini boshqalarga «xabar» beradir. «Xabar» beradir dedik. Chunki boshkalarining javob va harakatlari haqiqatan shu ishdan tamom uzoqda bo‘lg‘onliqlarini ko‘rsatadir. Holbuki, so‘zlaridan Hindistong‘a yaqindagina kelganliklari ko‘rinmaydir. Faraz qilaylikkim, bular yaqinda kelgan bo‘lsunlar. Lekin shunda ham angliz mingboshilarining Hindiston ahvolidan xabarsizliklariga kishining ishong‘usi kelmaydir.
Boyog‘i «xabar»ga javob o‘laroq ikkinchisi «u qanday hol» so‘rog‘ini berur, birinchi mingboshi tomonidan sabab qilib «umumiy urush, urushg‘a Turkiyaning qo‘shilmog‘i, Olmoniyaning yengilmay turishi» ko‘rsatilgach, boshqalari «ha, ha» deb oddiygina kulish alomati ko‘rsatadirlar. Yana biri bayonnoma tarqatishdan so‘z ochsa, boshqasi «bularning yashirin bir o‘choqlari bordir», degan bir ehtimol jumlasi ishlatadir va o‘zining siyosiy ishlaridan xabarsizligini bildiradir. Yana bunday misollar ko‘bdur.
Qachondan beri Hindistonda ishlab yurgan va asarning ko‘rsatganicha inqilobiy holning buncha qaynag‘on bir chog‘ida bir angliz mingboshisining bu xabarsizligiga nima ma’no berish kerak?
Shuni ham aytish kerakki, harbiy kishilar, ayniqsa, angliz mingboshilari og‘ir va kibor harakat ko‘rsatishlari kerak ekan, asarda «xo‘sh», deb o‘rundig‘ini ilgari surib, oddiy harakat ko‘rsatishlari, yuqoridag‘idek ma’lumotsiz, bilimsiz, xabarsiz bo‘lsalar, bu qiliqlari munosib tushsa ham, bir angliz mingboshisig‘a kelishmay turadir.
5-nchi pardada angliz yuzboshisi tarafidan tutulg‘on qochoq ixtilolchi Badrinant yuzboshisining «bu tog‘liqda boshqa tog‘in joylaringiz bormi», degan so‘rog‘ig‘a «bu sizning ishingiz emasdur» kabi qattig‘ javob qaytaradir. Yuzboshi esa so‘ngra jim bo‘ladir. Ana bu ham yozg‘uvchining tilagiga xilof bir hodisa. Chunki muharrirning mumkin qadar anglizlarning qattig‘ muomalalarini ko‘rsatmakchi bo‘lmasa edi, birinchi pardada mubolag‘a o‘laroq Rahimbaxsh bilan Dilnavozni tutdirmas edi. Holbuki, bunda shuncha yomon muomalaga qarshi mujassam bir dushmanki, hatto bir bahona bilan o‘ldirmak mumkindir. Jim qo‘yadir.
Mana shu joyda muharrir faqat tilagiga qarshi bir ishkina qilmaydir, balki bir xato ham qiladir. Bunda angliz o‘z haqqi bo‘lmog‘onini ixtiyor qilg‘onda, go‘yoki anglizning haq berganini ko‘rsatadir, chunki uni jim qoldiradir. Bu bir.
So‘ngra hech bir oddiy amaldor qo‘lidag‘i muttaham bir gunohkordan «bu sizning ishingiz emas» kabi so‘z eshitmakka rozi bo‘lmaydir. Hol shunday ekan, bir anglizning buni eshitib jim turishi ahvolga nomunosibdir.
Xudkom, xudparast, mutakabbir anglizning hali hindilar kabi Ovruponing eng tuban millati nazarida ham vahshiy sanaladurg‘on bir qavmni qo‘ying, o‘z millatidan boshqasig‘a muomala qandaylig‘ini bilmagan bir bola yo‘qdir. Holbuki, muharrir shunday ochiq bir narsani to‘g‘ri bo‘lmag‘on bir rangga soladir.
Bu esa muharrirlikning eng birinchi sharti bo‘lg‘on «ruhga nufuz» qilmaslikdir.
Bir ozda asarning til-sheva jihatini ko‘raylik.
