Bozor surishtirmaydir
Kichkina feleto‘n
Men o‘zim ishyoqmas dangasaman. Buning ustiga bir oz va’darakligim ham bor. Tajribalik kishilarga ma’lum bo‘lsa kerak, aksar yalqovlar o‘zlari uchun foydalik bo‘lgan ishlarga dangasalik qilib, foydasiz bo‘lgan ishlar orqasinda umr o‘tkazalar. Men ham bir ishyoqmas bo‘luvim sifatila ba’zi o‘zim uchun foydasiz, ammo ko‘bincha xalalimni kelturub yurgan bir ish to‘g‘risida bir oz gapurmoqchiman.
«Hovlining bir yonida yotukchi qo‘shnim bor. Uyqudan bo‘shagan vaqtimda… haligi etukchini ishxonasida yonboshliyman».
Yo‘q, so‘zni mundog‘ boshlaganda tuzuk chiqmaydirg‘ang‘a o‘xshaydir.
«Ishtirokiyun» gazetasig‘a ba’zi vaqt ko‘zim tushib qoladir. Ilgariroq (agar yodimdan ko‘tarilmagan bo‘lsa) «Ishchi» degan burov Xurshidmi-murshidmi deganning va tag‘i allakimlarning yozgan teatr kitobini tanqidmi-manqidmi qilib yurar edi. Ammo keyingi vaqtlarda haligi «Ishchi» deganimiz suvga urib ketdimi, osmonga uchib ketdimi, haytovur tanqidini yozmiy boshlab, jimjit suv quygandak bo‘ldi.
Endi haligi suvga urib ketkanning o‘rniga mulla Mirmullami, domla Mirmullami degan tag‘i birisi bosh ko‘tarib: «Falonchi o‘yun bo‘ldi, pistonchining asari edi, orsizlar (orsizmi, artistmi chiranishga uncha aqlim yetmaydir) tuzuk o‘ynamadi, asar buzuq edi, falonchi pismadonchining asari edi!», deb ilgarigisiga o‘xshash jovrab, oh-voh qilib, boshini tog‘-toshka urib keladir. Bu so‘ngg‘isi «Teatr muziqa» yozganda bozor quli, mozor quli, tag‘i allanima balo quli tasonifi», deb yozadir. Lekin «quli» deganiga tushunmoq uchun — lug‘at ko‘rolmadim. Mana manim endi shu «Teatr muziqa» yozib, dodvoy qiluvchiga xalalim keladir. To‘g‘risini aytkanda, bechoraning holiga rahmim keladir. Ko‘bdan beri shu dodvoychini shu balodan qutqazishka bir chora izlab yuraman va o‘ylab-o‘ylab tegiga yetolmay boshim og‘rib ketadir. Endi mundan so‘ng «Teatr muziqa»sini yozmas, deb turganimda tag‘i lo‘p etib dodvoyi yozilib chiqadir. «Bu bechoraning boshi og‘rimasmikin-a?» deb achinib, bechorani shu balodan qutqazuv chorasini aztahidil izlayman, ammo topolmayman. Tag‘i «Teatr muziqa», tag‘i orsiz o‘yunni buzdi, tag‘i hazrat pistonchi bir safsata yozdi…
— Ey boshi og‘rimagan bechora, o‘zing kambag‘al odamga o‘xshaysan, biror kasalga chalinib qolma, qo‘y! Orsiz buzsa buzsin o‘yunni. Safsatami, papsatami yozsa yozipti! Sen bechoraga nima kerak? Uzingni boshqa kasaling yo‘qmi? — deyman. Shu so‘zim og‘zimdan chiqib ham tugamaydir, tag‘i birini yozib «dod qaroqchi» qilibdir!
Endi bechoraga chinlab bir yordam qilmasam bo‘lmas ekan deb, kecha bir oz etukchining ishxonasida yonboshlab o‘yladim.
Haligi «Teatr muziqa»ning buzuqligi to‘g‘risida o‘ylabman. Nega bizning «Teatr muziqa» mundoq kishi buzuq bo‘lur ekan, deyman.
Etukchining qo‘li qo‘liga tegmay biliska taqadir, bigiz tiqadir, ko‘va uradir, teri kesadir, tilish til, deb shogirdini koyiydir. gazan qayriydir. Xulosa, shogirdi ila o‘zi jonlik moshina. Man chalqancha yotaman. Etukchining harakati taajjubimni mujibi bo‘ldi. Tikkan etugini olib ko‘rdim: baxyasi katta, etuk chokig‘a qo‘l sig‘adir, san’at yo‘q. Knyganda xizmat qilsa, bir kunga chidaydir. Mandek yalpi odam Toshkandningtoshsiz, qishki loy deganidan o‘n qadam kechsa ish tamom.
«Bu o‘tukingni kim oladi?» — dedim. Etukchi: «Xayf bo‘lmasin, bozor surishtirmaydir», — dedi. Tag‘i chalqancha yotdim. Fikrim «Bozor surishgirmaydir»da to‘xtadi. Yana «Teatr muziqa»chining tashvishiniga tushdim. To‘xta, dedim. Hozir «Teatr muziqa»ni ham bozor surishtirmas ekan, dedim.
Etukdo‘zning javobi «Teatr muzika» ila azoblanuvchiga nah to‘g‘ri javob edi. Bozor surishtirmasa, manim ham qo‘pol etuk tikib, usta falonchi bo‘lib foydalangim keldi. Endi haligi «muziqa»ga qarshi azoblanuvchiga aytaman: Etukchi aytkandak, orsizlarning ham bozori ko‘targani uchun o‘yunni buzuq o‘ynaydirganlardir! Pesa yozuvchilar ham bozor surishtirmagani uchun qaydagi safsata, cho‘b, hashak, supurindilardan har soat pesa yozsa, dunyoda o‘zlaridan «asar» qoldirmoqg‘a harakat qiladirganlardir.
Azoblanuvchi o‘rtoq! Hozir ma’lumki, har bir nimarsaning bozori «Usta, manga ber!» Qo‘poldo‘z etukchi qo‘shnimning so‘zidan ma’lum bo‘ldikim, bozor surishtirmas ekan!
Har kim bo‘lsa ham o‘tmas matohini o‘tkurib qolsun. Vaqt kelur, bozor kasod bo‘lur, xalq molning yaxshisini tilar, har kasbda haqiqiy ustalargina qolur, boshqalar o‘z chorug‘ini sudrar va sudrashka majbur bo‘lur. Shungacha-chi o‘rtoq, tishni-tishga qo‘yib, damni ichka olib, tinchkina yurmoq kerak! Ammo hozir bozor surishtirmaydir! Toshka yomg‘ur kor qilmaydir!
Julqunboy
«Ishtirokiyun» — 1920 yil, 16 aprel, 76-son, 2-bet
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|