Alisher Navoiy g‘azaliga muxammas (Roqim, II)

Alisher Navoiy g‘azaliga muxammas
by Roqim
333202Alisher Navoiy g‘azaliga muxammasRoqim

Aylamish zolim falak g‘am xirmanin ko‘nglumda chosh,
Nolai zorim tong armas qilsa el ko‘nglin xarosh,
Voy, yuz ming voykim, ahbob ila qilmay kengosh,
Chiqti yorim kecha yo‘l azmin qilib ul bag‘ritosh,
Bas ajoyibdur qorong‘u kecha chiqmoqliq quyosh.

Borg‘ali ul mahjabin ko‘zlardin uchti uyqular,
Qasd etib jonimg‘a haryondin yetishdi qaygular,
Bul’ajab holnmni ko‘rgan goh yig‘lar, gah kular,
Gar quyoshg‘a el nazar qilsa ko‘ziga yosh to‘lar,
Ul quyosh borg‘ach nazardin ko‘zlarimga to‘ldi yosh.

G‘ayridin bilkull kechib ishqida pok o‘lg‘an ko‘ngul,
Jonfizo la’li labin topmay halok o‘lg‘an ko‘ngul,
Xanjari mujgoni birla zaxmnok o‘lg‘an ko‘ngul,
Zaxmdin ko‘b qon borurdin qoldi chok o‘lg‘an ko‘ngul,
Zangdek afg‘on chekib, xaylida bo‘lg‘ay erdi kosh.

Sensizin gardung‘a o‘tlig‘ oh tortib dam-badam,
Qismatim bo‘lmish g‘am uzra g‘am, alam uzra alam,
Qaysi kun bo‘lg‘ay seni ko‘rmak muyassar, ey sanam,
Furqatingdin yig‘labon haqdin visoling istaram,
Gah socharmen boshg‘a tufroq, gah qo‘yarmen yerga bosh.

Bo‘lg‘ali men telba ayru ul hiloli qoshdin,
Dahr vayron bo‘lg‘udek ko‘zumdin oqg‘an yoshdin,
O‘lgudek holatdadurmen qolg‘ali yo‘ldoshdin,
Qatra qonlar gar tomar ko‘ksumga urg‘an toshdin,
Zaxmdindur demakim, qon yig‘lar ahvolimg‘a tosh.

Xobgohing aylabon zarbafti zebo birla farsh,
Bo‘lma mag‘rur, o‘lgung oxir, qilma kimxob birla farsh
Taxtai tobuting aylab necha debo birla farsh,
Chun to‘sharlar oqibat ustinga xoro birla farsh,
Ne osig‘, ostingda gar charx atlasidandur firosh.

Tushgali Roqimdin ayru dilbari mayxorasi,
Istabon tobmay oni bo‘lmish jahon ovorasi,
Aytingizlar, ishq dardining ne erkan chorasi?
Fosh etar mehrin Navoiyning sarig‘ ruxsorasi,
Subhdekkim sarg‘arib ruxsori aylar mehr fosh.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.