Demon (Iblis)
by Mixail Lermontov, translated by Usmon Nosir
334624Demon (Iblis)Usmon NosirMixail Lermontov

Birinchi bo‘lim

I

Quvg‘indi ruh, qayg‘uli Demon
Gunohkor yer uzra uchardi.
Mas’ud kunlar xayoli shu on
Ko‘z oldidan bir-bir o‘tardi:
Malak edi toza va ma’sum,
Xandon edi arshi-a’loda.

Hatto yulduz moviy samoda
Aylar edi unga tabassum.
Tashna boqar edi har zamon
Olov sayyoralar diyori,
Quyuq tumanlarning qo‘ynidan
Asta kechgan karvonlar sari.

U zamonlar, dargohi ulug‘
Xudovandni sevar, inonar
Edi. Na kin, na shubhasi bor
Bu baxtiyor va to‘ng‘nch maxluq!
Bekor, beburd kechgan asrlar
Vasvasaga solmagan, imon
Toza edi… Tag‘in nimalar…
Eslagani yo‘q edi imkon!

II

Jahon dashti ichra bevatan
Kezar sarson, quvilgan nabi.
Yillar o‘tar, yana yillarday
Navbat ketar, minutlar kabi.
Shod emas u, ki yerda xoqon
Fanoni der, istar farog‘at,
Shuning uchun har yerda, hamon
Zavq olmasdan, sochar sharorat.
San’atining cheki yo‘q ko‘kday,
Xohishiga qarshilik ko‘rmay
Shuncha kezdi, shunchalik yurdi…
So‘ng nihoyat, ko‘ngliga urdi.

III

Go‘zal Kavkaz osmoni — shisha,
Qanot qoqar jannat matrudi.
Pastda Kazbek. Unda hamisha
Qor yarqirar — olmos xududi.
Chuqur jarda ilon inidek
Girdob o‘rab ko‘rinar Daryol.
Elkasida ko‘pik—baroq yol
Xuddi sherday sakraydi Terek.
Uynoqi suv qo‘ng‘iroq chalar…

Tog‘ tepada kezgan jonivor
Ko‘kda uchgan parrandaki bor
Hammasi ham hayratda qolar.
Elkan kabi osmonda yuzgan
Engil qanot, oltin bulutlar
Uni birga olis janubdan
Shimol yoqqa kuzatib borar…

Zumrad daryo oqar to‘xtamay;
Tepasida buyuk qoyalar
To‘lqinlardan ko‘ngil uzolmay
Bosh solishib mudrab qolarlar.
Salqin Kavkaz darvozasida
Dev qorovul kabi balanddan
Minoralar tog‘ yoqasida
Chiroy bilan ochilgan edi.

Ammo, mag‘rur Iblis ko‘ngilsiz
Xayollari sochilgan edi:
Nafrat yog‘ar har nigohidan,
Tillarida achchiq haqorat,
Rozi bo‘lmay o‘z ollohidan
G‘azablanar edi u, faqat.

IV

Ko‘z o‘ngida bordi bir diyor:
Jannat kabi go‘zal Gurjiston.
Maysa-gilam yozgan vodiylar
Go‘yo chaman-chaman guliston.
Kumush kabi buloqlar jo‘shqin
Jimirlaydi tubida toshi…
Shalolar sachratgan uchqun
Balki, gurji qizining yoshi.
Qora sochi bamisli sunbul
Suluv qizlar muhabbatini
Gul shoxida o‘qiydi bulbul;
Marmar kabi musaffo tuni.
Quyuq soya tashlagan chinor,
Barglarini shabboda o‘ynar…
Jin gul bosgan jarda gohilar
Qo‘rqib-pisib yotar ohular…

Bunda sevgi, bunda shan hayot,
Yaproqlarning so‘nmas shovqini.
Ammo, bular hammasi, hayhot!
Qo‘zg‘atolmas Iblis zavqini.
Bunda ming xil yam-yashil giyoh,
Nafas olar, g‘uborsiz havo.
Bunda tinchlik o‘zi bir navo,
Lekin, Iblis nafratli, evoh!
Oy nurida marvarid kabi
Gul bargida shabnam yaltirar.
Gurji qizning ko‘zlari kabi
Ochiq ko‘kda yulduzlar yonar.
Yana shunday go‘zal tabiat
Buni asti xursand qilmadi.
Quvg‘in shayton, badarg‘a xilqat
Bu borliqni pisand qilmadi.
Toshday qattiq ko‘ngli yumshamay,
Tuyolmadi na quvvat, na his.
Neki ko‘rdi, sira xushlamay
Unga nafrat yog‘dirdi Iblis!

V

Qari Gudal o‘ziga atab
Keng, muhtasham hovli soldirdi.
Har toshida ming xasta — betob
Qullar qonli ko‘z yosh qoldirdi.
Qo‘shni toqqa sahardan tortib,
Ko‘lka tashlar baland devori.
Qoyadagi zinadan o‘tib
Yo‘l boradi sho‘x daryo sari:
Bu yo‘llardan har kuni bir bor
Elkasiga qo‘yib ko‘zani,
Engil ko‘chib go‘yo suzgani,
Aragvaga chiqardi xumor,
Yosh Tamara — Gudal nadrasi
Hilpirardi shohi chodrasi…

VI

U zo‘r qal’a tog‘ qirrasidan
Sukut bilan boqardi har choq.
Bukun bo‘lsa, surnay sasidan
To‘lib-toshgan har taraf, har yoq.
Qadahlarda toza musallas
Aks etadi qandili chiroq.
Jam bo‘lishgan yaqinu yiroq
Katta bazm: hamma mast-alast…
Bukun Gudal qizin to‘y etar,
Go‘zal Tamaraning nikohi.
To‘rda kelin, yashnab nigohi
Qizlar ichra oyni eslatar…
Uzoqdagi haybatli tog‘lar
Berkitdilar quyosh yarmini,
Chapak chalib, o‘ynab o‘rtoqlar
Ruhlantirar qizlar bazmini.
Avji o‘yin qizib turganda,
Childirmani oldi kelinchak—
O‘ynab ketdi… Har zarb urganda
G‘uncha yozar edi bir chechak.
Pirpiratib hilila yengin
Goh uchardi qushdan ham yengil.
Goh tinardi, suzuk boqardi,
Qoshlarini nozik qoqardi,
Goho asta bukpb tizzasin
Gilam uzra yo‘rg‘alab ketar.
Ilon kabi o‘ynab gavdasin
Har nigohni o‘zga band etar.
So‘ng, boladek kuladi o‘zi,—
Mash’aladek yonadi ko‘zi.
Bilmadimki, ba’zan kumush oy
O‘ynagani xafif, yumshoq nur
Hayot kabi, yoshlik kabi boy
Bu kulgiga qanday tenglashur?..

VII

Ont ichaman, tundagi yulduz,
Kun botishu, sharqning hurmati
Bunday go‘zal, bu kabi kunduz
Fusunkorni olam ko‘rmadi,
Na Eronning buyuk sultoni,
Na jaqonning biron xoqoni
Bu xil qizni ko‘rolmagan hech,
Bu xil ko‘zni so‘rolmagan hech!
Haramlarning muzdek chashmasi
Inju kabi suvlari bilan
Oy baravar bir karashmasi
Go‘zallarni juda ko‘p ko‘rgan.
Ammo, biron marta bo‘lsa ham
Saratonda dim va issiq kech
Bunday qomat, bundayin sanam
U suvlarda hopitmagan hech.
Dona-dona marjondek suvlar
Uni ko‘rmay o‘tganlarini,
Armon bilan ketganlarini
Ehtimolki, asti bilmaylar.
Jahon ichra kimsa bir marta
Sutday oydin xilvat tunlarda
Bunday sochni silay olmagan,
Bu xil labga iz sololmagan.
Ont ichaman, bu yorug‘ jahon
Ayrilgandan beri behishtdan
Bunday chiroy ko‘rmay, hech qachon
Ozmagandi aqldan-hushdan.

