Eger
Choshgoh vaqti. Issiq va dim. Ko’kda bulutdan asar ham yo’q… Oftobda qovurilg’an narsalar mungli, umidsiz bir qarash bilan qaraydilar, endi yog’mur yog’sa ham ularg’a ko’karmak yo’q… Orqadan boshini suzib allaqaylarg’a qarag’an yoki allanarsani kutgan kibi, indamasdan, qimirlamasdan turadi.
Bedazorning bir chekkasidan qizil ko’ylakli, boylar kiya turg’an, lekin yamoqli keng shim kiygan va bir oyoqda zo’r etigi bor, qirq yoshlarda, novcha bo’yli va tor yelkali bir qishloqi lapanglab olib erina-erina sudralib kelmakda. O’ngdan ko’m-ko’k bedazor, so’lda esa to ufqlarg’a qadar cho’zilib yetilgan qora bug’doy dengizi suzadi… Qishloqi qip-qizarib terlab ketkan. Uning oppoq sochli, boshida poygarchilarniki singari uzun soyabonli oq shapka, ot o’ynatqan botirlarday, basavlat o’turadi, bo’sa-musa uni birorta boy bachcha hadiya qilg’an. Yelkasiga ilvarsin xaltasi osilg’an, xaltaning ichida majaqlanib xirmonparqushining erkagi yotadi. Qishloqi, kulangiri ko’tarilgan ikki tig’li ov miltig’i qo’lida, ko’zini qisib o’zining qari, arvaq ko’ppagiga qaraydi, ko’ppak bo’lsa bachkisini iskay-iskay oldinda chopib boradi. Tevarak-atrof jim-jit hammayoq… Butun jonivor issiqdan qochib berkingan.
Ovchi birdaniga ohistagina bir ovoz eshitadi:
– Yegor Vlasich!
Ul seskanib ketadi, so’ngra aylanib qarag’ach, qovog’ini burushtiradi. Uning yonida qo’lida o’rog’i bilan, xuddi g’aybdan ingan tik, zahir rangli, o’tuz yoshlarida bir xotin turadi. Ul xotin ovchining yuzini ko’rishka tirishadi va uyalchan kulimsiraydi. Ovchi to’qqillab va miltiq kulangiridan sekin-sekin qo’l tortib:
Ha senmisan, Pelagiya! – – Him!…Qanday bo’lib sen bu yerlarga kelib qolding? – Bu yerda bizning qishloqli xotin-xalaj ishlashadi, men ham o’shalar bilan birgaman… Yollanib xizmat qilayotirman, Yegor Vlasich!
Egor Vlasich sigir mo’raganday:
– Xo’p… – deb qo’yib yana astagina o’z yo’lig’a keta boshlaydi.
Ketiga Pelagiya tushadi. SHunday qilib ikkalasi indamasdan yigirma-o’ttuz qadam bosadilar.
Ovchining silkinib borayotqan yelkalariga va orqasig’a muloyim qarashlar bilan qaray-qaray:
– Sizni ko’rmaganimga ancha bo’lib qoldi, Yegor Vlasich… – dedi Pelagiya, – bizning qishloqqa bir borib bizning uyda birgina kecha suv ichdingiz va o’shandan beri sizni ko’rmadik… Bizning qishloqqa bir nafasga tushdingiz va o’shanda ham, xudo o’zi guvoh… qanday mahalda tushdingiz…. So’kib-so’kib, urib-urib chiqdingiz ketdingiz… Ko’z tutdim, ko’zlarim to’rt bo’ldi sizning yo’lingizda… eh Yegor Volsich, Yagor Volsich! Bir marta kirib chiqsangiz nima bo’lardi.
– Men kirganim bilan nima bor senikida?
– Albatta, hech narsa yo’q-kuya… Shunday bo’lsa ham… har bir ro’zg’or degan narsa bor… Nima bor nima yo’qlig’ini so’rardingiz. Ro’zg’orning egasi bo’lasiz, axir… Yo qudratingdan g’alati turupsizku, Yegor Vlosich! O’turib jindek dam olsangiz-chi…
Shu gaplarni gapirarkan Pelagiya, telba odamday hadeb kuladi va boshini ko’tarib Yegorga qaraydi… Yuzlaridan shundoqqina saodat yog’dulari quyuladi…
Yegor loqayd bir ohang bilan:
– O’tursam o’turay, – dedi va ikki tup archa daraxt bachkisi orasida o’ziga joy tanlaydi. – Sen nega o’turmaysan? O’tur sen ham!
Pelagiya undan yiroqroqqa oftobg’a o’turadi va o’z shodlig’ida xijolat tortib, kulib turg’an og’zini qo’li bilan berkitadi. Ikki daqiqa qadar ikkalasi ham jim qolishadir.
So’ngra Pelagiya astagina so’z boshlaydi:
– Birgina marta kirib chiqsangiz bo’lmasmidi? – dedi.
