Andog‘ urdilarki
(Hangama)
Menim xafaligim hammadan ko‘ra e’tiqodi sust, imoni zaif kishilardandir. Masalan: ota-bobolarimizdan qolg‘an shirin-shirin kitoblar, qissa va rivoyatlar bor. 2-3 yuz yildan beri o‘shal kitoblarning barakasida qonimizni sovutmay saqlab keldik.
– Pahlavon Ahmad Zamchi…
– Bahodir Qashamsham (“Boboi Ravshan”da)…
– Sayid Battol Gʻoziy va hokazo…
Bularning ruhga bergan yaxshi ta’sirini inkor qilmoq mumkinmi? Ayniqsa, samovarning salqin bir joyig‘a o‘lturub, yog‘lig‘ palovni buyurub qo‘yub, achchig‘ choyni aylantirib qo‘yub o‘lturub o‘qusangizmi… Bosmachilar, ularning qamishzorlarda choqib yurub ko‘rsatkan “bahodirliqlari” butkul esdan chiqib ketadir. Ayniqsa, o‘zingiz baqqol bo‘lsangizu bozor qimmat kasod bo‘lsayu sabzini mayda qilib to‘rg‘ab qo‘yg‘andan keyin og‘zingizg‘a bekarchilikda chibin o‘lturub ketmasligi uchun “Bobo Ravshan”ni ochasiz-da, Qashamshamning juhudni minib ajdarni o‘ldirgani ketkanini o‘quysiz… ana shul vaqtdag‘i kayfni ko‘ring! O‘zingizni xuddi “Qashamsham” deb o‘ylaysizu “Tilsim”ga ko‘milgan ajdarga qarab turub qo‘lingizdagi yelpug‘uchning yo‘g‘on yog‘ochi bilan andog‘ urasizki, do‘koningizdagi lagan-maganlaringiz kul-parcha bo‘lub ketib shu qimmatchilik zamonda qadringiz quruqqa, hayotingiz havoga chiqadir…
Mana bu o‘shal jangnomalarning ruhga bo‘lg‘an ma’naviy ta’siri!
Jangnomalarga ishonmag‘an sust e’tiqod kishilar chiqqan! Zamonimizda Ahmad Zamchining polvonlig‘ini, Qashamsham boboyning boturlig‘ini, Sayid Battol Gʻoziyning shijoatlarini inkor qilg‘an, tong‘an yoshlar bor! Astag‘firulloh!
Holbuki, ilgarigi, burung‘i yaxshi “Musulmonobod” zamonlarda emas, manavi oxirg‘i zamonimizda ham men munday bahodirlar, munday pahlavonlarni ko‘rdim. Ehtimolkim, sizlar ham ishonmayturg‘an bo‘lg‘andirsiz. Bo‘lmasam, men bir mirilik chaqani belingizga tugub bergandek qilib bitta-bitta tushuntub beray:
Andijon inqilob-harb qo‘mitasining “Shaharni, xona joylarni, har xil do‘konlarni va ko‘cha-ko‘yni ozoda tutush” to‘g‘risida bir majburiy qarori chiqdi. Albatta, bu qarorning amalga qo‘yulushidan melisa bilan nazofat kamissiyasi juda yaxshi xabardor bo‘lsa kerakkim, shaharimiz “Eram” bog‘idan ham ozoda bo‘lub ketdi…
Ko‘chalarda o‘lub qolib, kunlarcha yotqan itlar, sochig‘i bo‘lmag‘an, chibinning uyasi bo‘lg‘an oshxonalar, buzulg‘an, ko‘ngil-aynitar marojnalar, tuprog‘ig‘a odam emas, ot botib ketaturg‘an ko‘chalar… Ayniqsa, anavi katta ko‘chani ayting: bir qur “suv sep-suv sep!” bo‘ldiyu olachipor ilondek yarim-yorti suv sepilib yana O‘shning yo‘lidek bo‘lub qoldi…
Gʻaraz, zamonimizning Ahmad Zamchilari shaharning iflos kallasiga nazofat tayog‘ini andog‘ urdilarki, gard-gard bo‘ldi…
Yangi chiqqan zamona boylaridan keling! Marhum Mirkomilni maktab solmadi, maorifga qarashmadi deb so‘katurg‘an edik. U bechora ham bir qorixona solib qo‘yg‘an ekankim, Buxoro Amirining… … bardorlaridan bir “zoti bobarakot” yangi maktab shogirdlarni “qori” qilib, “qiroatlari”ni chiqarib turubdur.
Zamona Mirkomillarini qarang, andijonliq talabalar Toshkant, Boku kabi yerlarda yerdan cho‘p supurub yeb turg‘an vaqtda “trilionlar”ning ichiga ko‘mulub nima qiladirlar? Nima qilg‘anlari ko‘z oldingizda. To‘ylarda, tamosholarda, bazmlarda “izhori vujud” qilib butilka (aroq shisha) lari bilan jang qiladirlar. Yaqinda bir “Manmanboyev”ni katta bir to‘yda bir “nozanin” bilan birga o‘lturub, zamonaning boshig‘a shishalar bilan andog‘ urdikim, kayflar (nastroyeniye) mayda-mayda bo‘ldi. Endi o‘z dardimizdan ham jindak aytaylik: “Darxon” gazetasining yozg‘uvchilaridan biri shoshilish ish vaqtida beparvo qolib, idora shoʻba kucherining qahrig‘a yo‘luqqan. Kucher “qiyig‘liq”, “kajurlik” qamchilarini rostlab turub andog‘ urg‘ankim, yozg‘uvchimizning miyasi ikki bo‘lak bo‘ldi…
Miyadan ajralg‘an yozg‘uvchimiz bilan qolg‘an bechoralarning ko‘nglini ko‘tarmak uchun xlopkom bir foytun bermakka va’da qilg‘an ekan. Va’da shamoli chopqullab kelib, idoramizni o‘ziga andog‘ urdikim, ustol-kursilarimiz pora-pora bo‘ldi… Foytundan darak yo‘q!
Mana shuncha narsalarni ko‘rgandan keyin yana jangnomalarga ishonmag‘an Qashamsham azizlarga shak keltirgan kishiga afsus, ming afsus, birodarlar!
Shumgiyoh
“Darxon” gazetasi,
1923-yil, 15-avgust, № 14.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|