VIII

So‘nggi safar o‘ynar erka qiz…
Tog‘lar! Gudal mash’alasini,
Ozodlikning sho‘x bolasini
Balki, ko‘rolmassiz erta siz.
Tushirindi qilib ertaga
Olib ketar kuyov bir umr.
Hayhot! Qimga nozini qilur?
Qanday ko‘nar begona uyga?
U biladi. Ravshan diydasin
Nomuayyan shubha bosadi.
Ko‘tarolmay goho siynasin
Kalta-kalta nafas oladi.
Uning butun harakatlari
Ifodali, sodda-to‘pori
Xo‘p kelishgan edi o‘ziga.
Agar shu choq Iblis ko‘ziga
Tushib qolsa, mabodo, bu qiz
Tikilgancha qotib qolardi.
Eslab ketib o‘tmishni, yolg‘iz
Bir oh tortib, nafas olardi.

IX

Yohu! Iblis qizni payqadi,
O‘sha zamon sezdi hayajon:
Shirin bir kuy go‘yo biyobon —
Dashtday ko‘ngli ichra tarqadi.
U, yangidan muhabbat-sevgi
Chiroy sanamiga yo‘liqdi.
To‘ymay boqdi. Xayoli ezgu
Kechgan baxti bilan to‘liqdi.
Es kitobi varaq yozarkan,
Saodatli kunlari bir-bir
Yulduz kabi tizilib pir-pir
Zanjir kabi o‘tdi nazardan.
Bir gezli kuch bog‘lab chambarchars
Yangi g‘amga oshna bo‘ldi u.
Unda sezgi tilga kirdi, bas,
Qoplab oldi ufqni qayg‘u.
Tuydi sevgi halovatini:
Qayta yashash alomatimi?
Vasvasaga solgani qizni
Topolmadi aqlida mador.
Unutmoqmi? Yo‘q, Parvardigor
Bunday kuchni, bundayin hisni
Unga asli berganmas edi.
Berganda ham bu olmas edi.

X

Nikoh uchun oshiqar kuyov;
Qun botmasda yetib bormoqchi.
Sabri tugab ko‘nglida zo‘r dov,
Otga bosar ustma-ust qamchi.
Etib keldi bexavfu xatar
Aragvaning sohillariga.
Nortuyalar sohiblariga
Zanjir kabi ergashib qator,
Darmon ketgan kabi tizidan
Bitta-bitta ko‘char izidan.
Yuki og‘ir… Bu katta karvon
Olib kelar qayliqqa ehson.
Jangur-jungur o‘ynar qo‘ng‘iroq,
Hali manzil olis, ko‘p yiroq…
Senodalning hokimi o‘zi
Qelar karvonning bo‘lib ko‘zi.
Belda kamar, qilich va xanjar,
Jim-jim etar oftobning tig‘i,
Elkasida osig‘liq — ham zar,
Ham tilladan guldor miltig‘i.
Qimmat baho chakmon egnida.
Shamol o‘ynar barin qo‘ynida.
Shohilardan tuzalgan egar;
Guldor yugan toy bo‘ynin egar.
Tuxum kabi sag‘ri gupurgan,
Go‘yo, birov unga suv purkkan;
Tezob, abjir, tusi bebaho
Asl saman, go‘yoki tillo…

Qorabog‘ning sho‘x yugurdagi
Qulog‘ini chimirar hamon,
Vahimaga to‘lib yuragi
Ko‘z tashlaydi to‘lqinlar tomon:
Tor va xavfli ingichka bu yo‘l
O‘ng tomoni chuqur daryo, jar,
Qirra toshli buyuk qoya — so‘l,
Har minutda kutar bir xatar.
O‘zi ham kech. Qorli cho‘qqida
Shafaq o‘chay-o‘chay deb turar.
Tuman bosdi. Tog‘lar uyquda…
Karvon picha tezlab yo‘l yurar.

XI

Yo‘l ustida kichik bir daxma,
U daxmada ko‘hna bir mazor,
Dushman qo‘li bilan ming laxma
Bo‘lgan qandaydir knyaz yotar.
Uni endi avliyo deylar,
Haqiga yuz ming duo deylar.
U yo‘llardan bironta yo‘lchi
Yo hayit, yo jang ketar bo‘lsa,
O‘sha yerda dam olib pichi
Unga ibodat etar bo‘lsa,
Saqlanardi musulmonlardan:
Xanjaridan, to‘kar qonlardan.
Ammo, botir yurakli kuyov
Istamadi bu ibodatni,
Buzdi — go‘yo o‘chakishgan yov
Bobolari qilgan odatni.
Chunki, Iblis aldadi uni,
Xayolini aynitdi qo‘ymay:
U, o‘yida, go‘yo tinch tuni
Qaylig‘ini o‘pardi to‘ymay.
Yohuv! Kimning sharpasi bo‘ldi,
Ro‘baro‘dan, tog‘ oldi qirdan
Ikki soya ko‘rindi birdan,
O‘q chaqnadi. Vahima to‘ldi.
Jasur knyaz churq etmadi ham,
Uzangida tip-tikka turdi.
Papog‘ini bostirdi, shu dam
Uchar otga bir qamchi urdi.
Qo‘lida turk qilichi yondi,
Burgut kabi olg‘a tashlandi.
Yovvoyi dod, bo‘g‘iq bir fig‘on
Tutdi butun vodiyni shu choq.
Uzoq davom etmadi. Bu on
Gurji erlar qochdi tumtaroq.

XII

Yana tinchlik bosdi vodiyni.
Yolg‘iz, qonli murdalar yotar.
Yo‘lchilarning aylab yodini
Mo‘ltir-mo‘ltir tuyalar boqar.
Talon bo‘lgan katta boy karvon
Moldan asar qolmagan sira,
Xristianlar o‘ligi uzra
Qora qushlar uradi javlon.
Shaxid o‘lgan bechoralarni
Otalari yotgan mozori
Chorlamaydi. Bechoralarni
Qimga yetar fig‘onu zori?
Aza tutib, uzoqdan — ulib
Onalari kelmas boshiga.
Olam to‘lib qonli yoshiga,
Singillari turmas oh urib.
Qabrlari teppasida hech
Sham yoqilmas sahar, kunduz, kech.
Ammo, biron muruvvatparvar
Yodgor etib o‘tqizar bir but.
Osmonida yig‘lar oq bulut,
Atrofida gul o‘sar par-par.
So‘ngra bundan yurar yo‘lovchi
Befotiha o‘tib ketolmas.
Uzoq yo‘lda bo‘lmay iloji
Bu yerlarda dam olur birpas.

XIII

Bug‘u kabi tez uchar saman
Xuddi jangga oshiqqan kabi.
Ko‘zi soqqa kabi o‘ynagan,
Pishqiradi, titraydi labi.
Tog‘lar bo‘yi sakraydi goho,
Tuyog‘idan yeldirim chaqnar.
Shamol nedir tinglaydi.
Go‘yo guv-guvida vahm siri bor.
Eli chalkash bo‘lib pirpirar
Hushsiz, xuddi o‘qday yugurar.
Ot ustida chalqancha tushib,
Go‘yo, sovuq yeldan uvushib
Yo‘lchi yotar: oqargan rangi.
Oyog‘ida mahkam uzangi
Shilq etadi, otning yoliga
Bo‘yni tushar, boqmas yoniga.
Yugan tushgan uning qo‘lidan,
Jilov tortmas otning yo‘lidan.
Silon yopg‘ich shunday qizil qon,
O‘ng qon, so‘l qon, hatto ufq qon.
Ey chopong‘ich, abjir, qush qanot,
Kamon yoyi kabi uchgan ot,
Bahodirdek shart yorib jangni
Omon saqlay deding xo‘jangni,
Ammo qanday yozug‘ bo‘ldi bu,
Osetin o‘qiga uchdi u!

