Eski qo‘ra
by Anton Chexov, translated by Abdulhamid Choʻlpon
334667Eski qo‘raAbdulhamid ChoʻlponAnton Chexov

(Qoʻrasi bor odamning oʻz ogʻzidan)

Eski qoʻrani buzub oʻrniga yangisini solish kerak edi. Men meʼmorni boʻsh qoʻra ichida uydan uyga boshlab yurib, ish ustidagi gaplar orasida, har xil baland-past gaplardan ham gapirib berdim. Yirtilgʻan devol qogʻozlari, chang qoplagʻan teraskalar, qurum bosqan pechka – bularning hammasi yaqin orada kechmish bir hayotning izlari boʻlib xotiralarni qoʻzgʻatardilar. Mana bu zinadan, chunonchi bir toʻda mast odamlar bir oʻlikni olib tushayotib qoqilib ketkanlar va tobut bilan birga quyigʻa yumalangʻan edilar; tiriklar alam oʻtarlik darajada zadalanganlar, oʻlik boʻlsa, hech narsa boʻlmagʻanday, sipohliqni qoʻldan bermagan va yerdan koʻtarib olib yana tobutqa solayotqan vaqtlarida unamagʻanday qilib bosh tebratkan edi. Mana, qatorasida uch eshik: mana munisida yarqirlagʻan uch juvon yashardi: uchalasining ham „mehmon izmoni“ boʻlgʻanligʻidan hammadan yaxshi yasanar va uy ijarasini ham vaqtida toʻlardilar. Yoʻlakning oxiridagʻi eshik-kirxonanigʻi, unda kunduzlari kir yuvilar, kechalari esa piva ichilib toʻpolon balolar boʻlardi. Mana bu uch xonaliq kvartiragʻa kelsak, uning hamma yogʻini bakteriya va botsil kibi kasallik qurtlari bosqan. Yaramaydi bu joy. Bu yerda koʻp odamlar bemahal oʻlib ketishdi, men sizni ishontirib ayta olamanki, bu kvartiraga bir zamon bir bechoraning qargʻishi tekgan, shu uchun muning ichida yashagʻan odam allaqanday nomaʼlum bir maxluq bilan hamma vaqt birga yashaydi. Ayniqsa, bir oilani sira esimdan chiqara olmayman. Oʻzingiz tasavvur qilingiz; boshqalardan hech bir ortiqligʻi yoʻq, oddiy bir odam; onasi, xotini, toʻrtta bolasi bor. Uning familiyasi Putoxin boʻlib oʻzi natarisnikida oyigʻa 35 soʻm olib mirzalik qilardi. Oʻzi ichkilik ichmayturgʻan dindor va jiddiy odam edi. Uy ijarasini toʻlamay mening yonimgʻa kirganida, hamma vaqt „tuzuk-quruq kiyinib kelolmadim“ deb uzr aytardi; „uy ijarasi besh kun kechikib ketdi“ deb ham uzr aytar, pulni olganligʻimni tilxat yozib bersam oqkoʻngil bilan kulib turib „buning nima keragi bor! Yomon koʻraman men tilxat degan narsani!“ dedi. Oʻzi bechorahol boʻlsa ham ozodagina yashardi. Oʻrtadagʻi bir xonada toʻrtta bola bilan birga ularning katta onalari yashardi; ovqatlari ham shunda pishar, shunda yotib uxlar, shunda mehmon kuzatar va hatto shunda oʻyin-kulgi qilardilar. Mana bu xonada Putoxinning oʻzi yashardi uning bir yozuv ustoli bor boʻlib baʼzi bir xil xususi buyurtmalarini rollar, maʼruzalar va hokazolar koʻchirishni shunda oʻtirib bajarardi. Mana bu – oʻng qoʻldagi xonagʻa qoʻshni oʻtqizgʻan; Yegorich degan bir islisar boʻlib, oʻzi tuzukkina, lekin ichkilikka mubtalo bir odam edi; u hamma vaqt issiqdan qiylanar, shu uchun doim ustida bitta kaltacha, yalangoyoq yurardi. Bu odam qulf, toʻpponcha, yoshbola tepki aravalarini tuzatar, arzon baho devol soatlarini tuzatishdan ham qochmas, tanga miri olib bolalargʻa siygʻangʻich qilib berardi, lekin bu ishni jini sevmas, ul oʻzini musiqa asboblari tuzatuvchi usta deb bilardi. Uning ustali ustida tashlandiq poʻlat va temir parchalar orasida, qopqogʻi koʻchkan garnun yoki bukilgan egri karnaylar koʻrilardi. Oʻtirgʻan uyi uchun Putoxingʻa ikki yarim soʻm berar, hamma vaqt uyida – oʻz dastgohi boshida oʻtirar, uydan chiqsa faqat, tunuka lappaklarni pechkada qizitmoq uchungina chiqardi.

