Andijondan xat
“Mushtum” afti bizning andijonliklardan hafaga o‘xshaydir.
Sababini so‘rasam: “mendan qocha boshladilar” deydi.
“Mushtum” tog‘aning bizdan o‘pkalashga haqqi yo‘q, albatta. Chunki “Mushtum”dan qochmoq ayb emas, lozim, zarur. Bir marta unga yo‘luqqanlardan butkul ayrilub ketkanlar ham ko‘ruldi, oxir.
Qahramonzoda “Mushtum”ning dahshatidan qo‘rqub Qo‘rg‘ontepada zig‘irlar orasida g‘oyib bo‘ldi.
“Mushtum” bilan bir qadar oshnachiliq qilib yurgan sobiq “Ko‘mak” raisi indamasdan, bildirmasdan tog‘larg‘a o‘chub ketdi. Ba’zi bir kishilar: “Qimizg‘a ketdi” desalar ham, men ishonmadim. Negakim, qimizg‘a boraturg‘an kishilar odatda birovg‘a zarar-zahmat bermasdan ketadirlar. Lokin, sobiq rais: “Ko‘mak”ning beliga uziqara otdek shattalab tepib, so‘ngragina ketib yo‘qoldi. Hozir, “Ko‘mak” ishsiz qolib, ish birjasida joy oqtarmoqdadir.
“Mushtum” tog‘am xafa bo‘lmasun. Andijonlik uning changalidan qutulmoqchi emas, balkim, ko‘brak siqilib kirmakchi, lekin birdan emas, oz-oz, sekin-sekin.
Hozirg‘a shu ham bas, deylik!
Shumgiyoh
“Mushtum” jurnali, 1923-yil, № 12.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|