XIV

Gudal uyi botdi azaga
Yig‘i dodi chiqdi fazoga,
Eshigida odam yig‘ilgan.
Kuyib-pishib bunda yiqilgan
Kimning oti? Bu bechora kim?
Hatto, osmon javob bermas, jim!
Yuzlarida vahima-vahshat
Izlari bor, qo‘rqinch va dahshat!
Usti-boshi, yarog‘lari qon,
Boshi, ko‘zi, oyoqlari qon…
Ot yolini siqimlab qo‘li,
Behush qotib qolgan bir yo‘li.
— Sho‘r peshona, baxtsiz kelinchak
Ma’tal bo‘lib kutganing keldi,
Ko‘yida qon yutganing keldi.
Ammo senga qanday kulajak
Bir umrga yumilgan ko‘zlar?
Axir, taqdir senga ne ko‘zlar?

XVI

Bekami-ko‘st tinch oilani
Chaqmoq kabi bosdi bu kulfat.
Ko‘nglini yeb qayg‘u iloni
Musibatga bo‘ldi qiz ulfat:
Qonli yoshga aylanib qalbi
Tomchi-tomchi oqdi ko‘zidan.
Dami og‘ir… ketdi o‘zidan…
Go‘yo, boshi ustida kabi
Sochi to‘zib yotgan o‘rnida
Eshitilganday bo‘ldi bir nido:
«Qo‘y, yig‘lama! Bekor bu yaxlit
Koshki, ko‘zni yoshi sob bo‘lsa,
Koshki, hayot shabnami taxlit
Yoshing murda uzra to‘kilsa.
Yo‘q! U faqat ravshan ko‘zingni
Tuman kabi qoplab olajak.
Anor kabi shu qiz yuzingni
Misday qilib o‘tda yoqajak.
Yoring bo‘lsa uzoqda, bilmas
Sening chekkan ohu zoringni.
Endi samo nurlari tinmas
Va erkalar nomizodingii.
U jannatda qo‘shiqlar tinglar…
Bu — hayotning bachkana tushi,
Bir g‘aribning fig‘on, nolishi
Behisht mehmoniga ne denglar?
Yo‘q, bu qazo asli qismatdir,
Inon menga, dunyo malagi.
Arzimaydi, ko‘zingni art, tur,
Yig‘lamoqning yo‘qdir keragi.

«Samo xuddi bir dengiz,
Darg‘asi yo‘q, beelkan.
Uchar hisobsiz yulduz
Tumanlarning qo‘ynidan.
Cheksiz ko‘m-ko‘k vodiyda
Parcha-parcha bulutlar
Iz qoldirmay ortida
Erkin qanot qoqurlar.
Ularga hijron, visol
Na g‘am, na sevinch bermas.
Kelajagi orzusiz,
O‘tmish uchun achinmas.
Bebaxt bo‘lgan chog‘ingda
Ularni yodingga sol,
Benasib va qaydsiz
Yashashni o‘rganib ol!»

«Baxmal kabi yumshoq qora tun
Kavkaz cho‘qqisini olganda,
Shirin so‘zli fusunkor ochun
Jimib uyqusiga tolganda,
Sho‘x va yengil yel yurib tog‘da
Maysalarni o‘ynagan chog‘da,
Parrandalar bezovta bo‘lib,
Gur uchganda vahimga to‘lib,
Tok tagida gullar to‘yguncha
Shabnam shimib, ochganda g‘uncha,
Tog‘ ketidan oltin oy sekin
Ko‘zlaringga nur quysa tekin,
Uchib borar bo‘ldim oldingga
Sahargacha mehmon bo‘lgali,
Ipak kabi kipriklaringga
Jindakkina orom bergali…»

XVI

Borgan sari pasayib asta
Uzoqlarda tindi bu tovush.
Irg‘ib turdi nigohi xasta,
Atrofiga boqdi qiz xomush.
Ko‘kragidan bosdi iztirob,
Qayg‘u bilan qo‘rquv birlashdi.
Cho‘chidi-yu, birdan qaltirab
Tuyg‘ulari gupurdi, toshdi.
Qafasidan chiqdimi joni,
Vujudini yondirdi olov?
Unutolmay ajib nidoni,
Qiynaladi. Yo‘qmikan ayov?
Sahar payti charchagan ko‘zlar
Shiringina hey… uxlab ketdi.
Ammo, payg‘ambarona so‘zlar
Xayolini shart qulflab ketdi.
Chiroyining ta’rifi behad
Namuayyan, soqov kelgindi
Qiz oldida boshini egdi,
Yangi oydek bo‘lib sarvi qad.
Nigohida chunon ham vafo,
Chunon mehr, chunon muhabbat
Bilan xafa boqardi, go‘yo
Qizga achinganday u xilqat.
U na malak, na boshqa edi,
Na bu qizni qo‘riqchi pari
Boshi uzra yashnamas edi —
Qamon nurlaridan chambari.
U do‘zaxi ruh emas. Yonur.
Quvg‘in shayton emas edi — yo‘q!
Pok oqshomga o‘xshardi to‘liq,
Na kun, na tun, na zulmat, na nur!..

Ikkinchi bo‘lim

I

«Qo‘y, otajon, meni qo‘rqitma;
Tamarangni urishmagin, bas.
Men yig‘layman, ko‘rgin… unutma,
Qi, bu yoshlar birinchi emas.
Olislardan kuyovlar bizga
Oshiqadir behuda, bekor.
Bu el to‘lib yotibdi qizga!
Men hech kimga bo‘lolmayman yor!
O, so‘kmagin, so‘kma, otajon:
Qo‘rib turibsanki, kundan-kun
Quzgi bargdek yuzlarim so‘lg‘in;
Yovuz og‘u ayladi qurbon!
Qarshi turib bo‘lmaydigan vahm —
Bilan makkora ruh qiynaydi,
Meni halok etadi… qil fahm,
Achin! Nahot, ko‘zing qiymaydi?!
Aqli aynib qolgan qizingni.
Hasratimni to‘kay xudoga,
O‘zi saqlar bu yulduzingni.
Mening uchun bu dunyo ichra
Vaqtichog‘lik qolmadi sira.
Qo‘y, ertaroq bag‘riga olsin,
Tobut kabi u qora hujra…»

II

Uni xilvat bir monastirga
Eltib qo‘ydi qavmi-qarindosh,
Qo‘pol qildan bo‘lgan usti-bosh
Yosh ko‘krakni botirdi terga.
Baribir, naf bermadi biror
Rohibalik usti-boshi ham.
Yana o‘sha: xayoli — mubham,
Avvalgidek ko‘ngli beqaror.
Baribir, u hiylakor nido
Yo, sham yongan mehrob yonida,
Yo sajdaga qo‘yganida bet,
Eshitilar hamon ketma-ket…
Ba’zan qora gumbaz ustida
Beiz, tovush chiqarmay sira,
Ko‘rinardi u qiz qasdida
Engil tutun qo‘ynida xira.
Yulduz kabi nurlanar edi;
Aldab, qayga imlanar edi?

III

U monastir, ikki yog‘i tog‘
Salqin yerda o‘rnashgan edi.
Terak, chinor — g‘ujum ko‘k yaproq
Atrofida o‘ynashgan edi…
O‘shalarning qo‘ynida gohi,
Oralikka inganda kecha,
Ko‘rinardi to tong otguncha
Oynasidan tanho yotog‘in —
Jimillagan xasta nigohi
Yosh gunohkor qizning chirog‘in:
To‘rt atrofda, salqin soylarda
Tilsizlikdan qurigan sho‘ri,
Sag‘analar qorovuli but,
O‘lik kabi saqlab bir sukut
Qatorlashib yotgan joylarda
Boshlanardi qushlarning jo‘ri.
Toshdan toshga sakrab to‘ymagan,
Qo‘ng‘iroqlar chalib o‘ynagan,
Oploq to‘lqin urgan buloqlar,
Pastga tushib, go‘yo o‘rtoqlar
Hammasi bir bo‘lishib, gullar —
Orasidan oqib guvillar…

IV

Shimol yoqdan ko‘rinar tog‘lar,
Ertalabki shafaq nurida
Vodiylarning qo‘yni to‘rida
Ko‘kish tuman erigan choqlar,
Yuzin qibla tomon o‘girib
Chaqirganda muazzin azon,
Qo‘ng‘iroqning savti o‘kirib,
Manostirni uyg‘otgan zamon,
Yosh gurji qiz tikka tog‘lardan
Ko‘za olib suvga tushganda,
Gul g‘unchalar ochgan bog‘lardan
Parrandalar ko‘kka uchganda,
Kumush qorli yuksak cho‘qqilar
Aks etardi tiniq osmonda,
Kechga yaqin, quyosh botganda
Qizil nurga cho‘mardi ular.
Hammasidan baland va mag‘rur
Bulutlarni yorib, tepadan
Oq sallali, yo‘l-yo‘l to‘n bilan
Kavkaz shohi — Kazbek ko‘rinar.

V

Ammo, bunday toza masarrat
Kirmas edi qiynalib yotgan
Gunohkorlik o‘yiga botgan
Tamaraning ko‘ngliga albat,
Olam unga begona edi.
Undagi bor narsalar butun
Azob uchun bahona edi —
Ham oppoq tong, ham qorong‘u tun.
Er yuzini bosganda tinchlik,
Mizg‘imasdan kechalar bo‘yi,
But oldida yiqilgan ko‘yi,
Hushdan ketib yig‘lardi sho‘rlik.
Ho‘ngir-ho‘ngir yuksalgan yig‘i
Go‘yo daydi o‘g‘rining tig‘i
Qo‘rqitardi tungi yo‘lchini.
Vahim qilib, bilmay tinchini
«Bu — g‘orlarda bog‘liq alvasti
Chekkan fig‘on»! deb o‘ylardi u.
Qulog‘ini olmasdan asti
Horgan otnn tezlar edi: chu!

VI

G‘am-hasratga botgan Tamara
Derazaning tagida tanho,
Xayollarga cho‘milib goho,
O‘tiradi yig‘lab bechora.
Uzoqlarga tashlaydi nigoh,
Tun bo‘yi hech tinmay kutadi…
Kimdir unga deydi: keladi!
Chidolmasdan tortadi u oh.
Qayg‘ularga to‘lgan ko‘z bilan,
Ajib, shirin, yumshoq so‘z bilan,
Bekorlarga ko‘rinmagan u,
Bekor erka qilmagan uyqu.
Ko‘pdan beri orziqardi qiz.
Avliyolar uchun cho‘ksa tiz,
Ko‘ngli hamon unga ketganin,
O‘zi bilmay nega ekanin,
Charchab, tolib og‘ir kurashdan
Orom olay desa biron pas,
Bolish botar — bo‘lib otashdan
Kuydiradi, ololmay nafas.
Sachrab turib, qaltiraydi qiz
Go‘yo ishqi tundagi yulduz,
Ko‘ksi, butun tani yonadi,
Nafas qisar, ko‘zida tuman,
Tashna quchoq birdan qonadi,
Labda bo‘sa eriydi shu on…
. . . . . . .
. . . . . . . .

VII

Choyshab yozdi shom qorong‘usi
Gurjistonning tog‘u toshiga,
Keldi Iblis toshib tuyg‘usi
Monastirga — qizning qoshiga.
Lekin, unga xalal bergali
Botinolmay gangidi uzoq.
Tayyor edi u, go‘yo, shu choq
Yovuz niyatidan kechgali.
Ne qilishni bilmay, tentirab
Kezdi devor ostida sokin.
Havo tip-tinch. Shamol yo‘q. Lekin
Barglar undan qo‘rqdi dildirab…
Ko‘z tashladi tepaga asta;
Terazani lampa yoritar.
U angladi shunda birpasda:
Qiz kimgadir ko‘pdan ko‘z tutar!
Ana, chingar* jaranglab ketdi,
Eshitildi kuylagan ovoz.
O, u, qanday shirin, latif soz,
Zarbi ko‘ngil tubiga yetdi…
Xuddi ko‘z yoshidan birma-bir
To‘kildi u tovush, to‘kildi…
Muncha notinch yurak qurmag‘ur:
Bardosh tugab, choki so‘kildi.
U ashula shunday soz edi,
Shunday yumshoq dilnavoz edi,
Ki yer uchun atalib, go‘yo
Ko‘kda to‘qilgan ovoz edi.
Unutilgan do‘st bilan yana
Ko‘rishmakni ixtiyor etgan,
Tunni xilvat topganu, pana —
yo‘llar bilan bu yerga yetgan
Biron malak emasmikan bu?
Shunda Iblis eng birinchi bor
Muhabbatning dardini tuydi…
Nola chekib dili zoru zor,
Ishq o‘tida lovillab kuydi.
Qo‘rqib, jilmoq bo‘ldi bu yerdan…
Qanotini ko‘tarolmadi!
Ajab! Quruq ko‘zidan birdan
Yoshi oqdi… Hech chidolmadi…
O‘sha joyda haliga qadar
Odam yoshi emas, o‘sha yosh,
O‘sha o‘tdek yosh kuydirgan tosh,
Yakka, qora, kuygan tosh yotar…

VIII

Qizni sevar bo‘lib kirar u
Marhamatli dil bilan shu choq;
Vaqti yetdi, kutilgan orzu
Ushaldi deb o‘ylab, xush dimog‘,
Shu payt uning g‘ururli qalbi,
Birinchi bor uchrashar kabi,
Intizorlik qaltirog‘ini,
Lol va majqul sir qiynog‘ini
Angladi… Bu qo‘rqinch hol edi,
Yomon tasodifga fol edi.
To‘g‘ridan ham, kirsaki, unda
Nur kiyingan jannat elchisi,
Ul gunohkor qizning soqchisi
Malak yashnab turardi tunda.
Shu choq qizni aylab sarishta,
Qanotiga olib farishta,
Asradi u yovuz dushmandan.
Pok iloqiy nurlar shu ondan —
Kir nigohni ko‘r qildi butun;
Iblis ko‘zin qopladi tutun…
Shunda shirin salom o‘rniga
Og‘ir itob eshitildi unga:

IX

«Ey niyati buzuq ruh, tunda
Qim chaqirdi seni, ayt menga!
Senga muxlis kishi yo‘q bunda,
Ko‘p erkinlik berma qaddingga.
Haligacha bu yerda birpas
Yovuzlik hech olmamish nafas.
Mening ishqim, pok sanamimga
Sola ko‘rma qora izingni.
Qet! Uchirgim men yulduzingni,
Saqlanib qol!»
Va Iblis unga
Taqqir bilan jilmayib boqdi;
Nigohini rashk o‘ti yoqdi;
Qaytalabdan o‘tli dilidan
Eski nafrat zahari oqdi.
«U meniki!— dedi riyokor,—
Qiz meniki! Uni qoldir, bas!
Kech qolding sen ey, himoyakor
Men va unga sen hokim emas!
Qizning g‘urur to‘la ko‘ngliga
O‘z muhrimii bosib qo‘yganman:
Sen ket, bunda men o‘zim ega,
Men hukmron, uni sevganman!»
Shunda malak g‘amgin ko‘z bilan
U bechora qizga bir boqdi;
Qanotini ohista qoqdi,
So‘ngra g‘oyib bo‘ldi ko‘zlardan…

X

T a m a r a

O! Sen kimsan, so‘zlaring tubsiz,
Do‘zax yubordimi, yo jannat
Ne istaysan?

D ye m o n

Sen go‘zalsan, qiz!

T a m a r a

Gapir, kimsan? Javob ber, anglat!

D ye m o n

Men u menki, sen yarim tuni
Quloq solib tinglading uni.
Uning fikri oldi hushingni,
Uning dardin anglagan bo‘lding.
Uning o‘yi bilan liq to‘lding.
U band etdi o‘ngu tushingni.
Men u menki, e go‘zal pari,
Kimsa sevmas, achinmas uni.
Qullarimga men yerda ofat,
Ozodlik va idrok shohiman.
Men — malaklar, ko‘klarga dushman,
Tabiatga yovuz kasofat.
Lekin, mana, boq: dog‘ingda men,
Tuproq kabi oyog‘ingda men!
Mvn keltirdim egib boshimni
Ishqing mayin ibodati-la,
Eng birinchi yer azobi-la,
Eng birinchi to‘kkan yoshimni,
Qabul ayla, ol go‘zal, buni,
Yorit umrim saodatini.
Quloq solgil ohu zorimga:
Birgina so‘z bilan meni sen
Yana ko‘kka qaytarolasan,
Ey parizod, qizg‘an holimga;
Ishqing ezgu libosin kiyib,
Yovuzlikdan dilimni tiyib,
U dargohda porloq nur kabi,
Yangi malak, yosh bir hur kabi
Qayta yashar edim men u chog‘,
Rahming kelsin, ahvolimga boq,
Yalinaman, tinglagil meni,
Asiringman, sevaman seni!
Seni avval bir yo‘l ko‘rdimu,
Ajalsizlik, hokimligimga
O‘tli nafrat, qarshi bir tuyg‘u
Chaqmoq kabi tushdi dilimga.
Beixtiyor yerning yarmi g‘am-
Shodligiga hasad qildim men:
Senday yashash istadim men ham,
Sensiz uni fano bildim men.
Qonsiz qalbim jimirlab ketdi,
Umidli nur jonlandi unda.
Bir dard eski yara tubida
Ilon kabi qimirlab ketdi.
Sensiz nima bu abadiyat?
Sensiz nima menga mulk, niyat?
Quruq so‘zdir, tutmas asodir,
Xudosi yo‘q keng kalisodir.

T a m a r a

Ey makkor ruh, chekil ey beor,
Inonmayman dushmanga, yo‘qol!
Parvardigar… Hayhot! Bu ne hol!
Sig‘ingani yo‘q menda mador…
Halokatli og‘u boshimni
O‘rab olmish, to‘kar yoshimni!
Ey hiylakor, ne kerak senga?
Tingla, meni xarob etasan!
So‘zing otash, zahardir menga,
Gapir, nechun meni sevasan?

D ye m o n

Ey go‘zal qiz, nechunmi? — Hayhot,
Bilmam!.. Yangi hayotga to‘lib,
Yangi ishqning asiri bo‘lib,
Senda ko‘rib baxtimga najot,
Jahannamning og‘ir toshini
Jinoyatli boshimdan otdim,
Hechga butun o‘tmishni sotdim.
Kel, dardimning qil ilojini.
Shu qop-qora ko‘zlaring malak
Ham do‘zaxim, ham jannatimdir.
Quvg‘undini etma ko‘p halak,
Olov tushgan qalbini tindir.
Tingla meni, ishon, rost bilan
Bu yerda yo‘q ehtiros bilan
Seni shunday sevamanki men,
Asti bunday sevolmaysan sen:
Barcha o‘yim, barcha niyatim,
Ochiq ko‘nglim va hamiyatim,
Sha’nu shavkat, hukmdorligim,
Butun umrim, butun borligim —
Hayotim-la sevaman, go‘zal!
Yuragimga surating azal
O‘rnatilmish edi ilgari.
Ajralmasdan mendan hech qachon
Ko‘z oldimda yashnab u hamon
Birga yurgan edi, ey pari!
Bu shirin nom azal bor edi:
Ko‘pdan menga hayajon solib,
Kecha-kunduz hushimni olib,
Qulog‘imda jaranglar edi.
Mas’ud kunlarimda jannatda
Sen bilan men edim furqatda.
Oh, agar sen bilsaydingki, qiz,
Butun umr — asrlar beiz,
Huzur qilish va azob chekish,
Yovuzlikka maqtov kutmaslik,
Yaxshilikka ehson ko‘rmaslik,
O‘zing uchun yashash, entikish,
Bu abadiy kurashda yana
Bekelishuv va betantana
Kun o‘tkazish — qanday og‘ir ish!
Ham achinish, ham achinmaslik,
Har narsani anglash va sezish,
Hech narsani ko‘zga ilmaslik,
Hammasidan tahqir-la bezish!..
La’natini yog‘dirib xudo,
Dargohidan aylagach judo,
Tabiatning quchog‘i butun
Muzday sovub qoldi men uchun.
Ko‘z oldimda yastanib shunda
Moviylandi koinot; unda
Ko‘pdan menga tanish, ziynatdor
Sayyoralar to‘pini ko‘rdim.
Oltin toj-la uchardi ular;
Oh, ne xo‘rlik, baridan so‘rdim,
Hech bittasi nazar solmadi
Eski do‘stni taniy olmadi.
Shunda qahrim kelib ularni,—
O‘zim kabi quvg‘undilarni
Ro‘baro‘ chaqirdim. Biroq,
U yovuz yuz, yovuz ko‘zlarni,
Evoh! Taniy olmadim u choq.
Bu ahvoldan qiynaldim yomon;
Vahimaga to‘lib shu zamon,
Qanotimni silkib yo‘l oldim.
Qayga? Nechun? O‘zim bilmasdan,
Eski do‘stlar ko‘zga ilmasdan,
Unutdilar… Men yakka qoldim:
Shundan keyin jahon men uchun
Behisht kabi tor o‘ldi butun,
Oqimning hur istagi bilan
Borar joyin manzilin bilmay,
Besukunu hamda beelkan
Oqib ketayotgan kemaday;
Gohi paytlar saharda yolg‘iz
Ko‘k gumbazda qorayib yurgan,
To‘rt tarafga o‘zini urgan,
Xudo bilsin, qaydan, qay sari
Tinim bilmay bemaqsad, beiz
Uchgan bulut parcha singari
Men ham uchar edim beqaror
Hamdam izlab o‘zimga zor-zor!
Insonga ko‘p hokim bo‘lmadim,
O‘rgatmadim gunohlarga ko‘p.
Yaxshilikni tamom xo‘rladim.
Odillikni yerga urdim xo‘p,
Uzoq emas… Toza imonning
Alangasin o‘chirdim oson…
Mehnatimga arzirmi hech on
Ahmoq, munofiqi insonning?
Men qiynaldim, jahondan bezdim,
Tog‘lararo berkinib kezdim,
Xuddi ko‘kdan otilgan yulduz —
Tun qo‘ynida daydidim yolg‘iz.
Tanho yo‘lchi tunda yiroqdan
Makrim bilan bir o‘t ko‘rardi,
Otini tez unga burardi.
Borib-borib baland qirg‘oqdan
Jahannamga to‘ntarilardi,
O! Bekorga faryod qilardi,
Jar toshlari botardi qonga…
Parcha-parcha bo‘lgan insonga
E’tiborsiz kulib boqardim,
Shodlanardim, qanot qoqardim
Ammo tezdan g‘azabning qora
Bu o‘yini yoqmasdan qoldi,
Qon sayridan ko‘zlarim toldi!
Men isyonkor tabiat aro
Dil zorini bosmoqchi bo‘lib,
Buzuq o‘ydan qochmoqchi bo‘lib
Unutilmas narsalarni ham
Unutmoqqa ont ichib mahkam
Bor olamdan tamom jirkanib,
Kuchli bo‘ron bilan urushda
Chaqmoq, tuman ichra burkanib,
Quyunlarni o‘ynab burishda
Bulutlarning ustida uchdim,
Qeng fazoning qo‘ynini quchdim,
Kelib ketgan hamda kelgusi
Odamlarning barcha qayg‘usi,
Barcha mehnat, barcha kulfati,
Barcha chekkan g‘am, uqubati,
Hammasini jam qil o‘zingga;
So‘ngra mening hali so‘lmagan,
Olam unga iqror bo‘lmagan,
Tanilmagan zo‘r azobimdan
Bir lahzani keltir ko‘zingga…
Ular nima bunga nisbatan?
Odam nedir? Nedir ish, umri?
Kelib ketgan va kelib ketar…
Umid borki, hukmdor tangri
Hukm etsa ham, afv eta olar!
Mening qayg‘um bo‘lsa muttasil,
Shu yerdadir, hech qachon o‘lmas,
U men kabi abadiy, asl,
Mendek uning oxiri bo‘lmas!
U ajralmas, men bilan yashar,
Goh ilondek o‘ynar, to‘lg‘anar,
Goh olovdek kuydirib yonar,
Goh tosh kabi fikrimni bosar,—
O‘lgan umid, o‘lgan ehtiros
Qabridir u. Asti buzilmas!..

T a m a r a

Qayg‘ularing ne kerak menga?
Bas qil dedim, bas dedim senga,
Gunohkorsan…

I b l i s

Sengami, hur hiz?

T a m a r a

Eshitarlar…

I b l i s

Tanhomasmi biz?

T a m a r a

Xudoyim-chi?

I b l i s

Bizni ko‘rmas u,
Ko‘k bilan band, yerni so‘rmas u.

T a m a r a

Jazolar-chi, do‘zax o‘ti-chi?

I b l i s

Hech gap emas, tinglagin picha,
Sen sazomni urmasang yerga
Do‘zaxda ham bo‘larmiz birga.

T a m a r a

Ey tuyqusdan yo‘liqqan do‘stim,
Kim bo‘lsang bo‘l, baribir jo‘shdim,
Rohatimni mangu yo‘qotib,
Ajab majqul farrahga botib,
Ixtiyorsiz tinglayman seni.
Agar bordi aldasang meni,
So‘zing yolg‘on bo‘lsa mabodo…
Bu na sharaf! Rahm et ey xudo.
Mening ko‘nglim senga ne kerak?
Sen ko‘rmagan barcha qizlardan,
Chiroy shohi u yulduzlardan
Nahot, ko‘kka men qimmatliroq?
Ular, hayot! Hammadan go‘zal,
Ta’rifi yo‘q gul chiroylarin
Erdagidek qizlik joylarin
O‘lim qo‘li buzmagan azal.
Yo‘q! Sen menga qasamyod ayla,
O‘ylaringdan kech, barbod ayla,
Ko‘rasanmi g‘am chekaman men;
Xotin hissin ko‘rmoqdasan sen!
Yuragimda shubha bor senga…
Ammoki sen barchasin tuyding,
Hammasini bilasan, suyding,
Rahming kelar albatta menga!
Ont ich… yovuz bisotingdan kech,
Va’da bergin, inontir, uqdir.
Nahot, bo‘lak buzilmagan hech
Na bir qasam, na va’da yo‘qdir?

I b l i s

Ont ichaman xilqatning boshi,
Hamda uning so‘ng nafasi-la,
Jinoyatning uyatli toshi,
Haqiqatning tantanasi-la!
Ont ichaman zafar orzusi,
Inqirozning qayg‘usi bilan,
Vasling bilan hamda bo‘lg‘usi
Dardli hijron qo‘rquvsi bilan;
Ont ichaman mute’ ruhlaru,
Do‘stlarimning taqdirlari-la,
Menga dushman malaklarning u
Qonsiragan shamshirlari-la;
Ont ichaman ko‘k-la, do‘zax-la;
Er sanami san-la, va haq-la,
Sening so‘nggi bir nigohingu,
Eng birinchi yoshing, ohingu,
Lablaringning gul damlari-la,
Ipak soching buramlari-la,
Ont ichaman aysh-la, kulfat-la,
Ont ichaman bor muhabbat-la,
Eski o‘chdan tamom voz kechdim,
Kechdim mag‘rur o‘ylar bahridan.
Bundan bu yoq makrim zahridan
yo‘ldan ozib qiynalmas hech kim!
Endi osmon bilan kelishmoq,
Sevmoq, sig‘inmoqni istayman,
Endi ezgulikka erishmoq,
Unga inonmoqni istayman,
Endi butun bu olamdagi
Kasofati ruhimni quvay:
Ko‘z yoshim-la peshonamdagi
Ko‘k otashin izlarin yuvay;
Qo‘y, bu dunyo tinch va voqifsiz
Chechaklansin, gullasin mensiz!
O! Ishongil; shu zamongacha
Visolingga yetishib, seni
Anglay olgan faqat mengina.
Oyog‘ingga — hokimligimni,
Erku, ishqu to imongacha
To‘kib solgan faqat mengina.
Ishqingni qiz, hadyadek bukun
Men kutaman; ayla hamiyat:
Bir marhamat, bir oning uchun
Qurbon senga bu abadiyat.
Yo‘llaringda ey toza sanam,
Ovoraman, qalbi kuyukman.
G‘arazdagi kabi ishqda ham
Vafodorman, inon, buyukman.
Falaklarning ozod o‘g‘liman,
Seni ko‘kka olib ketaman,
Bu jahonga xoqon etaman,
Eng birinchi yorim bo‘lursen.
O‘sha yerdan, ey go‘zal pari,
Go‘zalligi umrsiz bo‘lgan,
Jinoyatga, o‘limga to‘lgan,
Na sevgida va na nafratda
Betahlika yasholmaydigan
O‘z nafsidan osholmaydigan,
Mayda ehtiros-la g‘aflatda
Qolganlarning makoni — yerga;
Razolatu, g‘am koni— yerga
Qizg‘anmasdan nazar solarsan,
Nafrat bilan o‘yga to‘larsan.
Bilmaysanmi haliga dovur
Odamlarning ishqi neligin?
Qon mavjidir, bilmasang — bilgin,
Lekin, kunlar o‘tar, qon sovur.
Ey go‘zal yor, javob ber menga,
Ayrilliqqa, ko‘z yoshlaringga,
Yangi chiroy aldashlaringga,
Xayollarning xohish, zrkiga,
Horg‘inlikka, xafalikka, kim —
Jindek qarshi turalar? — Hech kim’
Yo‘q! Sen uchun, ey, sevimli yor,
Tor doira ichra lolu zor
Kundosh dag‘allikka qul bo‘lib,
Qayg‘u bilan hasratga to‘lib,
Yuraksiz va sovuq insonlar,
Mug‘ombir do‘st, yozuz dushmanlar,
Samarasiz tilak, qo‘rquvlar
Bo‘sh va og‘ir mehnat, qayg‘ular
Orasida gulday so‘lishni,
Bekorlarga xarob bo‘lishni
Taqdir azal yozmagan aslo,
Bunday lahad qazmagan aslo.
Baland devor ostida g‘amgin,
Odamlardan, xudodan nari
Ibodat-la axtarib taskin
Beehtiros so‘nmaysan pari.
Yo‘q! Yo‘q! Seni, ajoyib xilqat,
Boshqa olam, boshqa bir qismat -,
Boshqa azob, boshqa hayajon —
Kutmakdadir, sen menga inon,
Tashla eski orzularni sen:
Unut uning har narsasini,
Evaziga ochib beray men
Mag‘rur idrok darvozasini,
Menga tob’i ruhlarni butun
Oyog‘ingga cho‘ktirayin tiz,
Sehr to‘la malaklardan qiz,
Joriyalar beray sen uchun,
Senga atab Sharq Yulduzidan
Oltin jig‘a uzib berayin,
Shabnam terib gullar yuzidan
U jig‘aga tizib berayin.
Kun botishning la’li nuridan
Bo‘ylaringga bog‘ichlar o‘ray,
Atrofingda havolarni man
Xushbo‘y nafas bilan to‘ldiray.
Qulog‘ingni ajib kuy bilan
Sira tinmay erkalatay men,
Firuzadan, qahrabolardan
Koshonalar tayyorlatay men.
Dengizlarning tublarin quchay,
Bulutlardan balandga uchay,
Er ne’matin senga tutay qiz,
Farmoningga yig‘lab cho‘kay tiz,
Sevgin meni!..

