Bir lavha
(Shanxay voqealaridan)
Nagasaki limanidan jildi paroxod,
Bir paroxod emas, balki ulkan bir flot!
Vampo daryo suvlarini qopladi to‘lqin.
Sizinvanning havosini zaharlik tutun
Bir haftadan beri birdak bosib turadi,
Tog‘ to‘plari kemalarga olov uradi!
Settilmentdan tashqarida bu mudhish uchish
Kecha-kunduz og‘ir tushday davom etadi.
Og‘ir o‘qlar yer bag‘rini yorib titadi!
Keng maydonda o‘liklar yo‘q, o‘lganlar sonsiz!
Ko‘p «madaniy» urush bo‘ldi, o‘liksiz, qonsiz:
Har bir o‘lik bir nechaga bo‘linib ketgan,
Yo qo‘lini, yo putini birdan g‘ayb etgan,
Biri qumlar orasida arang ko‘rinar,
Biri oyoq ostlarida qolib surinar…
Ko‘p «madaniy» urush emish – o‘liksiz, qonsiz!
Obro‘ylik bir gazetda qaysi vijdonsiz
Shu mazmunda yozuv yozib jar chaqiradi.
Xo‘jayini dam chiqarmay elni qiradi!
Ikkovi ham «vahshiylar»ni yo‘lga solmoqchi,
Ikkovi ham vahshiy elda turib qolmoqchi,
Ikkovi ham vahshiylarni yomon ko‘radi,
Ko‘cha-ko‘yda ko‘ringanda yuz o‘giradi.
Ikkovi ham «vahshiylar»ning kuchiga xushtor!
«Vahshiylar»ga bu sevgidan nima foyda bor?
Settilmentdan uchib o‘tdi xunuk qora qush!
Restoranda bilinmadi bu mudhish uchish,
Chunki unda jaz shovqini quloq yoradi.
Tashqarida och bir xitoy, hey, yolvoradi,
Hey, yolvoradi!..
1932-yil, fevral
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|