Do‘stlarga uzrim

Do‘stlarga uzrim (1924)
by Abdulla Qodiriy
334212Do‘stlarga uzrim1924Abdulla Qodiriy

«Mushtum» bu kun o‘zining 25-nchi sonini to‘ldirib bayram qiladir. Bu bayramda o‘zimning ham ishtirokim bo‘lg‘ani uchun… O‘zrsiz bezraygali uyaldim, to‘g‘risi. Ya’ni uzr aytmakchiman.

Uzrim gunohimdan (?) xunuk chiqsa, yana uzrim bor!

Biz, sho‘rolar hukumatining barakasida «Mushtum» degan bir kulgi jurnalg‘a ega bo‘ldiq. Ha, ega bo‘ldiq… Tushunibmi, yoxud «bo‘lg‘anlar» qatoridami?..

«Kulgi jurnal» ot qo‘yub «Mushtum»ni chiqarib kelgan bo‘lamiz. Chindan ham kulgimi edi yoxud uning o‘zidan ham kulganlar bo‘ldimi?

Bu kun uning sonini yigirma beshga to‘ldirib «Yubiley» qilamiz. «Yubiley» qay vaqtlarda va qanday ish, ham kishilarga qilinadir, albatta, buning mohiyatini belgulash qiyin emas. Mana shu ma’lum bir izzatni ba haqqi qozonib bayram qilinadirmi yo yo‘q?

Kundalik matbuotimiz bir emas: uchlab, to‘rtlab bor. Ularning anchayin havoyi mavzulardan bahslar ochub, gullar sochub hovliqishlari ham yo‘q emas. Ikkinchi tomonda «Mushtum»man, deb musht ko‘tarib chiqg‘an jurnalimiz bu kun yigirma beshinchi sonini to‘ldirib «Yubiley» no‘miri bilan bayram qiladir, qadah ko‘taradir… Hoy tentak, kim sanga yubiley qilishg‘a haq berdi? deb agar unga savol bersak, ehtimolki, hech kimdan ham turtki yemaymiz. «Nega?» desangiz, shu yigirma besh son «Mushtum»ning birortasiga kundalik matbuotimizda tanqid va yo taqriz yo‘lluk bir gap yozildimi? «Buning tuzuk, uning chakki» degan yo‘l-yo‘ruq ko‘rsatildimi, «Farg‘ona»da, «Zarafshon»da, «Turkiston»da? Hech!

Bunga qanday ma’no berish kerak, kundalik matbuotimizning hamoqati deymizmi, mag‘ruriyati deymizmi, nima axir? Lekin bu «Mushtum» uchun haqoratdir, anuvlar uchun razolatdir, jaholatdir.

Biz «Mushtum»ni yo‘lg‘a sola olurliq kishimiz bor chiqar, deb xom xayolda yurgan dkanmiz… haqiqatda esa manzil uzoq, rohila oz emish…

Hoy, o‘rtoq! Yaxshi onglaki, matbuot dunyosida kulgandan kulish qonuni hali ham bor. Ishtoni yo‘q tizzasi yirtiqdan kulgan bo‘lsa-da, ajab emas… o‘zing ham kulguchining mas’uliyati to‘g‘risida hech bir nazariya o‘qug‘an emasdirsan!

***

Bu kunda kulguluk hajviyotning chin egasi yo‘qlig‘idan foydalanib, «Suv yo‘g‘ida tayammum», «Eshagiga yarasha tushovi», deganlaridek, mardi maydon sifatida ikir-chikirlar yozib «Arzimasa-da, arzitarsiz» umidida kelaman. Kelasidagi kulguluk bog‘imizning bulbuli emas, zag‘izg‘oni, guli emas, tikoni bo‘lmog‘imni-da iqror etaman. Gul yog‘ochida boshlab, chechak emas, tikanak o‘sadirkim, eng ozi shu holni kuzatib ajzimni iqror qilishqa majburman. Binoan alayhi, so‘zim qo‘pol, muomalam dag‘al, latifam achchig‘, mutoyabam xunuk; kuldirib yig‘latish, achitmay to‘qunish hunarlari manda yo‘q. Shul hunarsizligim orqasida xolis pandlarimdan, kirsiz to‘qunishlarimdan xayoliy natijalar, shaytoniy maqsadlar chiqarishg‘a tirishkuchi «Fattoyi kafsh»lar oz emaslar. Lekin man o‘shanday shumshuk maxdumlardan satqi xafalik qilaman. Chunki shu kungacha manim mezonim vijdonim bo‘lub keldi, bundan so‘ng ham jilovim o‘shaning qo‘lida. Demak, manim istiqbolim ta’min qiling‘andir. Qoro niyatlik kishi moxxov bo‘lg‘ay.

Uzrim shul: tilasang yig‘la, tilasang kul!

Julqunboy (A. Q.).

«Mushtum», 1924 yil, 8 aprel, 25-son, 6-bet.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"