Bizni hollar va ishlar

Bizni hollar va ishlar (1914)
by Mahmudxoʻja Behbudiy
334148Bizni hollar va ishlar1914Mahmudxoʻja Behbudiy

12-adad «Oyna»da Samarqandning Mirzo Ulug‘bek hazratlari jome’inda muazzin tarafidan usuli jadid maktabinda va ham ruscha o‘qumoqni yamonligi haqinda juma’dagi musulmonlarg‘a nutq qilingoni va har kim usuli jadida maktabig‘a bala bersa, o‘zi kofir, xotuni taloq degani va bir necha samarqandiyni ot tutub, «alar kofir va o‘rus» degani yozilib edi.

Ushbu nutq hukumatg‘a ma’lum bo‘lub, hukumat tarafidan Madrasai Tillakori va Madrasai Mirzo Ulug‘bek mudarrislari janob Mullo Imomnazar va janob Mullo Salim va ham nutq qilgon muazzindan so‘ralibdur. Janob mudarrislar ushbu nutqdan xabarimiz yo‘q debdurlar. Muazzin aytibdurki, «Man usuli jadid va yo ruscha o‘qumoq va yo usuli jadidchilar haqinda hech bir nimarsa aytganim yo‘q. Faqat «Anjumani arvoh» ismlidagi yangi chiqg‘on risolag‘a e’tiqod qilmanglar, dedim» deb boshqa aytganlarig‘a munkir bo‘lubdur.

Hukumat tarafidan bildurulubdurki, ba’zinda munday yamon harakatlar voqe’ bo‘lsa, sababchini besh yillik badarg‘a qilinur. Kitob to‘g‘risinda zakun bo‘yincha harakat lozim. Bechora muazzin masjidi jome’da va bir necha ming kishi huzurinda aytg‘on so‘zig‘a munkir bo‘lgani, ani qaysi darajadagi odamligini ko‘rsatur. “Oyna” muharriri imonig‘a ham o‘shal muazzin chang solibdur degan so‘zlar ham eshitiladur. Bul so‘z sobit bo‘lganda, «Oyna» muharriri, albatta, anga da’vo (qazaf) qilur. A’lon muazzin so‘zig‘a umumiy tarafdan qarab bir oz muhokama qilarmiz. Usuli jadid va ruscha o‘qumoq raddig‘a so‘ylagani sobitdur. Biz, avvalan, shuni yozarmizki, na usuli jadida maktabig‘a o‘qug‘on sababli va na ruscha o‘qug‘on vajhidan kishi kofir bo‘lmaydur. Muazzin munga hech dalili shar’iy va aqliy ko‘rsatolmaydur.

Mundan qat’i nazar muazzinni ustozi muhtaram Hoji Mullo To‘raxo‘ja mudarris janoblari usuli jadid maktabining boniysi hisoblanurlar. Usuli jadidchilarni va ruscha o‘qugonlarni «ma’lum majlis»da kufr qudug‘i bo‘yig‘acha sudragan samarqandiy muhtaram Mullo Saidahmad Vasliy shoir janoblari va Hojiahmad mudarris janoblarining ustodlari muhtaram Hoji Mullo To‘raxo‘ja janoblariga: «Istanbul shayxulislomi Turkiston va Buxoroda usuli jadid maktablarini rivoj bermoqg‘a va Rusiya maktablarig‘a bola bermoqg‘a ulamoning sa’yi va harakati lozimdur», — deb aytganlarini mazkur muhtaram Hoji Mullo Ahmad mudarris janoblari naql qilib edilar hamda Hoji Mullo Ahmad afandi aytib edilarki: «Istanbul shayxulislomini ustodim Eshon To‘ra ilan ziyorat qildim. Shayxul-islom janoblari dedilarki, biz eshitarmizki, Buxoro va Turkiston ulamosi usuli jadidni yamon der emishlar, ajabo! Dalillari nadur? deb mavohaza qilmoqchi bo‘lganda, man, Mullo Hojiahmad, dedimki, — afandim, bizni shayximiz (Eshon To‘raxo‘ja domlani murod etar) usuli jadidni mudofe’i va homiysidurlar»,—deb qutuldik. Ajabo, Hoji Mullo Ahmad mudarris janoblari Istanbuldan shul qadar so‘zlab, yana qanday nomi kiromiylari ilan bir-ikki jadidchini «ma’lum majlis»da alar g‘oyibonasig‘a janob ustodi muhtaram Hoji Mullo Abdujalil maxdum mudarris va Hoji Mullo To‘raxo‘ja mudarris huzurlarinda kufrg‘a nisbat berib, badnom etarlar. Holbuki kufrg‘a nisbat bergan odamlaridanki, biri rusi o‘qugon, rasmiy omuri hukumat, digari ruscha bilmaydurgon oddiy bir kishidur. Alar haqinda hurmat va rioyat, balki ionatdan boshqa bir nimarsa sodir bo‘lgon yo‘qdur.

O‘tayluk. Hanuz olti oy bo‘lgan yo‘q usuli jadid maktabinda voliyi viloyat huzurinda Samarqand qozisi va Samarqandni akbari ulamo va sodotidan janob Qozi Mullo Muhammad Isoxo‘ja mudarris va qozi Abdulhayxo‘ja va qozi Mullo Abulqosim va qozi Mullo Baqoxo‘ja janoblari usuli jadid maktabini ayni shariat va usuli qadimdan ko‘ra nofe’ligini bayon qilib edilarki, «Samarqand» jaridasi yozib edi. Ajabo, olti oy o‘tmasdan, qanday bo‘ldiki, usuli jadid maktabi va usuli jadidchilar majlislarda, hatto, jome’i sharifda takfir qilinadur? «Anjumani arvoh» risolasi haqinda ham janob Qozi Mullo Muhammad Isoxo‘jani «so‘zlari hamma(si) to‘g‘ri va durust» degonlari rivoyat qilinur. Hammadan ajoyibi bulki, muazzin minglar ila kishi huzurinda aytgon so‘zig‘a hukumat huzurinda hamda o‘zini ustodi huzurinda munkir bo‘lur. Biz bu so‘zni yozmas eduk va ammo butun xalq orasinda shuhrat tobgani va jome’i sharifda so‘ylangani uchun va Turkistondagi yuz ming otalarga bolalari usuli jadid maktabig‘a o‘quydur. Alarg‘a daf’i ishtiboh qilmoq uchun va xaloyiqni har nimarsadan aziz imonig‘a chang urulgon uchun yozib fursatimizni favt qilarmiz. Valloh aytib turub, munkir bo‘lguchi kishi so‘zini bir pullik e’tibori yo‘qdur. Oh! Biz qanday keyin qolganmiz. Xalqi olam usuli jadid va ilmi zamoniy ila osmonlarg‘a uchar, biz hanuz bir-birimizni takfir va tal’in ila vaqt o‘tkararmiz.

«Oyna» jurnali, 1914 yil, 13-son, 200—202-betlar.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.