A’molimiz yoinki murodimiz
Ma’lumdurki, dunyoda har kim umid va a’mol ila yashaydur. Kecha-kunduz mehnat va mashaqqat tortmoq oyanda uchundur. Har kim o‘z oyandasini yaxshilikka harakat etar va kelar zamonda o‘z orzusi va havasig‘a yetmoq uchun hech dam olmasdan hol qadarincha harakatdadur. Tiriklik kulfati va mehnati asnosinda har kim o‘z oyandasi va istiqbolig‘a bir nav yaxshi umid ila qarab va o‘zig‘a bir muddao qaror berib va o‘shal muddao va yoinki murodin hosil qilmoq uchun qo‘shish etib, har kun chekaturgan kulfatini o‘shal muddaosini hosil qildirmoq uchun o‘ziga olmay yana ziyodaroq intiladur. Va ba’zan o‘shal murodu muddaosini, go‘yo hosil bo‘ldi, deb rohatlanib o‘zig‘a tasalli beradur. Va hech ahadi ushbu muddaou murodni orqasidan yugurmoqdan xoli emas. Ana shul muddao va murodlarni ilmi isloh ila a’mol derlar.
Endi a’molimizg‘a diqqat qilmoq kerak. Aksar xalqimizni a’moli shulki, ishlasa va foyda qilsa. Shoyadki, o‘g‘il va qizini to‘y qilsa va ham qanday! O‘z qatorindagi odamlarni qilgan to‘yidan ziyodaroq!
Bechora kosibni a’moli to‘ydur. O‘zi rohat yuzi ko‘rmaydur. Kecha-kunduzki 18, balki 20 soatni mehnatg‘a o‘tkaraturg‘on kosiblarimiz bordur. Haqqincha yemaydur, kiymaydur. O‘n va yigirma sanalar mehnat va mashaqqat etar va xudodan o‘g‘il tilar, to‘y qilmoq uchun. Ana, bechorani a’moli. Yigirma sanalik mehnati uch kun to‘yda tamom. Yana Ahmad porina havli va xona girad. To‘y musrifi uchun qarz egalaridan qochadur. Katta to‘y qilib xotun olg‘on bir qism bechoralarni holig‘a yig‘lamoq kerak. Uch kunlik to‘yni azosi ba’zi oilalarda o‘n yil, hatto, bir umr surar, balki bevatan va xonavayronlikg‘a sabab bo‘lur. Bir kosibni aqdu nikohig‘a, to‘yu obro‘sig‘a ming so‘m. Bir o‘rtahol uchun 2000 yo 3000 so‘m. Nimboy uchun to‘rt-besh ming so‘m kerak. Bu so‘mlarni yuzdan yetmish beshi yeyilib-ichilib… ketar.
Bu so‘mlar aslinda kimniki edi? Bonka, firma, foydaxo‘rniki. Tabiiy, bularg‘a pullarini bermoq lozim, na berilur? Bog‘u xona va uyi ichindagi asbobni sotib bermoq kerak. Bechora kelin va kuyovni ko‘rpa va libosig‘acha sotilur, qarzxohg‘a berilur. Nimboylar sinar. Tirikliginda bo‘lmasa, o‘lganda sinar. Ahlu ayoli darbadar bo‘lur. Oy, bu nima? To‘g‘risi, bir nav devonalik emasmi? Subhonolloh, qarz olib xalqg‘a osh bermoq aqlsizlik emasmi? Hamda illati bedavosidur.
Har kishi bir uylansa va so‘ngra oilasidan bir o‘luk ko‘msa, ollohi akbar. U xona ahli kosib bo‘lsa, bu dunyog‘a o‘zig‘a kelmasdan ketar. Holo, ba’zi bechora o‘lsa, ani boy qarindoshlari, obro‘ qilurmiz, deb sag‘ir molini xalqg‘a ellar ila yirtish, palov qilib berar. Bechora sag‘irlar nonini boy kishilar qo‘ltug‘iga olib ketar. «Lo takulu’ amvolil yatima. Kulu’ va ishrabu va lo tasrafu»[1], qanda qoldi?..
Ey musulmonlar, bu oyatu mas’alai shar’ig‘a kim amal qilur? Va muni xaloyiqg‘a kim bildurar? Har kun bir musulmonni nimarsalari bozorg‘a dini uchun… sotilur. Va har kun sudda naqadar hovli, xona, bog‘ sotilur. Har kun naqadar veksellar «protest», naqadar do‘kon, korxona hajz (pechat) bo‘lur. Bu nimaning jazosi? To‘y, ma’raka, Taziya, ko‘pkari, bazm. Bir mahallada ahli savod yigirmadan bir yo‘q. Imoni islomni dalillari ila bilaturg‘onlarni nari qo‘yduk. Erta qozilar barham bo‘lsa, zamoncha qozi bo‘laturg‘on birgina kishi butun o‘n milyo‘n Turkistonda yo‘q… Yo‘q, yana yo‘q.
Hoy, hoy, xaloyiq! Bizlar devonami sog‘? Albatta… Biz to‘y va ma’raka xayolidan lazzat olarduk. To‘yu ma’rakamiz ila faxr qilar eduk. To‘yu ma’rakaga sarf qilinaturg‘on oqchani jamlamoq ia yo qo‘lg‘a kirguzmoq uchun harakat etarduk. Agarda to‘y va ma’rakag‘a qadimgidek oqcha to‘kmasak, ul oqchani na qilmoq kerak? Munga javob berilurki, to‘y va ma’raka qilinsun. Ammo hozirgidek isrof etmasdan qilinsun. Va mumkin qadarincha kichik qilinsun. Va ortuqcha pul ila bolalarni musulmon va rusi yaxshi o‘qitulsun. To‘yu ma’rakag‘a sarf qilinaturg‘on oqchani eski madrasa va mozoru masjid hamda maktablarni shikast-rextlarig‘a sarf qilinsun. To‘y va ma’raka oqchasidan bolalarni hukumat maktablariga berilsun va bu oqchadan talabalarni Makka, Madina, Misr, Istanbulg‘a va Rusiya dorilfunun va dorulsanoatlarig‘a yuborilib diniy va dunyoviy va zamoniy odamlar yetishdurmoqg‘a sa’y qilinsun.
Bizni Turkistonda muallim ozdurki, to‘yu ma’rakag‘a sarf qilinaturg‘on oqcha ila Kafkaz, Qirim, Urunburg va Qozong‘a usuli ta’lim o‘rganmoq uchun bola yubormoq kerakdur. Hukumat maktablarig‘a kirmoq uchun ruscha bilmoq va imtihon bermoq lozim. Va bu imtihonni bermoq uchun har bolani ikki sana ruscha o‘qutub, tarbiyat etmoq kerak. Va bul ikki sana uchun har bir bolag‘a 600 so‘m aqcha kerakdur. Aqchalik otalar, albatta, to‘y va ma’rakaga qizg‘onmaganlaridek, bolani o‘qutishg‘a ham qizg‘onmasalar kerakdur. Bolalar uchun tarbiyatxona (pansiyon) ochmoq kerak. Va bu tarbiyatxonalar zamoncha va ham milliy va diniy ruhda bo‘lishi kerakdur. Bu tarbiyatxonalarni ochmoq uchun va hukumat maktablarig‘a bola tayyor qilmoq uchun nashri maorif yoinki jamiyati xayriya va yoinki tarbiyati atfol jamiyati va yo o‘zga ism ila, xulosa, jamiyatlar kerakdur. Toki bul jamiyat(lar) xalqdan oqcha jamlab millat bolalarini o‘qutish va millatni oyandasi uchun kerak bo‘laturg‘on qozi, ya’ni sudya, zakunchi, ya’ni huquqshunos, injiner, ya’ni muhandis, muallim, ya’ni zamona maktabdori, millatni homiysi va xodimi, ya’ni Davlat Dumasig‘a deputat, milliy sanoatxonalarimizni isloh va ihyo etguvchi, ya’ni texnik, tijoratxona va bonkalarda bizg‘a yordam berguvchi, ya’ni tijorat ilmini o‘qug‘on kommirsant, shahar dumaxonalarig‘a va minba’d Turkistonda ochilaturg‘on zemstva idoralarinda bizni tarafdan kirib va saylanib, biz uchun, vatani Rus uchun, din, mubayyini islom uchun, zaufo uchun, fuqaro uchun ishlaydurg‘on odamlarni yetushdurmoq kerakdur.
Hozirgi mo‘ysafidlarimiz tursun, o‘rta yoshlar yaqinda o‘lib ketar, zamona har kuni yangilashur. Yangi ilm va yangi fikrlik va fununi zamoniyani darbar qilgan odamlarni talab qilur. Bukundan boshlab, har shahardan har sana o‘n-yigirmalab hukumat maktablarinda bola berilsa, o‘nbesh sana so‘ngra har shaharda 4—5 zamona odami tayyor bo‘lur va hukumat mansablarig‘a, zamona doiralarig‘a, tijorat va sanoatxonalarinda kirib, bizlarg‘a manfaat yetkurar. Kelar zamon boshqadur. Hatto, hozirda ikkimiz urushsak, yahudiy va ajnabiy zakunchilarig‘a borurmiz. Boshimiz og‘risa, ajnabiy do‘qturig‘a borurmiz. Sabab nadurki, o‘zimiz o‘qub zamoniy odam bo‘lmaymiz? Ana endi biz uchun to‘y va ma’raka va ko‘pkari o‘rninda shul yuqoridagi aytulg‘on ishlar a’mol — ideal — murod — tilak — muddao bo‘lsun. Valo, mun(i)siz biz kundan kun yo‘q va zabun bo‘larmiz.
«Oyina» jurnali, 1913 yil, 6—7-sonlar, 130—132, 154—156-betlar.
This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago. |