Andijon uyezdining sho‘rolar qurultoyi
27 nchi no‘yabrda eski shahardagi yerlik xalq teatri binosida Andijon shahar va uyezining sho‘rolar qurultoyi ochildi. Andijon shahar va uyez qurultoylari orasida tamom tinchilik bilan bebosmachi va beg‘alva ochilg‘an qurultoyi bo‘ldi. Bu holni – qurultoyda so‘z olib gapirg‘an har kim haqli bir sevinch bilan bir martaba aytub o‘tdi. Qurultoyda uyezning eng uzoq yerlaridan, ya’ni: shahardan 300 chaqirimcha yiroq joylardan kelgan vakillardan boshqa mehmon sifati bo‘lgan ushbu o‘rtoqlar bor edilar: Turkiston jumhuriyati markaz ijroqo‘m raisi va ijtimoiy sho‘ro jumhuriyatlari ittifoqi inqilobi – harbiy sho‘rosining a’zosi o‘rtoq Hidirali o‘g‘li, O‘rta Osiyo buyro‘sining raisi nomli o‘rtoq Karkmen, jumhuriyatimizning adliya komisari o‘rtoq Dadaboy o‘g‘li, Turkiston maydoni harb bosh qo‘mondoni o‘rtoq Gladorskiy, Farg‘ona muzofot firqv qo‘mitasining mas’ul sarkotibi o‘rtoq Segizboy o‘g‘li, muzofot ijroqo‘m raisi o‘rtoq Alixo‘ja o‘g‘li va boshqalar.
Qurultoy 29 no‘yabrgacha davom qilib, quyidagi masalalarni qarab hal qildi: 1) ahvoli zamon, 2) shahar va uyez inqilobiy qo‘mitasining hisobi, 3) moliya va soliq siyosati, 4) maorif ishlari, 5)sho‘ro tuzumini va mahkumlashdirish (raytirovaniye) masalasi, 6) yangi ijroqo‘m saylash va boshqalar.
Ahvoli zamon to‘g‘risida chiqarilg‘an qarorda Girmoniya mehnatkashlariga salom va shu ichra boylariga qarg‘ish yuborildi. Shahar va uyez inqilobiy qo‘mitasining (so‘ng vaqtlarda inqilobiy-harbiy qo‘mitasi bo‘lg‘an edi) ishlari qanoatlanarlik topilib, kamchiliklari ham ko‘rsatilgandan keyin, yangi ijroqo‘mga yo‘l-yo‘ruq chizib berildi. Moliya va soliq siyosati to‘g‘ri topilib, unga ham ba’zi yo‘llar ko‘rsatildi. Maorif ishlarida zaiflik borligi vakillarning ishtirokidan ma’lum bo‘ldi. Munga ham tegishlik yo‘llari ko‘rsatildi. Sho‘ro tuzumini ishlari to‘g‘ri deb topildi va mahkumlashdirish xususida Andijon shahar va uyez inqilob qo‘mitasi qoshidagi komisiyaning qilg‘an ishlari tasdiq qilindi.
Yangi ijroqo‘m saylovi bo‘lub inqilob qo‘mitaning hay’atida ham yaxshi faoliyat bilan ishlagan o‘rtoq Gʻozi o‘g‘lining rayosati ostida yangi hay’at saylandi. Bu hay’atga mahkum rayunlardan ko‘broq odam olindi.
Qurultoy vakillari tabiiy bir mayl bilan ikki narsaga ortiq ahamiyat berdilar: biri – soliq siyosati, ikkinchisi – maorif ishlari. Soliq siyosatining o‘zi to‘g‘ri topilsa ham, dehqonchilik solig‘ini olish ishida qurulgan bir muncha texnika xatolari ko‘b qilindi. Haligi xatolar to‘g‘risida qishloqlardan kelgan mehnatkash vakillar ma’ruzachiga ko‘b savollar berib, so‘z olub so‘zlab, shu yo‘l bilan masalaning ravshanlashishiga ko‘b katta yordam qildilar.
Maorif masalasiga ham vakillar juda yaqindapn, ixlos bilan aralashub maorif ishlari xususidagi ma’ruzasini savollar bilan gangiratdilar. Maorif ishidagi xatolar ham ochiq ravshan ko‘rsatildi.
Vakillarning hammasini bir hovuch, bir siqim qilib olsak shu hovuch, shu siqimdan tabiiy ravishda chiqqan kuchlik talab, quvvatli tovush shu edi.
Bizga maktab beringlar!
Qurultoy a’zolari bilan markazdan kelgan mehmonlar xususiy suratda ham ko‘b gaplashdilar. Mehmonlarning hammasi dug‘uldek qurultoyning majlislariga aralashub, markaz bilan masalani birinchi martaba tom va tugal birlashdirdilar.
Shularni ko‘rub menim ko‘nglimga bir uzoq va qiyin tilak keldi.
Turkiston markaz ijroqo‘mi bilan komisarlar sho‘rosini bir haftagagina shahar-shaharga ko‘churub kelinib, ba’zi bir majlislarni tog‘ oralaridagi qishloq va ovullarda qilinsa ….dedim.
Dunyoda mumkin bo‘lmag‘an narsa yo‘q. Xalq bilan hukumat topishqanda har narsani qilmoq mumkin.
Q
«Farg‘ona» 1923-yil 3-dekabr.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|