«Iblis»
Ushbu mart oyining yettinchisida chorshanba kuni o‘zbek dram to‘dasi tomonidan qishloq «Turon»da Qofqosiya turklarining atoqli adib va shoirlari Xusayin Jovidning to‘rt pardalik «Iblis» fojiasi o‘ynaldi.
O‘rtoq Xurshid qalami bilan o‘zbekchalashtirilgan bu asar bayt oralash yozilg‘on adabiy, ishqiy va harbiy bir tomoshadir. Bu asarda yigirmanchi madaniyat asrida yashag‘on odam bolalarining qo‘llaridag‘i bilim va hunarni qon to‘kish, odam o‘ldirish, xonumon buzish kabi egri va yomon ishlarga sarf etib, yomonliq va yaramaslikda Iblis(satana)dan ham o‘tib ketganliklari ko‘rsatiladur. Butun yomonliqlarning tub omili deb yurgazilaturg‘on Iblis bu asarda, «odam bolalarining yomonliqlarini ko‘rub sharmanda bo‘lub qolg‘onlig‘ini» bildiradir. Asarning asl o‘zi shundaymi yoki, qo‘l bilan necha marotaba ko‘chirilib yozilg‘on nusxadan o‘zbekchalashdirilib, «sho‘rbasining, sho‘rbasi» bo‘lub qolg‘onlig‘idanmi, bilmadim, asarda darrov sezilaturg‘on bir qarshilik (zidlik —protivopolojnost) bor. Yuqorida aytganimdek, «yomonliqda odam bolalari mendan o‘tdilar» deb da’vo qilg‘on Iblis asarda boshdan-oyoq yomonliqni o‘zi qiladir. O‘zi haqiqiy omil shaklida ko‘riladur.
Odam bolalarining yomonliqlaridan to‘yg‘on va shul sabablik, ular orasidan qochib o‘rmonlarga ketgan Orif qisman o‘shal iblisning hiylasiga aldanib, katta jinoyatlar qiladur. Ya’ni: uni sevguvchi bir gunohsiz qiz (Xovar) ning zahar ichib o‘lmakiga sabab bo‘ladir. Oxirda kelib o‘zi suyib yurgan bir qiz uchun o‘z ukasi (Vasf) ni otib o‘ldiradur. 1925 va 16 nchi yillarda bo‘lg‘on mashhur Chanoq qal’a urushini xayol bilan ko‘rgan chog‘ida (birinchi parda), odam bolalariga va ularni yo‘ldan urg‘uvchi Iblisga shu qadar la’nat yog‘diradurkim, sira qo‘ya qoling! Birinchi pardada shu holda bo‘lg‘on va undan so‘nggi pardalarda ham odamlarning yovvoyiligidan shikoyat qilg‘on ham Iblisni qarg‘ag‘on Orif 3 nchi pardada Iblisning qo‘lini o‘padur, uni bir pir, bir karomat egasi, bir Xizr deb e’tiqod qiladur. Durust, ul pardada Orif Iblisni odam qiyofatida ko‘rgan, tanimag‘on edi, lokin odam bolalari uchun Iblisdan hama vaqt xavf-xatar borlig‘ini yaxshi tushunaturg‘on edi.
Piyesaning so‘nggi pardasida Onato‘lidag‘i turk isyonchilardan bir kishi (Elxon) ko‘rsatiladir. Bu isyonchi Onato‘lida ittifoqchilarg‘a qarshi ingliz josuslarini fransuz ayg‘oqchilarini, xiyonatchi (sotilg‘on) arab va turklarni ko‘b surushturub o‘lturmasdan, marhamatsiz otib o‘ldiradur, adolatdan juda yuksak so‘zlar bilan oh aytadur. Ammo o‘zi jahongirlarga qarshi Onato‘lida bosh ko‘targanlarga (kamolchilarga) qarshidur. «Ehtimol, qishloq xalqi va ishchi omma manfaatini kuzatadurg‘on kishidur», demoqchi bo‘lsak, u eski poshsholarning biridur. Uning so‘zlarida haligi to‘g‘rida imo-ishorat yo‘q. Ehtimolkim, bu narsa piyesaning «sho‘rbaning sho‘rbasi» bo‘lg‘onlig‘idan kelgan bo‘lsa.
O‘ynalish jihatiga kelsak:
Sahnaga kirish-chiqish, so‘zlarni vaqtida aytish, fonarlarning yonish-o‘chishlarida ko‘rulgan birmuncha kamchiliklarni sanamasak, umuman tekis va zararsizdir. Iblis ro‘lida Abror, Orif ro‘lida Uyg‘ur, ibn Yamin (xoin arab) ro‘lida Sayfi yaxshi edilar. Qizlarning ikkovi ham (Ra’no, Xovar) zararsiz o‘ynadilar. Bunlarda faqat yumshoqlik, bo‘shlik bor edi. Boshqalar ham tekis olib bordilar. Xalq to‘la, unum yaxshi edi: hatto joy bo‘lmasdan qaytib ketganlar ham ko‘b bo‘lg‘on. Shu yerda kichkinagina bir narsa yozib o‘tishni kerak bildim. Bu tomoshaga «yoshlar» deb atalg‘on «millatparvar»larning ham ko‘blari kelgan edilar. Hatto yangi shahar teatrlaridan sira qolmayturg‘on ba’zi bir «ortiq madaniy» yoshlarimiz ham shu tomoshada bor edilar… Demak, bular ham bu yo‘li o‘z sahnalariga qiziqqanlar ekan… ko‘z tegmasin!
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|