Al-jazira inqilobchilari va uchinchi baynalmilal

Al-jazira inqilobchilari va uchinchi baynalmilal (1923)
by Abdulhamid Choʻlpon
335311Al-jazira inqilobchilari va uchinchi baynalmilal1923Abdulhamid Choʻlpon

3 nchi kommunistlar baynalmilalining raisi o‘rtoq Zinovyevga bu kunlarda Erong‘a qochib kelgan al-Jazira vakillari ushbu nomani yuborg‘anlar:

“Tehron.

Jumodiyal-avval 1341.

Dekabr 21, 1922.

Raqam: 15.

Rais janoblari!

22 nchi o‘ktabr 1922(?) nchi yilda Angltara hukumati bilan Amir Faysal orasida bog‘lang‘an ahdnoma bo‘yincha, anglizlar o‘lkamizning ozodliq va istiqloliyatini qurmoqni bahona qilib, qo‘shun kuchi bilan uni qo‘lg‘a olmoqg‘a kirishgan edilar. Angltara hukumati bu ishdan ko‘zlagan maqsadini – hali al-Jazirada va ham boshqa mamlakatlarda ta’kid qilg‘an edi.

Axiri, al-Jazira o‘lkasi angliz qo‘shuni tomonidan qo‘lg‘a kirgizilib, egallagandan so‘ng anglizlar o‘zlarining chin maqsad va niyatlarini yuzaga chiqardilar. Bu maqsad va niyat esa – ul musulmon o‘lkasini Angltara tuprog‘ig‘a qo‘shub yuborib, qilich kuchi bilan idora qilishdan boshqa narsa emas edi…

Al-Jazira xalqi, bu haqoratga juda ta’sirlik javob qaytarmoq qasdi bilan 1919 (?) nchi yilda hammasi birdan bosh ko‘tardi. Bu ko‘tarilishning natijasi Angltara hukumati ham, axiri al-Jazira o‘lkasining istiqloliyatini tasdiq qilib, Hijoz qirolining o‘g‘li bo‘lg‘an Amir Faysal qo‘l ostida mashrutiyat usuli bilan boshqarilaturg‘an bir hukumat tuzushga majbur bo‘ldi. Anglizlarning hiylasiga ishonmayturg‘an al-Jazira xalqi yangi hukumatni bir muncha shartlar bilangina qabul qilib, u hukumatning so‘ngradan ketaturg‘an yo‘lining natijasini kutmakka qaror berdi. Haqiqatan, bu hukumat keyincha yuzidagi riyo pardasini birdan olib tashlab, na Millat Majlisi va na-da mamlakat oqsoqollarig‘a bildirmasdan, faqat angliz nayzalariga tayanibg‘ina o‘lkamiz uchun katta bir bebaxtlik bo‘lg‘an bir ahdnomani aqd va imzo qildi. Agar ul ahdnoma tasdiq qildirilmoq uchun Millat Majlisiga yoki ko‘bchilik o‘rtasig‘a tashlang‘an bo‘lsa, uning ko‘rgulugi boshqacha bo‘lur edi. Barcha aholining fikriga qarag‘anda, bu ahdnoma millatning haqqi va egaligi bilan mamlakatning istiqloliyatiga qo‘l cho‘zmoqdan boshqa bir narsa emasdir. Shuning bilan barobar, bu to‘g‘rida anglizlar tomonidan berilgan ta’minotlar ham oxirda bir muncha dalillar bilan rad qilindi.

Rais janoblari, shuning uchun siz va sizning o‘rtoqlaringizning odamgarchilik tuyg‘usig‘a murojaat qilmoqqa jasorat qilib, Millatlar Ittifoqi asoslariga qaramasdan bizning o‘lkamizda paydo bo‘lg‘an ahvol va mojarog‘a diqqat qilmog‘ingizni, umumiy sulh uchun doimiy bir qo‘rqinch tashkil qilg‘an angliz zulm va istibdodidan bizni va bizning o‘lkamizni qutqarub olmog‘ingizni o‘tinamiz.

Al-Jazira o‘lkasining favqulodda vakil va namoyandalari.”

Bu nomaga qarshi 3 nchi baynalmilal raisi bu javobni yuborg‘andir:

“Hurmatlik do‘stlar!

Dekabrda yuborg‘an nomangizni ulug‘ bir istak va qiziqish bilan o‘qudim.

Angltara hukumatining boshdan-oyoq xiyonat va ikkiyuzlilikdan iborat bo‘lg‘an siyosati al-Jazira fojeasida yana ham ochiq-oydin bo‘lub, butun tagi-tugi bilan maydonga chiqdi.

Ajabo, biror joy bormidirkim, angliz jahongirligi u yerda boshqa bir yo‘l bilan yurgan bo‘lsun…

Uning siyosati xoh Hindistonda, xoh Misrda va xoh janubiy Afriqada bo‘lsun – hammasi birdir va boshdan-oyoq yolg‘onchiliq, xiyonat, soxtakorliq, zulm va jabrdan iboratdir!

