G‘am
by Anton Chexov, translated by Abdulhamid Choʻlpon
334673G‘amAbdulhamid ChoʻlponAnton Chexov

Butun Galchin bo’lusida burundan beri juda hunarmand usta, shu bilan birga buzuq bir odam bo’lib tonilg’an qirmachi Grigoriy Petrov o’zining kasal kampirini (xotinini) zemstvo xastaxonasig’a olib borayotir: Xastaxonag’a hali 30 chaqirim bor, holbuki yo’l juda yomon, unda bu xushyoqmas usta Grigoriygina emas, podsholiqning xat tashiyturg’on choparlari ham ojizliq qilishadi. Xuddi qarshidan odamning yuziga o’tkur, sovuq bir shamol kelib kelib uradi. Ko’kka, qay tomondan qarasang ham qor parchalaridan butun-butun bulutlar ko’runadi, shu uchun qorning na ko’kdan tushkani va na yerdan ko’tarilganini bilib bo’lmaydi. Qor tumanlari ketidan na telegraf momug’lari va na o’rmon ko’rinadi; shamolning eng qattiq zarbalari kelib Grigoriyning yuziga tushkanda esa, hatto aravaning dog’asini ham ko’rib bo’lmaydi. Arvad-qarmani yo’q biya arang sudraladi. Uning butun kuchi bel bo’yi qordan oyog’ining tartib olish va boshini chayqashqa ketadi. Usta bo’lsa shoshiladi. Ul egar kursi ustida betoqat bo’lib chapchib birushta battarrak hayvonni qamchilaydi.

– Sen Matryona, yig’lamag’in… – deb so’zladi ul. – Jindak bardosh qilg’in. Xataxanag’a lahzada yetib boramiz, xudo xohlasa; undan keyin bir nafasda seni haligi nimang… Pavel Ivanich senga tomizadig’an dorisidan beradi, yo jindak qon olishga buyuradi, yo bo’lmasa, tabiiy xohlab ketsa araq-maraq minan ishqalaydi, shu minan innaykin… Yonboshingdan illatni tortadi oladi. Pavel Ivanich bo’sh kelmaydi… Bir o’shqurib oladi, yer depsanib po’pisa qiladi, ammo lekin bo’sh kelmaydi… Juda yaxshi mamila qilishni biladigan odam, xudo ilohim umrini uzoq qilsin… Yetib borishimiz bilan, uyidan chopib chiqib, avval bir qur koyib, urushib ham oladi. “Bu nimasi? Bu qanday gap?” deb baqiradi, “Nega bemahal kelding? Gapir? Nima, men senlarning itlaringmanmishki, ertadan kechkacha sen la’natilar minan chuvalashayin? Nega erta minan kelmading? Yo’qol! Arvoying ham qolmasin bu yerda, ertaga kel”. Men ham bo’shamayman. “Hurmatlik doktor Pavel Ivanich janob taqsir!” Yurushib qol, ey yer tortqur, la’nati! Chu!…

Usta hayvon bechorani qamchiladi va kampiriga qaramasdan o’ziga-o’zi g’uduranib gapiradi:

