Devpechak
Bir kun bir dehqon sakkiz yoshli o‘g‘lini yetaklab bog‘chasiga kirdi. Bog‘chada olma, nok, shaftoli, o‘rik, anor, anjir ham uzum kabi har turli yemish og‘ochlari yam-yashil bo‘lib ko‘kargan. Uriklarning dovuchchalari yosh bolalarni qiziqtiradigan bir tusda osilib turgan edi. Ota-bola bog‘chada keza-keza bir yosh o‘rik og‘ochining tagiga yetdilar. Bola qo‘l uzatib, haligi o‘rikdan ikki-uch dona uzib, og‘ziga soldi. O‘rik dumbul edi. Qars-qurs chaynagandan so‘ngra: «Otajon, bu o‘rik qanday chiroylik ham qanday totli!» — dedi. Ota-si: «O‘g‘lim! Bu o‘rik og‘ochini sen tug‘ilgan kunda senga atab ekkan edim. Hozirda bu ham senga o‘xshab, sakkiz yoshga kirdi. Ikkingiz tengsiz, bu kundan boshlab, og‘ochning egasi sen. Sen o‘zing boq, o‘zing sug‘or, yemishlarini istagancha ye, o‘rtoqlaringga ber, nima qilsang, qil!» — dedi.
Bola otasining bu so‘zlariga juda sevindi. Ogochga yaqinroq borib, diqqat bilan qaradi. Ostdan bir o‘t chiqib, og‘ochga chirmasha boshlaganin ko‘rdi.
— Otajon, bu qanday o‘t, nima uchun mening o‘rigimga chirmashadir?
— O‘g‘lim! Bu devpechak degan o‘tdir. Buni tezlik bilan yulib tozalamasa, bir necha kun ichida butun og‘ochni o‘rab olib, darrov quritadir. Bu o‘t uchun ildiz ham kerak emas, og‘ochning bir shoxida ozgina bir bo‘lagi qolsa ham o‘sib ketib, butun shoxlarni qoplaydir.
— Bo‘lmasa, ertaga kirib bu dushmanni butun ildizlarini yulib, o‘rigimni tozalab qo‘yaman.
— Balli, o‘g‘lim, shunday qil, unutma!
Ota-bola bu suhbatdan so‘ng qo‘l ushlashib, bog‘chadan chi-qib ketdilar.
Ertasiga bolaning esidan o‘rigi chiqib ketdi. Oradan o‘n besh kun o‘tdi. Bolaning esiga birdan bog‘chadagi o‘rigi va unga chirmashgan devpechak tushdi.Yugurgancha bog‘chaga kir-di, o‘rikning tagiga borib qarasa, allaqachon devpechak o‘rikni butun shoxlarigacha o‘rab olgan, yashil yaproqlarni sarg‘aytirgan, totli yemishlarini so‘ldirgan edi.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|