G‘am dashtida bu ohu ovora ekan mendek...

by Nodim Namangoniy
333279G‘am dashtida bu ohu ovora ekan mendek...Nodim Namangoniy

G‘am dashtida bu ohu ovora ekan mendek,
Tog‘u tuz aro yolg‘uz sayyora ekan mendek,
Ko‘z yoshi ravon, jismi ko‘p yora ekan mendek,
Sayding qo‘yaber, sayyod, bechora ekan mendek,
G‘am tiyg‘i bila bag‘ri sadpora ekan mendek.

Band aylamag‘il oni, ko‘z yoshiga rahm ayla,
Sargashtai har vodi bu boshig‘a rahm ayla,
Cho‘x javru sitam qilma, bardoshiga rahm ayla,
Sayding qo‘yaber, sayyod, bechora ekan mendek,
G‘am tiyg‘i bila bag‘ri sadpora ekan mendek.

Ko‘p holi zabun erkan, aftodau dilxasta,
Qo‘yg‘il oni, to bo‘lg‘ay avlodig‘a payvasta,
Bo‘ysun g‘amu kulfatdin rohat bila vorasta,
Sayding qo‘yaber, sayyod, bechora ekan mendek,
G‘am tiyg‘i bila bag‘ri sadpora ekan mendek.

Ko‘p qiynamakim, jismi domingda figor o‘lmish,
O‘z xaylidan ayrilg‘ach, mahzunu nizor o‘lmish,
Ming dard ila hasratga ilkingda duchor o‘lmish,
Sayding qo‘yaber, sayyod, bechora ekan mendek,
G‘am tiyg‘i bila bag‘ri sadpora ekan mendek.

Erdi bu Xo‘tan dashtu tog‘i bila sahrosi
Ushbu qora ko‘zlarni o‘ynar joyi ma’vosi,
Ko‘nglida edi mushkin sochlarni tamannosi,
Sayding qo‘yaber, sayyod, bechora ekan mendek,
G‘am tiyg‘i bila bag‘ri sadpora ekan mendek.

Domingni giriftori o‘z holig‘a hayrondur,
Boshdin oyog‘i zaxmu sandin yuragi qondur,
Bu zulmu sitamlardin payvasta darafg‘ondur,
Sayding qo‘yaber, sayyod, sayyora ekan mendek,
G‘am tiyg‘i bila bag‘ri sadpora ekan mendek.

Gullar ochilib emdi ayyomi bahor o‘ldi,
Haq rahmati bu tog‘u sahroga nisor o‘ldi,
Sarsabzi zumurratgun begardu g‘ubor o‘ldi,
Sayding qo‘yaber, sayyod, bechora ekan mendek,
G‘am tiyg‘i bila bag‘ri sadpora ekan mendek.

Majruh erur jismi oyo na kabob o‘lg‘ay,
Gar bo‘lsa ham, ammo ul farzandi xarob o‘lg‘ay,
Ul ikki qaro ko‘zlar yo‘llarda purob o‘lg‘ay,
Sayding qo‘yaber, sayyod, sayyora ekan mendek,
G‘am tiyg‘i bila bag‘ri sadpora ekan mendek.

Kesma oni boshini, jonig‘a sitam qilma,
Bo‘ynig‘a surub tiyg‘ing, rohini adam qilma,
Bu naxli hayotini rahm ayla, qalam qilma,
Sayding qo‘yaber, sayyod, bechora ekan mendek,
G‘am tiyg‘i bila bag‘ri sadpora ekan mendek.

O‘z yoru diyoridan mahjuru judo bo‘lg‘on,
Dardu g‘amu hasratni ko‘p tortib ado bo‘lg‘on,
Vobastai zanjiri bedodi balo bo‘lg‘on,
Sayding qo‘yaber, sayyod, sayyora ekan myondek,
G‘am tiyg‘i bila bag‘ri sadpora ekan mendek.

Qo‘y o‘ynasun ul ohu har vodiyu tog‘ uzra,
Har beshai sarsabzu anhoru buloq uzra,
Lolayu gul ochilg‘an har gulshanu bog‘ uzra,
Sayding qo‘yaber, sayyod, bechora ekan mendek,
G‘am tiyg‘i bila bag‘ri sadpora ekan mendek.

Majnuni biyoboni isyonu xato Modim,
Savdozadai ishqi ohu-yu Xito Nodim,
Sayyodi ajal bir kun yetgay sanga, yo Nodim,
Sayding qo‘yaber, sayyod, bechora ekan mendek,
G‘am tiyg‘i bila bag‘ri sadpora ekan mendek.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.