Adabiy tanqidga bir nazar

Adabiy tanqidga bir nazar (1924)
by Vadud Mahmud
334534Adabiy tanqidga bir nazar1924Vadud Mahmud

Shu kunlarda o‘zbek matbuotida o‘zbek adabiyoti to‘g‘risida ko‘pgina narsalar yozila boshlandi. Bu esa bizning uchun buyuk ahamiyat bilan tekshiriladurg‘on bir maydondir. O‘zbek adabiyotiga oid jiddiy bir narsa yozmoq uchun keragicha zamin va vosita yo‘q darajasida bo‘lg‘on shu zamonda bunday harakat qo‘b qiyindir. Chunki bu haqda haligacha hech bir qadam otilmag‘on va hech tajriba yo‘qdir. Bu mavzuda tajriba o‘laroq A. Sa’diy o‘rtoqning bir necha maqolalari qo‘limizdadir. Albatta, shunday yashlanmagan bir mavzuga bir kun bizningda ishtirok etishimizga, to‘g‘risi, A. Sa’diy o‘rtoqning «O‘zbek yosh shoirlari» unvoni ostidagi adabiy tanqidlari sababchidir. Bo‘lmasa hali biz hech bir jihati ochilmag‘on — xom bir mavzu ustida birdan umumiy fikr bayon etishga jasorat qila olmas edik. Bizga qolsa, o‘zbek yosh shoirlarining tekshirilishi uchun boshlab ularning asarlari birma-bir, atroflicha tekshirilib, so‘ngra har shoirga ayricha qiymat bergach, umumiy fikrga keyindangina kirishmak muvofiq bo‘lar edi.
Biz A. Sa’diyning maqolasini birinchi qatla ko‘zdan kechirganda fahsh xatolar ko‘rganimizdan bu haqda chuqurroq taftishlarga kirishdik. Biz boshlab o‘zbek yosh shoirlari sarlavhasini ko‘rub, mavzu haqida qanday tasavvurlarda bo‘lg‘on bo‘lsaq, butkul teskarisini ko‘rganimizdan bu haqda sukut bilan o‘tirishni o‘znmizga muvofiq ko‘rmadik. Boshlab shuni aytishga to‘g‘ri keladirki, shuncha katta bu mavzuni olg‘on yozg‘uchi hech bir jiddiy tekshirishga kirisha olmag‘on. Quyida ko‘rsatiladurg‘on buzuq xatolar buni ochiq qo‘rsatadir.
Boshlab Sa’diyning yangi adabiyotimizni chig‘atoy o‘zbek adabiyoti atab, bu o‘zbek uslubining boshi o‘laroq Abulg‘ozi tomonidan boshlang‘onini va bu yo‘lni Behbudiylar ta’qib etgan degan fikrini ko‘rsata olamiz. Bu «nazar» bizning tekshirishimizga qaralsa, to‘g‘ri bir nazar bo‘lib chiqmaydir. Chunki Abulg‘ozining na tili, na uslubi chig‘atoy til — uslubidan boshqa narsa emas, Abulg‘ozining nasri tom ma’nosi-la chig‘atoy til va uslubi bilan yozilg‘on. Mana «Shajarai turk»dan bir parcha (aynan): «Chig‘atoy xon haybatlik va siyosatlik podshoh erdi va dono erdi … Bu aytilg‘on viloyatning hech qaysisig‘a o‘zi borg‘on yo‘q, ammo dorug‘alar qo‘yub erdi va mulla Sakokiy oning nadimi erdi…».