– Janob taqsir! Xudoni shafe’ keltirib aytaman agar… har nima bo’lay ishoning-ishonmang, tong otar-otmas chiqqanman. Vaqtida kelib yetib bo’ladimi shunday-da, xudovandi karimning biz qullaridan qahri kelib munday qorli bo’ronlarni yuborib tursa? O’zingiz ko’rib turubsiz mana… “Mana men” degan otlar ham shu topda bir qadam bosolmaydi, meniki bo’lsa, o’zingiz ko’rib turubsiz, ot emas, bir sharmandalik! Innaykin Pavel Ivanich qovog’ini solib qichqiradir: «Bilamiz sizni! Siz hamma vaqt gap topasiz! Ayniqsa sen, Grishka. Yaxshi bilaman men seni! Yo’lda kelguncha 5-6 joyg’a aroq ichkali kirgandirsan!» Yana men javob qilaman: «Janobi taqsir! Men nima u dunyodan umidi yo’q, randayi dargohmanmi? Kampirim jon berib, o’lib yotadi-yu ko’nglimga araq sig’adimi? Yo’q ey, insof qiling-ey! Araqxonasi qurib ketsin!». Inaykin Pavel Ivanich seni xastaxonag’a olib kirishka buyuradi. Men bo’lsam o’zimni uning oyog’iga tashlayman… «Pavel Ivanich! Janobi taqsir! Sizga jon dilimdan qulluq qilaman. Biz ahmoqlarni, biz osiylarni kechiring, siz ayb qilmang, biz qishloq odamlarini! Bizni tepib haydash kerak-ku, ammo siz mashaqqat tortib, biz uchun, oyog’ingizni sovuq qorg’a tushurib o’turibsiz! «Pavel Ivanich, mana munday qilib, urg’unday bo’lib bir qaraydi-yu deydi: «Sen ahmoq, o’zingni yerlarga urg’andan ko’ra, araq ichishni tashlab kampiringga qarasang-chi! Kaltaklash kerak seni!» «Rost aytasiz, kaltaklash kerak Pavel Ivanich, azbaroyi xudo, kaltaklash kerak! Nega, axir oyoqlaringizg’a o’zimizni urmayliq siz bizning marhamatligimiz, otaxonimiz bo’lsangiz? Janobi taqsir! Rost aytaman… Xudo guvoh mana… «Yolg’on aytsam yuzimga tupuring. Mening, kampirim, ana u, o’zini bir roslab, burung’i asliga kelib olsa, janobingiz nima buyursangiz hammasini qilib beraman! Agar xohlasangiz Karilya qarag’ayidan juda g’alati papiros qutisi… Krakit degan o’yiningizg’a soqqachalar… Juda g’alati, «zagaranichniy» kegillar yo’nib beraman… Nima desangiz qilib beraman! Bir chaqa olmayman sizdan! Maskavdan olaman desangiz, o’shanaqa papiros qutisini to’rt so’mdan kamiga ola olmaysiz, men bo’lsam bir chaqa ham olmayman. «Doktor kuladi-yu deydi: «Him, bo’pti, bo’pti, ixlosingni bilaman! Faqat shunisi borki, piyanistasan… men, kampirjon, ulug’lar bilan gaplashishni yaxshi bilaman. Men gapirsam yo’lg’a tushmaydigan ulug’ yo’q sira. Ishqilib xudo o’zi saqlab yo’ldan ozmasaq bo’ldi. Bo’ronni ko’rgin! Ko’zim ko’r bo’lay dedi.

SHunday qilib ustaning so’zlanishi tugamaydi. O’zidagi og’ir hisni bosmoq uchun birushta tiliga zo’r beradi. Tiliga kelib turg’an gap ko’p, lekin boshini to’ldurg’an oylar va savollar undan ham ko’prak, bu g’am ustani birdaniga, hech bir kutilmaganda kelib bosdi, shu uchun u hech bir ko’zini ochib kelib o’nglanolmayotir. Hali shu vaqtg’acha na g’am, na shodliqni bilmasdan yarim mastlik holida, parvosiz va tashvishsiz yashardi endi mana birdaniga ko’nglida mudhish bir og’riq his etdi. O’lguday beparvo, erinchak va piyanista bo’lg’an bu maxluq, hech narsadan hech narsa yo’q, birdaniga ishlik, sertashvish, shoshilg’an va hatto tabiat bilan kurash boshlag’an bir insong’a aylandi.

Usta bu g’amning kechagi kundan boshlanganini bilardi. Kecha kechqurun ul har kungiday shirakayf bo’lib uyiga qaytqach, eski odatini qilib so’kunmakka va musht do’laymaqqa boshlag’an edi, kampir o’zining bu fe’li yoman eriga shunday bir qarash bilan qaradiki, ilgari sira bu xilda qarag’ani yo’q edi. Odatda uning qarilqan ko’zlari alamzadalar qarashini ko’rsatar, ovqatni kam, kaltakni ko’p yeydigan itlarniki singari halim bo’lardi, bu safar bo’lsa ul muqaddas rasmlardagi azizlar yoki o’lum oldidag’i kishilar singari shiddatlik va jonsiz ko’zlar qaradi. O’sha ajib va yomon ko’zlarni ko’rishdan bashlandi bu g’am. Esini yo’qotqan usta qo’shnisidan ot-arava so’rab olib, endi mana Pavel Ivanichqa kap otadigan va surkaydigan dorilar berib «kampirimning burung’i qarashini qaytaradi» degan umidlar bilan uni xastaxanag’a olib ketayotir.

