G‘amguzore bul jahon, bir-bir ketarni o‘ylasun...
G‘amguzore bul jahon, bir-bir ketarni o‘ylasun,
Yurmasun yalg‘uz, kishi rohi xatarni o‘ylasun,
Vaqti yetganda amonatni tutarni o‘ylasun,
Bul qaro yer barchani bir-bir yutarni o‘ylasun,
Hasrato, vovaylato birlan ketarni o‘ylasun,
Har kishi yer ostida yalg‘uz yotarni o‘ylasun.
Moli dunyoni yig‘ushturgan bilan bir kun qolur,
Jon amonatdur kishiga, oxiri bir kun olur,
Ko‘p xaloyiq mol uchun o‘zini kulfatga solur,
Har kishi dunyoga keldi, bilsangiz, oxir o‘lur,
Hasrato, vovaylato birlan ketarni o‘ylasun,
Har kishi yer ostida yalg‘uz yotarni o‘ylasun.
Anbiyoyu avliyolar o‘lmayin qolgoni yo‘q,
Qullu nafsin zoiqatul-mavtni bilgoni yo‘q,
Barcha ketganlar bu dunyoga taqi kelgoni yo‘q,
Qaysi soat jon berorini kishi-bilgoni yo‘q,
Hasrato, vovaylato birlan ketarni o‘ylasun,
Har kishi yer ostida yalg‘uz yotarni o‘ylasun.
Bandalik qilg‘il tiriklikda, g‘animatdur nafas,
Kecha-kunduz yig‘lamoqni, ey birodar, qilma bas,
Ushbu dunyo ishlari, behudadur hoyu havas,
Jon misoli andalibdur, bu jasad misli qafas,
Hasrato, vovaylato birlan ketarni o‘ylasun,
Har kishi yer ostida yalg‘uz yotarni o‘ylasun.
Ushbu dunyodin guzar qildi o‘shal Odam ato,
Shish payg‘ambar ila Nuhi nabi, vohasrato,
Ham yana Ibrohimu Ismoilu ham Zikriyo,
Mustafo ketti, Haziniy yig‘ladi «vo ummato»,
Hasrato, vovaylato birlan ketarni o‘ylasun,
Har kishi yer ostida yalg‘uz yotarni o‘ylasun.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|