Bitayotgan avlodning so‘nggi qizi

Bitayotgan avlodning so‘nggi qizi
by Anton Chexov, translated by Abdulhamid Choʻlpon
334668Bitayotgan avlodning so‘nggi qiziAbdulhamid ChoʻlponAnton Chexov

Xizmatdan ozod bo’lgan askarli to’ralardan va ham pomeshchik (katta mulkdor) Dakukinnikiga ko’klam faslida mehmon bo’lib borib, eng go’zal ko’klam kunlaridan birida ertalab u ikkalamiz ota-bobodan qolg’an yumshoq kursida o’tirishqan va o’lgudek xushyoqmas bo’lg’animiz holda teraza orqali tashqarini tomosha qilardiq, yomon zerikkan edik lekin.

Dakukin g’udurandi:

– Tuuf! SHunday zerikdimki, shu topda sudya pristav (sud ijrochisi) kirib kelsa ham xursand bo’lardim! – dedi.

“Yotib uxlasaqmikin” deb o’yladim men.

Shunaqa qilib shu zerikish to’g’risida biz ikkovimiz juda uzoq o’ylab ketdik; bir vaqt qanchadan beri artilmagan va o’zi nay kamalak kibi necha rangli oynaklar bilan qoplang’an terazadan tashqarida ro’y bergan va olamshumul ahamiyatga ega bo’lg’an kichkinagina bir o’zgarishka ko’zimiz tushdi va shundan keyingina haligi o’yimiz uzuldi. O’zgarish esa mana mundan iborat edi: darvoza oldidag’i o’tkan yilg’i hashaklar ustida dam bir oyog’ini va dam ikkinchi oyog’ini ko’tarib turg’an xo’roz (u qurg’ur birdaniga ikkalasini ko’tarmoqchi edi shekilli) bir varakayiga cho’chib ketib, ari chaqqan boladay, bezillab chopib qoldi.

Dakukinga jon kirdi:

– Birov kelayotir, yo otliq, yo piyoda… – dedi u, kulimsirab. – xudodan bo’lib mehmon izmon kelsaydi. Har qalay ko’ngil ochilardi…

Xo’roz aldamagan ekan. Darvozada ilgari otning boshi bilan ko’kka bo’yalg’an dog’a, undan keyin otning butun gavdasi va nihoyat uchishqa hozirlang’an qo’ng’uzning qanotlarini eslatgan zo’r va beo’xshov qanotli, surrang, og’ir bir “birichka” (yo’l izvoshi) ko’rindi. Brichka darvozadan kirib o’lgudak qo’polliq bilan chapga burilg’ach shaldur-shuldur va taraq-turuq bilan otxonag’a kirib ketdi. Aravada biri xotin, yana biri, kichkinarog’i erkak bo’lg’ani holda, ikki yo’lovchining o’tirg’ani ko’rilardi.

Qo’rquv bosg’an ko’zlari bilan menga qarab va bosh orqasini qashib turib:

– Ey, padariga la’nat… – deya g’udurandi Dakukin. – Shuncha berganlari yetmagandek, bu tortig’i ham bor ekan falakning. Bu kecha tushimda pechkani ko’rishim ham bejiz bo’lmag’an ekan-da…

– Xo’sh, nima gap o’zi? Kelgan kim?

– Singlim kuyovi bilan, uyiga o’t ketsin…

Dakukin o’rnidan turib, tajang, uy ichida yurina boshladi.

– Yuragim shundoqqina muzlab qoldi… – deya endi vaysishga tushdi ul. – O’z tug’ishqan singlisiga qarindoshliq muhabbati asramaslik yomon narsa, lekin ishoning ishonmang, u bilan ko’rishgandan changallardagi o’g’riboshlar bilan ko’rishmakni o’zim uchun yengilroq deb bilaman. Bir yoqqa berkinsakmikin deyman. Temushka maslahat “majlisga ketishkan” deya bahona qilib qo’yar.

