Alisher Navoiy g‘azaliga muxammas (Ma’dan)

Alisher Navoiy g‘azaliga muxammas
by Ma’dan
333516Alisher Navoiy g‘azaliga muxammasMa’dan

Bukulg‘an qomatim hijrrn elinda notavon ermish,
Dag‘i oshufta ko‘nglum anjuman tig‘ig‘a qon ermish,
Bu g‘ayratdin yurogim chok, rangim za’faron ermish,
Menga nomehribon yor, o‘zgalarga mehribon ermish,
Mening jonim olib ag‘yorg‘a oromi jon ermish.

Havodis toshidin sindi falak jomi-ayog‘imni,
Qazo ovora qildi andalibi naxli bog‘imni,
Ulus xalqi topolmas yo‘qlug‘um istab so‘rog‘imni,
Tan uzra emdi fahm ettim adadsiz toza dog‘imni,
Qi ul har bir qarorg‘on dog‘i hijrondin nishon ermish,

Kezib g‘am vodisin chekdim jafoyu jabru emgaklar,
Judolig‘ o‘tig‘a yondim, kuyib kul bo‘ldi so‘ngaklar,
Tegib furqat o‘qi so‘rox-so‘rox bo‘ldi ko‘kraklar,
Buzulg‘on ko‘nglum atrofidagi zaxm ichra novaklar
Baliyat qushlariga zaxmlardan oshyon ermish.

Ko‘zim yoshi-oqar tinmay damodam o‘lmayin taskin,
Nihoyatsiz, adadsiz, haddin ermish loalol ta’yin,
Msnga sabr ayla, deb sa’y etma, ey sho‘xi jafooyin,
Raqibing sindurur ko‘nglumni men yig‘lab anga lekin,
Suv keltirmoq hamonu ko‘za sindirmoq hamon ermish.

O‘qub tumori ohim el ani afsun sog‘inmishlar,
Maosirlar nishotimdin g‘amim afzun sog‘inmishlar,
Kalomim Vomiqu Farhoda bir mazmun sog‘inmishlar,
Mening ovora ko‘nglum dog‘ini Majnun sog‘inmishlar,
Junun dashtida yurgan man kibi bexonumon ermish.

Suxan tug‘rosin ermish osmon lavxig‘a sabt etgan,
Tabiat fayzidur kavnu makon lavhig‘a sabt etgan,
Erur, Ma’dan, xayolim imtihon lavhig‘a sabt etgan,
Navoiy nazmini ko‘rdum, jahon lavhig‘a sabt etgan,
Buyurgan oni oliyqadr shohi xurdadon ermish.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.