So‘z cho‘zilmasin deb qisqa bo‘laklar ko‘rsatdik. Shu bilan ham umumiy bir fikr olish mumkindir. Chig‘atoy adabiyotining eng muhim ruknlaridan biri bo‘lg‘on Bobirning «Bobirnoma»sidan ko‘z oldig‘a keltirib chog‘ishtirish uchun tag‘in bir parcha taqdim qilamizkim, shudir (aynan):
«Andijon ustida voqe bo‘lubtur. Farg‘ona viloyatining poytaxtidur — oshlig‘i vofir, mevasi farovon, qovun va uzumi yaxshi bo‘lur, qovun mahalida foliz boshida qovun sotmoq rasm bo‘lmas, Andijonning noshbatisidan yaxshiroq noshbati bo‘lmas, Movarounnahrda Samarqand va Kesh qo‘rg‘onidan so‘ngra bundan ulug‘roq qo‘rg‘on yo‘qtur…».
Bu misollar tekshirilganda va chog‘ishtirilganda na til, na uslubda hech bir «ayriliq» emas, balki «birlik» ko‘rinadir. Balki Sa’diy «Shajarai turk»da iste’mol qilingan bir nechagina lug‘at-so‘zning Bobirlarda yoki boshqa chig‘atoy adabiyotida bo‘lmaganidan shunday katta bir «kashfiyot»da bo‘lgandir. Holbuki o‘zbeklik degan jarayonlar borligiga dalil bo‘la olmaydir. Balki bu o‘zgalik bir tilning, ya’ni chig‘atoy tilining bir necha asr orasidagi takomuli va o‘zbekning o‘zbekligi natijasi deb qaralsa ma’qul bo‘lib qoladir. Holbuki yuqoridagidan ham ma’lum bo‘lgani kabi ikkovi orasida hech bir ayirma yo‘qdir. Bu xato esa tekshirilmay havoiygina fikr yuritishning natijasidir.
Buning orqasidan Behbudiylarning Abulg‘ozi til — uslubini boshqadan tirgizganliklarini aytadikim, bu ham to‘g‘ri emasdir. Mana Behbudiyning «Oyna» jurnalidagi «Bir millat qanday taraqqiy etadir» degan maqolasidan bo‘lak: «Tajribakor va olim bir muharrir yozadirki: taraqqiyning eng birinchi unsuri va tuxumi maorifdir va klmdir. Shubhasizki, bir millatning fardlari, ya’ni bir toifaning odamlari naqadarki, sa’yi qilguvchi va naqadarki, olim va ishbilguvchi bo‘lsa, u millat madaniyda shuncha muhim va shuncha yuqori bir mahal tutar. Masalan bir ro‘zg‘orda bir ona va to‘rt o‘g‘ul bor. Bularning har biri ish bilguvchi va har biri tinmas va korkun va foydakordirlar. Albatta bu ro‘zg‘or boy va obod bo‘lur va atrofdagilarga nufuz qilar…».
Behbudiyning va uning bilan birga ishlagan «yangi adabiyot» egalarining tillari ham Sa’diy aytganicha o‘zbekcha, ya’ni chig‘atoydan boshqa bir til va uslub bo‘lmay ayni o‘shal til va uslubdir va uning bir oz takomul etgan va zamonning o‘tishi bilan ahamiyatsiz o‘zgargan suratidir. Bugungi adabiyotimizni o‘zbek adabiyoti deb atashimizning sababi dunyoda bo‘lmagan Abulg‘ozi o‘zbekchasi bilan yozilishi uchun emas, shunday «iltizomiy» bir suratda faqat ot uchungina «o‘zbekcha» bo‘lgani uchundir.
Endi haligacha ko‘rilmagan va tekshirilmagan bir masalaga kelaylik: haqiqatan o‘zbek tili degan bir til bormidir, yo‘qmidir yoki bu faqat yuqorida aytganimiz kabi quruq bir otdan iboratmidir?