Men baʼzi-baʼzida kech fasllari shu kvartiragʻa kirib qolardim, shunda har kirganimda mana bunday bir koʻrinishga duch kelardim. Putoxin oʻz ustalida oʻtirib alla narsalarni koʻchirib yozmoqda, uning onasi bilan horgʻin chehrali purdoq xotini chiroq issigʻida chak tikib oʻturalar; Yagoris egovni chiyqirtmoqda. Hali oʻchib ulgurmagan issiq pechka esa harorat va dam purkmakda; ogʻir havodan shchiy (karam shoʻrva) hidi kelmakda. Qari, yoʻqsul va tiqin boʻlsa ham, har holda bu kvartiradagʻi ish baravar chehrali pechka oldigʻa yoyilgʻan yosh bola ishtonchalari, Yegorichning temir lappakchalaridan jimlik, yumshoqliq, mamnunlik bilan kelardi… Eshik ketida, shundakkina yoʻlakchada sochlari chiroylik qilib taralgʻan, quvnoq bolalar yugurishib oʻynaylar, ularning chuqur eʼtiqodlaricha, bu yorugʻ dunyoning hamma ishlari juda-juda va shu boʻyicha benihoya choʻzilib keta beradi, muning ustigʻa yolgʻiz, erta bilan – uyqudan turgʻanda va kechqurun uyqugʻa yotganda yodlangan duolarni oʻqish kerak xolos.

Endi siz oʻzingiz mana shu uyning oʻrtasida, pechkadan ikki damgina berida, bir tobut turganini va uning Putoxinning xotini yotqanini tasavvur qilingiz! Albatta, xotini bir umr oʻlmay turgʻan erkak yoʻq dunyoda, lekin bu oʻlim – boshqacha bir oʻlim boʻldi. Janoza vaqtida men erining jiddiy yuzlari va zabtlik koʻzlarini koʻrgach:

„Yo, qudratingdan!“ deb oʻyladim.

Mana shunday tuyildikim, uning oʻzi bolalari, katta onasi, Yegorich – bularning oʻshalar bilan birga kvartirada yashayturgʻan nomaʼlum maxluqning qora daftariga allaqachon tirkalib qolgʻanlar. Men oʻzim xurofotchi odamman, bu balki, mening hovli joy egasi boʻlib qirq yildan beri ijarachi qoʻshnilar bilan dod muomala qilgʻanimdan kelgandir. Har qalay mening eʼtiqodim shuki, har qanday oʻyinda ham boshqa omadingiz kelmadimi, undan keyin taqiqlangʻuningizcha yutquza berasiz; agarda taqdir sizni va oilangizni shu yorugʻ dunyodan yoʻq qilishqa bel bogʻlagʻan boʻlsa, doim sizning poyingizda tushub ketingizdan quvlaydi va boshingizgʻa kelgan birinchi falokat, rasmi, tugalmas falokatlar zanjirining boshi boʻladi… Oʻz tabiatlari jihatidan falokatlar ham toshqa oʻxshaydilar. Baland qirgʻoqdagi toshlarning bittasi oʻrnidan koʻchib pastga yumalagʻanidan keyin, boshqalari bir-bir ketin toʻsa beradilar. Xullasi kalom, Putoxinnikida janozani oʻqib chiqqanimdan keyin, unga va uning oilasigʻa bu beomon janjaldan qutulish yoʻq ekaniga ishonib qoldim…

Darhaqiqat, bir hafta oʻtar-oʻtmas, nataris Putoxinni xizmatdan boʻshatib uning oʻrnigʻa allaqanday yosh bir qizni oʻtqizib qoʻydi. Nima boʻldi deysiz? Putoxin joydan quruq qolgʻanigʻa uncha xafa boʻlmadi, yoʻq! Uning gʻazabini keltirgan narsa oʻz oʻrnigʻa erkak kishini emas, yosh bir qizni keltirib oʻtquzgʻanlari boʻldi. Nega yosh qizni oʻtquzadilar? Bu narsa unga shu qadar qattiq tekkanki, uyiga qaytib kelganidan keyin, ul bolalarini tutib olib urgʻan, oʻz onasini soʻkkan va oʻlgudek ichib mast boʻlgan. Joʻrachilik hurmatiga Yegorich ham u bilan ichishgan.

