Bahor avvallari
by Abdulhamid Choʻlpon
334909Bahor avvallariAbdulhamid Choʻlpon

Qorongʻu qish qora kun, qora tunlarin ustimizdan koʻtarub chiqub ketdi. Chiroylik, yorugʻli, issiq oftob, shoirlarcha aytkanda, nozli qizday kulub turadir. Qishning zulmindan qochub uzoq yerlargʻa ketkan qushlar endi kelub yana ustimizda uchub va qanotlarin qoqishub yurmoqgʻa boshladilar. Ular hozirda hammasi oʻzlarining bolalari uchun uyalar solmakda va ogʻizlarigʻa choʻplar qopub daraxt ustlarigʻa tashumakdadirlar. Ularning shirin ovozlari quloqlarimizdan kirub, butun ruhimizgʻa taʼsir qila boshladi. Shul tariqa bahorning shafqatli va marhamatli oftobi qishning zulmigʻa gʻolib kelgangʻa oʻxshaydir. Endi qishda qop-qora mehmonxonalarning oʻrtasigʻa guruldatub oʻtni yoqub, oʻt atrofida oʻturub har xil behuda gaplar ila qishni oʻtkargan dehqon togʻa va akalarimiz erta bilan turub, yelkaga ketmonni solib, bir qoʻligʻa qumgʻon, choy, non olib, yoʻl boʻyi ashula qilib, ishlamoq uchun dalagʻa ketadirlar. Shunga oʻxshash qishda ziynatlik mehmonxonalarda qalin koʻrpachalar ustida, katta oʻchoqlar oldida, chiroylik-chiroylik bolalarga kaklik va kaboblarni qildirub, oʻzlarining koʻngillari tortgan doʻstlaripi chaqirub, haligi shirin kaboblardan yeb qish ichi semirub chiqgʻan boylarimiz ham yozdagi sroʻkka pul istab bankaga qarab yuguradirlar.

Sheʼr:

Millat gʻami ham qarz gʻami esga tusharmi?

Koʻrpa qalin, pishsa kabob, boʻlsa juvonlar.

Qish ichida maktablarda tirishub-tirmashub oʻqugʻan shogirdlar bahorning kelayotganigʻa sevunib va aning latif shamoligʻa qarab: “Ey bahor! Ey yoz! Tez kel. Qish ichi oʻqiy-oʻqiy zerikduk. Biz ham imtihon vaqtigʻa yana tirishub darslarni tayyor qilamiz. Sen ham latif shamollaring va shafqatli oftobing ila tez kel!”

Sheʼr:

Shogird tirishub qish ichida yaxshi oʻqursa,

Yoz vaqta yurar sayr etub jumla jahonlar.

Bu munosabat ila qish ichida oʻqitub zerikgan muallim ham imtihonni oʻtkazgandan keyin boʻladurgʻon sayohatining planini tayyorlab turadir.

Sheʼr:

Muallim imtihon yaxshi chiqub koʻrsa gar maqbul,

Sayohatning planin koʻrsatur ul vaqt hamyonlar.

Mudarrislarimiz qishda tushkan toʻn, choylarni hisoblamakda, shaharlardagi qop-qora samavoʻrlar ochilub, xushyoqmas xalq samavoʻrlarga yigʻilmakdadirlar.

Sheʼr:

Iching choy, oʻturung behuda gʻiybat sotib, ey xalq,

Kelur qish bir vaqt, kolmas sizga bu davri davronlar.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"