Ehtiyoji millat (1913)
by Mahmudxoʻja Behbudiy
334134Ehtiyoji millat1913Mahmudxoʻja Behbudiy

«Boshqa millatlarga qaralsa ko‘rilurki, muntazam maktablari bor va avval maktabda diniy ilm ustida dunyoviy ilm va fanlar ham o‘qilur. Chunki dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur. Zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqa millatlarga poymol bo‘lur.

50 sana muqaddamgi zamonda, biz turkistonlilar yakka va tanho yashab, boshqalar ila muomala va munosabatimiz yo‘q edi. Endi zamon o‘zgarib, boshqa millatlar ila maxlut bo‘lduk, shari’at va o‘z urfimiz ustiga qonun va Ovrupo odatiga itoat qilmoqqa majburmiz.

Ammo qonun va Ovrupo odatlarini bilmaganimiz uchun boyimiz bo‘lsun, qozi va milliy hukamomiz va aholimiz bo‘lsun ko‘b tashvish va zarar ko‘rar. Zamoni sobiqda faqat shari’at bilmoq kifoya etardi. Endi qonun va zakunni bilmoq ham lozimdur. Shari’at ilmi madrasalarga, qonun ilmi Rusiya dorilfununlariga o‘qilur. Dorilfununga kirmoq uchun, avvalo, o‘n sana gimnaziyaga o‘qumoq kerak. So‘ngra to‘rt sana dorilfunun o‘qub andan huquqshunos, yurist, ta’bir joiz bo‘lsa, zamona faqihi bo‘lib chiqar. Sud mahkamalarinda, davlat doiralarinda, kirib, har huquqshunos o‘z muvakkili va o‘z millati va o‘z toyifasi va o‘z Vatani va o‘z davlatining naf’iga so‘ylashur, mudofaa qilur.

Masalan, davlat dumasinda biz Turkiston musulmonlaridan shunday huquqshunos vakil bo‘lsa, bizni din va millatimiz naf’iga harakat qilur. Ammo shunday odam bizda yo‘q.

Davlat dumasi nari tursin, sudga va rasmiy mahkamalarga kirib, bizni mudofaa qiladurgon kishimiz yo‘q. Boshimiz og‘risa do‘qturga boramiz, ammo dardimizni aytmoqga til yo‘q. O‘zimizdan do‘qtur yo‘q.

Ikkimiz bir-birimiz ila nizo qilamiz. Ketamiz zakunchiga, so‘ylamoqg‘a til yo‘q. Oradagi odamlar yana bizg‘a firib berar, pul berarmiz, yugurarmiz, yana ishlar barbod, oxiri yo‘q.

Imorat qilmoqchi bo‘lsak, plon-loyihasi lozimki, injinerga muhtoj bo‘larmiz. Ammo biz hanuz «muhandis» ismini bilmaymiz.

Kontur va rasmiy daftar tutib, kassa qurib tijorat etmoq lozim. Ilm tijorat bila turgan buxgalterik hisobi yuritadurgon boylarimizga kerak, ul ham o‘zimizdan bir nafar topilmaydur.

Hammollikdan bu ishlar yaxshi bo‘lsa kerak. Bir necha boyvachchani bilarmanki, eng qattiq xizmatlarga giriftor. Sababi nadur — ilmsizlik. Holbuki alarni «to‘yi»ga atosi 5 ming so‘m sarf etib edi.

Turkiston mevasi, donasi, toshi, tufrog‘i, eski nimarsalari Ovrupo bozoriga ketar. Muni Ovrupo dallollari kelib oz bahoga olib ketar, mehnatni biz qilurmiz, foydani ular ko‘rar. O‘z nimarsamizni Ovrupo bozoriga eltib, yaxshi bahoga sotaturgon bizda bir odam yo‘q. Azbaski, Ovrupo ila savdo qilaturgon kishini (o‘zi) avval o‘n sana zamona ilmi o‘qumog‘i lozim.

Bizda shohi, adras, beqasam, alocha… bofliklar bor. Agarda bir nafar texnik va muhandisimiz bo‘lsa bu dastgohlarni isloh etar, aholi obod bo‘lur. Valloh, yaqin vaqtda «doka» bofillarimizdek zoye’ bo‘lib ketar. Chunki Ovrupo yangi asbob ila mundin yaxshi qilib chiqorur.

30 sana muqaddam Samarqandni Yomini mahaldasinda 300 alochabof ishchi bor edi. Al-on 30 nafar yo‘q. 10 sana so‘ngra tamoman mahv bo‘lur.

Xulosa, maktabimiz, do‘konimiz, korxonamiz, madrasamiz va har nimarsamizni zamoncha islohi lozimdur. Valloh, har nimarsa qo‘ldan ketar, bizda muzdurlikdan boshqa hech ish qolmas. Bir uskuna, do‘kon va saroyni ishlatmoqga ham ilmi zamoniy va zamona shumligini bilmoq lozim. Valloh, bizdan dunyo ilmini yaxshi bilaturgonlarga mulk va asbobimiz o‘tar va o‘tub turubdur.

Qisqa qilaylik, boshqa millatlarni boylari faqir va yetimlar uchun maktab va dorilfununlar soladurlar, faqir va yetimlarni o‘qumog‘i uchun vaqf «istipendiya»lar ta’yin qilur. Boshqa millat milio‘nerlari maktabi ila istipendiyasi-la, idora qilaturgon gazet va majallasi-la, bino qilgan dorulojizin (ayollar universiteti — N. O.), barpo qilgan jam’iyati xayriyasi-la faxr qiladur.

Biznikilar juft oti-la, arobasi-la, to‘yi ila va… la faxr etar. Hatto, o‘z o‘g‘illarini o‘qutmaydurgon boylar bordur.

Bu ketishni oxiri yamondur, o‘qumoq, o‘qutmoq kerakdur. Bolalarga otalardan ilm diniy va ilmi zamoniy meros qolsun.

Butun Turkistondan o‘n boy yilinda ming so‘mdan bersa, 25 bola uchun Toshkanda «diniy va zamoniy» bir «pansiun» layli va nahori 5 mukammal maktab bino bo‘lub, har yil hukumat maktabinda 50 bola tayyorlaydur.

O‘n yilda bulardin… 200 muhandis, duqtur, huquqshunos, muallim, texnik, zamona tojiri, valloh… chiqar va bizni zamon odamlari qatorida qo‘yarlar va davlat ishiga kirarlar. Ruslar ila bizni hasan imtizojlarimizga xizmat qiladurlar.

Al-on millatimiz boylardan shuni ko‘z tutar, xaloyiqni barbod etaturgon to‘ylarni emas. Oh, bu so‘zlarni tushunaturgon boylar bizda yetushganmi?

«Samarqand» gazetasi, 1913 yil, 12 iyul.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.