– Sen Matryona, anaqa… – deya so’zlanadi ul. – Basharti Pavel Ivanich sendan ering urarmidi, yo’qmidi deb so’rab qolg’unday bo’lsa, “taqsir urmasidi”, degin! Endi mundan nari sira urmayman seni! Non ursun agar! Jahlimga chidolmasdan urubmanmi seni? Bekordan bekorga urg’anman. Endi rahmim kelayotir senga. Boshqa odam bo’lsa parvo ham qilmas edi. Men mana xastaxonag’a olib ketayotirman… Harakatdaman ishqilib. Buradi aytkin, burardi! O’zing podshohsan, egam! Ishqilib, xudo o’zi saqlab yo’ldan adashmasaq bo’ldi… Qalay og’ribyotirmi biqining? Matryona, nega indamaysan? Sendan surayotirman: biqining? Qalay?

Kampirning betiga tushgan qorlarning erimaganligi ustag’a qizig’raq tuyuladi, ajib: betning o’zi ham alla nechuk cho’zilib, oqimtil-ko’kimtil ranglarga kirib, mumday xiralashib, zaptlik va jiddiy bir tus oldi.

– Esi pastsan-da, lekin o’zing ham! – deya g’udurandi usta. – Men mahsharda hisob berayotqanday, chin ko’nguldan gapirayotirmanu, sen bo’lsang munaqa… esi pastsan-da, lekin! Achchig’im kelsa otning boshini buramanu Pavel Ivanichqa ko’rsatishdan ham kechib yuboraman!

Usta tizginini tashlab qo’yib o’ylaydi. Burunib kampirga qarag’ali botinalmaydi: Qo’rqinch! Undan gap so’rab javob ola olmasliliq undan battar qo’rqinch. Nihoyat, bu chuchmallikni bir taraf qilmoq uchun, ul kampir tomong’a burulmasdan, qo’l uzatib uning sovuq qo’lini ushlab ko’radi. Yo’qori ko’tarilgan qo’l gavron singgari yana pastka tushadi.

– O’lib qolg’ang’a o’xshaydi. Qiyomat!

Shunday qilib usta yig’lay boshlaydi. Ul achinishdan ko’ra ko’prak kuyunadi. Ul «muncha bevafo bu dunyo» deb o’ylaydi. Boshig’a tushkan g’am boshlanmasdan turib tugalayotir. Kampiri bilan yashab unga kunglidagi gaplarini aytib, unga rahmi kelib bitmasdan turib kampir sho’rliq o’ldi ketdi. U bilan birga qirq yil umr qildi, lekin bu qirq yilliq umr xuddi tumanday o’tmadimi? – Mastlik, urush-talash va muhtojliqlar ichida umrning o’tkani ham bilinmadi. Xuddi shu o’chashkanday, kampir ham shunday bir vaqtda o’ldiki, usta endigina uni ayamoqqa, usiz yashal olmaslig’ini, uning oldida juda katta gunahkor ekanini anglamaqqa boshlag’an edi.

– U sho’rliq gadoylik qilishg’acha yetmadimi? – deb o’tkanlarni eslay boshladi usta. – Ko’cha-ko’ydan non tilab kelgali chiqarg’an o’zim emasmidim? Qiyomat! Bu esipast yana bir o’n yil yashasa bo’lmasmidi, mana endi, meni, chinakam bo’lmag’ur odam deb bilib armon bilan o’tadi. Yo qudratingdan egam, qaysi go’rga ketayotirman men? Endi muni xastaxonag’a emas, go’ristong’a uzatish kerak. Qaytdim orqag’a!

Usta aravani orqag’a qaytarib bor kuchi bilan otini qamchilaydi. Yo’l borg’an sari og’irlashib boradi. Endi do’g’ani ham hech bir ko’rib bo’lmaydi. Ba’zida archa daraxtining yosh bachkilari ustiga borib qoladi, allanimalar kelib uning qo’llarini tintalaydi. «Lip» etib ko’z oldidan o’tib ketadi va ko’z o’ngida yana oq maydon yoyilib gir-gir aylana boshlaydi.

– Qayta boshdan bir yashasam edi… – deb o’ylaydi ul.