Bunga qo‘limizdan kelganicha javob beraylik: Turkistonda «o‘zbek» atalgan bir qavm bo‘lgani kabi «o‘zbekcha» degan bir til ham bordir. Lekin u til bugungi gazeta va kitoblarimizning tili emas. Balki u til hali adabiyotimizga kirmagandir. Bu o‘zbekcha sof o‘zbeklar yashagan joylarda ishlatiladirkim, uning namunasini G‘ozi Olim o‘rtoq adabiyotimizga birinchi o‘laroq hadya etdi («Bilim o‘chog‘i»ning 2-sonida «Alpomish» dostonini qarangiz). Dostondan namuna uchun bir bo‘lak olamiz (aynan):
«Ay, Boybo‘ri jolg‘iz sog‘on bir ul bir qiz berdi, jolg‘iz emas egiz berdi. Mundan borsang parzandini davrsang xaloyiqti jiyib to‘y-tomosha bersang, to‘yg‘a qalandar bo‘lib borib otini o‘zim qo‘yib kelaman», deb ravzadan ovoz keldi. Bu so‘zdi eshitib biylar ziyoda vaqti xush bo‘lib mindi birov otti, biylar manziliga jetti, biylar vaqti xush bo‘lib xaloyiqti jiyib qirq kechayu qirq kunduz to‘y-tomosha berib jotdi».
Mana bu til o‘zbekchadir. Bu til chig‘atoydan ko‘b jihatdan ayriladurg‘on bir tildir. Buning uslubida o‘zgachadir. Abulg‘ozining «Shajarai turk»i esa bu til bilan yozilgan emas, balki chig‘atoy tili bilan yozilgan. Mana shu keltirgan namuna va dalillarimiz bu da’vomizni isbotiga kifoyat etsa kerak. Bundan shu natija chiqadirki, bu kungi adabiy tilimiz va Behbudiylarning tili va uslubi, A. Sa’diy aytganicha o‘zbekcha bo‘lmasdan yuqorida ko‘rsatganimizcha chig‘atoychadir.
Endi kelaylik Fitratning shoirlig‘i to‘g‘risig‘a.
Endi A. Sa’diyning ikkinchi bir bilmagan narsasiga kelaylik. Bu esa Fitratning shoirliq shuhratining fevral inkilobi bilan yo‘ldosh ekanidir. Bu shunday bir yolyundirki, bunday bir so‘zni muharrirning qanday uyalmay aytishiga kishi hayron bo‘lmay qolmaydir. Bir oddiy tarjimai hol yozg‘onda bu necha bilmay so‘z so‘zlash qanday uyat bo‘lsa, bir millatning shoiri deb tanilg‘on bir kishisini tekshirmak da’vosi bilan chiqqan adabiyotchining bu qadar jaholati unutilmas bir gunohdir. Balki Totoristong‘a Fitrat fevral inqilobi vaqtida tanilg‘ondir, balki A. Sa’diy o‘rtoq inqilobdan keyingina Turkistong‘a kelgach Fitratni tanig‘ondir. Lekin bu bilan Turkistonda ham shul vaqtlarda tanishi lozim kelarmi ekan? Bunga bizning shubhamiz bor.
Har holda Fitratni shoir va adib o‘laroq Turkiston 1910 nchi yildan beri taniylarkim, o‘shal vaqtlarda uning yozg‘on she’rlari hatto yozma holda qo‘ldan qo‘lg‘a yurar edi. Hali bu ham nari tursin, Bolqon urushi vaqtida Adarnaning bulg‘orlar tomonidan olinishi munosabati bilan Fitratning aytgan marsiyasi yolg‘iz Turkistonda emas, Eron, Afg‘oniston va Hindistonlarg‘acha tarqalib necha tillarda doston bo‘lg‘oni har bir turkistonliqqa ochiqdir. Faqat shugina Fitratning qanday bir shoir va qachon tanilg‘onini ko‘rsatishga yetsa kerak.
