Gʻaflat obod
(Hangama)
Andijon maorif shoʻbasi Mirobod degan qishloqqa bir maktab ochayotibdir. Bu to‘g‘rida mana shu gazetada bir xabar bor. Menim “Gʻaflatobod” bir joy bordur-da, u yerga birar maktab-paktab ochilaturg‘andir, deb o‘ylasangiz ham yanglishasiz.
Maorif shoʻbasi hozir tinchlanib qolg‘an bir yerga bir maktab ochdi, yana boshqa yerlarga ham ochmoq niyati bor. Lokin, bundan Andijon yoshlarining xabari yo‘q. Qaysi bir avliya, aziz va muborak bir zot, o‘tkan zamonlarda Andijon shaharini “Gʻaflatobod” deb karomat qilg‘an ekanlar.
1911 nchi yillargacha ul zoti bobarakotning karomati haq bo‘ldi. 10 nchi yildan keyin Gʻaflatobod qimirladi, Harakatobod bo‘lushqa harakat qildi, maktablar, qurslar, to‘dalar, hay’atlar, allanima balolar ochildi. Yoshlar, uloqchi ot bo‘ldilar.
Bu hol hozir yo‘q. Hozir ham 20, 21 nchi yillardan beri yo‘q. Hozir ikki-uch qaltirab turg‘an maktab bor. Bitta titrab turg‘an qurs bor. Lokin, bunday narsalardan yoshlar sayil pulini cho‘ntakga urush, araq shishasi (Butilka)ni amal deb bilish, bir-birlarining oyoqlarini chalish ko‘yidalar.
Yoshlar bukun “Gʻaflatobod”ning eng hurmatlik kishilari, muborak avliyoning eng maftun muridlari bo‘ldilar.
Yoshlarni e’tiqodsiz deb so‘katurg‘an Shamshirxon to‘ralarga nima desam ekan? Shamshirxon to‘ramlar, Darra maxdumlar Andijon yoshlarig‘a jon qurbon qilsalar bo‘ladir. Besh-o‘n yildan beri juda taraqlab ketayotqan Andijon xalqini etagiga yopishib, to‘qtatib qolg‘an, boshini aylantirib, miyasini suyultirayotqan “Bog‘ayrat tilmiz”lar Andijon yoshlari bo‘ldilar. Darvoqe, Andijonni haqiqiy “Gʻaflatobod” qilishda yoshlarning vazifasi ulug‘dir.
Buni bilmagan, ko‘rmagan nonko‘rdir, kardir.
Ahli haqiqatning dard zaboni hozir shu bo‘lmog‘i kerak:
-Zindabod jo‘hori Andijon!
-Zindabod Gʻaflatobod bejon!
Shumgiyoh
«Darxon», 1923-yil 30-iyun.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|