«Mushtum» ta’rifida

«Mushtum» ta’rifida (1923)
by Abdulla Qodiriy
334197«Mushtum» ta’rifida1923Abdulla Qodiriy

Tarixga bir aylanib qaralsa, mushtning ahamiyati zog‘ora nondek bo‘lib ko‘z o‘ngida gavdalanur. Ammo xoli hoziramizga ham ko‘z qirini tashlansa, musht degan hayvoni g‘ayri notiqning siyosatda podshoh, iqtisodda avliyo, fanda kimyo o‘rnini ishg‘ol etkanini ko‘rilur. Bularni ham bir yoqqa qo‘ya turib, mushtning ahamiyati muhimmasini o‘zimizning manavi mahalla-ko‘ydan qidirilsa taftishotga tag‘in ham yaqinroq turilg‘an bo‘linur:

Mahalla-ko‘ylarimizda bitga-bitta bo‘yni yo‘g‘on — bo‘yni g‘avslar borlig‘ini har bir kimsa bilur va ularning mahalla ijtimoiyotida o‘ynayturg‘an ro‘llari ham katta-kichikka belgulukdir. Bizning tekshirish va kashfiyotimizcha asl xususiyat bo‘yni yo‘g‘onliqda bo‘lmay, uning zamiridagi mushtdadir va mushtumzo‘rliqdadir.

Lekin bu ta’rif jahongir va burjuaziya faylasuflari nuqtai nazaridan bo‘lib, ammo proletariatning mushtka bo‘lg‘an nazariyasi buning aksidir. Jurnalimiz shu keyingi qo‘li qadoqlar sinfining «Mushtum»i bo‘lg‘anliqdan uning ma’nosi ham haligi ta’rifning tamoman teskarisidir.

Bu «Mupggum» zo‘rliq mushtumi emas, haqliq mushtumidir; bu «Mushtum» — zolimlar mushtumi emas, mazlumlar mushtumidir. Shuning uchun buning ma’nosi ham boshqachadir.

— Hammanikiga do‘lona yoqqanda, siznikiga devona yog‘di!

— Qovun, deb ekkanimiz shung‘iya bo‘lub chiqdi!

— Oltun qo‘ng‘uz deb maxtag‘anlari qora qo‘ng‘uz ekanki, ro‘molcha bilan burunni o‘rashga majbur bo‘ldiq…

— Bog‘dan gapirsak — tog‘dan keladilar!

— Ali, desak — bali, deydilar…

— Shu yo‘sun: gulshan razolatda, gulzor safohatda, bozor siyosatda, maydon hamoqatda, boyimiz, mullamiz, eshonimiz, yoshimiz va moxovimiz, pesimiz sayru guluston etmoqda va jununi ma’rifat, fununi shaytanat vodiylarida masti-loya’qil kezmakdalar…

Mana shunday «ovoni saodat»larda to‘rt tomondan mo‘ralab, el ichiga oralab, haqiqatni qoralab, yaxshidan yomonni saralab shaxsiy g‘arazdan sof, to‘g‘ri yurmaganga bop bir «Mushti purzo‘r»ga ehtiyoj sezildi va uzoq o‘ylab turilmay uzoq-yaqin, do‘st-dushmanlarimizning ko‘maklari umidida ushbu «Mushtum» jurnalining nashriga ham qaror berildi.

Tumshug‘ingiz ustiga yangi mehmon muborak bo‘lsin, afandilar!

Julqunboy

«Mushtum» — 1923 yil, fevral, 1-son, 2-bet


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"