Iloho, san karam birla kechurg’il, ey Xudovando...
Iloho, san karam birla kechurg’il, ey Xudovando,
Gunohi jumla mo»minni, ayo ma’budi behamto!
O’shal sahroda qaynar mag’zi sar mispi qazon yanglig’,
Tilim tizga tushurib tashna aylab qilmag’il rasvo.
Kelur nayza bo’yi xurshidi tobon favqi sar uzra
O’shal kun boshimizga chodari rahmatni qil paydo.
Ko’rilsa ul «famay-ya’mal»da mezonim sabuk qilma,
Savobimni gunohimdan, ayo sattori ma’yubho!
Qadam qo’ysam yiqitmog’il sirotal mustaqim uzra,
Giriftori jahiym aylab qulingni qilmag’il rasvo.
Hamma ish bizga mushkuldir, saning oldingdadir oson,
Sen o’qsan barchani Parvardigori halli mushkulho.
Umidim ko’pturur «lo taqnatuv mir rahmatilloh»din
Agar chandeki noshoyista ishlar aylasam barpo.
O’shal havli qiyomatni, Iloho, aylag’il oson
Bahaqqi sayyidi kavnayn subhonallaziy asro!
Na xush baxti saodatdur Muhammad «ummatim» desa,
«Saningdek ummatim yo’q» desalar faryodu vovaylo.
Xaloyiq oldida sharmanda bo’lib termulib qolsam,
Qaro kunlar o’shal soat boshimga bo’lg’usi paydo.
Quruq til birla ayturman: «Muhammad ummatiman», deb
Yemak-ichmak ishim bo’ldi, qani toat, qani taqvo?
Shafoat bahridin serob qilg’il jumla mo»minni
Tufayli yaxshilar man osiy qulni, yo rasullulloh!
Ayo Ahmad, manga bir qatrai bahri shafoatdin
Darig’ etma, Huvaydo garchi bo’lsa osiyu gumroh.
This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago. |