Boshidan shapkasini olib qizarg’an peshanasini artarkan:
– Nima keragi bor? – dedi Yegor. – Hech bir hojati yo’q. Bir safar yarim soatqa borsam behuda ovorachilig’ bo’ladi, faqat seni besaranjom qilg’anim qoladi, qishloqda muqim qolib ketishka ko’ngil unamaydi… Sen o’zing bilasan, men yomon o’rganib qolgan odamman… Menga karavat ham joyida, joy ham toza gap-so’z ham bama’ni… Ishqilib, maishat asbobi to’la bo’lsin, sening qishlog’ingda bo’lsa yo’qchiliqdan, achchiq tutundan boshqa hech narsa yo’q… Men bir kun ham turolmayman. Basharti, chunonchi masalan, men, albatta, sen bilan birga tursin deb kattalardan bir farmoyish bo’lsa, men yo uyimga o’t qo’yardim yo o’z-o’zimni halok qilardim. Bolalig’imdan menga bu odat singishib qolg’an hech bir ilojim yo’q.
– Shu topda qay yerda siz o’zingiz?
– Dmitriy Ivanovich xo’jayinim bo’ladi, o’shaning ovchisiman. O’sha kishining ovqatig’a ilvarsin urib beraman, ammo lekin ko’prak havasi uchun olib yuradi meni.
– Ulug’simon ishka o’xshamaydi bu ishingiz, Yegor Vlasich… Odamlar uni ko’ngil ochish uchun qilishadi, siz bo’lsangiz pesha qilib…kasbday bir narsa qilib olibsiz…
Hayrat bilan ko’klarga tikilgani holda:
– Sen nodon, munaqa narsalarni bilarmiding, qalay? – dedi Yegor. – Men nima odamman? – Muni sen shuncha yil umr ko’rib, bilgan emassan, mundan nari ham to o’lguningcha bilmay o’tasan… Sen meni bir devona, bir betavfiq banda deb o’ylaysan, ammo tushunadigan odamlar bor, ular bo’lsa meni butun shu uezdda eng usta mergan deb biladilar. U odamlar meni yaxshi bilishadi, meni to’g’rimda gazitga ham bitishdi. Bu ovchiliq xususig’a kelganda men bilan tenglaydigan hech kim yo’q. Senlarning dehqonchilig’ingni jinim suymaydi, ammo lekin bu mening xon qiziday erka o’skanimdan yo bo’lmasa kattalik qilg’animdan emas, men senga aytsam, umrimda ov miltig’i minan ov itidan boshqa narsani ko’rmaganimdan miltig’imni olib qo’ysalar qarmoqqa yopishaman, qarmog’imni ham olib qo’ysalar, qo’lim minan ov qilaman. Arzimas bir zamonlar ot jalloblig’i ham qilg’anmen, chorbozorg’a ham qatnag’anmen, u vaqtlarda pul degan narsa bo’lardi, menda, o’zing ham bilasanki, ovchiliq peshiga tushgan yo ot jallobliq yo’lig’a kirgan qishloq odam omoch buyunturuq bilan xayr ma’zur qiladi. Bu sayoqliq savdosi odam bolasig’a bir yodishqondan keyin, sira chiqarib bo’lmaydi uni. Mana chunonchi xo’jayinlarda ham ba’zi bir xillari artistlikka yo boshqa shunaqa o’yin ko’chalariga kirib ketsa, keyin na to’ralikka yaraydi, na pomeshchiklikka. Sen, ayol narsa, munaqa narsalarni tushunmaysan, tushunish kerak lekin.
– Tushunaman men, Yegor Vlasich.
– Yig’lay-yig’lay deb turibsan, tushunmaganing shu…
– Menn…Men yig’lag’anim yo’q, – endi Pelagiya, teskari qarab, – Siz Yegor Vlasich! Birgina kun bo’lsa ham men sho’rliq bilan qolishingiz lozim edi. Sizga erga tekkanimga mana 12 yil bo’ldi, ammo…ammo lekin oramizda bir martaba ham bo’lsin suyushuv degan narsa o’tkani yo’q!… Men…Men yig’lab yotqanim yo’q…
Qo’llarini qashiy-qashiy.
– Suyushuv…– deya g’uduranadi Yegor. – Suyushuv nima qilsin bizda. Bizning er-xotinlig’imiz quruq nom xolos, shunday emasmi, axir? Sening ko’zingda men bir yovvoyi odamman, mening nazarimda sen bir nodon, bir soddadil ayolsan. Xil kelgan yerimiz bormi? Men – nuqtasi yo’q, sayoq bo’lib o’sgan o’yinqaroq bir narsaman, sen bo’lsang yumushqa yara degan, choriq sudraydigan bir qishloqi ayolsan, iflos turmushingda boshing mehnatdan chiqmaydi. Men o’z xususimda shunday mulohaza qilamanki, ovchiliq xususida men birinchiman, sen bo’lsang menga rahming kelganday bo’lib qaraysan… Qani xil kelganimiz?
– Oramizda nikoh bor, axir, Yegor Vlasich! – dedi Pelagiya xo’rsinib.
