Andijonda maorif ishlari (I)

Andijonda maorif ishlari (1924)
by Abdulhamid Choʻlpon
335300Andijonda maorif ishlari1924Abdulhamid Choʻlpon

(O‘z xabarchimizdan)

Yoz kelib maktablar ta’til bo‘lg‘andan keyin maorif nazorati bu yozni bir oz istifodaliroq qilib o‘tkazmakchi bo‘ldi. Shu mas’alada bizning maorif nazoratimiz gapdan ko‘ra ishni oldig‘a qo‘yub, indamasdangina ikki yaxshi ish qilib qo‘ydi.

U ikkita ish – shaharimizda ochilg‘an ikki yozliq qurslardur. Qurslarning biri mavjud maktablarning muallimlari uchun bo‘lub, ularning ma’lumotlarini kengaytmak maqsadini kuzatadur. Qursqa muallimlarning hammasi degundak davom etadur. Ta’lim jihatini shahrimizning muqtadir o‘rus muallimlari olub boradur. O‘z hunarlariga yaxshi tayyorliq ko‘rgan o‘rus muallimlarining leksiya ravishida bergan darslaridan muallimlar yaxshi istifoda qilg‘an bo‘lsalar kerakkim, maqtab suyunib gapirdilar. 17 nchi iyulda Farg‘ona muzofot firqaqo‘m mas’ul sarkotibi Karim o‘g‘li va muzofot ijroqo‘m raisi Alixo‘ja o‘g‘li o‘rtoqlarning ishtiroki bilan maorif va hukumat ishchilarining qo‘shma majlisi yasalg‘an edi. Shu majlisda har hafta panjshanba kuni soat 12 dan so‘ng muallimlarni to‘plab, mas’ul ishchilar bilan birga kengash majlislari yasab borishqa qaror berildi.

U majlis ham mazkur qursning binosida bo‘lg‘usidur.

Jumhuriyat va ittifoqning turluk maktablariga talaba tayyorlamoq uchun birinchi o‘zbak internati qoshida hozirliq qurslari ochildi. Bu qursqa shahar – uyaz maktablarining eng layoqatlik talabalari to‘plang‘an. Ta’lim jihatini Boku dorulmualliminining yuqori sinflarida o‘qug‘uchi talabalarimiz olub boradurlar. U qursning ham davomi yaxshi.

Bu keyingi qursning ahamiyati shundadurkim, bu choqqacha jumhuriyat va ittifoq maktablarida anjanlik talabalarning soni barmoq sonig‘a ham yetmay keldi. Munga Anjandagi behuda guruhbozliqlar qancha sabab bo‘lg‘an. Endi bu ishga maorif nazorati jiddiy ahamiyat berdi, ijroqo‘m bilan hukumat ishchilari ham qo‘llashdilar. Natijada qurs ochildi. Qurs talabalari yaxshi tayyorlansalar, Anjan, jumhuriyat va ittifoq maktablaridan bu yil tegishlik qismatini ola olg‘usidur.

Faqat, bu qursning ham ta’lim jihatini kuchaytirmak – munga ham berigi qurs qadar, balki, undan ortiq ahamiyat bermak kerak. Nimagakim, kelgusining chin muallimlari shu doiradadur.

Har holda, Anjan maorif nazoratining shu choqdag‘i harakatlarini olqishlab olishqa to‘g‘ri keladur.

Q.

“Farg‘ona gazetasi,

1924-yil, 24-iyul, № 189.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"