«Qamoqxonami, jinnixona?»

«Qamoqxonami, jinnixona?» (1923)
by Abdulhamid Choʻlpon
335338«Qamoqxonami, jinnixona?»1923Abdulhamid Choʻlpon

“Ulutluk” (shuunot) nom angliz jurnali yozadir:

“Agarda jahon urushi vaqtida Germaniya zo‘r kelsa edi, Ovrupo bir qamoqxonadan iborat bo‘lur edi. Lekin, ul qamoqxonada har nima bo‘lsa ham bir ozroq tartib, intizom bo‘lur edi.

Jahon urushida Germaniya zo‘r kelmasdan biz zo‘r keldik. Yaxshi, Ovro‘po endi qanday holdadur? Bu savolga javob berib deymizkim, “Bu kungi Ovrupo bir jinnixonadan iboratdur.”

Bu angliz jurnalining achchig‘ini keltirgan narsa shudir: Angliya hukumati ilgariroq hadeb Germaniyani hovluqtirar edikim: “Fransiya seni talab ketayotubdur, dod de, faryod qil!” deb endi bo‘lsa Angliya bosh vaziri Puanqara bilan ziyofat yeb o‘lturub: “Rurdagi o‘ljalardan bizga ham hissa chiqsun!” deb talashadur.

Mazkur jurnalning so‘ziga qarag‘anda, hozir Londonda Fransiya yana qarz bermak maslahati bo‘lub turg‘an emas. Fransiya uningsiz ham Angliyadan juda katta qarzdor. U qarzlaridan hali bir chaqa bermay turub yana nimaga unga qarz bermakchilar? Bu nimaga? Bu shuning uchunkim, Fransiya Angliyadan qancha qarzdor bo‘lsa, shuncha mulozimatlik bo‘ladur. O‘zbekcha qilib aytsak: “Gah!” deganda qo‘lg‘a qo‘naturg‘an bo‘ladur. Bu keyingi xabar hali tasdiq qiling‘an bo‘lmasa ham. London gazetchilarining og‘zida bor.

“Nyu istesman” degan boshqa bir angliz jurnali hatto “Bolduinning ishi tugaldi, yana o‘sha o‘zimizning Lloyd Jorj durust ekan” deb, Lloyd Jorjning ish boshig‘a kelishini talab qiladur.

“Nishenan” gazetasi yozadurkim, hali ishning kattasi mundan so‘ng boshlansa kerak. Nimaga desangiz, Puanqaraning Rurdagi “o‘ljalari” endigina bo‘linishga keldi.

“Ispektator” gazetasi bo‘lsa, Fransiyaning muvaffaqiyatini bekor, xom xayol deb ataydur. Nimaga desangiz, tub mujmal (hadaf)ga yetadurgan, ya’ni qarzlarni undira olaturg‘an hech bir ish qiling‘ani yo‘q.

Fransiya bilan Angliya orasidag‘i munosabatning o‘ng tarafi shu. Endi uning chap tarafiga kelsak ish yana ham yomon. Mashhur angliz gazetasi “Tayms” 9 nchi noyabrda chiqqan sonida, Fransiyaga qarshi achchig‘ bir maqola yozadur. “Tayms”ning achchig‘ini kelturgan narsa, Fransiya tomonidan mayda davlatlarga hadeb ulgurchi-ulgurchi qarz berilishidur. “Tayms” berilgan qarzlarning ro‘yxatini ham bosub chiqardi. Ro‘yxatdan ko‘ruladirkim, o‘tgan fevral oyining 15 nchisida Polshaga 400 milyon frank, 29 nchi mayda Rumoniyaga 100 milyon frank, 20 nchi iyulda Janubiy Islaviyaga (burung‘i Serbiya)ga 300 milyon frank qarz berilgan.

Muning ham “yana”si bor. Fransiyaning moliya vakili Beronza degan kishi Fransiya senatiga bir ma’ruza topshirib, ul ma’ruzada Fransiya tarafidan kichkina Antaliya davlatlariga yana yarim milyard frank qarz berish lozimlig‘ini bildiradur. Lekin, bu qarz pul bilan emas, o‘q-dori, yarog‘-aslaha bilan…

Mana shu xollarni ko‘rgandan keyin, qancha sovuqqonliq, og‘ir odam bo‘lsa ham “Tayms” muharririning joni chiqadir. Jahli kelgandan keyin albatta, achchig‘ maqolalarni yozadur. “Fransiya shunday katta sarflarni qilg‘uncha, bizga beraturg‘an qarzini bersa bo‘lmaydurmi? Ana u yarog‘-aslaha bilan beraturg‘an pulini berganda ham qarzlaridan 3 foizi qo‘llangan bo‘lur edi” deydur.

Hurmatlik angliz rost aytadur. Sizning haqqingizni bermasdan birovlar uchun katta-katta xarjlagan odam yaxshi odam bo‘ladurmi? Chinakam ham qiyin. Qarzini undurolmag‘an Angliya bilan Amriqog‘a ham qiyin. It-kuchuklariga pul yetkizolmag‘an Fransiyaga ham qiyin. Angliz xazinasini to‘yg‘azolmag‘an hindilarga, Fransiya tama’ini qondirolmag‘an Jazoir-Tunisliklarga ham qiyin. Ish qilib hammaga bab-baravar qiyin. Ovruponing ahvoli hozir mana shu. Xoh qamoqxona deng, xoh jinnixona…

Q.

“Farg‘ona” gazetasi,

1923-yil, 22-noyabr, № 121.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"