Keti, chegarasi bo‘lmag‘an angliz zulmining natijasi o‘laroq al-Jazirada keng va katta bir bosh ko‘tarilish boshlang‘anini bu kungina gazetalarda o‘qub, bildim.

3 nchi baynalmilal u qahramonlarcha kurashning so‘nggini ortiq bir qiziqish bilan kuzatib bormoqdadir. Yaqin ehtimoldirkim, angliz jallodlari bu yangi ko‘tarilishni faqat o‘z kuchlari bilangina bosmoqqa qanoat qilmasdan, bir muncha hiylalar bilan unga ichdan zarba bermakka ham tirishurlar.

Hozirdan tarqala boshlag‘an rivoyatlarga qarag‘anda, go‘yo al-Jaziradan xor jafo surulgan inqilobchi sarkardalar bilan qamoqdag‘ilarg‘a anglizlar darxon e’lon qilib, hatto xoin Amir Faysalga “milliy vazir” ham qilib qo‘ymoqchi emishlar.

Men o‘ylaymankim, ilgari boshingizdan o‘tkan achchig‘ tajribalar angliz vakili (Sarparisquq)ning ikkiyuzlik “iltifot”larini kuchlik bir jirkanish tuyg‘usi bilan qaytarmoq, rad etmak uchun sizga yordam qilur.

Anglizlar agar lozim bo‘lub qolsa, al-Jazira ustida qonli istibdodlarining yana bir necha yillar davom qilib, joylashmog‘i uchun saylovlarning muvaffaqiyat bilan o‘tkazilishiga va ham al-Jazira angliz ahnomasining mahkam va puxta bo‘lub qolishig‘a harakat qilishdan ham tortinmaslar.

Nomangizning bir joyida yozilg‘anig‘a qarag‘anda, anglizlar al-Jazirada tutqan ishlari bilan go‘yo Millatlar Ittifoqining asoslariga qarshi harakatda bo‘lunalar emish. Bunda katta bir yanglishliq bor.

Ma’lumdirkim, Millatlar Ittifoqi urushdan keyin Angliya, Fransiya, Amriqo va boshqa yenguvchi davlatlar tomonidan tashkil qiling‘an bir muassasadir. Uni tuzmakdan maqsad yengilgan millatlarni talamoq edi.

Hozir shu soatda ana shul o‘g‘rilarning boshida turg‘an yana o‘shal Angltaraning o‘zidir!

Shuning uchun Millatlar Ittifoqining asoslari bilan, har turlik mudofaa asboblaridan mahrum bo‘lg‘an al-Jazira aholisining havo kemalaridan turub o‘tg‘a tutqan “Angliz asoslari” orasida hech bir ayrimliq yo‘qdir.

Buni sizga do‘stlarcha bildirmakdan maqsad, bundan so‘ng yana ba’zi bir yanglishliqlarg‘a tushub qolmasliq uchun, Millatlar Ittifoqining nimadan iborat ekanligini sizga va sizning rafiqlaringizga anglatmoqdir.

Al-Jazirani ajnabiy zulmidan ozod qila olaturg‘an bir quvvat bor esa u ham – al-Jazira shahar va qishloq aholisining ajnabiy tasallutiga qarshi olib boraturg‘an jiddiy kurashlaridir, yo‘q esa, bu yoki narigi bir jahongir hukumat yo ittifoq emas.

Buning uchun siz anglizlar mamlakatdan chiqib ketganda ko‘bchilik uchun tinchlik va rohat bo‘lishini aholiga anglatib, al-Jazira xoinlari bilan Amir Faysal hukumatining chin yuzini ko‘bchilikka ochib bordirmagingiz kerakdir.

Angliya, Fransiya, Germaniya, Rusiya va yer yuzidagi boshqa bir muncha davlatlarning necha milyondan iborat bo‘lg‘an ishchi-dehqonlarini o‘z qanoti ostida to‘plag‘an 3 nchi baynalmilal – sizning harakat va tashabbusingizga qarshi ularning yordam va tavajjuhini ta’min qila olur.

Hurmatlik do‘stlarim!

Agar siz, mashaqqat bo‘lsa ham, bir martaba Maskavga kela olsangiz men sizni zo‘r bir sevinch bilan qarshi olib, ko‘rushar edim.

Agar, voqealarning ketishi sizni Eronda to‘qtatib qolaturg‘an bo‘lsa, al-Jaziradagi angliz idorasining nimadan iborat ekanligini ko‘rsatib, anglataturg‘an suratlarning yig‘ilmog‘ini iltimos qilaman.

Agar siz bu to‘g‘rida birar kitobcha yozaturg‘an bo‘lsangiz men ularni sevina-sevina Ovrupo va Sharq tillarida bosdirib chiqarar edimkim, bu ham albatta foydasiz bo‘lmas.