Fitratning o‘zbekchasi umuman silliq sof emasdir. O‘qug‘onda chekilmasdan chiqilmas. Bu tilning ishlanmaganidan keladigan desak, boshqa bir yozg‘uvchimizning, masalan, Cho‘lponning tasviri sofdir. Kuchlik chekmay o‘qimoq mumkin.
Ma’lumki, Fitrat o‘zbekchaga ishlamak uchun Buxoroda o‘yladi. Tahsili turkiyda bo‘lg‘on edi. Shahar tili tojik tili. Tilni kitoblardan, lug‘atlardan o‘rganmakka to‘g‘ri keldi. Toshkentda turg‘on vaqglarida bu yerning buzuq shevasini yoqtirmay doimo lug‘at o‘rganmak bilan mashg‘ul bo‘ldi va o‘ziga maxsus bir sheva bilan so‘zlashdi. Shuning uchun biz o‘ylaymizkim, Fitrat tilni xalq bilan yaqinlashmay turib o‘rganganidan va o‘zbekchaning maxsus ta’birlarini eshitmaganidan shevasi boshqacharoq chiqdi.
Shunday bo‘lsa ham Fitrat o‘zbekchani ikkinchi qatla tirgizdi. Turkistonda o‘zbekcha narsalar yoza oladurg‘on bir kishi yo‘q ekan, u asarlar yozdi, tarqatdi. Ko‘b so‘zlar va istilohlarni umumlashtirdi. Bu kungi muharrir va shoirlarning barchasi Fitratdan istifoda qildi.
Buxoro tilining ta’siri o‘laroq «borib bilmayman, qilib bilmayman…» kabi so‘zlar bor. «O‘lalar, kechiralar» kabi iste’mol qilinmag‘on ta’birlar, «hormag‘aylar, bor bo‘lg‘aylar»ga o‘xshag‘on eshitilmagan istilohlar, «bunga ketur, shunga turur» kabi buzuq so‘zlar uchraydir. «Notetik harif ekan bu» kabi usmonlicha ta’birlar ham topiladir. Bular «Fitrat o‘zbekcha»sining xususiyatlaridandir.
Xulosa: «Hind ixtilolchilari» bizning adabiyotimizda birinchi o‘runni tutadurg‘on asarlardandir.
Mukammal tasvirlarga, istioralarga, mubolag‘alarga boy bir asardir. Fitrat adabiyotimizda ishq hayajonlarini yaxshi tasvir etadurg‘on bir muharrirdir. Uning har asarida shu ishq o‘runlari, yuksak ma’nolarga boydir. Turlik xush ma’nolar, eng yaxshi o‘runlarg‘a keltirilgan lutflar ko‘bdir. «Mening uchun ezgulik tushda» va «biz Ovrupodan em istaganlardan emasmiz» kabilar shu jumladandir. Asarning 4-nchi pardasi boshidan 3 beti olinsa, boshqa hammasi faqat hind ixtiloli mavzuidir. Butun kishilari faqat shu voqeani maydonga keltirmak uchun bir yerga to‘plang‘on kishilarga o‘xshaydir. Ya’ni, voqea atroflicha, bir oz maishatga yaqin yozilg‘on emas. Agar shu kamchiligi to‘ldirilsa, ham pardalarning qisqalig‘i yetgan bo‘lsa, ham haqiqatan o‘ynashg‘a eng muvofiq va foydaliq bir asar chiqar.

Public domain
This work is in the public domain in the United States because it was first published outside the United States prior to January 1, 1929. Other jurisdictions have other rules. Also note that this work may not be in the public domain in the 9th Circuit if it was published after July 1, 1909, unless the author is known to have died in 1953 or earlier (more than 70 years ago).[1]

This work might not be in the public domain outside the United States and should not be transferred to a Wikisource language subdomain (or as a file it should not be migrated to the Wikimedia Commons) that excludes pre-1929 works copyrighted at home.

PD-US-1923-abroad Public domain in the United States but not in its source countries //wikisource.org/wiki/%C2%ABHind_ixtilolchilari%C2%BB