Istoriya drevnego goroda Axsi v Ferganskoy oblasti

Istoriya drevnego goroda Axsi v Ferganskoy oblasti (1913)
by Isʼhoqxon Ibrat
334485Istoriya drevnego goroda Axsi v Ferganskoy oblasti1913Isʼhoqxon Ibrat

Farg‘ona oblastida qadimgi zamonlarda poytaxt bo‘lub turgan Axsi yoki Axsikent degan katta shahar bo‘lgan ekan. Bul kunlarda mazkur shaharning o‘rni va asorati yaxshi ma’lumdur. Chunonchi, Namangan uyezdig‘a tobe’ xuddi Namangan shahridin o‘n besh chaqirim masofada Axsi bo‘lustida daryo labida bir necha qishloqdin iboratdur. Bul xususda tavorix kitoblardin mazkur Axsiket xususida xabar olib, tavorix uchun biror risola tasnif qilmoq lozimdur, ya’ni ul shahar qaysi vaqtda ul martaba bino bo‘lgan, qaysi xon va beklar ul shaharda hukumat qilgan va fuqarolarni(ng) maishati qayu tariqada bo‘lgan va ham qayu vaqtda nima sabablar ila ul shahar vayron va xarob bo‘lgan va nima uchun ul joyda hech kim turolmagan. Yiqilgan devor va imorat asorati yer ostig‘a ko‘mulub qolgandurmu, deb. Bul muddao birla gazet o‘qug‘uvchi zotlardin iltimos qilamizki, har kimning qo‘lida har xil tarix kitob bo‘lub, ul kitoblarda Axsi shahri xususida xoh qisqa, xoh mufassal xabar bo‘lsa, biz gazet muallifig‘a yozib yuborib, bizni xursand qilsa, va lekin mazkur xabar bu tariqa yozilsa, chunonchi: «Axsiket Movarounnahrda Sayhunning sohil sharqisida bir qasaba erdi.

Axsiket Movarounnahrda Farg‘ona doxilida bir qasaba o‘lub, Sayhun daryosining shimol tarafidag‘i qasabalarning biri Axsidur. Kitoblarda bitadurlar, chunkim Asiriddin shoirni Asiriddin Axsikatiy derlar. Farg‘onada Andijondin so‘ngra mundin ulug‘roq qasaba yo‘qdur. Andijondin g‘arb tarafida to‘qquz tosh yo‘ldur. Umar Shayx Mirzo muni poytaxt qildi. Bir-ikki martaba tashqariroqdin yana jarlar soldi. Farg‘onada muncha berk qo‘rg‘on yo‘qtur.

Axsi qo‘rg‘oni baland, jar ustida voqe’ bo‘lubdur. Imoratlari ham jar yoqasida edi. Ushbu tarixda, ya’ni 899 hijriyda, dushanba kuni va ramazon oyini(ng) to‘rtida Umar Shayx Mirzo jardin kabutar misllik uchub vafot qildi. O‘ttuz to‘qqiz yashar erdi, valodati 860 da Samarqandda edi, Sulton Abu Said Mirzoning 4-o‘g‘li edi. Sulton Abu Said Sulton Mahmud Mirzo o‘g‘li, ul Mirzo Mironshoh o‘g‘li, Mirzo Mironshoh Amir Temur o‘g‘li. Umar Shayxni qabri alhol Axsidadur. Umar Shayx Mirzodin uch o‘g‘il, besh qiz qolib edi. O‘g‘lonlarining ulug‘i men Zahiriddin Bobur edim. Mening onam Qutlug‘ Nigorxonim Yunusxon qizi edi», deb.

Bu iboralar «Boburnoma»da xud Boburxon so‘zlaridur. Yana «Boburnoma»ning 40 va 29-sahifalarida yoziladurkim «Bir-ikki kundan keyin Kandarlik dovoni ila Axsi va Andijong‘a azimat qildim. Axsig‘a yetib, otamning mozorini tavof qildim. Axsidin namozi jum’ani vaqtida chiqib, Bandsolur yo‘li ila Andijong‘a kirdim», deb.

«Ta’rixi Rashidiy»da yozilganiga qaraganda, Axsi shahrining avval binosi mo‘g‘ul xonlari tarafidin bo‘lub, 890-900-hijriy ta’rixida Amir Temur avlodlaridin Umar Shayx Mirzo va Shayboniyxon avlodlaridin Jonibekxonga Axsi shahri bir necha vaqt poytaxt bo‘lub, bu shaharda hukmronlik qilgan ekanlar. O‘shal asrlarda Axsi shahri g‘oyatda obodonlikda ekan. Ko‘b zamonlar Koshg‘ar viloyatida hukmronlik qilib, Abdullaxon Samarqand va Buxoro va Farg‘onaga istilo qilgandin keyin Sulton Abu Saidxon ko‘b askar ila Koshg‘arg‘a borib, tamom tavobioti Koshg‘arni olib, 939 yilg‘acha hukmronlik qiladur.

Ta’rix eski Axsi manoqibi risolai Hazrat Langar Bobo Azizdin shul tariqa yozilibdur: «Axsikentni avvali binosini Eron podshohi No‘shiravoni odil bino qilgan ekan. 521-tarix milodiyda No‘shiravon o‘g‘li Xurmuz podshoh Axsini necha vaqt poytaxt qilib, anda hukumat surub, so‘ngra 1233 milodiyda Sirdaryo katta toshgan vaktda bir zilzila bo‘lub, daryoni(ng) suvi Axsini(ng) biyoboniga chiqib ketgan ekan. Anda buzulub, xarob bo‘lg‘an ekan. Ammoki avvalgi obodligida imoratlari ikki-uch qabat xishtdin binolari bo‘lub, shahar nihoyasi Kosong‘acha borub, Koson ila Axsi o‘rtasi qirq chaqirimlik yo‘l hammasi imorat, bozor bo‘lgan ekan. Hattoki bir echki Axsi tomida yurmak bo‘lsa, to Kosong‘acha borur ekan. Tom ustidan yurub hammomlar, madrasalar, saroylar, yer tagidan yuradurgon savqi yerlari, ko‘b taajjublik nimarsalari hozir ham ko‘runub turadur. Hozirda Axsi ikki yerda bo‘lub, birini Eski Axsi, birini Yangi Axsi derlar. Ya’ni Yangi Axsi Eski Axsi buzilgandan so‘ng qolgan odamlar daryodin qochib, Koson tarafida balandlik biyobong‘a imoratlar qilib, ko‘b qishloq bo‘lganlar. Hozir Yangi Axsida o‘n ikki qishloq, Shohand degan bozorlik, bir qishloqi oila bir bo‘lushib bo‘lgan. Ammo Eski Axsi odamlari og‘zidagi so‘zlari ko‘b ajib va g‘arib so‘z so‘zlaydurlar. Alarni olmay, manoqibdan yozildi. Eski Axsini buzulgan tarixi 1030 milodiyda bo‘lgan ekan. Andin buyon mazkur Axsini hech podshohlardin yoki fuqarolardin obod qilgani yo‘q. Dehqonlar va o‘tunchilar har xil nimarsa topub olurlar, chunonchi, mis asboblar va shishalar, har xil toshlar chiqadur, ko‘b yerlari daryoga ketgandur. Alholda ham imoratlarga aksar xishtlarni andin olurlar».

Turkiston viloyatining gazeti, 1913 yil, №48, 23 iyun


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"