Erkin singilga (1925)
by Abdulhamid Choʻlpon
334992Erkin singilga1925Abdulhamid Choʻlpon

1

Burun – hammadan
Tuban tutilgan,
«Chirkin pardadan
Endi qutulgan» –
Erkin singlimiz,
Bizdan ham eshit!
Biz ham «o‘z» yigit,
«Boshqa» emasmiz!

2

Kun chiqmay qo‘zg‘ol,
O‘rog‘ingni ol,
Dalalarga bor,
Ekinlarni yor,
Bug‘doylarga sol!
Yo‘qsa – tong uvol…

Qarshingdagi chol
Xiyla qarigan,
Yashab horigan,
Soqoli oppoq…
Shundoq bo‘lsa ham,
Sendan burunroq
Dalaga chiqib,
G‘aramlar yig‘ib,
Qancha bog‘lagan!
Hech charchamagan,
Oyoq-qo‘l ildam!

Yaqin borib ko‘r,
Gul yuzingni bur,
O‘ynoqlab turib,
Sharaqlab kulib:
«Ota, hormang!» – de,
«Charchab tolmang!» – de,
Ko‘nglini ko‘tar!
Yosharib yoshi,
Qarigan boshi
Ko‘klarga yetar!

3

Kuching ketadir,
Holing bitadir,
Charchab qolasan,
Horib-tolasan.
Qishloqqa qarab,
Ekin oralab
Yo‘lni solasan…

Yo‘lingda dala,
Dalada lola
Qip-qizil bo‘lib,
Hayotga to‘lib,
Kulib turadir…
Senga tikilib,
«Opajon, ol!» – deb;
Agar olmasang,
Nazar solmasang,
Quldek yalinib,
Qushdek talpinib,
O‘lib turadir…

Chiday olmaysan,
Tek qololmaysan.
Havas qo‘zg‘alur,
Qo‘ling uzalur,
Uzib olursan…
Ko‘kat – iplarga
Birmunchasini
Chizib olursan…
Kulib boqarsan,
So‘ngra taqarsan…
Eng kenjasini
Axtarib topib,
Quloqqa taqib.
Ja’liy seplarga
O‘pkalar boshlab,
Pichinglar tashlab,
Dashnom berarsan,
Yo‘lga kirarsan…

4

Bir dehqon yigit,
Shaharga kelib,
Yig‘inga kirib,
Ahvolni bilib,
Qaror o‘qilgach,
Yig‘in yopilgach,
Asta… piyoda
Qaytib boradir.
Qo‘shiq: «Yor, dod-a…»
Aytib boradir.

Yo‘lida dala,
Dalada xola.
Xolada lola…
Xushtor bo‘ladir,
Havas to‘ladir.
«Horma, qiz!» – deydir,
«Hormang siz!» – deysan,
Yumshoq kulasan;
Battar eriydir…

5

Bug‘doy oralab,
Qishloqqa qarab
Ketgan vaqtingda
Oyoq ostingda
Somon parchalar,
Albat, yanchilar…
Faqat ularning,
U miskinlarning
Ulug‘ xirmondan,
Arzoqdan – dondan,
Eng zarur «non»dan
Uvalib tushgan,

Yerda uvushgan
Ulug‘ zarralar,
Milyon karralar,
Bo‘lganligini
Unutma, singlim!
Cho‘psiz yerlarning,
Donsiz yellarning
O‘limlar bilan
To‘lganligini
Unutma, singlim!

6

Kun tugal botgach,
Daladan qaytgach,
Loladan chambar
Taqib olasan,
Gullardan kamar
Topib olasan…

Bir tup toling bor,
Yumshoq qimirlar,
Yosh novdalari
Kechki yellardan.
Yoz savdolari
Yiroq ellardan
Munda quvlagan,
Darbadar qilgan
Kechki yellarni,
Qalandarlarni…

Tol shoxi pastak,
Cho‘zilib jindak,
Uzib olasan
Tol novdalarni.
U soddalarni
Sochingga ilib –
Sochpopuk qilib,
Yurib qolasan.

Shunda oy chiqar,
Zulmatni siqar,
Suti to‘kilar…
Butun yer yuzi
Oppoq ko‘l bo‘lar…
Yulduzning ko‘zi
Xafif jimillab
Senga tikilar.
«Qanday oydinlik!
Go‘zal shu borliq!
Kechalar qutlug‘!»
Degan so‘z bilan,
Yongan ko‘z bilan
Asta… imillab,
U… yigit kelar!

Xafif oydinlik!
Qishloqda tinlik…
Ko‘kda oy-yulduz,
Yerda yigit-qiz
Tunga cho‘marsiz,
Hayot emarsiz…

7

Ish – kuch… kunlarda!
Shundoq tunlarda
Xafif oydinlik
Puch narsa emas!
«Asil jonlilik,
Yigit qonlilik
Shunda!» – demasa,
Shuni sezmasa…
Seni tanimas,
Hech narsa bilmas!..

Singlim!
Shundoq tunlardan,
Lola – gullardan
Tortinma, bezma,
Bag‘rimni ezma!..

Qo‘qon. 1925, 15–iyul


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"