Bu ko’ngul
by Lutfiy

Meni shaydo qiladurg’on, bu ko’nguldur, bu ko’ngul,
Xor-u rasvo qiladurg’on, bu ko’nguldur, bu ko’ngul.

O’qdayin qomatimizni qora qoshlig’lar uchun
Muttasil yo qiladurg’on, bu ko’nguldur, bu ko’ngul.

Meni yozg’urma «sevar» debki mening haddim emas,
Ul tamanno qiladurg’on, bu ko’nguldur, bu ko’ngul.

Borma derlar eshiki sori damo-dam, netayin,
Ko’p taqozo qiladurg’on, bu ko’nguldur, bu ko’ngul.

Tori mo’yin havasi birla qorong’u kechada
Jonni savdo qiladurg’on, bu ko’nguldur, bu ko’ngul.

Dushman-u do’st orasinda meni g’ofilni (mudom),
Besar-u po qiladurg’on, bu ko’nguldur, bu ko’ngul.

O’zgadin ko’rmaki ko’zung yoshini, ey Lutfiy,
Ayni daryo qiladurg’on, bu ko’nguldur, bu ko’ngul.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse