Bukungi qadrlik kunlar

Bukungi qadrlik kunlar (1917)
by Hamza Hakimzoda Niyoziy
334508Bukungi qadrlik kunlar1917Hamza Hakimzoda Niyoziy

«Hurriyat» jurnali hamma muslim va muslima va hamma ahli vatanlarning bu kungi bir abadiy ozodlik birla tabrik etadur. Jumlamizga muborak bo‘lsun! Hamda 300 yildan beri bir tomchisi milliard so‘mlarga topulmas qonlarning daryo-daryolari bilan bu kungina boshga solub turgan «Hurriyat, musovot, adolat» ma’naviy ziyolaridin bebahra va bekom qolmaslikni takror tavsiya etadur!

Yashasun yangi davlat!

Yashasun jumhuriyat!

Bukun baxt falakindan chiqmish haqiqat quyoshi musovot, adolat kabi eng sof ziyolari vositasi bila eng qorong‘uda yo‘qolgon igna kabi nozik va muhum maqsadlarimizi ham yalturatub ko‘rsatmakdadur. Mana, bukun haqiqat, hurriyat vositasi bila eski xoin va zolim, mustabid hukumatni 50 yildan beri bo‘yin, qo‘l va oyog‘imizga sezimsiz solub kelgan umrlik og‘ur zanjirlarin ko‘zga ko‘rsatub yechdi, xalos qildi. Bukun haqiqat, musovot vositasi bila, bir taraf, zolim amaldorlar, ikkinchi tarafdan, rahmsiz, shafqatsiz talonchilar temir tirnog‘i ostida po‘stlari butun sidirilub, yuraklari ezilub, cho‘kub xonumonlaridan ajrab kelub turgan mazlum, nohaq faqiru bechora, yetim, g‘ariblarning burgutlar panjai margidan raho qildi.

Faqiru bechoralik og‘usi bila xasta bo‘lgan ovozlari musovot shifosi bila tuzatildi, chiqarildi. Demak, shohu gadoni dovush va huquqlari bamuvofiq oyot va hadis barobar bo‘ldi. Va har kim o‘ziga hur bo‘ldi. Yaxshi, yomon, sodiq, xoin, rohim, zolim, jobir va odilni ajratub, ixtiyorlarini kattayu kichik, shohu gado, eru xotunlarni o‘z-o‘zlarig‘a topshurdi. Bukun haqiqat, adolat vositasi bila avvali 30, oxiri 10 yildan beri «Oh, haqiqat qaysi kun bo‘lurki, bizni boshimizdagi zolim va xoin eski hukumatning bahri istibdodindagi girdobi balodan xalos etub, hurriyat, musovot, adolat kanoriga chiqorursan, xalqimizdan missionerlarning ma’naviy qarmoqlarin salomat judo qilursanki, xoin cho‘ponlarga topshurilub biyoboni jaholatga haydalgan mazlum elu xalqimizi ozod qilurga yetushurmiz, ko‘zlarin ochurmiz, uyg‘oturmiz, badnazar, badkirdorlarning din va millatimizga solgan teshuk rahnalarin oshkora qichqurub ayturmiz…», deb din va millati uchun tunin, kunin qoyg‘urub yurganda, baravj vatanning chin o‘g‘ullari din va millatning ma’naviy xodimlari bo‘lgan yoshlarimizga, alhamdulilloh sum alhamdulilloh, bukungi qadrlik kunlar yetushdi. Bukun haqiqat ulug‘ xizmatga keng bir maydon ochdi. Bukun haqiqat haqiqiy millatparastlarning maydoniga choqurmakdadur. Kim haqiqatparast, kim millatin suyuvchi kim innamo al mo‘minina ixvatu hu oyayi karimasi mazmunicha, o‘z xalqini bir ko‘zda ko‘ruvchi, kim jamoat xizmatiga jon va molin fido etuvchi, aytilsun, bu maydoni haqiqatga kirsun, bu munkirlik xizmatiga. Bukun qanday kun? Bukun eng qadrlik, eng g‘animatlik kun! Bukun Ostroumov, Ilminskiy kabilarning tarbiyasida yashagan va aning maslakiga xizmat etuvchi, vatandagi o‘z oramizdan chiqqon din xoinlarini xiyonatlarin haqiqat maydoniga otur. Nohaqlarni sharmanda va sarnigun qilur.