Bir kuni Putoxin uy ijara toʻlagali mening yonimgʻa kirib turar edi, bu safar, muddatidan 18 kun oʻtib ketgan boʻlsa ham uzr aytmadi, pulning tekkanligi xususida yozib bergan tilxatimni ola turib ham indamadi. Ikkinchi oyning ijarasini esa onasi olib kirib berdi; uning ham faqat yarmini berib qolgʻan yarmini bir haftadan keyinga vaʼda qildi. Uchinchi oy uchun bir pul ham olganim yoʻq, darvozabon ham mana kelib 23-kvartirada oʻtirganlarning „bemaʼni“ yurishlaridan gina qilaturgʻan boʻldi. Bu narsalar, albatta, yaxshilik alomati emasdi.

Siz mana munday bir koʻrinishni tasavvur qilingiz, Piterburgning qovogʻi soliq ertalaridan biri shu xira oynaklarga tikilgan. Pechka oldida kampir bolalarga choy ichirib turadi. Nevaralaridan faqat bittasi – eng ulkanigina stakan bilan ichadi, qolgʻanlari choyni toʻppa-toʻgʻri talinkachada ichalar. Pechka oldida Yegorich qoʻnqayib oʻtirib tunuka lappakchalarni oʻtgʻa tovlaydi. Kechagi pyanistalik taʼsiri hali ham ketmagan: boshi ogʻirlashib koʻzi tinadi; ovozi boʻgʻilib chiqadi, oʻz titrab – qaltiraydi va yoʻtaladi.

– Juda yomon yoʻldan urdi meni bu laʼnati! – deb gʻuduranadi ul. – Oʻzi ichgani yetmagan, boshqalarni ham yomon yoʻlgʻa boshlaydi.

Putoxin oʻz xonasida qachonlardan beri koʻrpa, toʻshak kabi narsalardan qaqlanib qolgʻan karavati ustida oʻtiradi; tashvishning zoʻrligʻidan barmoqlari sochlari orasigʻa kirib tashlab maʼnisiz koʻzlarini yerdan ola olmaydi. Ust-boshi yirtilgʻan, sochlari toʻzgʻan, oʻzi notob…

Kampir Vasyani shoshiltiradi:

– Ich tezrak, ich deyman, maktabingdan qolasan yoʻqasa. Mening ham pol yuvgʻani ketaturgʻan vaqtim boʻlib qoldi… – dedi.

Butun shu uyda oʻzini tetik tutgan bitta shu kampir xolos. Ular eski zamonlarni yodigʻa solib, iflos, qora ishlar bilan shugʻullana boshladi. Juma kunlari qarz kassasining polini yuvadi, shanba kunlar boylarnikiga borib kir yuvadi, yakshanba kunlari boʻlsa, ertadan kechgacha koʻchama-koʻcha yurib xayru-saxovatli oyimlarni qidiradi. Ishqilib har kun bir ishi bor. Kir ham yuvadi, pol ham tozalaydi, doyaliqqa ham qatnaydi, sovchilik ham qiladi, gadoylikni ham qoʻymaydi. Ori rost, gʻamu-hasratning koʻpligidan u ham bir-ikki stakan ichadi. Lekin har qancha mast boʻlganida ham oʻz ishini bilib qiladi. Bizning rus elida munaqa pishiq kampirlar koʻp, oʻshalar tufaylidan yurtda munchalar baraka bor!

Choyini ichib boʻlib, Vasya, kitob-daftarlarini xaltachaga soladi-da, pechkaning orqasigʻa oʻtadi; u yerda kampirning kiyimlari bilan bir qatorda uning paltosi boʻlmogʻi kerak. Biror minutdan keyin ul qaytib chiqib:

– Meni paltom qaerda? – deb soʻraydi.

