Aldamchi o‘g‘rilar yoxud lo‘lilar

Aldamchi o‘g‘rilar yoxud lo‘lilar (1915)
by Abdulhamid Choʻlpon
335267Aldamchi o‘g‘rilar yoxud lo‘lilar1915Abdulhamid Choʻlpon

Turkiston musulmonlari orasig‘a zararli qurt va hasharot kabi joy olgan qalandar nomida bir guruh loyaflihun bor edi. Bulardan umumturkiston musulmonlari mutazarur edilar. Hamdlar o‘lsunki, markaz Turkiston bo‘lan Toshkand shahrida g‘ayur va faol hukumat ma’murlarining hamda yosh musulmonlarning g‘ayrat va hamiyatlari ila bularning tilanub yurmaklari man’ qilindi. Yashasun arbobi ijtihod va ashobi himmat! Bu yaxshi tashabbus Turkistonning boshqa shaharlarida ham aksi andoz o‘lmakdadir. Ibrat ila bu ishni tatbiq etmak har vijdon sohibiga vazifa vojibul-adodir. Bulardan boshqa Turkistonda yana (lo‘li)lar bordirki, bular qalandarlardan ham mudhish va zararlidirlar.

Bu toifa hamma shaharlarda bir miqdor bo‘lub, erlari aslo mashru’ kasb ila shug‘ullanmaslar. Xotunlari esa yelkalariga xurjin solub ko‘cha bako‘cha kezurlar. Ba’zilari gadolik tariqasida, ba’zilari har xil mayda narsalar sotmak tariqasida uydan-uyga yurub bechora xotunlarimizni “fol boqaman, uyingda amal bor, jodu bor” deb aldarlar. Pullari bo‘lsa pullarini, bo‘lmasa eski kiyimlarini va erlari necha mashaqqatlar ila yig‘qan don va g‘allalarini bemiqdor olub ketadirlar. Shunday qilub bechora johila xotunlarimizni xurofotdan xurofotga solmakdadirlar. Joyi kelsa o‘g‘rilik ham yosh yigitlarimizning axloq va nomuslarini buzadirgan yomon ishlardan ham tortinmaslar. Yana o‘zlarini chin musulmonliklarini da’vo qilurlar. Taassufki, bularda islomiyat osori ko‘runmaydir. Ko‘zga ko‘runadirgan masjid, maktab va madrasalari ham yo‘q, bovujud bir firqa xalqimiz alarning so‘zlarig‘a ishonub tag‘ofil qilmakdadirlar. Shahrimizning bir eshoni yaqin orada betob bo‘lg‘an ekanlar shunday lo‘li xotunlardan biri kirub eshonning holig‘a ko‘p afsuslar qilur va eshonga “Sizg‘a birov amal qilg‘an ekan, shuni ichingizdan tortub olsam tuzalib qolursiz” der. Eshon aning so‘zini qabul qilub amalni oldirgan ekan. Uch-to‘rt kundan so‘ng yaxshi bo‘lub qolibdur. Bundan so‘ng ul zotning lo‘lilarg‘a ixloslari ziyoda bo‘lub boshqa odamlarg‘a lo‘lilarni ta’rif qilub alarni ham shunday amal oldirmakg‘a targ‘ib qila boshlabdirlar. Ish bunday bo‘lmasa yaxshi edi.

Ulamo va avomlarimizning har birlari bu toifaning zararlarini tushunub oramizdan tez yo‘qotmak sa’yida bo‘lsalar, va alarni o‘z havlilarig‘a kirguzmasalar edi. Hamda hukumat ahlilaridan iltijoda bo‘linub ko‘chalarda ham yurutmasalar edi. Chunki yuqorida so‘ylaganimcha xalqimizga bir toifadan ko‘b zararlar yetishur. Ham bu yo‘l ila topgan oqchalarin dangasa va yalqov erlarig‘a berurlar. Erlari bularning orqasidan davlatlik bo‘lub qolub uch-to‘rt mingg‘a qudratlari yetadir. Ham har qaysilari ikki yuz-uch yuz so‘m turadirgan uloqchi otlardan ikki, uchini boqub har jum’a va yakshanba kunlari dalaga chiqub uloq chopurlar va go‘rudg‘a chiqub ichkulik qilub, katta ko‘chalarda mast bo‘lub yururlar.

Mening fikrimcha, bu balodan qutulub qolmak shul fursatlarda mumkin bo‘lsa kerak. Chunki menim yo‘lim ko‘pincha eski bozori ustidan bo‘lur edi. So‘ngg‘i ikki-uch haftadan beri bozor tinchroq bo‘la boshladir. Sababini eshitsam qalandarlarning ko‘chag‘a chiqub tilanub yurmaklari man’ qilingandan keyin bular ham qo‘rqushub bozor va ko‘chalarga chiqub yurmakni tark qilg‘an ekanlar. Shul sababli eskilarini sotmak uchun bozorga kelmay bozor tinchub turgan ekan.

Biz muning ila kifoyalanmayluk, bu kun chiqmay tursalar bir-ikki oydan so‘ng yana sekin-sekin chiqa boshlab o‘z ishlarida davom qilurlar. Ul vaqt yana mundan ortiq zararlar ko‘rurmiz. Shuning uchun har ishlarda fuqaroparvar bo‘lgan hukumat ma’murlarini bu to‘g‘rida durustroq chora qilmaklarini ko‘bdan-ko‘p umid qilurmiz.

A.S.

“Sadoi Turkiston” gazetasi,

1915-yil, 30-may, №14.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"