Samimiyat bilan qo‘llaringizni qisaman.

3 nchi kammunistlar baynalmilalining raisi.”

Boshqarmadan:

Bu xabarni biz Bokuda chiqaturg‘an “Qommunist” rafiqimizdan ko‘churdik. Xabarning bosh tomonidan ikki yerda savol alomati (?) bordirkim, uni biz qo‘ydiq. Sababi ham o‘shal raqamlarning haqiqat holg‘a to‘g‘ri kelmasliklaridir. Masalan: angliz qo‘shuni tomonidan al-Jaziraning qo‘lg‘a olina boshlanishi 1922 nchi yilda deb ko‘rsatilmakdadir-da, bunga qarshi al-Jazira aholisining bosh ko‘tarishi 1919 nchi yilda qilinib ko‘rsatiladir…

Rafiqimizning bu yerdagi muddaosini yo biz tushuna olmadiq, yoki aslida bir oz xato ketkan. Har holda bir anglashilmayturg‘an nuqtasi bor. Shuning uchun biz al-Jaziraning angliz tasallutiga o‘tishi tarixidan qisqag‘ina raqamlik ma’lumot berib o‘tmakchimiz:

Angliyaning al-Jaziraga tajovuzi aslida jahon urushining avvallarida (21 nchi no‘yabr 1914 nchi yilda) boshlanadirkim, shu kun anglizlar Basra shaharini oladilar.

So‘ngra ular uchun katta bir muvaffaqiyatsizlik ro‘y beradir: 29 nchi aprel 1916 nchi yilda general (Tounsand) “Kutal-amora”da 20000 qo‘shuni bilan turk va arablar qo‘lig‘a asir tushadir.

Shundan so‘ng bir yilgacha anglizlar qimirlaya olmasdan turub, oxirda 1917 nchi yil mart oyida urush boshlab, Bag‘dod shaharini oladirlar. Al-Jazira safarining 1918 nchi yili 30 nchi sentabrda Turkiya qo‘shunining yuqori Dajlada yengilishi bilan tamom bo‘ladir. Shul yengilishda turklardan 7000 kishi anglizlar qo‘lig‘a asir tushgan.

Shu yilning 9 nchi o‘ktabriga kelib al-Jazira tugal anglizlar qo‘lig‘a o‘tadir. Shu munosabat bilan Amriqoda: “Anglizlar dunyodag‘i qorayog‘ konlarining 90 foiziga ega bo‘ldilar, biz bo‘lsaq og‘zimizni ochib qola berdik!” degan gap chiqadir. 1919 nchi yili yanvar oyida anglizlar Bag‘dod temiryo‘lini o‘z taftishlari ostig‘a olalar.

Undan so‘ng bir muncha vaqt al-Jazira mas’alasida chuchmallik hukm surar. Ya’ni: uning ustida ittifoqchilarning o‘zaro janjallari boshlanadir. Bu hol 1920 nchi yilning aprel oyig‘acha cho‘zuladir. So‘ngra shu tarixda San-Remoda bir kanferensiya bo‘lub, Suriya bilan al-Jazira o‘lkalari ikki mustaqil davlat deb taniladirlar. Bu tanilishning birgina sharti bordirkim, ul mustaqil davlatlar qo‘lida mandati bor davlatning qaror va kengashlariga bo‘yun egmakka majbur” bo‘ladurlar. Al-Jaziraning mandati Rusiya, Angliya va Fransiya o‘rtasida 1916 nchi yilda bo‘lg‘an bitishish bo‘yincha Angliyaga berilgan edi.

Arab va kurd xalqining anglizlarga qarshi bosh ko‘tarishlari 1919 nchi yil o‘ktabr oyida yuqori al-Jazirada boshlanadir. 1920 yilga borib bu ko‘tarilish umumiy bir shaklga kiradir.

1920 nchi yilda Angliya kamissari (Sarquq) al-Jaziraga uning nayranglik va usta siyosati natijasida 1921 nchi yilning iyun oyida Amir Faysalning amirligi xoin, sotilg‘an arablar tomonidan tasdiq qilinadir.

Al-Jazira o‘lkasi shu bilan bir oz tinchlangan kabi bo‘lsa-da, u yerda inqilob uchun puxta bir zamin hozir bo‘lub, qo‘zg‘alish harakatlarining doim davom etmagi so‘ngg‘i (1922 nchi yil) teleg‘romlaridan va manovi inqilobchilarning Erong‘a qochib kelishlaridan ko‘runub turadir.

Har holda al-Jazira mas’alasi angliz hukumati o‘ylag‘ancha oson emas, balki ba’zi bir angliz siyosiy doiralari tushungandek ko‘b og‘ir va qiyin bir mas’aladir.

Q.

“Turkiston” gazetasi,

1923-yil, 25-aprel.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"