XI

Va u ohista
O‘tday yongan lablari bilan
Qizning xuddi xandoni pista
Lablariga yopishdi birdan.
Qiz yalindi. Yolg‘on so‘z bilan
Aldadi u, ishontirdi u;
Yonib turgan kuchli ko‘z bilan
Tikka boqdi va yondirdi u.
Xanjar kabi qop-qora tunda
Hech davosiz chaqnadi shunda.
Hayhot! Hayhot! Yovuz ruh yana
Yana bir yo‘l qurdi tantana!
Qiz ko‘ksiga uning bo‘sasi
Hayhot! O‘lim zaharin quydi.
Qizning dod deb chinqirgan sasi
Tun tinchligin tashvishga qo‘ydi.
U tovushda muhabbat, azob,
Yolvorishu, gina, iztirob,
Yosh umr-la, alvidolashish,
Olam bilan so‘ng judolashish —
O‘lim degan xabar bor edi,
Bu eng so‘nggi ohu zor edi.

XII

Shu vaqtda tun qorovuli
Taqillatib taqildog‘ini,
Har yon tutib ding qulog‘ini
Odat qilgan har kungi yo‘li —
Tikka devor aylanasida
Yolg‘iz kezib yurar edi tek.
Birdan cho‘chib, sharpa sezgandek
Qiz oynasin shunda pastida
Hayron bo‘lib to‘xtadi qoldi,
Atrofiga tinch quloq soldi.
Boqar ekan u jimjit tunga
Ikki labning cho‘lp-cho‘lp bo‘sasi,
Zaifona qiyqiriq sasi
Eshitilganday tuyuldi unga.
Chol cho‘chidi, dili uvishdi,
Yuragiga kir shubha tushdi.
Lekin, tindi hammasi shu choq
Faqat mayin shabada yiroq
Yaproqlarning zorin bu yoqqa
Keltirardi uzoq yerlardan.
Tog‘ daryosi qora qirg‘oqqa
So‘ylar edi o‘tmish sirlardan.
Vahim bosdi, u chol qo‘rqardi
Ichdan allanelar o‘qirdi.
Yovuz ruhni, qora arvohni
Xayollardan quvib tashlay deb,
O‘ylaridan yomon gunohni
Duolar-la yuvib tashlay deb,
Dir-dir titrab o‘ng qo‘li bilan
Cho‘qinib u iltijo etdi,
Indamasdan, o‘z yo‘li bilan
Shoshilgancha tez yurib ketdi.

XIII

Uxloq pari kabi beozor,
Tobutida yotar edi qiz,
Oppoq yuzi, u gulday uzor,
Kafandan ham oq edi… Esiz
Yumilmishdi kiprigi mangu…
Lekin kiprik ostidagi u
Mudrab yotgan ko‘zlar uyg‘oq deb
Yo o‘pish, yo kunga ilhaq deb
Kim o‘ylamas edi boqqanda
Jigari yosh bo‘lib oqqanda?
Ammoki, u ko‘zlarga quyosh
Oltin nurin quyardi bekor,
Yig‘lab o‘pib qavmi-qarindosh,
Ular uchun kuyardi bekor.
Yo‘q! Qattiqdir o‘limning dasti,
Uni hech kim buzolmas asti!

XIV

Tamarani xurram kunlari
Bayramda ham hech qachon bu xil
Yasan bilan ko‘rmaganda el.
O‘sgan yerin sarin gullari
Eski urf-odat bo‘yicha
Qiz ustinda hid sochishardi,
O‘lik qo‘lda qolgan ko‘yicha
Go‘yo yer-la xayrlashardi.
Ehtirosga to‘la yuzida
O‘limdan hech asar yo‘q edi.
Unga boqqan kishi o‘zida
U tirik deb ko‘ngli to‘q edi.
Unda marmar kabi ham sezgi,
Ham aqldan, hisdan begona,
O‘lim kabi sirli va ezgi
Bir chiroydan bordi nishona.
Lablarida ajab bir kulgi
Qotib qolmish edi beozor,
Diqqat bilan boqqan ko‘zga u
Talay g‘amdan berardi axbor:
U kulgida hayotdan judo
Bo‘layotgan dilning nafrati,
Eng so‘nggi o‘y, so‘nggi niyati
Hamda yerga sassiz alvido,
Degan kabi bir hol bor edi;
Qayg‘usiga olam tor edi.
U burungi hayot kulgisi
Behudaga qoldirmishdi iz,
Endi uni ne qilardi qiz,
Hokim ekan o‘lim uyqusi?
Bir kulgining bir o‘xshari bor.
Qech tushganda, quyosh botganda,
Dengizda zar erib o‘tganda,
Kazbek uzra kumush kabi qor
Birpas asrab shafaq nurini
Yiltillaydi uzoqdan qiyo.
Ammo yarim jonli bu ziyo
Yoritmaydi kimsa yo‘lini!..