Kampir bilan boshqa bolalar – hammasi bir boʻlib paltoni izlagali kirishadirlar, anchagacha izlaydilar, lekin palto suvgʻa singgan kesakday, bedarak boʻlib ketgan. Qaerda qoldi? Kampir bilan Vasya vahimaga tushkanlar, ranglari oʻchkan. Yegorich ham hayron. Faqat Putoxin damini chiqarmasdan tek oʻturadi. Bir narsa salgina joyida boʻlmasa dunyoni buza turgʻan narsa, bu safar hech narsa bilmagan va hech narsa eshitmagan boʻlib oʻturadi. Munda bir gap bor.

– Oʻsha sotib ichgan! – dedi Yegorich.

Putoxin indamaydi, demak rost. Vasyaning joni chiqadi. Uning marhum onasining movut koʻylagidan buzilib tikilgan, juda yoshi kalikor astarlik, shunday yaxshi paltosi aroqqa ketgan! Demak, palto bilan birga, yon choʻntagidagi koʻk karandash qalam, oltin harflar bilan frantsuzcha qilinib „Nota bene“ („Sogʻinib esla!“) soʻzlari yozilgan qaydlar daftarchasi ham aroqqa ketkan! Daftarcha orasida yana bitta rezinkalik qalam, undan boshqa yana tagʻin alla qancha suratlik yelim qogʻozlar bor edi.

Vasyaning xoʻp yigʻlagʻisi kelib edi-ku, lekin yigʻlab boʻlmaydi. SHu tobda boshi ogʻrib turgʻan otasi yigʻi tovushini eshitdi, shovqin solib yer debsanib beradi, balki tutib olib uradi, shu xumorliq vaqtida ursa ham hazilakam urmaydi lekin. Kampir Vasyagʻa boʻlishadi, unda ota kampirni ham ayab oʻtirmasdan kaltaklay beradi; bu hangoma oxirda kelib Yagorisning mushtlashka aralashmogʻi, Putoxingʻa yapishmogʻi va ikkalasining gursillab yerga agʻdarilmoqlari bilan tamom boʻladi. Ikkalasi yerda surilishib, tipirchilanishib yurib, mastlar, hayvonlar singari vahshat bilan pishnashadilar, kampir boʻlsa yigʻlaydi, bolalar chiyillashadi, qoʻni-qoʻshni besaranjom boʻlib darvozabongʻa odam yuboradilar. Yoʻq yigʻlamagʻani yaxshi.

Ovozini chiqarib yigʻlayolmasdan va jahlini yuzaga chiqarolmasdan Vasya sigirday mugʻraydi, barmoqlarini egib sindirgʻunday boʻladi va yer tepinadi yoki oʻz yengini mahkam tishlab olib, tish oʻtmasroq narsaga yapishgan itday, zoʻr berib uyoq-buyoqgʻa jirkiydi. Koʻzlari qinidan chiqqan, yuzi jahlining kuchidan qiyshayib ketkan unga qarab turib oʻz boshigʻa roʻmolini birdaniga tortib olib, damini chiqarmasdan, ikki koʻzini bir nuqtagʻa tikkani holda qoʻl va oyoqlarini jinnilardek oʻynata boshlaydi. Ana shunday vaqtda, men oʻylaymanki, bola bilan kampirning miyasida „biz tugadik endi, bizga tiriklik yoʻq!“ degan ravshan bir xayoldan boshga narsa aylanmaydi…

Putoxin yigʻilarni eshitmaydi, lekin ul oʻz uyida oʻlturib hamma narsani koʻrib turadi. Oradan yarim soat oʻtgach, Vasya kampirning qalin roʻmoligʻa oʻralib maktabiga joʻnagandan keyin, ota, yuzi taʼrif va tavsif qilib boʻlmayturgʻan bir holda, koʻchaga chiqib oʻgʻlining ketiga tushadi. Oʻgʻlini chaqirgʻisi, yupatgʻisi, marhum onasining arvohini shafeʼ keltirib turib undan kechirim soʻragʻisi keladi, lekin koʻkragidan soʻz oʻrniga yolgʻiz xoʻrsinishli yigʻi chiqadi. Kun erta, hali ham sovuq havo. SHahar maktabiga yetkanidan keyin, Vasya, oʻz oʻrtoqlaridan „kampirga oʻxshaysan“ degan ermakni eshitmaslik uchun, ustidagi qalin roʻmolni olib ustidagi yalangqavat, yengil kiyimi bilan maktabga kiradi. Putoxin boʻlsa uyiga qaytgach, yana hoʻngrak otib yigʻlaydi, allaqanday bir-biriga yapishmagʻan soʻzlarni aytib gʻuduranadi, ham anaqa, ham Yegorichga, ham uning ish doʻkoniga quyuq-quyuq taʼzimlar qiladi. Soʻngra bir oz oʻziga kelganidan keyin, yugurganicha mening yonimga keladi va nafasi boʻgʻziga tiqilgan holda, xudo hurmatiga yalinib mendan birorta ishka joylab qoʻymagʻimni soʻraydi. Men vaʼda berib ishontiraman, albatta.

