Demangiz silki mashoyixlarni barpo qildi shayx...
Demangiz silki mashoyixlarni barpo qildi shayx,
Bal alarga o‘t qo‘yib, olamni rasvo qildi shayx.
Necha bir bema’niyu bo‘yni yo‘g‘onlarni yig‘ib,
Ahli ilm birla urush qilmoqqa g‘avg‘o qildi shayx.
Demangizkim, din rivoji-chun qilibdur xonaqoh,
Fosiqu mufsid, mufattinlarga yag‘mo qildi shayx.
Domi tazvirin yoyibdur, ko‘ngli el saydig‘a band,
Bas ajab makru riyolarni muhayyo qildi shayx.
Boyazidu siyrati iblisvash, surat uchun,
Elni ozdirmoq uchun talbis insho qildi shayx.
Hirsi misli ajdaho, komiga tortib barchani,
Ko‘r tama’sin, xotirin po‘rsho‘ru g‘avg‘o qildi shayx.
Dema shayx, albattadur ul devi mal’un chokari,
Chunki ul iblis amrin elga xo‘b jo qildi shayx.
Ne uchun bordur ani farmonida andoq asar,
Qut berib avvalda-oxir o‘zni porso qildi shayx.
Demakim shayxi zamondur, balki davron ofati,
Garchi yuz turlik karomatni huvaydo qildi shayx.
Ey Alamkash, shayxlarning dastidan dod uzra, dod,
Kim necha mo‘min-musulmonlarni tarso qildi shayx.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|