XV

Qo‘ni-qo‘shni, qavm-qarindosh
G‘amli safar uchun yig‘ilgan.
Ko‘ksi qisib dami tiqilgan
Qari Gudal ko‘zlarida yosh,
Faryod qilib yig‘lab zoru zor,
Sochlarini yulib, so‘nggi bor
Oq otiga mindi, qo‘zg‘aldi —
Barcha mozor sari yo‘l oldi.
Yo‘l olisdir, tinmay birma-bir
Uch kecha-uch kunduz cho‘zilar:
Bobolarin yonida ular
Tamaraga qazmishlar qabr.
Qishloqlarni o‘t qo‘yib bosgan,
G‘ariblarni talagan, osgan
Gudalning bir o‘tmish avlodi
Ko‘kka chiqib fig‘oni-dodi
Kasal bo‘lib yotib qolganda,
Gunohlarga botib qolganda
Ayblarini yuvmoq qasdida
Faqat bo‘ron o‘ynagan, uchgan,
Qarchig‘aylar zirvasin quchgan
Qoya uzra, bulut pastida
Urug‘iga aylab nishona
Solmoq bo‘lgan edi butxona,
Tezda Kazbek qorlari aro
Bir kaliso yasaldi tanho
Suyaklari unda bo‘ldi jo.
O‘sha baland qoya sal o‘tmay
Go‘ristonga aylandi bazo‘r,
Ko‘kka qancha yaqin bo‘lsa go‘r,
Go‘yo bir oz issiq bo‘lganday?
Odamlardan narida har dam
Go‘yo so‘nggi uyqu buzilmas…
Bekor! O‘tgan sevinch, o‘tgan g‘am
O‘lganlarning tushiga kirmas…

XVI

Bir farishta moviy samodan
Oltin qanot qoqib o‘tardi;
Ul gunohkor jonni dunyodan
Quchog‘ida olib ketardi.
U yupatib gunoh qizini
Shubhalarin quvardi undan,
Gunoh bilan azob izini
Ko‘z yoshi-la yuvardi undan:
Jannat sasi olisroq yerdan
Eshitilarkan ularga, birdan
Ularning hur yo‘llarin kesib,
Xuddi kuchli shamoldek esib
Do‘zaxi ruh guvillab uchdi,
Quyun kabi samoni quchdi.
U dovuldek kuchli edi-yu,
Chaqmoq kabi yaltirar edi,
G‘ururlanib tentaklarcha u
«Qiz meniki! Yo‘qol sen!» dedi.
Tamaraning gunohkor joni,
Vahm bilan to‘lib har yoni
Farishtaga o‘zini urdi,
Duo o‘qib qaltirab turdi.
Kelajakning taqdiri shu choq
Hal bo‘lardi: chunki u tag‘in
G‘azab bilan solib qovog‘in
Qiz oldida yoymishdi quchoq.
Ammo uni, ey parvardigor,
Shu choqda kim taniy olurdi?
Qanday g‘azab bilan u g‘addor
Achchig‘lanib nazar solurdi,
To‘lmish edi butkul so‘nggi yo‘q —
Dushmanlikning o‘lim zahri-la
Yuzlaridan go‘rga xos sovuq
Yog‘ar edi yovuzlik, hiyla.
«Ket shubhalar qora ruhi, ket!»
Dedi osmon elchisi unga:
«Ket ey beor, chekil ey bezbet,
Endi sening hadding yo‘q bunga!
Etar shuncha tantana qurding,
Etar shuncha sen yo‘ldan urding;
Endi hukm soati yetdi,
Parvardigor qat’iy amr etdi!
O‘tdi unga sinov kunlari,
O‘tdi unga azob tunlari,
Erning foniy kiyimi bilan
Zulm zanjiri yechildi undan.
Bilgil! Uni ko‘pdan kutardik,
Ko‘pdan unga biz ko‘z tutardik.
U shundayin ruhlardandi-ki,
Ular uchun hayot — bir damdir,
Betasalli, bir onli g‘amdir.
U shundayin ruhlardandi-ki,
Rab ularning jonli torini
Yaratmishdir sarflab borini.
Ular asli dunyo uchunmas,
Va dunyo ham ular uchunmas!
Qattiq baho bilan sermehnat
Shubhalarin yuvdi u butun.
U qiynaldi, sevdi. U uchun
Endi ishqqa ochildi jannat!»
Yovuz ruhga xo‘mrayib boqib,
Ul farishta keng nafas oldi,
Sevinch bilan qanotin qoqib,
Ko‘k dengizi ichra yo‘qoldi.
Mag‘lub bo‘lgan Iblis shu zamon
Tentakona tilaklarini,
Orzularu istaklarini
Hammasini qarg‘ab beomon
Yana mag‘rur, bir o‘zi yakka
Burungidek beishq, bepakka
Mulzam bo‘lib, qayg‘uga toldi.
Bu jahonda tentirab qoldi!
Haligacha tog‘ yon bag‘rida
Qoyishaur vodiysi uzra
Quyuq bulut, tuman bag‘rida
Uzoqlardan ko‘rinib xira
G‘amgin nazar tashlab to‘rt tomon
U xaroba turadir hamon.
O‘sha haqda bolalar uchun
Hikoyalar saqlamish kuchin…
Ro‘yo kabi u tilsiz haykal,
U sehrli kunlar guvohi,
Qop-qorayib ko‘rinar sal-pal
Daraxtlarning ichidan gohi.
Pastda ovul chechak otadir:
Er yam-yashil gullab yotadir;
Guvillagan tovushlar pastda
Tog‘dan toqqa urilar asta,
Pastda mayin shabada yelar,
Uzoqlardan karvonlar kelar,
Ko‘piklanib yarqirab irmoq
Quyi tushmay, sakraydi har yoq.
Beg‘am bola kabi tabiat
Hamisha yosh; sho‘x hayot bilan
Quyosh, bahor nabotot bilan
Ko‘ngil ochib o‘ynar har soat.
Bir zamonlar navbati bilan
O‘z davrini kechirgan saroy,
Xuddi do‘stu oilasidan
Judo bo‘lgan, ayrilgan gadoy
Rangi o‘chgan, g‘amgin boqadi,
Ko‘ngillarni o‘tda yoqadi.
Uning yangi yashovchilari
Oy chiqishin kutib turalar;
Bu ularning hur bayramlari,
Chirqillashib o‘ynab yuralar.
Yangi rohib — qari o‘rgumchak
Uya to‘qir sayrashib chik-chik.
Zangori, ko‘k kaltakesaklar
Mayda toshlar hamda kesaklar
Orasidan chiqishib shomda,
Giz-gizlashib o‘ynashar tomda.
Astagina inidan ilon
Zinapoya ustiga chiqar;
Goh kulajak bo‘lib bir zamon
Kallasini pinjiga tiqar;
Goh uzayib, o‘tgan zamonda
Katta urush payti maydonda
Esdan chiqib qolgan qilichdek
Qimirlamay yotib olar tek…
Bari vahshat; o‘tgan yillardan
Hech bir yerda iz yo‘qdir benom:
Asrlarning qo‘li bulardan
Sekin-sekin o‘chirmish tamom.
Tili yo‘qdir, so‘zlay olmaydi,
Hech narsani eslatolmaydi
Na shuhratli Gudal otidan,
Na sevimli qizi zotidan.
Ammo ular ko‘milgan mozor
Zirvadagi butxona omon,
Olloh panohida beozor,
Bulut ichra ko‘rinar hamon.
Eshigida qorovul bo‘lib,
Boshdan-oyoq qorga ko‘milib,
Temir sovut o‘rniga mangu
Muz kiyinib qotib turgan u
Saqlaguchi granit toshlar
Atrofiga sovuq ko‘z tashlar…
Ko‘chay degan ko‘chkilar mudrab
Sovuq urib, muzlashib, titrab
To‘rt atrofda shalolalardek
Osilishib turadilar tek!
Bo‘ron soqchi bo‘lib yuradi,
Devorlarning changin suradi.
Qo‘shiq aytib baqirar goho,
Soqchilarni chaqirar goho.
Bir ajoyib kaliso bor deb,
Kavkaz tog‘larida turar deb,
Oq bulutlar sharqdan yelishar:
Sajda qilmoq uchun kelishar.
Ammo, ko‘pdan bu go‘rlar uzra
Hech kim kelib yig‘lamas sira.
Tund Kazbekning baland qoyasi
U o‘ljani saqlar, ko‘z uzmas.
Odamlarning mangu nolasi
Ularning tinch uyqusin buzmas.

  This is a translation and has a separate copyright status from the original text. The license for the translation applies to this edition only.
Original:
This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.
Translation:
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"