«Yorqin oy» (1927)
Yatim
334744«Yorqin oy»1927Yatim

Shu yil 24 nchi iyun juma kuni yangi shahar xalq teatrusining yozliq binosida binoning ochilish marosimi bilan O‘zbekiston Xalq Maorif komissarligi qaramog‘idag‘i O‘zbek davlat dram truppasi tomonidan shoirimiz Cho‘lponning “Yorqin oy – Sarkash qiz” otli asarini ko‘rmakka muvaffaq bo‘ldiq.

Asar to‘g‘risida adibimiz Fitrat va Ziyo Saidlar yaxshig‘ina muhokama yuritgan edilar.

Asarning tuzulish – terilish tomonlarig‘a kelganimizda xatosiz emas.

Buyuk yozg‘uvchilar asarning hamma qatnashuvchilarini boshidan oxirig‘a qadar birma-bir ko‘rsatib yana shular bilan tugatadir. Biroq bu kungi asarda unday narsaga kam uchraymiz. Ikkinchi va beshinchi pardalarida xalqning qulog‘ig‘a bir qancha martabalab uqdirilg‘an “Yo‘lchibek” quruq sapsata bo‘lib qoladir. Hali eshitamiz, O‘lmas botir uyida, hali eshitamiz, Po‘latning qo‘shunlarig‘a boshliq… Ammo o‘zi sahnaga qadam bosmaydir. Asardagi qatnashuvchilardan, O‘lmas botir bilan butun sirdan ogoh bo‘lib yurgan dog‘uli “Kal” 5 nchi pardadan so‘ng nom-nishonsiz, bedarak bo‘lib ketadirlar. Holbuki O‘lmas botir chiqib ketar oldida xon – Nishobsoy begi bilan bo‘lg‘usi urushni so‘zlab, g‘azabidan “urushmayman” deb ketadir. Biroq, ular qayoqqa ketdi? Bu to‘g‘rida tomoshabin hali bir fikrga kelgani yo‘q, bu tomoni bizga qorong‘i…

Undan tashqari, asar umuman hikoya tarzida atrofdag‘i voqealarga jonsiz tasvir qilish bilan (2-5-6 pardalari) o‘tadir.

Menimcha: asarga qatnashuvchi (O‘lmas botir, Kal polvon va boshqa)larning voqeaning so‘ngig‘a qadar ishlatib borsa va tugalish oldida o‘lar bo‘lsalar, asar yana ham kuchli va hayajonli bo‘lib chiqar edi. Davlat truppasining birinchi ispektakli bo‘lg‘ani uchun bo‘lsa kerak, bu kun xalq anchagina edi. Biroq, o‘yun soat o‘nga yaqin boshlandi.

O‘yunga aralashg‘uvchilar orasida bir narsa deb ham bo‘lmaydir.

Biroq o‘shalarga nisbatan, baravar bajarganlar borasida so‘zlab o‘tish to‘g‘ri keladir.

Yolg‘uzbek ro‘lida o‘ynovchi Obid o‘rtoq (3 nchi pardasini mustasno qilg‘anda) mastlik vaqtidag‘i harakatlari bir oz yaxshi bo‘lsa ham – Strast – hirsini ochiq oydin qilib ko‘rsatilmas edi. Badbashara qonxo‘r jallod bek emas, chiroyliq Samarqand mevafurushlaridan farqi oz bo‘lib ko‘rindi.

Novcha polvon ro‘lida o‘rtoq Qo‘ldoshif; grim, yurish-turishlari va og‘ir sukutlari bilan voqeaga yon tortibroq o‘ynadi. Chol ro‘lida Olim Qosimif yaxshig‘ina o‘ynadi.

Boshqa professionalnыy – mutaxassis artist va artistkalar borasida shuginani aytib o‘tishni lozim topdiq:

Davlat birdan-bir san’at xodimlari bo‘laturib o‘z vazifalariga yaxshi ahamiyat bergan emaslar. Hatto, “men nimani o‘ynayman” deb so‘rashg‘a bo‘yun egmaganlar. Bundan boshqa baho berish ortiqchadir. Endi shu joyda truppaning bosh rejissori o‘rtoq Kamolga nima deb baho beramiz? Sahnaga qo‘yg‘an asboblari 4 nchi pardadagi yovrupocha tumbuchkasi, innaykin 5 nchida birinchi pardani qurdirishi bilanmi maqtaymiz? Yoki, artistlarga ro‘lni yaxshi tahlil qilib har kishi ustida muhokama qilmag‘anidanmi o‘pkalaymiz?

Kechaning ta’siri bizga xuddi 18 nchi yildagi to‘dalar to‘garaklarini har nafasda eslatib turadir edi. Holbuki 27 nchi yilda o‘ktabrning o‘n yillik hayit arafasi ustida turamiz.

Yatim

“Zarafshon” gazetasi 1927-yil 28-iyun.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"