Furqat g‘azaliga muxammas
Nim nigohini raqiblarga nisor aylar ko‘zing,
Bnzni bir ko‘rmoq uchun ko‘p intizor aylar ko‘zing,
Bir boqishda tiyra ko‘nglumni bahor aylar ko‘zing,
May ichibkim g‘amza tig‘in obdor aylar ko‘zing,
Bir qarashda yuz kishini dilfigor aylar ko‘zing.
Zulm behad etgali hazm ayladi andeshasin,
Qo‘lg‘a oldi bexi umrum kesgali g‘am teshasin,
Qatl etarda tutdi ul Hajjoji zolnm peshasin,
Tutmag‘on bo‘lsa g‘azabdin Shohimardon shevasin,
Nega qoshingdin hamoyil zulfiqor aylar ko‘zing.
Ishq elin sehr etgali joduligin ifsho qilib,
Qon to‘kib jon olg‘ali mujgonlarin burro qilib,
Xalq aro sho‘ri qiyomatni solib, g‘avg‘o qilib,
Xoling oshubi habash iqlimini yag‘mo qilib,
Fitnadin toroji mulki Zangbor aylar ko‘zing.
Jumlani devona qilg‘on o‘sma rangli qosh erur,
Kecha-kunduz shum raqiblar mahramu sirdosh erur,
Garchi, ey ohu nigorim, biz qari, sen yosh erur,
Aylamas toqat nigohingga agarchi tosh erur,
Ko‘zguni siymob yanglig‘ beqaror aylar ko‘zing.
Kuydimu o‘ldum, yoronlar, yor istig‘nosidin,
Qatraye tottirmadi hargiz karam daryosidin,
Qutqar emdi bu tiriklikda ajal da’vosidin,
Otibon mujgon o‘qini qoshlarini yosidin,
Voykim, jonu ko‘ngullarni shikor aylar ko‘zing.
To Pisandiy yor o‘lurg‘a jo‘sh qilg‘il dam-badam,
Dod etarmen, ey nigorim, go‘sh qilg‘il dam-badam,
Bizni ham may loyidin behush qilg‘il dam-badam,
Bazm aro gulrang may sun, no‘sh qilg‘il dam-badam,
Furqatiyg‘a bir boqib daf’i xumor aylar ko‘zing.
This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago. |