A. Sa’diy o‘zining qanday bir ishka urung‘oniga sira qimmat bera olmag‘on ko‘rinadur. Chunki oddiy bir tarjimai hol yozadurg‘on kishi kabi ham tekshirishni ortiqcha topadir. Va aytadir: «Fitratning bizga ma’lum bo‘lg‘on asarlari «O‘zbek yosh shoirlari» majmuasidagi she’rlari bilan «Chin sevish» va «Hind ixtilolchilari» degan tomoshaliqlari ham 23 nchi yilda bosilg‘on «Qiyomat» degan xayoliy hikoyasidir. Fitratning yozg‘on asarlarini, hech bo‘lmasa, otlarini ham bilishni hojat bilmaydir. «Tekshirish» da’vosi bilan o‘rtag‘a otilg‘on bu zot bilmasligi bilan kulgi bir holga tushib qoladir. Sa’diy o‘rtoq bir yozuvchining qanday kuchga ega bo‘lganini bilish uchun uning yozg‘on asarlarini ko‘rib tekshirishga ehtiyoj yo‘q deb bilgan bo‘lsangiz, buni bilingiki, bu ishni sizdan boshqa kishi qilmaydir. Yozg‘uchini tekshirish uchun uning asarlarini ko‘rish keraqdir va shundan keyingina unga bir kiymat bermak mumkin bo‘lur. Bu qilg‘on ishingizga biz hech bir ot topa olmadik. Bunda sizning qilg‘on kashfiyotingizdan birisi kabi tanilishg‘a munosib sifatlaringizdandir.
Bunda faqat shunigina aytib o‘taylik, kim Fitratning sizning qo‘lingizg‘a tushmagan va oktyabr o‘zgarishidan ilgari yozilg‘on va bosilg‘on 10 ga yaqin asari borkim Fitratni sizning tanishingizdan ilgari bizga shoir va adib o‘laroq tanitqon ushbu asarlardir.
A. Sa’diyning yuqorida ko‘rsatgan «uch kashfiyoti» bizga shunday bir fikr beradirkim, bu kishi yozg‘on narsasini hech bir ilmiy asosga ko‘ra olmag‘on, balki kayficha yoza borg‘on. Chunki yuqorida ko‘rsatilgan moddalar «adabiy tanqid»dagi eng muhim jumlalardir. Bu qadar buyuk va keng mavzuga buncha tor ma’lumot va hech taftishsiz osilishning ma’nosini bilish qiyindir.
Yuqoridag‘i fahsh xato va yolg‘onlar bizga birinchi ko‘rishda qiziq tuyilg‘onidan bu maqolalar haqida tuzukroq bir fikrga kelmak uchun Sa’diy o‘rtoqning boshqa yozg‘on narsalarini va uning holi bilan tanish bo‘lg‘on kishilardan u haqida kengroq ma’lumot olmoq niyati bilan ba’zi taftishlarda bo‘lindiq. Bu taftishlarimizning natijasi ham bu o‘rtoqning adabiy tanqidning qiymatini yaxshi taqdir etmak uchun chog‘i kelganda oz-moz aytib o‘tishni munosib ko‘ramiz.
Maqoladagi butun nazarlarning yanglish va to‘g‘ri emasligi aniq bo‘lsa ham, tog‘in bir necha joyiga o‘z fikrimizni aytmay o‘ta olmaymiz.
Ma’lumdirki, adabiyot ijtimoiy hayotning natijasidir. Bir millatning ijtimoiy hayotidir. Shu asos qabul qiling‘ondan keyin ochiq belgilikdirkim, bir millatning adabiyotini tekshirganda u millatning ijtimoiy hayotini tekshirish kerak. Holbuki o‘zbek adabiyotini turlik davrlariga bo‘lib tekshirish da’vosi bilan chiqqan A. Sa’diy o‘zbek millati hayotini tekshirishini ortiq ko‘rgan, ya’ni adabiyotning ijtimoiy hayotdan ayri o‘laroq tekshirgan va shu asosga tayanib o‘z fikrlarini o‘rtag‘a tashlag‘on.
