«Shahnoma»ning turkcha tarjumasi

«Shahnoma»ning turkcha tarjumasi (1925)
by Abdulhamid Choʻlpon
334285«Shahnoma»ning turkcha tarjumasi1925Abdulhamid Choʻlpon

Eron-fors adabiyotining otasi bo‘lg‘on ulug‘ Firdavsiy yolg‘uz birgina asari, ya’ni «Shahnoma» si orqasida butun yer yuziga tanildi. Ovro‘po tillarining ko‘piga nazm va nasr bilan tarjuma qilinib «Tus»li Abulqosimning shuhratini ofoqqa yoyg‘on — o‘sha «Shahnoma»dir.

Faqat taassuflar bo‘lsunkim biz, shu choqqacha Firdavsiyning u ulug‘ asarini turk shevalarining hech bittasida — tugal va nazm bilan tarjuma qiling‘on holda — ko‘ra olmadiq. Mundan 10—15 yillar ilgari Toshkent shaharida bosilg‘on bir o‘zbekcha tarjumasi bordirkim u ham nasr bilan va faqat moddiy manfaat kuzatib — tarjima qiling‘on. Tosh bosmada bosilg‘on u tarjuma hali ham mehmonxonalarimizni obod qilib turadir. O‘zbek shevasida nazm bilan bir-ikki parcha bo‘lsa ham tarjuma qiling‘onlig‘idan xabarimiz yo‘q. Boshqa turk shevalarida ham nazm bilan tugal tarjuma qiling‘oni bizga ma’lum emas. Faqat, Ozarbayjon shevasida mashhur Sobir tomonidan tajriba shaklida bir narsa boshlang‘on bo‘lsa ham, uning bemahal o‘limi bilan chala qolib ketkan edi. Yana Ozarbayjon shevasida «Shahnoma»ning «Suhrob»ga taalluqli qismi nazm bilan tarjuma qilinib, Tiflisdagi «G‘ayrat» bosmaxonasida bosilib chiqqan edi. «Mulla Nasriddin» majmu’asining burung‘i suratchisi (rassomi) «Ro‘tter» tomonidan u tarjumaga ikkita surat ham tortilib berilgan edi. O‘sha vaqtlarda fors va rus adabiyotlaridan xabardor bir kishiga haligi tarjumani ko‘rsatib fikrini so‘rag‘onimda — «bu tarjumadan ko‘ra, rus shoiri Jukufskiy tomonidan qilingan tarjuma yaxshiroq; lekin «Ro‘tter»ning tortqon rasmi ularning ikkovidan ham yaxshiroq», degan edi. U odamning shu fikri to‘g‘rimi, yo‘qmi — bu to‘g‘rida aqli bo‘lg‘on odamlar o‘zlaricha bir hukm chiqara olsunlar deb, haligi nazmli tarjumadan to‘rt yo‘l misol ko‘rsatib o‘tamen: Firdavsiyniki:

Xilof maromam gar oyad javob,

Man u churzu o‘z maydon Afrosiyob.

Agar shohro budi padar,

Ba sar barnihodi maro toji zar.

Tarjuma qiling‘oni:

Xilof maromim gelursa javob,

Manam go‘rzu maydonu. Afrosiyob.

Shoh o‘lsaydi shohning otasi agar,

Qo‘yordi manim boshima toji zar.

Mana shu sanalg‘onlardan boshqa — xoh tugal va xoh parcha holida hech bir tarjumaga shu choqqacha uchramag‘on edim. O‘tkan yoz oylarida xususiy bir ish bilan Marg‘ilon shahriga borib qolib, o‘shanda oddiy bir tasodif orqasida «Shahnoma»ning nazm bilan qiling‘oi tugal tarjumasiga yo‘luqib qoldim. Vaqtim oz bo‘lg‘onlig‘idan chala-chulpa shunday bir qarab chiqdim. O‘sha chala-chulpa qarab chiqishning natijasini shu yerda yozib o‘tamen:

Tarjuma qo‘l yozma — eski nusxalardan. Tili— o‘zimiz bilgan «Muhammadiya» kitobining tilida. Boshdan-oyoq nazm bilan yozilib, fasllar (hikoyalar»)ning sarlavhalari «Shahnoma»ning o‘zidagi kabi — nasr bilan qo‘yulg‘on. Tarjuma mutarjimning o‘z qalami bilan yozilg‘onmi yoki asl nusxasidan ko‘churilganmi — bu to‘g‘rida hech bir ishorat ko‘rulmadi. Faqat shu qadarisi ochiq ko‘ruladirkim, tarjumaning shu nusxasi 2—3 kotibning qo‘lidan chiqqan. Yarimlarig‘acha puxta va pishiq, lekin o‘qulishi qiyinroq bir xat bilan — juda diqqat va i’tino qilinib yozilgan. Qolg‘on yarmi (nazm qismi) yana boshqa bir kotib tomonidan i’tinosizroq va xomroq ko‘churilgan. Oxirroqlarida «Hikoya dar xotimai kitobi» sarlavhasi bilan Sulton Mahmud G‘aznaviy to‘g‘risida bir hikoya boshlanadir. Bu hikoya tugalmay qoladir va undan hech narsa onglab bo‘lmaydir. Ayniqsa, oxirg‘i yo‘llari (misralari) juda shoshilishliq bilaq (opil-topil) yozilg‘on.

Endi tarjumaning qachon va kim tomonidan qilingonlig‘ig‘a kelayliq. Qachon va qaysi yilda qiling‘oni hech qayda raqamlar bilan ochiq-oniq ko‘rsatilmaydir. Lekin 906 nchi hijriyda Misrdagi charkas xonlaridan «G‘uriy Qonsuxon»(?) zamonida bo‘lg‘onlig‘ig‘a mana bu baytlarda ishoratlar bor: (o‘zicha) 19-bet).

To‘qquz yuz olti yil hijratdan ey jon,

Erishmishdiki G‘uriy Sulton. (Aslida sakta bor).

«Jahon Sultoni G‘uriy Qonsuxon,

Zamoning ayini ichra o‘ldi inson. (Aslida sakta bor).

Shavvol oyida iydning avvalida bu tarjumaga ko‘shish boshlang‘oni mana bu baytdan ma’lum bo‘ladir:

Nahoriyid shavvol avvalindan,

Muborak o‘ldi bu fol avvalindan.

Mutarjim, «Cherkas xonlari» (miluk charoksa) dan bir nechtasini bitta-bitta hikoya qilib kelib, ularning bir oz umr surib o‘tkanliklarini aytib o‘tadir. Oxirda zolim bir xondan gap ochib, uni yomonlaydir. Mutarjimning so‘zicha, u xon, «Malik Odil» degan kishi bo‘lib, Jonpo‘lot («Jonplad») ni o‘ltiradir. Uning to‘g‘risida mutarjim mana shunday deydir:

Javonidi o‘zi yuzi ko‘kchak,

So‘rdi uluv kechi oni beshak.

«Vale aysh aylamadi taxta loyiq,

O‘zin so‘mdi ul uchun xaloyiq.

Mutarjimning so‘zicha xalq u xonning zulmidan ko‘p dod-fig‘on qilg‘on; oxirda xalqning «Nolasi asar qilib» Malik Odilning o‘rnig‘a haligi G‘uriy Qonsuxon o‘turg‘on va «Shahnoma»ni «turkcha qil!» deb mutarjimga o‘sha G‘uriy Qonsuxon buyurg‘on. Bu odamning to‘g‘risida mutarjim bir muncha «madhiyalar» yozadir, chunonchi:

Misrda vor edi bir ulu sulton

Ki ul edi qamu sultonlara xon.

Janon ayladi dodila Jahoni,

U yetmishdir zamoninda zamoni. (20-bet)

Skandar martabat Jamshid rubat,

Faridun shavkat va Xurshid tal’at.

Azaldan sa’dog‘a (ango) o‘lmish muqorin

Bilur Shom emishning bir-bir diyorin.