Hoy, birodarlar, ko‘zingizni oching!

Va ogoh bo‘ling! Quloq soling! Bukun maydoni haqiqat millat xizmatiga xodim choqirur ekan, qarangiz: kim yugurur, kim sukut qilur? Farq eting, toning, ajrating, ilm ila ajratolmasangiz, qilub turgan xizmatlaridan ajrating. Bukungi qadrlik kunlarni qadrin kim bilur? Millatini o‘zi jonidan ortuq suygon va o‘z xalqi uchun jismu jigari kuygan, 30 yildan beri zolim sayyodlarning nohaq tir va o‘qlariga ko‘kraklarin sipar qilub kelgan baravj yoshlargina bu kungi qadrlik kunlarni qadrin bilur. Yuqoridagi xitoblardan maqsad milliy bu xizmatga yoshlarnigina mustasno qiluv emas, bori yoshlarimiz so‘z ko‘taruvchan, qancha ochuq: aytsang, haqiqatlig‘in anglar, tobora shavqlik o‘lur.

Hoy, ahli vatan, bu xizmat hammaga barobar, takror aytmoqdamizki, bukun xizmat kuni ekon. Kim millatin suyur, kim dinga xizmat qilmoq istar? Kim tangrisin rizolig‘in, kim ruhi payg‘ambarin shod bo‘lurin istar, kim mahsharda «Islom millatiga na xizmat qilding?» degan xitobga sarnigun bo‘lmoqni, sukutda qolmovni istar ekan, ulamomi, boymi, gadomi, yoshmi, qarimi — kelsun, bu xizmatga otilsun. Mas’uliyatni o‘zidan ko‘tarsun. Bukun — tijorat kuni emas, bukun — sayohat kuni emas, bukun — ish emas, bukun — o‘quv va o‘qutuv kuni emas, bukun — man katta, san kichik, san boy, man bechora, biz ulamoyu siz avom, deydurgan kun emas. Bukun — ittifoq o‘rniga nifoq, sadoqat o‘rniga adovat qiladurgan kun emas.

Bizni holimizga!

Yana qichqirib ayturmiz, hoy, birodarlar, bukun — xizmat kuni, bukun — izzat, hurmat, daraja va martaba talab etuv kuni emasdur. Onglasi kuni! Bukun — har bir millatin tonuvchi, suyuvchi zotga belini ustidan bog‘lab, yugurub xizmat qiladurgan kun. Bukun — biz o‘z vazifamiz bo‘lgan bu diniy xizmatni ado qilmasak, ikki dunyoda mas’ulmiz, millatlar orasida avvalg‘idan ham battar xoru zor, sharmandayu sharmisorbiz. Fidokor yoshlar! 700 ming xalqimiz tarafindan 20 ming xalq shahodati bilan hanuz jasadi vujud olamiga ko‘chmagan milliyun-milliyun avlodi islomni kelajakdagi huquqini tayin etuvni o‘z ustingizga oldingizmi? Boshqalar ham oldi. Lekin siz qarab turmang, hamon o‘z vazifangizi ado etmoqg‘a kirishing, o‘z manfaatidan kechuvchi siz bo‘lub ko‘runmakdasiz, hamon davom eting, ertagi tovuqg‘a oldanub, bu kungi tuxumdan ham o‘zingizi va ham mustaqbil avlodingizi mahrum qilmang. «Xizmat—o‘lmas mol» kabi muqaddas bobolarimizning gavhardek qadrli hikmatlik so‘zlari yodingizda bo‘lsun edi.

Yashasun yoshlar!

«Hurriyat» jurnali, 1917 yil, 1-son


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"