Biz bu to‘g‘rida shuni aytamiz: zamonimiz yangilashgan sari yangilashadir. Eski nazariyalar kundan-kun ko‘mulub bormoqda, eski zamonlarda adabiyotnigina emas, umuman ilmlarni yuqoridan keladurg‘on, ilohiy deb biladurg‘on nazariyalar bugun borsa kelmas yo‘lig‘a tushgan. Bu kun har «hol»ni ijtimoiy hayotdan chiqqan bir «hodisa» deb tanish zamonidir. Ochiq aytganda zamonamiz idealistliq zamoni emas, materiyalistiq zamonidir. Shuning uchunda bukun eski jildlarni tashlab, oz bo‘lsa ham, yangi jildlarga burunmakni tavsiya qilib o‘tar edik. Bu kun idealistliq yo‘lida qilinadurgan xizmat bir xizmat emas. Matiriyalistliq usuli ma’qul emas ekan, o‘zingizgagina ma’qul bo‘lmasun, uni matbuotga chiqarib o‘quvchilarni zaharlash kerak emas. Ayniqsa, o‘zbek yoshlarini idealist bir hayotdan va tushunchadan matiriyalist va asriy bir hayotga kirgizish kerak bo‘lg‘on shu davrda sizning kelib boshqadan eski churub ketgan ilmlarni sochishingizg‘a maydon yo‘qdir. Bu haqida albatta u sizning vaqtingizdag‘i «ashobi kahf» tahsillari kifoya qilmaydir, ayniqsa sizning bu ilmingizdan «mustag‘niy»dirmiz.
Mana A. Sa’diyning bir jumlasi: «Bular eng ilgari «Tarjumon» shogirdlari bo‘lsalar, keyindan «Sho‘ro» ham «Vaqg» shogirdlari bo‘lub, asl ruh yog‘idan shu gazeta shu jurnal yo‘lida davom etadilar». Bu jumla bilan yozg‘uchi shuni aytmakchi bo‘ladirki, bu adabiyot Turkistonning hayotidan tug‘ulg‘on emas, balki yuqoridan kelgan va ustozlar orkalig‘ina tug‘ulg‘on bir narsadir. Ya’ni agar «Tarjumon», «Vaqt», «Sho‘ro» bo‘lmasa, Turkistonda u adabiyot ham bo‘lmasa edi, demak istaydir. Holbuki, adabiyotni ijtimoiy hodisadan taniydurg‘an biz matiriyalistlar unday o‘ylamaymiz.
Balki Turkiston shu 20-30-yillar ijtimoiy va iqtisodiy holi bilan «Sho‘ro» va «Vaqt» bo‘lmasa ham, shunday bir adabiy bir davr kechirar edi, deymiz. Bu esa ortiq bu kunning komsomollariga ham ma’lum bo‘lgan bir qaziyadir.
Adabiy tanqid egasi yuqoridagi asos bilan borib, bu davr shoirlarining eng ochiq tipi «Avloniy» ekanini va bu maydonning va’z maydoni qiling‘onini va har vaqt bol o‘rnida qora non yemakka to‘g‘ri kelganini yozadir.
Bu nima demakdir? Sizningda shariat deb qichqirib yurgan vaqtlaringiz, din otidan xalqni ilm va ma’rifga tashviq qilg‘on kunlaringiz yo‘qmi edi; bu uyatmidir? Sizningcha u davrning shoir va adibi bu kunning materiyalist—marksistchami muhokama etsunlar edi?! Sizga bu kun qora non ko‘ringan narsa o‘z vaqtida bol emasmi edi?
Har davrning ijtimoiy va iqtisodiy hodisalarini ijtimoiy va iqtisodiy hayotidangina axtarish kerakdir. Ko‘kdan shakar tushish davri o‘tgan.
Endi A. Sa’diy o‘rtoqning she’r tekshirishidagi kuchini sinab ko‘raylik.
A.Sa’diyning tekshirish darajasi, ma’lumoti, usulining mohiyatini ko‘rdik. Endi uning she’r tekshirishidagi kuchini bir sinaylik.
