Buyuk ustozimiz Behbudiy afandi

Buyuk ustozimiz Behbudiy afandi (1920)
by Hoji Muin
334435Buyuk ustozimiz Behbudiy afandi1920Hoji Muin

Butun islom dunyosi, boxusus, jaholat qorong‘ulig‘inda qolg‘on Turkiston o‘lkasi murshid va rahbarlarg‘a nihoyat darajada muhtoj bo‘ldig‘i bir zamonda Turkiston xalqig‘a mehribon ota va ustoz manzallasinda bo‘lg‘on muhtaram muharririmiz mufti Mahmudxo‘ja Behbudiy hazratlarining tabiiy ajali bilan emas, balki zolim, taassub va jaholat manbai bo‘lg‘on Buxoro tuprog‘inda, zolimlar qo‘linda vahshiyona bir suratda o‘ldurulganligi butun Turkiston o‘lkasi va turkistonliklar uchun g‘oyat zo‘r bir ziyo’dir. Behbudiy afandi Turkistonda boshlab qo‘lig‘a qalam olib, xalqning taraqqiy va tolesi uchun foydali maqolalar yozg‘on buyuk rahbarimiz edi. Behbudiy afandi Turkistonda yangi maktablar uchun boshlab alifbo va jug‘rofiya kitoblari yozg‘on ulug‘ ustoz va murshidimiz edi.

Behbudiy afandi Turkiston taraqqiyparvarlari ichinda eng avval mutaassib ulamoning haqsiz hujum va takfirlarig‘a uchrag‘on va shunday takfirlar ila ruhini tushurmay, o‘z maslakindan qilcha ayrilmay, yigirma yil mutamaddian Vatan va xalqg‘a xidmat etgan birdan-bir faol yo‘lboshchimiz edi.

Men bu yerda, bu kichkina maqolada Behbudiy hazratlarining mufassal tarjimai holini va xalqg‘a qilg‘on xidmatlarini yozmoqchi emasman. (Ki, buning uchun necha jild kitob yozmoq kerak bo‘lur) balki aning ba’zi yaxshi sifat va xislatlari ila aning haqindagi xotiralarimdan bir nechasini yozmoq istayman.