Dakukin baland ovoz bilan Temushkani chaqira boshladi. Lekin bahona qilish va berkinish vaqti o’tkan edi. Biror minut o’tar-o’tmas dahlizdan visrash ovozlari keldi: yo’g’on ovozi bilan xotin, ingichka ovozli bir erkak bilan pichirashmakda edi.

– Etagimni o’nglab qo’y! – dedi yo’g’on ovozli xotin. – Narigi shimingni yana kiymay kelibsan!

Ingichka ovozli o’zini oqlashga tirishib:

– Havorang shimni siz o’zingiz marhamat qilib, Vasiliy Antonovichga berib qo’ygan edingiz, alvon shimni bo’lsa qishgacha berkitib qo’y degan edingiz, – dedi. – Ro’molingizni ichkariga olib kirib beraymi yoki shu yerda tura tursin deysizmi?

Nihoyat eshik ochilib, uyga qirq yoshlarda, novcha bo’yli, semiz, bordonsimon, moviy rangli ipak ko’ylak kiygan bir xotin kirib keldi. Uning qizil yanoqli, sepkilli yuzlarida shu qadar dag’al “kattalik” asari bor ediki, Dakukinning bu xotinni nega bu qadar yomon ko’rganini men ham darrov his qila oldim. U xotinning orqasidan mayda bosib pakana, arvaq, alvon surtyuk, keng shim va barxit jelat kiygan, tor yelkali, tirishli, qizil burunli bir odam kirdi. Uning kiyimlari, yurish-turush, burni va butun kelishimsiz shaklidan qullarcha haqirliq, ezilganlik… hidi kelardi. Xonim uyga kirganlaridan so’ng, bizni ko’rmaganday bo’lib, to’ppa-to’g’ri tasvirlar yoniga o’tdilar-da, ibodat rasmini bajarmakka boshladilar. So’ngra birdan erlariga yuz o’girib:

– Ibodat qil! –

Qizil burunli maxluqcha bir seskanib olib ibodat qilmoqqa kirishdi.

Xonim ibodatlarini tugatgandan so’ng:

– Salomat keldingmi, singlim! – dedi Dakunin unga va bir “uh” tortdi.

Xonim ulug’simon bir kulumsiradilar va lablarini Dakukinning labiga to’g’ri cho’zdilar.

Haligi maxluqcha ham o’pish harakatiga tushdi.

– Ruxsat etingiz, tanishtiray… mening singlim – Olimpiada Yegorovna Xilkina… kuyovlari – Dosipey Andreevich. Bu kishi mening qadrdon do’stlarimdan…

Olimpiada Yegorovna menga qo’lini uzatmasdan, qiroat qilganday cho’zib turib:

– Ko’p yaxshi. Juda yaxshi… –

O’tirdiq va bir minut hammamiz jim qoldik.

So’ngra Olimpiada Yegorovna Dakukinga qarab so’z boshladi:

– Mehmon kelishini kutmagan bo’lsang kerak, a? – dedi. – Men o’zim ham bu yerga kelarman deb o’ylamag’an edim, hozir oqsoqolimizning yonlarig’a o’tib ketayotirman, bu yerga yo’l usti to’xtaldiq…

– Oqsoqolg’a qanday ishing tushib qoldi? – deb so’radi Dakukin .

Xonim himo qilib erini ko’rsatdi:

– Nima ishim tushadi? Mana muning ustidan arz qilmoqchiman! – dedi.

Dosipey Andreevich ko’zini quyi solib, oyoqlarini kursining tagiga yashirishqa tirishib, uyalg’anidan, mushti bilan og’zini to’sib turib bir-ikki marta yo’talib oldi.

– Nega bu kishining ustidan arz qilasan?

Olimpiada Yegorovna bir “uh” tortdi.

– Darajasini unutadi bu! – dedi ul. – Nima qilay? Senga aytdim bu to’g’rida, muning o’z ota-onalarig’a aytdim, bir og’iz nasihat qilib qo’ysin deb Grigoriy domlaning yonlarig’a olib bordim, hech narsa chiqmadi! Nochor-noiloj oqsoqolimizni notinch qilishga to’g’ri keladi…

– Nima gunoh qildi bu kishi?

– Hech narsa qilgani yo’q, darajasini unutadi, darajasini. Bu o’zing bilasan, ichkilik ichmaydi, yuvosh, boadab, lekin darajasini bilmagandan keyin mundan nima foyda? Muni qara, axir, xuddi mahkamaga arzga kelgan, yo bo’lmasa, nasli nasabi belgisiz odamday bukilib o’tiradi. Dvoryan (aslzoda) degan shunaqa o’turadimi? Tuzuk o’tur! Hay, senga aytaman!

Dosipey Andreevich qoidag’a to’g’rilab o’tirmoq uchun bo’lsa kerak, bo’ynini g’oz qilib tikladi, jag’ini ko’tara tushdi, so’ngra avaylab turib ko’zini tepaga qaytarg’ani holda, xotinig’a qaradi. Bu qarash ayb ish qilib qo’ygan yosh bolalarning qarashlarig’a o’xshardi. Bu suhbat oilaning ichki, sirli tomonlarig’a qarab keta boshlag’ach, men chiqib ketmak uchun o’rnimdan turdim. Xilkina mening niyatimni payqadi.

– Mayli o’turabering! – deb meni to’qtatdi. – Yosh yigitlarga bu xil gaplarni eshitish foydali. Biz o’qimag’an odamlar bo’lsaq ham sizlardan ko’ra ko’prak yashag’anmiz. Xudo ilohim, hammaga bizdek yashamoqni nasib qilsin… – So’ngra ukasiga tomon burildi. – Endi uka, ovqatni ham hammamiz birga qilaturg’an bo’ldiq, aytgancha, bugun sizlar uchun beparhez ovqat pishirganlardir. Sen balki bugun chorshanba ekanini ham bilmayturg’andirsan… – shu yerda bir xo’rsinib qo’ydi xonim. – Bo’lmasa odamlaringga aytgin: bizga parhezlik ovqat qilib berishsin. Sen nima desang degin, biz beparhez ovqatni yemaymiz.

Dakukin Tamushkani chaqirib parhezlik ovqat buyurdi.

– Ovqatni qilamiz-u oqsoqolnikiga jo’naymiz… – deya so’zida davom qildi Xilkina. – Shunga bir zehningizni qo’ysangiz deb yalinib ko’raman. Yo’ldan ozgan dvoryanlarni yo’lga solish – o’shaning ishi-da.

– Dosipey yo’ldan ozdimi hali? – deb so’radi Dakukin.

Xilkinaning achchig’i kelib, qovog’i solindi.

– Xuddi endi aytayotqan odamday gapirasan, – dedi ul. – Unday desam, senga baribir-ku…Sen o’zing ham hali o’z darajangni uncha qadrlamaysan-ku…Qani, mana bu yosh afandidan so’rab ko’raylik-chi. Menga qarang, yaxshi yigit, – deb menga xitob qildi xonim. – Siz nima deysiz: najib bir oilaning bolasi qayoqdagi zoti past odamlar bilan chuvalashib yursa yaxshimi?

Men dovdirab qolib:

– Zoti pastning ham har xili bor…– dedim.

– Chunonchi, mana Gusif degan savdogar boy bilan. Men u Gusifni ostonamg’a yaqin yo’latmayman, bu bo’lsa u bilan “shashka” o’ynaydi, unikiga borib ovqatini yeydi. Oddiy bir mirza bilan ovda yurganiga nima deysiz? Bir mirza bilan gaplashadigan nima gapi bo’ladi muning? Siz mendan so’rasangiz agar, hurmatli mehmon, mirza degan narsa bu bilan gaplashmak tugul, muning yonida unini chiqarolmaslig’i lozim!