Matryonaning mundan qirq yillar burun yosh, chiroyliq, quvnoq, boy xonadondan bo’lg’anini eslaydi. Muning hunariga qiziqib boylar yosh qizlarini munga berdilar. CHiroyliq umr o’tkazish uchun nima kerak bo’lsa hammasi bor edi, faqat essizki, to’y tugalishida o’lgudak mast bo’lib pech ustida uchub qolg’anidan beri endi mana o’ziga kelganday bo’ladi. To’y esida bor, ammo to’ydan keyin nimalar bo’lg’anini o’ldursang ham bilmaydi, juda bilgan bo’lsa ichgani, ag’anag’ani va mushlashkanini biladi. Qirq yil umr shu bilan o’tdi. Qor singari oppoq bulutlar asta-asta qoraya boshladilar. Kech kirmakda. Birdan esiga tushadi:

– Qaerga ketayotirman men? – deb o’ylaydi ul. – Muni go’ristonga uzatish keragu, men xastaxonag’a ketayotirman… Jinni bo’lubman!

Usta otning boshini yana orqag’a burib, yana orqag’a burib, yana qamchilay boshladi, kichkina baytal bor kuchini to’plab, pishnay-pishnay, mayda qadam tashlab yo’rtadi. Usta u bechorani to’qtovsiz qamchilab boradi… Orqadan allanimaning taqillag’ani eshitiladi. Ul orqasig’a qayrilib qarasa ham, marhumning boshi chanag’a tegib qaqillag’anini biladi. Havo borg’an sari qorayib shamol borg’an sari sovuqroq va achchiqroq kelib tegadi.

«Qayta boshdan bir yashasa edim…» – deb o’ylaydi usta. – Ya’ni asbob-uskuna qilib, buyurtmalar olib… pullarni kampirga bersam… maza!»

Birdaniga tizgini qo’lidan tushib ketadi. Axtaradi, yana qo’lig’a olmoqchi bo’ladi, taqir ololmaydi, qo’li ishlamaydi…

– Ey, mayli… – deb o’ylaydi ul. – Ot o’zi ketaberadi, yo’lni biladi. Uxlab olsammi jindak… Hali janozasi o’qulib ko’mulguncha, jindak yotsam bo’ladi».

Usta ko’zini yumib-yumib uyqug’a ketadi. Bir ozdan so’ng ul, uning to’qtag’anini payqaydi. Usta ko’zini ochib choldevor yo g’aramg’a o’xshag’an bir narsaning ko’z oldida qarayib turg’anini ko’radi.

Chanadan tushib ahvolni bilishi kerak ediki, lekin butun a’zoyi badanini shunday og’ir bir erinchaklik qoplag’anki, shu topda o’rnidan qo’zg’alg’anidan ko’ra qotib qolg’ani yaxshiroq… va shu bilan tong qotib uxlab ketadi.

Devollari bo’yalg’an katta bir uyda ko’zini ochadi. Terazadan kunning yoruq shu’lalari quyulmoqda! Qarshisida bir muncha kishilarni ko’rib, hammadan burun, o’zini ularg’a ma’nilik va bilimdon odam qilib ko’rsatmak istaydi.

– Kampirning janozasini o’qub yuborsaq, yaxshilar! – dedi ul. – Domulla imomg’a xabar qilsaq…

Allakimning ovozi uning so’zlarini bo’ladi:

– Ha xo’p, xo’p! Yotatur hali! – dedi u ovoz.

Qarishisida doqtorni ko’rib hayron bo’ladi usta!

– Yo qudratingdan! Pavel Ivanich! – dedi ul. – Janobi taqsir, saxovatpesham!

Ul o’rnidan irg’ib turib olijanob tabibning oyoqlarig’a o’zini tashlamoqchi bo’ladi, lekin qo’l-oyog’i uning gapiga kirmaydilar.

– Janobi taqsir! Oyog’im qani mening? Qo’lim qaerda qoldi?

– Qo’l-oyog’ingdan umidingni uz… Muzlatib qo’yibsan! Qo’y, qo’y… Yig’lab nima qilasan? Yoshingni yashag’ansan, xudog’a shukr, oltmish yil yashag’andirsan-ku, bas-da axir!..

– Sho’rim qurdi!.. Janobi taqsir, sho’rim qurdi! Kechiring meni, taqsirim! Yana bir besh-olti yilg’ina….

– Nima darkori bar?

– Ot-arava birovniki, topshirish kerakmi… Kampirni ko’mush kerakmi… Bu dunyoning vafosizlig’ini ayting! Janobi taqsir! Pavel Ivanich! Karilya qarag’ayidan eng yaxshi papiros qutisi qilib beraman. Kroket o’ying’a eng yaxshi…

Doqtor qo’l siltab chiqib ketadi. Ustamiz – Amin allah akbar!

  This is a translation and has a separate copyright status from the original text. The license for the translation applies to this edition only.
Original:
This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.
Translation:
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"