«Adabiy tanqid»ning bir jumlasi: «Fitratning eng yaxshi asarlari fors tilida yozilg‘on deguvchilar bor, biz ularni ko‘rganimiz yo‘q. Fitratni bir o‘zbek shoiri sifati bilan tekshirganimizda bizga uning fors asarlarining ko‘b keragi ham yo‘q. Ularni Eronni adabiy tanqidchilari tekshirsinlar».
Biz aytamizkim, bu o‘lkaning ko‘b joylarida: Samarqand, Buxoroda, Farg‘onaning ko‘b shaharlarida ikki til bila so‘ylayturg‘on «bir millat» yashaydir. Buning ustiga shuni ham bildiraylikkim, Turkistonning adabiyoti bilan mashg‘ul bo‘lg‘on har bir yigiti ilgari ham shunday bo‘lg‘oni kabi hozir ham fors tilini biladir, Hatto bu til bilanda «shoh asarlar» vujudga keltirgandir. Bu millat forschani o‘qib emas, yurib o‘rganadir va shuning uchun o‘z hissiyotini hech o‘zgalik sezmasdan ifoda qila oladir. So‘ngra buni tushunish kerakdirkim, adabiyot tildangina iborat emas, unda ruh va fikrning muhim o‘rni bordir. Fitratning forscha asarlari esa Eron ruh va fikri bilan emas, shu Turkistondagi ikki til bilan so‘ylashaturg‘on va bu kungi istiloh bilan biri o‘zbek deb atalgan «millat»ning ruh va fikr tarjimonidir. Shuning uchunda uni bir o‘zbek yozuvchisi sifati bilan tekshirganda ham forsiy asarlarini ko‘zdan kechirish keraqdir. Holbuki A.Sa’diy o‘rtoq Fitratning o‘zbekcha asarlarining bir nechasinigina ko‘rgandir. Balki hali boshqa asarlarining boru yo‘g‘ini ham bilmas.
A.Sa’diy o‘rtoq yuqoridagi jumlada Fitratning forscha asarlarini qo‘rganimiz yo‘q degandir. Holbuki ko‘rganda ham uni o‘qib tushuna olmas edi. Chunki bu zot turkistonlik bo‘lmag‘oni va uning ustiga o‘z tilidan boshqasini bilish unga ortiqcha bo‘lg‘oni uchun forsiychani ham bilmaydir. Bu esa keng adabiy bir davrni tekshirish uchun emas, Turkistonning bir shoirinigina tekshirishga ham eng boy bir manbani qo‘ldan chiqarishdirkim, shu holda bu adabiy tanqidning qiymatini maydonga chiqaradir.
Fitratning she’rlarini tekshirganda A.Sa’diy bir-ikki misol keltiradir. U she’rlarining nima ta’siri ostida yozilg‘onlig‘ini va qachon yozilg‘onlig‘ini va bu shoirning kuchi nima ta’siri ostida o‘sa boshlag‘onini sira ko‘rsatmaydir. Masalan, Fitratning bir she’ridan «istar esang menga kelib gapirma» degan misra uslub va fikrda butkul iktidorsizlik demakdir» deb aytadir. A. Sa’diycha bo‘lsa, «istar esang»ni olib tashlab «menga kelib gapirma» deyishga kifoya etadir. Holbuki, «istar esang menga kelib gapirma» bilan «menga kelib gapirma» orasida ko‘b ayirma bordir. Bir nechasida shoir «istar esang» deydir, chunki mahbubasidan ayrilmoq istamaydir. Balki agar mahbubasi istasa, uning shoir qoshig‘a kelishi og‘ir kelaturg‘on bo‘lsa, kelmasligini aytadir. A. Sa’diycha bo‘lg‘on misrada esa, sira kelmasligini aytishi kerakdirkim, bunda A. Sa’diy she’rni anglamaydir. Shoirning ruhiga kira olmaydir.
Ikkinchi misol «Yana yondim» degan she’rida «Erishmadim sira sizga…» degandan keyin:

Nega bo‘yla qilasiz?
Nechun meni sababsiz unutdingiz — aytingiz!