– Endi koʻzim ochildi, xayriyat?! – deydi ul. – Esim kira turgʻan vaqt ham boʻldi. Xov aynidim, bas endi!

Sevinadi, menga qulluqlar qiladi, men boʻlsam, shu qoʻragʻa ega boʻlgʻanimdan beri, shuncha zamonning ichida, bu hurmatli qoʻshnilarni juda yaxshi tanib olgʻanligʻimdan, uning yuziga qarab turib, toʻppa-toʻgʻri oʻz betiga:

– Kech qolding, jigarim! Sen oʻlgan kishisan, – degim keladi.

Menikidan chiqib, Putoxin, toʻppa-toʻgʻri shahar maktabiga chopadi. U yerda uyoq-buyoqqa bosib yurib oʻgʻlining maktabdan chiqishini kutadi.

Nihoyat, Vasya chiqqanidan keyin, sevinib:

– Menga qara, Vasya! – dedi ul. – Menga hozir xizmat topib birga turgʻan boladir. Sen shoshma, men senga juda yaxshi poʻstin olib beraman… Men seni gimnaziya maktabiga berdiraman! Tushundingmi? Gimnaziya maktabiga! Men seni katta odam qilaman! Ichkilikni bundan nari ogʻzimga olmayman. Azbaroyi xudo ogʻzimga olmayman.

U porloq kelajagiga juda puxta ishonadi. Lekin yana kech kiradi. Kampir, ikkita bir miriligini koʻtarib, xorigan, charchagan va ezilgan holda uyga keladi-da, bolalarning kiyimlarini yuvgʻali oʻturadi. Vasya oʻturib hisob masalasini hal qiladi. Yegorich ishlolmadi. Ul, Putoxinning „sharofatida“ ichkilikka yomon oʻrganib qolib shu tobda ichkilikning qattiq xumori tutayotir. Uylar issiq, dam. Kampir kir yuvib turgan tunuka togʻoradan buruqsab-buruqsab bugʻ chiqadi.

– Bir borib kelsakmi? – deb, tundlik bilan soʻraydi Yagoris.

Mening ijarachi qoʻshnim indamaydi. SHuncha koʻngil qoraligʻidan keyin ul aslo chidab boʻlmayturgʻan darajada siqiladi. Xumor bilan, xafaliq bilan zoʻr berib olishadi… Albatta, xafaliq zoʻr keladi. Undan narisi maʼlum…

Qorongʻi tushkanidan keyin Yegorich bilan Putoxin chiqib ketishadi; erta bilan Vasya kampirning qalin roʻmolini ham topolmay qoladi.

Mana shunday gaplar oʻtkan bu kvartirada. Qalin roʻmolni sotib ichkach, Putoxin, shu boʻyicha uyiga qaytib kelmadi. Qay yerlarda yoʻq boʻlganini bilmayman. Ul bedarak yoʻq boʻlgʻanidan keyin kampir ham ichkilikka berildi, soʻngra ogʻrib yotib qoldi. Uni xastaxonagʻa olib keladilar, yosh bolalarni allaqaysi qarindoshlari olib ketdi, Vasya boʻlsa mana shu kirxonagʻa ishka kirdi. Kunduz kunlari dazmol qizitib berib, kechalari pivo ketidan chopardi. Kirxonada haydab chiqargan edilar, allaqanday bir yosh "juvonning xizmatigʻa kirib, allaqanday xizmatlar ketidan, kechalari chopaturgʻan boʻldi. Uning oʻzini ham „dallol bola“ qoʻydilar. Undan keyin nima boʻldi ekan, xabarim yoʻq.

Mana bu xonada esa oʻn yil boʻlib bir qashshoq gadoy cholgʻuchi yashadi. Oʻlganidan keyin koʻrpasining qavatidan yigirma ming soʻm pul topib oldilar.

  This is a translation and has a separate copyright status from the original text. The license for the translation applies to this edition only.
Original:
This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.
Translation:
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"