Mening ko’nglim yumshoqroq… – deb pichrab qo’ydi Dosipey. Kamoli jahlidan, kattakon kattakon uzugi bilan kursining orqasig’a taq-tuq urib turib:

– Ko’rsataman men senga yumshoqliqni, shoshmay tur hali! – deya po’pisa qildi xotini. Aslzodaliq nomimizni xor qildirib qo’ymayman men senga! Garchi sen menga er bo’lsang ham, sharmandalar qilaman men seni! Tushunishing kerak sen! Seni yaxshi odamlar orasig’a olib kirgan men bo’laman! Bular, bu Xilkinlar avlodi, men sizga aytsam afandim budi-shudi qolmag’an avlod, modomiki, men, Dakukinlar avlodining bolasi bo’lib turib, muni er bilibman, bu mening qadrimg’a yetib, izzatimni bajo keltirishi kerak! Men sizga aytsam, muning o’zi ham menga arzon tushgani yo’q! Xizmatg’a joylab qo’yishimning o’zi qanchag’a tushdi! O’zidan so’rang! Men sizga aytsam, muni imtihon bilan birinchi darajaga o’tkazish uchungina uch yuz sulkavayim ketdi! Nega men muncha urinaman?! Sen Myatev, hali men uchun urinadi deb turgandirsan? Yanglishasan sen! Menga o’z aslzodaliq nomimiz qimmat! Agarda shu aslzodaliq nomimiz bo’lmasa, men senga aytsam, sening umring o’choq boshida chirib ketar edi!

Sho’rliq Dosipey Andreevich indamasdan quloq solar, faqat qo’rqqanidanmi, xijolatdanmi, bilmadim, hadeb qimtinardi. Bu zabtlik xotin ovqat vaqtida ham unga tinchliq bermadi. Xonim ko’zini undan uzmas va uning har bir harakatini kuzatib borardi.

– Sho’rvangga jindak tuz tashla! Qoshiqni to’g’ri tut! Salat idishini sal nariga surib qo’y, yo’qsa yenging tegib qoladi! Ko’zingni pilpillatma!

U bo’lsa shoshilib-pishilib ovqatini yer va xotinining kesatiq gaplari ostida, zaharlik ilon changaliga tushgan quyon kibi har nafasda ming buralardi. Xotini bilan birga parhezlik ovqatni yeb o’turib bizning go’shtlik kotletlarga ko’zi o’tardi.

– Fotiha qil! – dedi xotini unga ovqatdan keyin. – Qulluq qil ukamga.

Ovqatdan so’ng Xilkina istirohat qilmoq uchun yotoq uyiga kirib ketdi. U chiqib ketgach Dakukin o’z sochlarini changallab olib uy ichida yurundi.

Tepasidan tog’ tushkan kishiday erkin bir nafas olgach Dosipeyga qarab:

– Sho’ring qursin seni, do’stim, peshonang qursin! Bir safar bilan o’turib do’zax azobi tortdim, sen bechora kecha-kunduz birgasan… Ah! Sen qulsan, asirsan, kishanga tushkan bir bandisan!

Dosipey ko’zlarini pilpillatib turib so’zlandi:

– O’zlari, darhaqiqat, ancha zabtliklar-ku, lekin kecha-kunduz haqlarig’a duo qilishim kerak, zeroki u kishidan ko’rganim hamma vaqt muruvvat va muhabbat bo’ldi.

Dakunin qo’l siltadi:

– Tamom bo’libsan! – dedi – Yo’qsa, bir zamon majlislarda so’z qilgan, urug’ sepadigan mashina ixtiro qilgan odam eding. Bu alvasti seni ham o’z jinsiga aylantiribdir! Ih!

U yoqdan xotini o’zining yo’g’on ovozi bilan:

– Dosipey! – deb chaqirdi. – Qaerda qolib ketibsan! Bu yoqqa kir, mana bu chivinlarni qo’ri!

Dosipey Andreevich bir cho’chib tushdi-da, oyoq uchi bilan qadam bosib yotoq tomon chopdi.

Uning ketidan Dakuning:

– Tuuff hammangga! – deb tupurib qoldi.

  This is a translation and has a separate copyright status from the original text. The license for the translation applies to this edition only.
Original:
This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.
Translation:
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"