Behbudiy afandi ila boshlab tanishdig‘im 1321nchi sanai hijriyada boshlab domla Sayidahmad Vasliy afandining hujrasinda va mazkur yilda bir-ikki kelib ketdigi uchun Behbudiy afandi ila ko‘rushgan va tanishg‘on bo‘lsam-da, ul choqda haqiqatan Behbudiy afandining muftiligindan boshqa qanday fazlu kamoli borlig‘ini va aning o‘zi yaxshimi, yomonmi — qanday kishi edikini bilmagan edim. So‘ngra 1324nchi yilda Behbudiy afandi o‘zi yozg‘on «Muxtasar jug‘rofiyai umumiy» ismli asarini bosturub chiqardi va shuning ila barobar Samarqandda mutaassib ulamo va talabalar og‘zindan Behbudiy haqinda takfir va tahqir so‘zlari eshitila boshlab, bu so‘zlar butun xalq orasinda tarqaldi: «Mahmudxo‘ja yer aylanadur va yer tarbuzdek yumaloq deya ekan, ul kishi kofir bo‘lg‘on» kabi so‘zlar har yerda so‘ylana boshladi. Demakki, Behbudiy afandining boshlab mutaassib ulamo va qora xalqdan takfir so‘zi eshitganiga mazkur jug‘rofiya risolasi sabab bo‘dtsi. Men shul xususda o‘zimning Samarqandda birinchi darajada olimu fozil kishilarindan deb topdig‘im bir ustozim og‘zindan Behbudiy afandi haqinda takfir so‘zi eshitganimdan hayratda qolib, munga chiday olmay darhol mazkur kitobdan bir donasini sotib olib diqqat ila mutolaa etdim. Ko‘rdimki, Behbudiy afandi bu kitobinda o‘z tarafindan hech bir narsa yozmay, balki jug‘rofiya, hay’at va tatbiqoti diniya xususinda eski va yangi mo‘tabar mualliflarning so‘zlarinigina naql va tarjima etgan. So‘zlarinida aqliy va naqliy dalillar ila isbot etgan. Men shul kitobni diqqat ila yana ikkinchi daf’a o‘qib chiqg‘och, mazqur kitobda «takfir»ga sabab bo‘laturg‘on xilofi shar’iy so‘zlarning yo‘qlig‘ig‘a butun qanoat hosil etdim va o‘shal kundan e’tiboran Behbudiy hazratlarig‘a chin ko‘nglimdan muxlis bo‘ldim va aning kim ekanligini tom ma’nosila bilib oldim. Shuni ham yozmasdan o‘tolmaymanki, mazkur tarixdan e’tiboran o‘zimning avvalgi «birinchi fozil» deb bilgan ustozimdan butun ixlosim qaytdi. Aning qoshig‘a bundan so‘ng bormayturgon bo‘ldim. Boshqa eski ustozlarimdan ham yuz o‘girdim. Shuni ham unutmaymankim, mazkur jug‘rofiya kitobining «Tatbiqoti diniya» faslinda: «Ba’zi eski xurofot va isroiliyat so‘zlari bizning tafsir kitoblarimizgacha kirib ketgan» mazmunindagi jumlalar o‘shal vaqtda manim fikrimda zo‘r o‘zgarishlar yasadi. Ya’ni, o‘shal jumla meni birinchi daf’a fikriy inqilobg‘a uchratdi. Men o‘shal kundan e’tiboran har bir eski va yangi kitoblarni diqqat bilan, muhokama ilan o‘quyturg‘on bo‘ldim.

Mana shuning uchun men ayta olamanki, mening tavsi’i ma’lumotimga turk-totor matbuoti sabab bo‘lg‘onidek, meni birinchi martaba fikriy inqilobg‘a uchratg‘on ham Behbudiy hazratlarining mazkur bir-ikki jumla so‘zidir. Men mazkur tarixdan e’tiboran Behbudiy afandig‘a chin ko‘ngil ila muxlis bo‘ldig‘imdek, o‘sha vaqtdan boshlab mavqei kelganda, har yerda ani mudofaa etaturg‘on bo‘dtsim. Hatto 1325nchi yilda shul takfirchilarg‘a qarshi bir maqola yozib, «Turkiston viloyatining gazeti»da nashr etdigim hanuz xotirimda bordir. O‘shandan beri men har vaqt Behbudiy afandining huzurig‘a boraturg‘on va aning ilmiy, ijtimoiy va siyosiy fikrlarindan istifoda qilaturg‘on bo‘ldim.