O‘tinamen… yalinamen, qochmangiz, qaytingiz!

— degan uch yo‘l hech keraksiz va butkul ortiqdir deydir.
Holbuki mana she’rni tamoman o‘kingiz, bu A.Sa’diycha yomon bo‘lg‘on she’rda o‘zining hayajonini qanday tadrijiy ortdurub borib qanday eng yuksak tasavvurni berishga muvaffaq bo‘lg‘ondir. Agar shul keraksiz topilg‘on uch misrani aytmasaydi, she’rning hech bir maziyati qolmasdi. Mana she’r:

Yana yondim…

Yuragimning qoni, qizg‘in olovi-la qaynag‘on
Ko‘z yoshlarim qaydasiz?!
Kunim kabi uzun, qora shu kechada kutubmen,
Erishmadim sira sizga… nega bo‘yla qochasiz?!
Nechun meni sababsizcha unutdingiz — aytingiz!
O‘tunamen… yalinamen… qochmangiz — qaytingiz!
Yana butun borlig‘imning negizlari yemirildi,
Umidimning ko‘b chidamli teraklari yiqildi.
Xayolimning totli, chuchuk soatlari butunlay
Uzoqlashib keta mendan..! To‘sib turar yo‘limni
Umidsizlik qayg‘ulari tongi otmas bir tunday,
O‘lum daxi qutqarg‘ali kelib tutmas qulimni…

Mana bular ko‘rsatadirkim, A. Sa’diy she’rni yaxshi anglamaydir.
Tag‘in bir misol: g‘arib, kimsasiz o‘zbeklarning adabiyotida bir oz yo‘l ko‘rsatmak umidi bilan A. Sa’diy tomonidan yozilgan «Adabiyot darslari»dan bir misolgina keltiraylik va shu bilan u asarningda mohiyatini ko‘rsataylik. O‘zbek shoirlarining bobosi bo‘lgan Navoiyning eng yuksak va bizning asriy zavqimizga ham muvofiq, fasohat va balog‘atning san’atkorlik bilan qanday usta uyushdirilgani tubandagi sherini A. Sa’diy qanday anglatadir. Bir ko‘rib o‘taylik. Aynan: «Uslubda ochiqliqni qanday anglaymiz? Yozuvchining fikrini qiyinliq bilan chekinmasdan ham to‘g‘ri va komil anglay olsak, shu uslubda ochiqliq sifati topilg‘on bo‘ladir. Navoiyning shu quyidagi misralari ochiq emasdir. Navoiyning eng tumanlik uslubiga misol:

Sahar xovar shahi charx uzrakim, xaylu xasham chekgi,
Shioi xat bila ko‘hsor uza oltun alam chekti.
Kazo farroshi chekti subhning siymin supurgusin,
Muzahhab parlarin aidoqki, tovus haram chekti…
Muazzin Ka’ba toqi uzra gulbongi samad urdi,
Barahman dayr ayvonida ohangi sanam chekti.
Yoqa chok etti gohi subh ul motamg‘akim oshiq,
Bu muhlik shomi hijron ichra yuz xunobi g‘am chekti.
Xusho, ulkim munungdek chog‘i vafosiz umrni anglab,
Sabuhi jomini ahbob birla dambadam chekti, —

deydir. Bu she’rlar har jihatdan mukammal bir parchadir. Holbuki A.Sa’diyga qolsa bu anglashilmayturg‘on uslubdir. Chunki bu she’rdagi arabcha, forscha lug‘atlarni anglamag‘onlig‘in aytmaydir.
Ikkinchidan bir adabiy davrni tekshirmak uchun yuqorida izoh qilganimiz kabi ijtimoiy va iqtisodiy hayotni tekshirish kerak bo‘ladirkim, buni A.Sa’diy qila olmag‘ondir. Demak, bu kishi o‘zbek hayoti bilan tanish emasdir.