– Zo’r bilan nikohlang’anmiz… Esingdan chiqdimi yo? Graf Sergey Pavlochqa qulluq qilishing kerak, undan keyin o’zingga. Men merganlikda undan o’tkur emasmanmi, shuna g’ashi kelib bir oyg’acha meni ichkilik bilan suvqordi, mast odamni uylantirishkina emas boshqa dinga kirgizishi hech gap emas. Ana o’sha alamimni olaman deb meni senga uylantirib qo’ydi. Yegerga bir molboqarni olib berdi! Sen mening mastligimni bilarding-ku, nega tegding? Krepostnoylardan emasding-ku, unamasang bo’lardi! Albatta, bir molboqar Yegerga teksa jon dedi-kuya, lekin mulohaza qilish kerak edi. Mana endi azobini o’zing tort, o’zing yig’la. Grafga kulgi, sen bo’lsang yig’la. Boshingni toshg’a ur…
Jimlik cho’kadi bedazor ustidan uchta o’rdak uchib boradi. Yegor ularg’a tikiladi va ko’zga sal-sal ilashadigan qora no’xot singari bo’lib hu.. o’shalarg’a – o’rmon ketiga tushkuncha ularni kuzatadi.
Ko’zini o’rdaklardan Pelagiyaga ko’chirib.
– Tirikliging nima bilan? – deb so’raydi ul.
– Mana hozir yumushqa boshladim, qishda bo’lsa go’dakxonadan bola olib emizgi bilan boqardim. Oyda bir yarim soat berishardi.
– Xop…
Yana jimlik. O’rulg’an bug’doyzor tomonidan kelgan yumshoq bir ashula ovozi, boshlanar-boshlanmas to’qtab qoladi. Issiqda ashula aytib ham bo’lmaydi…
– Siz Akulinag’a yangi uy qilib bergan emishsizmi? – dedi Pelagiya. – Unday bo’lsa u sizga yoqib qolgandir-da…
– Sening baxting shu o’zi, yozmishing! – dedi Yagor kesishib turib. – Bardosh qil, yetimcha. Xayr endi, kechirgin, hali ham ko’p gapirdim… Kechgacha Boltvag’a yetib bormasam bo’lmaydi.
Egor o’rnidan turib bir kerishib so’ngra miltig’ini yelkasiga oladi. Pelagiya ham o’rnidan turadi.
Ul ohistagina:
– Qishloq tomong’a qachon o’tasiz? – deb so’raydi.
– Nima bor qishloqda. Hushyor bo’lsam agar yaqin yo’lamayman, mast bo’lib kelishimdan senga naf yo’q. Mast vaqtimda odamliqdan chiqaman men… Yaxshi qol!
– Yaxshi boring bo’lmasa, Yegor Vlasich!
Egor shapkasini kiyib itini ilmagach yo’lg’a tushadi. Pelagiya turg’an joyida turib qolib uni kuzatadi… Ul Yegorning silkinib borayotg’an kuraklarini, haybatlik gardanini, xushyoqmas, beparvo qadam tashlashlarini ko’radi va ko’zlariga mung bilan yumshoq bir erkalik to’ladi. Uning nazarlari erining oriq, novcha bo’ylari bo’ylab chopadi va uni erkalatib siypalaydi… Yegor bu qarashni sezganday, to’qtab orqasiga qaraydi.. Ul indamaydi, jim lekin, uning yuzini, ko’tarilgan yelkalarini ko’rib, Pelagiya Yegorning o’ziga bir narsa aytmakchi bo’lg’anini payqaydi. Pelagiya, unga botinolmasdan astagina yaqinlashib borib, yolvoruvchi qarashlar bilan unga qarab qoladi.
Ul munga tamom burulib:
– Ma! –dedi.
Va qo’lig’a majaqlanib ketgan bir so’mliqni uzatib yana tezgina o’z yo’lig’a ketadi.
Pelagiya mashina singari jonsizliq bilan pulni olib turib:
– Xayr endi Yegor Vlasich, – dedi.
Egor uzun, qayishday to’g’ri tortilg’an yo’l bilan ketib boradi… Pelagiya esa rangi o’chkan, haykaldek qotg’ani holda nazarlari bilan uning har bir qadamini ovlaydi. Ana, ko’ylagining qizil rangi shimining qora rangi bilan quyulishib ketdi, qadamlari ko’zga ilinmaydi, itini etigidan ajratib bo’lmaydi. Yolg’iz shapkaning o’zigina ko’rinadi, faqat… Yegor birdaniga o’ngg’a – bedazor tomong’a burilg’ach, shapka ham ko’k orasida g’oyib bo’ladi.
– Xayr endi Yegor Vlasich! – deb pichiraydi Pelagiya va oq shapkani yana bir marta bo’lsa ham ko’rib qolmoq uchun, oyoq uchi bilan turub, suzilib qaraydi.
Egor indamaydi.
This is a translation and has a separate copyright status from the original text. The license for the translation applies to this edition only. | ||||
Original: |
| |||
Translation: |
|