Adabiyot kechasi
10-dekabr, shanba kuni, “Yetimxona” sahnasida Sharq cholg‘u (musiqiy) maktabi tarafidan bir adabiyot kechasi qurildi. Kechaning o‘zida men ul kishilardan angladimkim, tomoshachilarning ko‘pligiga, shubhasiz, yaxshi sezgilar bergan. Bu kecha to‘g‘risida ba’zilar: “Bu Buxoroda birinchi qatla ko‘rilaturgan bir kechadir”, – dedilar. Ba’zilar: “Buxoroda adabiyot va, umuman, san’atga qarshi qurilgan sovuqlik bilan kurash yo‘lida birinchi qadam”, – dedilar. Ba’zilar esa: “Bu hech narsa emas, yolg‘iz Sharq cholg‘u maktabining 3-4 oylik kichkina bir hisoboti”, – dedilar. Bu o‘ylarning qaysi biri to‘g‘ridir? Men ko‘p tekshirib o‘ltirmayman. Men kechaning maqsadi to‘g‘risida so‘nggi o‘yga qo‘shila beraman. Zotan, kechaning ruhi bo‘lgan ulug‘ adib va shoirimiz Fitrat parda ochilmasdan burun so‘ylagan qisqa so‘zida shu fikrni qistirib, aralashtirib ketdi. Hamda to‘g‘risi-da shu edi.
Parda ochilishi bilan biz Sharq cholg‘u maktabining o‘ttiz qadar talabalarini qator-qator tizilib o‘tirganini ko‘rdikkim, oldingi qatorda butkul tanbur, oradagilar esa g‘ijjak, rubob, nay aralash edi. Kichkina-kichkina cholg‘ular bir tartib, bir yo‘l bilan ikki-uch mashhur, og‘ir kuylarni chalib chiqdilar. Notasiz, yozuvsiz, yolg‘iz es bilangina cholg‘an bu kichkinalarning cholg‘usi bizga yaqin, sezilarli yanglishlar bo‘lmadi. Turkiston markazi Toshkentdan tortib yiroq Fransiyag‘a qadar buzuq va yasama bir cholg‘u tushgan. Mashxur o‘zbek kuyi – “Eshboy” bu kichkinalar cholg‘ularida butkul boshqa bir ta’sir berdi.
Harakat va tovush o‘ynashlari istarlik bo‘lmagan xitobiga ko‘p ko‘z solmaslik, ikkinchi pardada o‘ynalg‘an Fitratning she’r va qo‘shiqlari bilan yozilgan “O‘g‘izxon” tomoshasi tomoshachilarga yaxshi, hatto ortiq darajada chuqur sezgi bag‘ishladi.
Bosh ro‘lda – Boboy – Fitrat, O‘g‘iz ro‘lida yana o‘zbekning yangi adabiyot olamida zo‘r hissasi bo‘lg‘an V.M.* o‘rtoq edi. Dunyoga ko‘p shodlik bilan kelib-ketishda bo‘lgan bir kishi “O‘g‘iz”dan so‘ng menga: “Umrimda men buncha yig‘lamag‘an edim”, – dedi. Asarning tomoshabinlarga bo‘lgan ta’sirini men shu o‘lchak bilan o‘lchasam yanglishmasam kerak.
Boboy ro‘lida Fitratning sekin qimirlashi, qarashlari va so‘z vaqtida ko‘rsatgan hayajonlari to‘g‘ri va tuzuk edi. O‘g‘izning tovushi ko‘p haybatli chiqsa-da, shu haybatli tovushga kelishmayturgan harakatsizligi bir tan va bir kishida qiziq bir qarshilik chiqarar edi. “Zotlik shundoq bo‘lur”, – dedilar, lekin bu “o‘lik-tirikka o‘lik, o‘zining kuchini sarf etib turgan, yurtining butkul xarobalig‘ini ko‘rib turgan bir o‘likdir”. Shuning uchun shunga yarashar harakat ta’minlanishi kerak edi.
Cholg‘u ko‘p buzuq va qiyin chalindi, bolalar qo‘shig‘i ham sezilarlik ravishda chala bo‘lmasa, yana yaxshi edi demakka jur’at qilaman.
“O‘g‘iz”ning umumiy ta’siri ko‘p chuqur bo‘ldi, buni qaytarib aytmakka lozim bor.
“O‘g‘iz”dan so‘ng cholg‘u maktabi qo‘shiq bo‘lagi talabalaridan kichkina-kichkina uch bola eng og‘ir qo‘shiqlarni aytdilar. Ikki yonlarida Buxoroning mashhur qo‘shiqchilari – biri … (o‘qib bo‘lmadi), ikkinchisi sobiq amir saroyi qo‘shiqchisi muhtaram Mirbobo tanbur chertdilar. Bizning quloqlarimiz Domla Abduhalim bilan aka L. (Levicha hofiz bo‘lsa kerak)dan eshitib o‘rgangan katta va og‘ir mashqlarni kichkina-kichkina bolalar og‘zidan butun og‘irlik, yengillik ilan eshitgach, bilsangiz edi, qancha shodmonlik! Bu kichkina tovushda ustozlariga qancha o‘xshatmalar qilishda, harakatda ham ulardan qolishmas edi. Ularda faqat shu ikki mashxur hofizda ko‘rilaturg‘an qiliqlarni ko‘rgach men hech o‘zimni to‘xtata olmas edim.
So‘ngra bir xitobidan so‘ng cholg‘u maktabi hay’at ta’limasi tarafidan ikki-uch mashhur kuy o‘ynalib, kechaning bitkani bildirildi.
Parda orqasida birodar Hoshim Shoyiq* adabiyot va san’at to‘g‘risida ilmiy va fanniy bir so‘z so‘zladi.
Kishi ko‘p, hukumat a’zolarining hammasi deyarlik hozir edi.
Shundog‘ kechalar, albatta, mundan so‘ngra-da yasalmog‘i kerak. Mundan so‘nggilarida uch narsaga diqqat qilinsa yaxshi bo‘lur edi:
Birinchisi – kuylar va qo‘shiqlar ortiq bo‘lmasin.
Ikkinchisi – sahnada va zolda elektrik chirog‘i yorug‘ bo‘lsin.
Uchinchisi – joylar sonli (nomerli) bo‘lsin-da, ortiqcha odamlarga kirishga yo‘l berilmasin.
Qalandar
“Buxoro axbori”, 1921-yil, 14-dekabr.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|