Bir ayvonning tokchasida
To‘la nurli chinni chiroq
Poril-poril yonar edi
Nurlar sochib quchoq-quchoq.
O‘ziga xo‘p bino qo‘yib,
O‘z nurini o‘zi sevib,
Tig‘larini sochar edi…
Oy bulutning orqasida
Yaqinida sopol chiroq
Yog‘larini so‘ra-so‘ra,
Devorlarga tutunini
Buruqsitib ura-ura
Yonib turar edi. Biroq
Qarg‘ab-qarg‘ab shu kunini,
Bag‘ri ezik…
Dedi: “Opa,
Bu kun oyning nechasidir?
Qaysi oyning kechasidir?”
Chinni chiroq xafa bo‘ldi,
Sassiq tutunlarga to‘ldi.
“Senga “opa” bo‘ldimmi men?
Men kimman-u, kimdirsan sen?
Sen, odobsiz, “opa” deysan,
Kimligimni o‘ylamaysan!” –
Deb qoshini chizib ketdi,
Bechorani ezib ketdi.
Qarg‘ish endi qizgan choqda…
Oy ko‘rindi ochiq yoqda!
Buni ko‘rgach chinni chiroq
Lablarini tishlab qoldi.
Kulib turib sopol chiroq:
“Singlim, holing qalay?” – dedi…
1924-yil