4,5 triliyon
Ko‘cha-ko‘yda xotirjamroq yurush ham mumkin bo‘lmay qoldi. Nimaga desangiz, har burchak va har muyulushda tubjoy xalqning yosh o‘spirinlari to‘dalanishib chiqib keladirlar-da, maorif ishlariga ozroq aloqangiz borlig‘ini bilsalar sizni to‘qtatib olib:
Biz falon yerdan ataylab o‘qug‘ali keldik. Maktablar to‘lg‘an, bizni birar joyg‘a joylang. Pulimiz ham, boshqamiz ham yo‘q… deydirlar.
Siz u deb – bu deb, aldab-suldab zo‘rg‘a qutulasiz. Bir oz yurganingizdan keyin narigi muyulushda yana shul ahvol.
Bu hol – ko‘b yaxshi foldir. Bu yurtning porloq kelgusidan xabar beradir.
Haligi yosh o‘spurunlarni o‘lkamizdagi maktablarga joylash qancha qiyin bo‘lsa, boshqa mamlakatlarga yuborish uchun pul topish undan ham qiyin. Shu to‘g‘rida qayerg‘a bosh ursangiz: “Pul yo‘q!” javobi keladir. Hukumat qo‘lidan kelganini qilib, birar mingcha o‘qug‘uchilarni ham tomong‘a yubordi.
Qulluq.
Bizning maorif komissarligimiz bo‘lsa bunday ahvollarga “ko‘zni ko‘r, quloqni kar” qilib olishdan boshqa chora topa olmadi.
Nimaga? – Pul yo‘q, pul!
Farg‘ona muzofot maorif noziri bilan joylardag‘i maorif idoralari orasida janjal. Nimaga desangiz: pul yo‘q!”
Andijon shaharida bosmachilardan tozalang‘an qishloqlarg‘a muallim yetishtirmak maqsadi bilan 4 oyliq deb ochilg‘an ta’lim-tarbiya qursi ikki oy davom etkandan so‘ng yopilishqa majbur bo‘lub qoldi. Ul qurslarni buyurub ochturg‘an, ta’min qilmoqni bo‘yniga olg‘an maorif komissarligi – qursning na ochilishidan va na yopilishidan xabar olg‘ani yo‘q. Ul to‘g‘rida kelishmak uchun kelgan kishini maorif komissarligida “5 minutga” zo‘rg‘a qabul etkanlar.
Gʻaraz, bu ishlarning hammasi pulsizliq orqasida bo‘ldi.
Butun Turkistonda bir o‘zbak tiyotr to‘dasi yashay olmadi. Nimaga desangiz, pul yo‘q. Bir tiyotr binosini markaz bo‘lg‘an Toshkant shahari sololmadi, unga ham pul yo‘q. Biz ham “pul yo‘q” ekan deb tamom xotirjam, bemalol ishimizga ketdik.
O‘tkan yil qish oylarida “Kolizey” degan tiyotrni bir shirkat idora etkan ekan. Ko‘rgan kishilarning rivoyatiga qarag‘anda, ul vaqtda mazkur tiyotrning 100 dan ortiq xizmatchisi bo‘lg‘an. O‘zi maorif komissarligi oldidag‘i siyosiy maorif idorasi tomonidan – maxsus ahdnoma bilan shirkatga berilgan. Hukumatning shunday katta bir joyi “o‘zini o‘zi ta’min qilaturg‘an” usulga qo‘yulg‘an.
Qish o‘tgan, yoz kelgan.
Shirkat sing‘an.
Xizmatchilarga pul to‘lashga bir chaqa pul yo‘q. Ish sudga tushgan. Natijada sud 4,5 trilyon pulni maorif komissarligining bo‘yniga yuklagan. Komissarlik esa boshini qashlay-qashlay ul pulni bo‘lib-bo‘lib to‘lamakdadir…
“Kolizey” ulug‘ san’at uyi. Temiryo‘ldan, ishchilar mahallasidan yiroq. Shuning uchun uni NEPchilar, chinovniknamo kishilar ko‘b yaxshi ko‘ralar.
Zihi sharaf: Q.
“Mushtum” jurnali, 1923-yil, № 14.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|