Amalning olimi
Ko‘nglimda yig‘lagan malaklar kimlar?
Sharqning onalari, juvonlarimi?
Qarshimda inglagan bu jonlar kimlar?
Qullar o‘lkasining insonlarimi?
Na uchun ularning tovushlarida
O‘tgan asrlarning ohangi yig‘lar?
Na uchun yozmishning o‘ynashlarida
Har yurish ko‘nglimni nishtardek tig‘lar?
Kenglik xayollari uchdimi ko‘kka?
Butun umidlarni yovlarmi ko‘mdi?
Mangu tutqunlikka kirdimi o‘lka?
Xayolda porlagan shamlarmi so‘ndi?
Kechaning jon olgich qorong‘iligi
Najot yulduzini xayolmi bildi?
Shuncha tutqunlarning haqqi, haqligi
Bir hovuch tuproqqa qurbonmi bo‘ldi?
Ohimning o‘tidan chiqqan shu’lalar
Sharqning ko‘kragida bir joy topmasmi?
Ko‘ksimdan qisilib chiqqan na’ralar
Uxlagan dillarga siljib oqmasmi?
Har kecha ko‘klarda o‘ynagan yulduz
Aytar edi menga: «Erklik yulduzi –
Tutqin yellar uchun samo qunduzi,
Ko‘ngilda qolgusi uning bir izi».
U bir iz ko‘zimning nurlaridan ham
Yuksakdir, men uni o‘pmak istayman,
Agar topilmasa, bu yurtlardan ham
Ko‘chib yiroqlarga ketmoq istayman.
Yig‘lagan, inglagan amal qizimi?
Ko‘kdagi yulduzlar uning izimi?
1921 yil
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|