Uchinchidan, bu o‘rtoq she’rning o‘zini keragicha anglamaydir. Agar she’rni yaxshi anglasa edi, yuqorida qo‘rsatilgan misollardagi hayajonlarning darajasini taqdir etar edi va Navoiyning she’rshsh «anglashilmas» narsa deb ketmas edi.
Endi bu adabiyot muallimining «yoqlamasdan eng to‘g‘ri bir, so‘zini eshitaylik. «Fitrat shoir emas, balki shoirlikka intilguvchidur. Ul shoirliq bilan faylasuflik va mutafakkirlik orasida adashib qolgon bir odamdir. Uning fitrat va tabiatida mutafakkirlik, faylasuflik, tag‘in durustrog‘i, hakimlik bor, lekin hali g‘unchasi ochilib yetmagan bir hakimlik!»
Mana «yoklamasdan aytilgan eng to‘g‘ri so‘z» shudir. Bir millat tilini, ruhini, hayotini anglamag‘on va bilmagan kishining she’r haqida yoki bir shoir haqida aytilgan so‘zlarning bundan ham ortiq qulgu bo‘lishini hali hech kim ko‘rgan emasdir. Bu ilmiy jihatini qo‘yub turub, buning qancha «yoqlamasdan» aytilg‘on ekaniga bir nazar solsak, bu «adabiy tanqid»ning mohiyati maydonga chiqadir. Faqat buni boshqa maqolamizga qoldirmoqni munosib ko‘rdik. A.Sa’diy birinchi maqolasida Fitratning o‘zbek adabiyotiga falsafiy yangi bir to‘n berganini aytib turib, ikkinchi maqolasida «hali g‘unchasi ochilmag‘on bir hakimlik!» deb o‘z so‘ziga o‘zi qarshi ketadir.
Fitrat so‘zining tabiati va ruhi yog‘ini tekshirgan «adabiy tanqidchi» unda ham ideyaliy, ham hissiylik, ham ro‘mantizm va umidsizlik borligini bizga ochiq ko‘rsatadirkim, bu-da yuqoridagi kashflardan qolishmay-turgan bir narsadir. Bir kishining ham idealist, ham umidsiz, ham sintimintalist, ham ro‘mantik bo‘lishini maydonga chiqarish adbatta katta xodimatdir. Maataassuf, biz bu xodimatga qarshi uning kutgan mukofotini bera olmaymiz.
So‘zimizning oxirida bu «adabiy tanqid»ga o‘zimizning qarashimizni aytib o‘tishni muvofiq ko‘ramiz.
Birinchidan, bu bir adabiy tanqid emasdir. Chunki, bunda «adabiy» ma’no ortida hech bir narsa yo‘qdir. Tilni, hayotni, ruhni va asosan she’rni tushunmay yuritilgan fikrlarni adabiy deb atamoq munosib emasdir. Shu e’tibori bilan bu ilmiy narsa ham emasdir. Ikkinchidan, bu «tanqid» emasdir. Bu bir so‘kishdir. Bir muni «g‘unchasi ochilmagan hakam», «Istambul soya foyelarida yurgan» kabi ta’birlar bilan yoritilg‘on bir muhokama tanqid emasdir.
Uchinchidan, bu yozuvda usul buzuqdir. Ijtimoiy hodisalarni matiryalist usuli bilan tekshirmaslik to‘g‘ri fikrni topa olmaslikdir.

Public domain
This work is in the public domain in the United States because it was first published outside the United States prior to January 1, 1929. Other jurisdictions have other rules. Also note that this work may not be in the public domain in the 9th Circuit if it was published after July 1, 1909, unless the author is known to have died in 1953 or earlier (more than 70 years ago).[1]

This work might not be in the public domain outside the United States and should not be transferred to a Wikisource language subdomain (or as a file it should not be migrated to the Wikimedia Commons) that excludes pre-1929 works copyrighted at home.

PD-US-1923-abroad Public domain in the United States but not in its source countries //wikisource.org/wiki/Adabiy_tanqidga_bir_nazar