BEHBUDIY AFANDINING O‘Z MUSOHIBLARI ILA MUOMALASI

Behbudiy afandi halim, ziyrak, g‘oyat zakovatli va quvvai hofizasi zo‘r bo‘ldig‘idek, so‘zga-da nihoyat darajada usta edi. Ul har so‘zig‘a qanoatlantirmak uchun turli misollar keltura, mavqei kelganda oyat va hadisdan dalillar ko‘rsata edi. Shuning uchun aning suhbati g‘oyat lazzatli va istifodali bo‘lar edi. Behbudiy afandi har vaqt «kalam un-nos ’ala qadri ’uqulihim» mazmunicha musohiblarining holig‘a va aqlig‘a qarab o‘shanga munosib so‘ylasha edi. Ba’zan mutoyiba ila majlisdoshlarini kuldura edi. Aning suhbatinda bo‘lg‘on kishi ruhlana, shodlana va aning oldindan aslo turg‘usi kelmas edi. Behbudiy afandi aksar vaqt maqolalarin-da yozib turdig‘idek, suhbat va majlislarda ham «Bizga ikki turli kishi kerak. Biri diniy ilmlarni falsafalari ila komil bilaturg‘on zotlar, ikkinchisi dunyoviy ilm ila hunarlarni yaxshi bilgan ziyolilar» so‘zlarini so‘zlab tura edi. Bir vaqt (1908nchi yilda) «Tarjumon» gazetasining muharriri Ismoilbek afandi G‘aspirinskiy (25 yillik yubeleysindan so‘ng) Samarqandg‘a kelganida Behbudiy afandi yig‘lag‘on hodda ul zot ila quchoklashib ko‘rushub, «Bu kun sizning huzuringizga kelib suhbatingizdan istifoda qilaturg‘on ziyolilarimiz yo‘q», dedi. Ismoilbek afandi anga javoban: «Behbudiy afandi! Yig‘lamang! (Majlisdagi kishilarni ishora qilib) mana bular ozmi? Yana sizlar tirishsangiz, oz bir fursatda millatg‘a keraklik ko‘b odamlar yetishdira olursiz», dedi.

XASMU DUShMANLARIG‘A QARShI MUOMALASI

Behbudiy afandi shaxsiy dushmanliqni xohlamas va hech kimning shaxsig‘a va shaxsiy ishlarig‘a til yetkuzmas edi. O‘shandoq o‘zini takfir va tahqir etaturg‘on xasmlarig‘a-da qarshi yomon va haqoratomuz so‘zlar so‘ylamas edi. Balki shunday so‘zlarni eshitganda: «Zotan munday din va dunyodan xabarsiz kishilardan yaxshi so‘zlar-da kutmak abasdur», deb kular edi. «Munday takfirlarni yolg‘uz men ko‘rgan emas, balki o‘ttan ulamo va ulug‘ kishilar ham o‘z muosirlarindan shunday hujum va takfirlarni ko‘rib kelganlar», deb o‘zig‘a tasalli bera edi. Behbudiy afandida yana bir xususiyat bor ediki, xasm va dushmanlari aning ketindan har qancha haqorat etsalarda, aning huzurig‘a o‘turg‘onda hech bir behuda so‘z ayta olmasdan, anga tamliq va madora etarg‘a majbur bo‘lalar edi. Behbudiy afandi har vaqt o‘zining shaxsig‘a tegib so‘ylayturg‘on xasmlarig‘a: «Ajabo! Bular na uchun maning shaxsimg‘a til yetkuzalar? Men o‘zim yaxshimi-yomonmi har na bo‘lsada, o‘z millatimg‘a zarar yetkuzmayman, balki xalqg‘a to‘la va faol foyda yetkuzmak uchun qo‘limdan kelgancha cholishaman», deya edi.

TAADDUDI ZAVJOT HAQINDAGI FIKRI

Men 1916nchi yillarda «Mazluma xotun» ismli risolamni yozib turdig‘im vaqtda (bu risolaning mavzui taaddudi zavjot bo‘ldig‘indan) birdan ziyoda xotun olnsh to‘g‘risinda fiqrini bilmak uchun Behbudiy afandining qoshig‘a bordim va ondan shul haqda fikrini so‘radim. Behbudiy afandi javoban shu yeo‘zlarni so‘ylagan edi: «Men birdan ortiq xotun olishg‘a butun muqobilman. Zotan, ikkinchi xotun olish uchun qo‘yilg‘on shart(adolat)ni hech kim rioya qila olmaydi. Shuning uchun agar men mujtahid bo‘lsa edim, birdan ziyoda xotun olishning nodurustligi to‘g‘risinda fatvo bergan bo‘lur edim».

Behbudiy hazratlarining avsofi oliyasi va aning haqindagi xotiralarim ko‘b edi. Shoyad fursat bo‘lg‘onda yana boshqa bir vaqtda yozarman.

«Mehnatkashlar tovushi» gazetasi,

1920 yiya, 8 aprel


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"