Malik Odilning zulmlaridan gapirib kelib, uning o‘rnig‘a G‘uriy Qonsuxonning o‘ltirishi to‘g‘risida mana shunday deydir:

O‘turub taxta o‘ldi ulu sulton,

O‘lub chavkonu to‘bi tutdi maydon.

G‘uriy Qonsuxonning bir ismi «Qayitpoy» bo‘lg‘on bo‘lsa kerakkim, u to‘g‘rida mana mundoy deydir:

Qayitpoy erdi ul sultonning odi,

Jahonni tutmishidi adlu dodi.

Mutarjim G‘o‘riy Qonsuxonga bir oz nasihat ham qilib o‘tadir. Saroy shoirlariga xos «laganbardorliq» bilan aytilgan u nasihatlar mana bular:

Chalap chun verdi sanit bu maqomi (chalap — tangri).

Maqoma adlla vergil nizomi.

Kishi qolmaz jahonda qolur odi,

Kishining odi qolmoqdir murodi.

G‘uriy Qonsuxon avval «Shahnoma»ni tarjuma qil deb, o‘z xazinasida saqlanib yotqon kamyob bir nusxasini qoldirib chiqib berganda, bizning mutarjim bir oz «noz» qilg‘on. «Qo‘limdan kelmaydir, falon» degan. So‘ngra «qo‘lingdan kelgani qadar qil» deb qistag‘och «nochor-noiloj» qabul qilg‘on. Tarjumaga boshlar choqda o‘zining «kamtarin», «ojiz» va «haqir»lig‘idan gapirib kelib o‘sha holiga mana bu bayt bilan maqtanib ham qo‘yadir:

Dilamaz kimsa muflis yo‘lchidan boj,

Xiroj o‘lmaz xaroba yerdan ixroj.

So‘ngra o‘ziga xitob qilib gap boshlaydir. Ana o‘sha gaplaridan biz uning ismini ham bilib olamiz. Mana u baytlar: (21-bet)

Rasulning oliysan cho‘g‘ aylama ol,

Qo‘g‘diri bu kitobi alinga ol.

Qel ey sayid qu da’voning maqomin,

Biz arz ayla «Shahnoma» kalomin.

Tarjuma «Shahnoma» asosiy qismi «Omadani noma ba Sa’d Vaqqos» degan fasl bilan tugaydir. U faslning so‘ng baytlari mana bular:

Buroya erdi satranj hikoyat,

Bu nav’a ayladi roviy rivoyat.

Bu satranja demishlar necha abyot.

Digar har birisi bir urtulu ot.

Yuqorida aytilib o‘tilgan «Hikoya dar xotimai kitob» sarlavhali hikoyasi mana bu bayt bilan tugaydir:

Bu fikr ichinda sargardon hayron,

Ki amr etmish edi Mahmud Sulton.

So‘ngra nasr bilan sulton Mahmud G‘aznaviy bilan Firdavsiy o‘rtasida bo‘lib o‘tkan ma’lum voqea hikoya qilinadir. Mutarjim u hikoyani nasr bilan yozg‘onini hikoya qilib turub, deydir:

«Bazi «Shahnoma»larning zohirinda bu hikoyati ajam dilinja nashrila yozmishlar, biz dohi ul tartib uzra turkiya do‘ndirmiy bayon aylurmiz».

Bu hikoya ham ikki xil qalam bilan yozilg‘on. Oxirlarida xatlarini o‘qush qiyinlashadir. U qiyin xatlar, bir xil eron yozma xati bilan usmonlicha yozmaning o‘rtasida — mujmal bir xat. Eng oxirida yana boshqa bir qo‘l bilan (so‘ngroq qo‘shulg‘on bo‘lsa kerak) xuddi yosh bolalarning chizib o‘ynashlarig‘a o‘xshatilib mana bu narsa yozilg‘on.

Qanda voram sarvi sarafrozim vorkan,

Yo kima qul uloyim siz afandim vorkan…


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"