Ilmiy-adabiy vazifalar qarshisida

Ilmiy-adabiy vazifalar qarshisida (1924)
by Vadud Mahmud
334538Ilmiy-adabiy vazifalar qarshisida1924Vadud Mahmud

Mamlakatimizda ilmiy, adabiy hayot ham boshlanmoq arafasidadir.
Har qancha taqlidiy va asosi yaxshi qurulmag‘on bo‘lsa ham, istiqbolga umid bog‘layturg‘on hollar ko‘rinadir. Zotan, bunisizda mumkin emasdir.
Bir kunmas bir kun albatta ilmiy hayotga kirmak majburiyati bordir. Chunki har bir mamlakat har bir millatning o‘z madanyy hayotini qurmoq uchun avvalan ilm maydoniga tashlanishi, so‘ngra shu ilmiy hayot bilan yashashi kerakdir. Yo‘qsa, u xalqning tarix sahifasidan yo‘qolishi aniqdir.
Bu kun biz, o‘z mamlakatimizga yarasha, ba’zi bir ilmiy-adabiy vazifalar qarshisida turamiz. O‘z mamlakatimizga yarasha dedik. Chunki agar boshqa madaniy millatlarni oraga qo‘shsak, hali bizda ko‘b-ko‘b qilinadurg‘on ishlar bordir. Faqat bu kun na kuch, na vasoit bo‘lmag‘onidan ulardan so‘z ochish ham ortiqchadir. Oz bo‘lsa ham muallimlarimiz, bir nechagina bo‘lsa ham ilmiy-adabiy sohada ishlab yurganlarimiz bor. Shu kuchimiz bilan albatta oz-moz ishlash mumkindir. Bu kungi vazifamiz shu mumkinlarni vujudga keltirmaqdir.
Markazda ilmiy hayotimiz bor. U qo‘lidan kelaturgan qadar ishlamakdadir. Albatta, ul o‘z yo‘li bilan ustiga olg‘on vazifalarini bajarib turar. Bunga biz ishonamiz.
Faqat bizda undan tashqari ba’zi qilinadurg‘on ishlar bor. O‘z mamlakatidan xabarsiz yashayturg‘on bir millat dunyoda yo‘qdir.
Hozirgacha na bir Turkiston tarixi bor, na jo‘g‘rofiyamiz! Tabiiy, bizda muarrixlar va jo‘g‘rofiya olimlari yo‘q. Hech bo‘lmasa, mutarjimlarimiz ham yo‘qmikim, boshqa tillarda bo‘lg‘on, Turkiston haqida yozilg‘on narsalarni o‘zgartirsinlar. Talabamiz, muallimimiz, xalqimiz ko‘bchilik e’tibori bilan o‘z mamlakatini tanitmoqdir. Chunki qo‘lida vasoit bo‘lmag‘onidan taniyolmasliqqa majburdir.
Bu bizning ilmiy vazifalarimizdan birisidir.
Maktablarimizda yurt bilan tanishmoq darslari, yuqoriroq darajalarda jo‘g‘rofiya bilan iqtisod va iqtisodga tegishlik darslar bor. Faqat bularning hech birisi hech bir maktabda tuzuk berilmaydir. Chunki muallimning qo‘lida tutaturg‘on bir narsasi yo‘qdir. Mamlakatimizning iqtisodiy tirikligi, ilgarigi, hozirgi holi bizga majhuldir. Qanday boyliklarimiz bor, hozir qanday ishlamakdadir. Mamlakatning madoxil-maxoriji (sarf-xarajati — B.K.) qandaydir? Qanday vazifalar oldida turamiz? Bu haligacha «iqtisodiy asos» deb qichqiraturgan kishilarimizning bilmayturg‘on eng boshlang‘ich mavzularidan biridir.
Iqtisodchilarimizning vazifalari mana bu masalalar haqida avomiy (populyarnыy) narsalar bosdirib tarqatishdir.
Turkiston tarixining eng boy bir sahifasini ochaturg‘on adabiy kishilarimiz ham bizdan ancha ishlar kutadir.
Bir necha yildan beri adabiyot otida bir-ikki she’r majmuasidan boshqa nima chiqdi? Bu bilan adabiy ishlarimiz tuzuk boradir, deyish mumkinmi? Albatta yo‘q.
Navoiy turk adabiyotining otasidir. Navoiy adabiyot dunyosida juda katta xizmatlar qilg‘on bir kishidir.
Navoiy turk tilining otasidir.
Navoiy buyuk adib, buyuk shoir, buyuk dohiydir.
Faqat qani biz uni taniymizmi? Uning xizmatlarini bilamizmi?! Uning kim ekanidan xabarimiz bormi?! Haligacha uning tarjimai holini bosdirmadik. Bir rasmini chizib chiqarg‘on bo‘lsak ham asliga uncha muvofiq emasdir.
Buxoroning ochilishi bilan Navoiy davri uchun eng muhim vosiqalar bizga ochilg‘ondir. Eng muhim kishilarning muhim asarlari, qo‘lyozmalari hatto Navoiyning o‘z qo‘li bilan yozg‘on maktublari bor. Ularning rasmlarini olmoq, tarjimai hollariga qo‘shmoq, o‘shal davrga oid taftishlarga kirishmak kerakdir.
Bundan boshqa har zamonda har yerda yetishgan adib va shoirlarni maydonga otmoq kerak. Bularning orasida adabiyot tarixi uchun eng muhim o‘run tutaturg‘onlari bordir. Biz bu kun qo‘limizdan kelaturgan qadar qilaylik, sekin-sekin tugallash zamonaning ishidir. Bu ishlarni, bu tashabbuslarni qilish uchun ilmiy muassasa va tashkilotlarimizning tirishmog‘i kerakdir.
Ilmiy hayotimizning yo‘lboshchilik qilishi, nashri maorif va maorif byurolarining kuchlarini sarf etishlari zarurdir. Shu ishlar orqali biz ilmiy hayotga kirgan bo‘lurmiz.

Public domain
This work is in the public domain in the United States because it was first published outside the United States prior to January 1, 1929. Other jurisdictions have other rules. Also note that this work may not be in the public domain in the 9th Circuit if it was published after July 1, 1909, unless the author is known to have died in 1953 or earlier (more than 70 years ago).[1]

This work might not be in the public domain outside the United States and should not be transferred to a Wikisource language subdomain (or as a file it should not be migrated to the Wikimedia Commons) that excludes pre-1929 works copyrighted at home.

PD-US-1923-abroad Public domain in the United States but not in its source countries //wikisource.org/wiki/Ilmiy-adabiy_vazifalar_qarshisida